Shixlo sirkasining siri bormi?
Anorning eng zo'ri Quvada, bodomning eng zo'ri Denovda, olmaning eng zo'ri Xazoraspda, bodringning eng zo'ri Oltiariqda yetishtiriladi. Xo'sh, sirkaning eng zo'ri-chi, qaerda bilasizmi? Bilmasangiz aytaylik — Shixloda tayyorlanadi. Yaqinda bir do'stim sim qoqib: “Bozordan shotut sirkasini xarid qilgan edik. Oradan bir-ikki oy o'tar-o'tmas sirka aynib qoldi. Shixlo sirkasi ikki yildayam buzilmagandi. Buning qanday sir-sinoati bor ekan? Shu haqda maqola yozsangiz bo'lmaydimi?” dedi. Uning taklifiga binoan “Shixlo qaydasan?”, deya yo'lga tushdik.
Qadimiy Xiva shahrida harakatlanuvchi 2-raqamli “Damas” haydovchisiga: “Meni Shixlo mahalla idorasiga olib borib qo'ysangiz” dedim. Alhol, idora yonida tushdim. Bir qavatli, zamonaviy rusumda qurilgan shinamgina bino. Mahalla fuqarolar yig'ini raisi Rashid Karimov bilan suhbatlashdim. “Mahallangiz nafaqat viloyatda, balki respublika miqyosida ham meva-chevalari, asosan, sirkasi bilan mashhur. Shu haqda yozmoqchi edim. Eng mahoratli sirkachi bilan tanishtirsangiz” deb iltimos qildim. Keyin ilova qildim: “Bu kasb ota-bobosidan meros qolgan bo'lsa yanayam yaxshi”. Rashid aka kulimsirab qo'ydi va dedi: “Bor shunday odam!”
Sirkachining uyi mahalla idorasiga yaqin joyda ekan. Xorazmcha naqshinkor darvoza. Kiraverishda dolon. Udum bo'yicha non, choy, qand-qurs qo'yildi. Xonadon sohibi baland bo'yli, oq-sariqdan kelgan, ismi-sharifi — Ikrom Matmurodov ekan. Rang-ro'yiga qarab yoshroqmi deb o'ylabman. Surishtirsam — 1945 yilda tavallud topgan ekan. Sakson yosh ostonasida…
Mezbon sekin gap boshladi: “Oilada to'rt farzand bo'lganmiz. Men eng kichigi edim. Bobomiz — onamning otasi Iskandar buvaning qo'lida tarbiyalanganmiz. Bobomiz juda ham halol, sabr-qanoatli, xushmuomala inson edi. Sakson-to'qson yoshlaridayam bog'da mehnat qilib yurganlari yodimda. Menga bir martagina tanbeh bergan. U ham bo'lsa, bolalik paytlarimda uzumzorga kirib eng chiroyli uzumni uzib olganimda… “ Avval qushlar cho'qilagan, urinqiragan uzumni yeyish kerak . Chunki, unday uzumni qishga saqlab bo'lmaydi-da, bolam” degan. Eshitgan tanbehimning boshi ham, oxiri ham shu ”.
Suhbatdoshim gurungini tinglar ekanman, avvaliga uni shu yoshigacha bog'bonlik bilan shug'ullangandir, deb o'yladim. Ammo, surishtirsam, oliy ma'lumotli, Toshkent xalq xo'jaligi institutini bitkazgan ekan. Dastlab Xivada moliya sohasida besh yil ishlabdi. Keyin Xorazm viloyat firqa qo'mitasiga instruktorlikka tavsiya qilganlar. Qizig'i shundaki, o'sha paytda obkomning birinchi kotibi bo'lgan Madiyor Xudoyberganov undan suhbat chog'ida: “Qaerdansan?” deb so'ragan. Uning “Shixlodanman” degan javobini eshitib: “Sirkachilikni ham bilasanmi?” debdi. “Bilaman”. Xorazmning birinchi rahbari, mashhur inson Xudoyberganov “Tushunarli” deb samimiy kulimsirab, uni shu tariqa ishga qabul qilgan ekan.
“O'n yil mobaynida instruktor, so'ng bo'lim mudiri bo'ldim” dedi u. Xullas, to pensiyaga chiqquniga qadar viloyat miqyosida nufuzli lavozimlarda ishlabdi.
Aytishicha, u davrlarda sirkachilik bilan shug'ullanishga vaqti umuman bo'lmagan. Bobosining hunarini onasi La'lixon Iskandarova davom ettirgan. “Onam tikuvchi edi. Bobom olamdan o'tganidan so'ng sirkachilik bilan astoydil shug'ullangan onam qaerga otlansa, albatta sovg'a sifatida o'zi tayyorlagan sirkani ko'tarib borar edi. Dasturxonimizda hamisha bir shingil uzum, olma, sut-qatiq, sirka bo'lgan”, — dedi Ikrom aka. Shu gurunglar asnosida men Ikrom akaning yosh ko'rinishi sababini ham o'zimcha ilg'agandek bo'ldim.
Hikoya qilishicha, farzandlarining hammasi davlat ishida ishlar ekan. Nevaralar esa o'qishda. Sirkachilik bilan esa cholu kampir shug'ullanishadi. Aslini olganda, ularni chol-kampir deb ham bo'lmaydi.
— Nega hamma bozorda Shixlo sirkasini so'raydi. Buning siri nimada?, — deya savol berdim. — Yeri zo'rmi yo boshqa sabablari bormi?
Suhbatdoshim kulimsirab: “Gap faqat yerdamas, bu mahallada sirkachilik ilmini ota-bobolaridan o'rganganlar yashaydi. Asrlarni bo'ylagan nodir tajriba, malaka sirkachilik san'atini yuksak maqomga olib chiqqan. Masalan, men 7 yoshimdan boshlab shu hunarga qiziqqanman. Bobomning har bir harakatini diqqat bilan kuzatardim. “Bolalikda olingan ilm toshga o'yilgan naqsh” deganlariday, 7 yoshda ko'rganganlarim kechagiday yodimga muhrlangan. Ya'ni, sirka tayyorlash texnologiyasi bosqichma-bosqich miya kataklarimga joylashgan”.
Mavzudan sal chekinib, Shixlo qishlog'i tarixiga oid qisqacha ma'lumot: Xorazmda “Shayxlar”ni “Shixlo” deb talaffuz qiladilar. Demak, qishloqning haqiqiy nomi “Shayxlar”. Binobarin, bu yerda shayxlar ko'p yashagani bois shu nom berilgan. O'tgan asrning elliginchi yillarida pochcham (opamning turmush o'rtog'i) shu qishloqdagi kolxozda rais edi. Yozgi ta'tilimiz Shixloda o'tar edi. Tabarruk makondagi ikki narsa aniq yodimda qolgan. Birinchisi — antiqa gul. Grippga chalinganlarga shu gulni hidlatar edilar. Ko'zi yoshlanib, burni bitib, aksirib turgan bemorlar gulni besh-olti marta hidlab, shu tariqa darddan butkul forig' bo'lar edilar. Ikkinchi narsa bu — Shixlo sirkasi. Endi ta'riflasam, Shixlo sirkasining tengi yo'q. Masalan, shibirg'oni uzumining sirkasi… Yoqutdek tovlanadi. Har qanday taomni oshqozonda eritib, hazmini yengillashtiradi; qonni suyultiradi; qon bosimini normallashtiradi. Bobom — shoir, tarixnavis Bobojon Tarroh taomni hech qachon sirkasiz tanovul qilgan emas. Ehtimol, shu bois umrida biron marta kasallanmagandir. Dori-darmon iste'mol qilmagan, ukol olmagan. Ollanazar akangiz (Ayaning turmush o'rtog'i. S.S.) esa palovni sirkasiz yemaydi. Yoshi to'qsonga yaqinlashsa-da, ko'z tegmasin, hali bardam. Shixlo qishlog'i boshqa ovullardan meva-chevasining shirinligi, yerining unumdorligi, suvining tozaligi bilan farqlanadi”, — deydi tarixnavis Anvara Otamuradova.
Nazarimda biz endi-endi, mavzuning mohiyatiga yaqinlashganday edik. Xo'p, dasturxonda sirkalar, men esa ana sirkaning shifobaxsh xususiyatlari haqida ham tuzukkina tasavvurga ega bo'ldim. Endi uni tayyorlash jarayoni, ya'ni texnologiyasi haqida ham ozmi-ko'pmi bilib olsak yomon bo'lmasdi.
— Uzum sirkasi uchun asosan kuzgi hosil tanlanadi. Dastlab uzumlar terilib, keyin uni donalarga ajratib, yanchib, ezg'ilab, yaxshilab aralashtirib sopol xumlarga solinadi. Shu qoidaga diqqatli bo'lish kerakki, xomashyo, albatta, issiq xonalarda saqlanishi shart. Mahsulot kamida 4-5 oy turishi lozim, — deydi sirkashunos Ikrom aka. — Sirkaning iste'molga yaroqliligini bilish uchun yarim tayyor mahsulot tatib ko'riladi. Bir tatib ko'rgandayoq vaziyat oydinlashadi. So'ng esa masalliq maxsus chakida ( chakka. –S.S.) xaltachalarga solib osib qo'yiladi. Xaltachalarning tagiga suyuqlik oqib tushishi uchun katta halol tog'oralar joylashtiriladi. Suyuqlik odatda bir kun davomida oqib, xalta ichida faqat mevaning chiqindilari qoladi. Shuni yodda saqlash muhim, sirka uchun mevalar zinhor yuvilmasligi lozim. Yuvildimi — tamom, undan sirka yasalmaydi, aksincha, u tez ayniydigan sifatsiz mahsulotga aylanadi.
Keyingi jarayon sirkani dokada suzib oldindan tayyorlab qo'yilgan idishlarga quyib chiqiladi. Aslida sirka besh-olti oyda iste'molga yaroqli bo'ladi. Ammo shunisi ham borki, masalliq qancha ko'p tursa, uning sifati shuncha yaxshilanadi. El-ulus “Yil oshgan sirka o'tkir bo'ladi” deb behudaga aytmagan.
— Sirka qaerda saqlansa maqsadga muvofiq bo'ladi?
— Sovutkichda saqlash shart emas, xona haroratida tursayam bo'laveradi. Asl sirka 100-150 yildayam aynimaydi, deyishadi.
Gurung jarayonida og'a aytgan bir fakt e'tiborimni tortdi. Qiziq, xomashyo to sirka bo'lguniga qadar, ya'ni bir-bir yarim oy davomida dastlab sharobga aylanarkan. Mabodo, jarayon to'xtatilsa qarabsizki, tap-tayyor tabiiy sharob…
— Uzum sirkasi haqida ko'p va xo'b ma'lumotlarga ega bo'ldik. Xo'sh, olma sirkasining xususiyatlari borasida nimalar deya olasiz?
— Mazkur jarayonda nav u qadar ahamiyat kasb etmaydi. Lekin, baribir olmaning “besh yulduz”, “semerinka” navlaridan sirka tayyorlansa, bunday sirkalar boshqalaridan alohida ta'mi bilan ajralib turadi. Olma sirkasining shifobaxshligi ham uzumnikidan sira qolishmaydi. Masalan, madorsizlikda bir stakan suvga ikki choy qoshiq olma sirkasi, ikki choy qoshiq asal solib aralashtirib kuniga ikki mahal ichilsa organizm tetiklashadi. Agarda kishining yuragi tez-tez urib, bezovtalansa bir stakan iliq suvga ikki choy qoshiq olma sirkasi qo'shib ichilsa dard chekinadi. Ma'lumki, ortiqcha vazn bugungi kunda asr muammosiga aylangan. Ortiqcha vaznni oson va samarali bartaraf qilishda ham olma sirkasining o'rni beqiyos. Semizlikda har kuni ovqatlanishdan oldin ikki choy qoshiq olma sirkasi iliq suvga qo'shib ikki oy muntazam ichilsa, natijasi albatta a'lo bo'ladi.
Suhbat jarayonida oydinlashdiki, Ikrom Matmurodov 2004 yilda 2 gektar yer olib fermerlik bilan shug'ullana boshlagan. U rahbarlik qilayotgan “Ismoil ota Shixlo” fermer xo'jaligi shundoqqina mahalla hududiga yaqin Oqyop qishlog'ida joylashgan ekan. Shixlo hududi esa yaqinda Xiva shahri tasarrufiga kiritilib mahallaga aylantirilgan. Xullas, Oqyopda ming tupdan oshiqroq toklari, olmazorlari bor. Voqean, “sopi o'zidan”.
—To'g'ri, sirkamiz a'lo. Hatto, asl deyish mumkin. Demak, Xiva Shixlo sirkasini hayiqmasdan, bemalol xorijga eksport qilsa bo'ladi. Bizku, mahsulot sifatiga to'la kafolat bera olamiz, biroq, muammo shundaki, buning uchun bizda maxsus eksportbop bejirim idishlar yo'q. Ayni kunlarda ushbu masala yechimi xususida o'ylab yuribman.
Hech kimga sir emas, asr insonlarining orzusi ikki narsaga borib taqaladi. Birinchisi — sog'lom bo'lish. Ikkinchisi esa navqiron ko'rinishni saqlab qolish. Eng g'aroyibi, mazkur ikki xususiyat juda ko'p tabiiy mahsulotlarga, jumladan sirkachilikka ham bog'liqday nazarimizda. Alalxusus, buning dalilini o'zim suhbatini olganim Shixloning eng namunali xonadon sohiblari — sirkashunoslar Ikrom aka va uning rafiqasi Ra'nobiyi opalar misolida ko'rdim.
Manbalarda keltirilishicha, Payg'ambarimiz zamonlarida sirka qaysi mevadan tayyorlanganidan qat'iy nazar hamisha dasturxon ko'rki bo'lgan. Ayniqsa, uzum bilan olma sirkasi bag'oyat tansiqlangan. Bundan tashqari, shotut, anjir, anordan ham sirkalar tayyorlangan. Chunki, Sharq mamlakatlarida bu noyob ne'matning shifobaxsh xususiyatlari to'g'risida tabiblar doim gapirganlar. Kamina har safar Turkiyaga borganimda turklarning bir odatini ko'rib benihoya hayratlanganman. Xonadon, kafe, restoranlarda ikki-uch xil zaytun (tuzlangan, shakarlangan) mevalarining har doim dasturxon ko'rki bo'lib turishi zavqimni keltirgan. Keyin bilsam, zaytun o'ta darajada shifobaxshligi bois to'tiyo qilingan. Endi qarang: Shixlo sirkasi ayni davrda Xorazmning o'zida ham u qadar qadrlanmayapti (Xususan, hozirga yoshlar uchun sirka almisoqdan qolgan ko'hna matoh). Hamma bilgan uksus esa hatto olis qishloqlarning oshxonasiga ham kirib bordi. Kabob uksussiz tanovul qilinmaydi. Ammo, taassufki biz uksusning foydali yoki zararli xususiyatlari haqida deyarli hech narsa bilmaymiz. Qissadan hissa shuki, “yonimizdan oqayotgan suv” — sirkaning qadriga yetib, uni dasturxon ko'rkiga aylantirsak, hech bo'lmaganda ko'pchilikdagi mavjud muammo ovqat hazm qilishdagi dilgirliklarning oldi olingan bo'lurmidi? Ikrom aka: “Farzandlarim bu jabhaga qiziqmadilar, Xudoga shukurki, oxtiqim (nevaram.-S.S.) Rasulbek menga voris bo'ldi — uning sirkachilikka ixlosi baland” deganida yuqorida zikr etilgan fikrlar idrokimni chulg'adi.
Sayyora SOLAYEVA