Shaharlarimiz “yuzi”dagi dog'lar

Shaharlarimizni obodonlashtirish o'z-o'zidan bo'layotgani yo'q. Qanchadan-qancha mas'ullarning xizmati bor bunda. Jumladan, Toshkent shahri ham tobora ko'rkamlashib bormoqda, tarixiy, madaniy ob'yektlar ana shu obodlikdan yanada ko'rkamlik kasb etib turibdi. Qolaversa, yurtimizning turli hududlariga tashrif buyuruvchi turistlar oqimi sezilarli darajada oshdi, ular ko'p ming yillik tariximiz, madaniyatimiz va qadriyatimizga azbaroyi qiziqqanlaridan kelishadi.

Ammo ko'p vatandoshlarimiz shuni hisobga olmay, shaharlarimiz ko'rkini bilib-bilmay buzib qo'yishmoqda. O'zlari istagan joyga turli mavzudagi e'lon va reklamalar joylashtirishlari dilni xira qiladi. Elektr yoritkich va uning ustunlari, elektr, telefon uzatma bloklari, daraxtlar, ma'muriy inshootlar va yashash binolari hatto ularning eshiklari, yo'l belgilarigacha katta-kichik qog'ozlar yelimlab tashlangan.

O'zbekiston Respublikasining 25 dekabr 1998 yildagi “Reklama” to'g'risidagi 723-Qonunning 20-moddasida   “Tabiatni muhofaza qilish ob'yektlari doirasida tashqi reklamani joylashtirishga mahalliy davlat hokimiyati organlari yoki tegishli davlat boshqaruvi organlarining vakolat doirasida ular bilan kelishilgan holda ruxsat beriladi” hamda tashqi reklamani moddiy madaniy meros ob'yektlari, yo'l belgilari va svetoforlar, ularning tirgaklarida yoki harakatni tartibga solib turuvchi boshqa har qanday qurilmalarda, shuningdek, dov-daraxtlarni payhon qilish va tutash hududdagi obodonlashtirish vositalarini buzish yo'li bilan joylashtirish taqiqlanadi” deb ko'rsatib o'tilgan. Shuningdek, O'zbekiston Respublikasining shaharsozlik kodeksining 3-moddasida “Reklama va axborot ob'yektlari (konstruksiyalari) — tashqi reklamani joylashtirish (tarqatish) uchun maxsus ishlab chiqilgan va qo'llaniladigan vositalar, aholiga axborot yetkazish vazifalarini bajaruvchi texnik vositalar (konstruksiyalar)” ekanligi ta'kidlab o'tilgan.

O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi Kodeksning XII bobida “Fuqarolarning turar-joy huquqlariga taalluqli, kommunal xizmat va obodonlashtirish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma'muriy javobgarlik” choralari ko'rsatib o'tilgan bo'lsa-da, afsuski bu borada qonun talablarining ta'sir kuchi sezilmayapti. Axir, yashayotgan hududimizda tozalik va tartibning bo'lgani ishda unumdorlikni oshirib, inson ongiga ijobiy ta'sir etishini bilmaymizmi?

Xullas, tevarak-atrofga o'z uyidagidek muomalada bo'lgan insonning huquqiy ongi o'sgan, madaniyati yuksalgan bo'ladi. U davlat va jamiyatdagi islohotlarni anglab yetadi, qonun talablariga rioya qiladi.

To'lqin TO'XTASINOV,

Toshkent shahar Uy-joy kommunal

xizmat ko'rsatish bosh boshqarmasi

bosh yuristkonsulti

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven + 5 =