Ziyoratgohda Buxoroning balx tutlari

Bahri muhitda bir daqiqa havo bo'lmay qolsa, qanday ahvolga tushishingizni ko'z oldingizga keltirsangiz yuragingiz orqaga tortib ketadi. Lekin sohir tabiat bunga yo'l qo'ymaydi, u noyob ne'matini daraxtlar orqali borliqqa beminnat malhamini yetkazib beradi. Shuning uchun daraxtlarning ko'chatini ekib, uni parvarishlasak Uning marhamatiga hissamizni qo'shgan bo'lamiz… Bu yil bahorda Yangi O'zbekistonimizda 200 million tup mevali-manzarali, gul ko'chatlarini ekish rejaga kiritilganligi haqida xabarni o'qib qoldim. Quvonchlisi, bu ezgu niyatni amalga oshirishda saxovatli insonlar o'z mehnatlarini ayamayaptilar.

Ko'chat ekib bog' yaratish xalqimizning azaliy qadriyati ekanligini yaxshi bilamiz. Ularning bu ishda katta tajriba to'plaganlari esimizga tushsa, vujudimiz gullagan daraxtday yayraydi. Bu ishga hamma-hamma qo'shilayotgani g'urur uyg'otadi. Ayni paytlarda ularning munosib vakillariga tahsinlar o'qiging keladi.

Buxorolik Abduhamid aka bahor paytida G'allaorol tumani hududida joylashgan Sa'd ibn Abu Vaqqos ziyoratgohiga 80 tup balx tutining ko'chatlarini olib kelib ekib ketgandi. U ko'chatlarni ekarkan, “bu nihollar mendan esdalik. Rivoyat qilishlaricha, Muhammad payg'ambarimizning sahobalaridan biri shu yerga kelganda, dushmanlar bilan jangda jimjilog'idan yaralangan ekanlar. Yaraga malham sifatida chashma otilib chiqqan, bu nihol esa uning tabiatiga malhamim… Buxoroda ko'p yil o'qituvchilik kilgan insonning gaplari qalblarga hayajon soladi… 14 asrdan beri ziyoratgohda takrorlanayotgan naql bugun tabiat oshiqlarida hayrat uyg'otadi. Endi, ziyorat qiluvchilarning aksari o'zlari bilan noyob daraxt ko'chatlari keltirib ekmoqda, bu an'anaga aylangan. Ziyoratgoh atrofiga ekilgan dov-daraxtlar ziyoratchi mehmonlarni eslatib turganday. 7 gektarlik joy jamoatchilik kuchi bilan yashillikka burkanibdi…”

Ziyoratchining aytgani bo'ldi, tut ko'chatlari ona yer bag'ridan makon topdi. Ayniqsa bog'bonning balx tuti haqida aytgan gaplari ziyoratgoh mutasaddilarining qalbidan joy oldi. Emishki, buyuk hakim Abu Ali ibn Sino bobomiz Buxoro amirining bemor qizini davolagach, tila tilagingni,   evaziga malhamning nomini ayt debdi… Ulug' hakim shunda balx tutining mevasini ko'rsatgan ekan… Bog'bonlar shundan beri bu navni ko'paytirib, el-ulusga tarqatish niyatidalar.

—Ziyoratgohning shuhrati uzoqlarga ketgan, — deydi mutasaddi Habibullo hoji Mamasoliyev. — Ayniqsa chet el sayyohlarining safi yil sayin oshib bormoqda. Ularni qiziqtirgan narsa ziyoratgohning so'lim tabiati, dam olishlari uchun yaratilgan sharoit desak, xato qilmaymiz. Ayniqsa dengiz sathidan ancha baland, qir-adirlar bag'rida shunday go'shaning yaratilishi katta-yu kichik barchani hayratlantiradi.

Atrofga nazar solib ko'zingiz quvonadi. O'zbek me'morchiligi asosida qurilgan niliy gumbaz, ziyoratchilar dam oladigan, naq hovuzning o'rtasiga kirib borgan supalar, o'rindiqlar, diniy-ma'rifiy ishlarni amalga oshirishga katta imkoniyatlar yaratadigan zamonaviy binolar ziyoratchilarni qayta-qayta o'z bag'riga chorlayveradi. Ekilgan daraxtlarning go'shaga bag'ishlagan ko'rki-chi? Oh, yozda kelsangiz ruhingiz orom oladi.

Hozir bahor atrofga sepini yoygan. Ziyoratgoh jamoasi ko'klam oylarining imkoniyatlaridan foydalanib, archazorlarni ko'paytirish rejalarini amalga oshirmoqda. Maqsad oliy bo'lsa, unga hech narsa monelik qilolmaydi. Bu yerga respublikamizning turli hududlaridan, ko'shni davlatlardan ziyoratchilarning kelishi   davom etmoqda. Ziyoratgohning ahil jamoasi mehmonlarning e'tiborini qozonish uchun hamma choralarni ko'rishmoqda. Ekoturizmning istiqbolli loyihalarini hayotga tatbiq qilib, keng ko'lamdagi rejalarni amalga oshirish niyatidalar.

— O'zbek xalqi Yer yuzidagi eng tadbirkor, go'zallikka oshifta, borliqni bog'-rog'larga aylantirishga ilhaq xalq ekanligini ko'rsat­yapmiz. Ziyoratchilar bu yerdan tariximizga, madaniyatimizga, omilkorligimizga, atrof-muhit tabiatni asrab-avaylashimizga tan berayapti. Bu yerdagi hovuzda baliqlarning noyob turlari bor. O'nlab xil sayroqi qushlar bahorda uchib kelishib, o'z naslini davom ettiradi. Biz ziyoratchilarga ularni bezovta qilmasliklarini o'rgatamiz. Tabiat zanjirida har bitta jonzotning mustahkam o'rni borligini uqtiramiz.

Tabiat ko'rki bo'lgan daraxtlar… Ularning turlari yil sayin ko'paymoqda. Ayniqsa, har mevasi bosh barmoqday keladigan Buxoroning balx tutlari ziyoratchilarga manzur bo'lib, bahri dilini ochadi, shoxida bulbullar sayraydi, mevasidan el bahramand. Ming yil umr ko'radigan, inson dardlariga davo tutlarni e'zozlashimiz kerak.Undan tayyorlanadigan o'nlab xil, dasturxonlarimiz ko'rki shinni, talqon, mayiz va boshqa turlarini tayyorlash uchun birinchi navbatda uning payvandli ekanligini unutmasligimiz kerak.

Pardaboy TOJIBOYEV,

“Ekojurnalistika—2012”

respublika tanlovi g'olibi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one + eleven =