Chotqol bag'ridagi mo''jizalar

Qizilolmasoydek ko'rkam maskan yuksak va salobatli cho'qqilaridan yozin-qishin qor arimaydigan Chotqol tog' tizmasi bag'rida joylashgan. U yerga na mashina bora oladi, na arava. Avvalgi zamonda bu manzildagi har bir xonadonda ot saqlanardi, zamona zayli bilan ma'lum bir vaqtgacha uyda duldul asrash taqiqlandi, odamlarning kuni eshakka qoldi. Hatto hozirga qadar o'sha joylarga borishda asosan eshakdan foydalanishadi.

Bir gal Chotqol yon bag'ridagi ovulda tunab qolishimga to'g'ri keldi. Tashqariga chiqib qarasam hali osmonda oy ham, yulduzlar ham ko'rinmaydi. Sal narida qo'y-qo'zi, echki-uloq va yilqilar suruvi g'uj bo'lib qorayib turibdi. O't-o'lan va tog' giyohlari bilan qornini obdon qappaytirgan mayda shoxli mollar dam olib yotar, o'choqda charsillab, ovoz chiqarib yonib turgan gulxan qorong'u tun qarshisida behad kichik zarra bo'lib ko'rinadi. Salkam eshakdek keladigan it suruv­ning naryog'ida kimningdir ketidan hurib vovullaydi.

Bilasiz, tog'li el mehmondo'st bo'ladi. Ular meni ko'rib, darhol o'n bir bolorli, vassa juftli uyga bosh­lashdi. Tancha atrofiga ko'rpacha to'shalib, bolish­lar qo'yildi. Dasturxon yozildi. Tancha usti hash-pash deguncha, turli xil noz-ne'matlar bilan to'ldi: qo'y qatig'i, suzma, sut, qurt, ko'k piyoz va boshqa yeguliklar degandek. To'kin dasturxonlaridan ko'ra suhbatlari diltortar edi.

Ortiqboy ota degan mo'ysafid har xil vahimali xayollarga olib ketadigan Qizilolmalisoy qoyatosh rasmlari majmuasi “sirini” ochganida qoyil qoldim. Uni o'z ko'zim bilan ko'rish istagi tug'ildi menda. Nihoyat, sirli va ayni mahalda mo''jizaviy Qizil­olmalisoy joylashgan tog' tepasiga boradigan bo'lib uxlagani yotdik.

Subhi sodiqda uy egasi ikkita ot, uchta eshakni o'g'ilchasi bilan yetaklab kelib, xurjinlarni joylashtirdi. So'ngra egarlarga boshdan-oyoq sinchkovlik ila qarab oldi. Uning oyog'ida kirza etik, egnida yomg'irpo'sh. “Mana mehmon, safar uchun nimaiki lozim bo'lsa, hammasini “gotop” qildik. Qani, quyosh chiqmay turib, yo'lga otlanaylik”, — dedi mezbon.

Hamma o'ziga biriktirilgan ot va eshaklarga mindi. Jonivorlar jadal yurib ketdi. Yaxshiyam, havo ochiq. Yo'qsa toqqa chiqish yanada qiyin kechardi. Oldinda bosib o'tish kerak bo'lgan masofa hech tugamaydigandek edi.

Nihoyat, mashaqqatli va zahmatli yo'lni eson-­omon bosib o'tgach, ko'zlangan manzilda hozir bo'ldik. Qadimda yashab o'tgan bobokalonlarimizning yeridamiz. Ulardan faqatgina toshlarga chizilgan shunchaki rasmlar qolgan, deb o'ylagan ekanman. Qizilolmalisoy qoyatosh rasmlar majmuasini ko'rdimu, bobolarimizning aql-tafakkuri teran, fikrlash doirasi kengligini his etdim. Bu noyob rasmlar asrlar osha insonlarning hayoti, turmush tarzi, dunyoqarashidan ma'lumot beruvchi manbaday taassurot uyg'otdi.

Chotqol tog' tizmasi etaklari azal-azaldan insoniyatni qiziqtirib kelgan. Ayniqsa, tarixiy davrlarga taaluqli moddiy-ma'naviy yodgorliklar, tosh davridan so'zlovchi chaqmoqtosh ustaxonalari, ko'hna qishloq xarobalari, eski qo'rg'on-qal'alar, qadimgi mozorlar va sug'orish inshootlari sayyohlar e'tiborini o'ziga ohanrabodek tortib keladi.

Tog'begi bosiqlik bilan, olov kashf etilmasdan burun odamlar go'shtni xomligicha yeganini, insoniyat tarixining bronza, ilk temir ( sak-skif), o'rta asrlar davrida mazkur tog'li hududda umrguzaronlik qilgan ovchi va ko'chmanchilar, dashtli chorvador elatlarning hayot tarzi, urf-odatlari, an'analari, orzu-umidlari haqida so'zlab berdi. Chindan ham, bu rasmlar turgan manzilni “tosh yilnoma” desak adashmagan bo'lamiz. Qiziq, bobokalonlarimizning ma'naviy dunyosi aks etgan tasvirlarni saqlab kelgan ulkan qoyatoshlarda asosan hayvonlardan tog' echkisi hamda ovchilarning suratlari chizilgan. Qo'llariga nayza, turli xil o'tkir tig'li ov qurollari tutgan odamlar zo'r berib tog' echkisini tutishga oshiqayotir. Toshdan-toshga sakrab qochayotgan tog' echkisi iloji boricha shirin jonini omon saqlab qolish payida xuddi o'q misoli yugurishi ko'z oldingda jonlanadi.

Hozir men sizlarni bundan ham qiziqarli rasmlarni bag'rida yashirgan manzilga boshlab boraman, deb qoldi sira kutilmaganda tog'begi to'lqinlanib.

Ulkan va salobatli tog' yon bag'ri. Undan xiylagina nari masofada ko'katlar qulf urib o'sgan, atrof­­ga mayin hid taratayotgan joyda o'n, o'n ikkitacha chashma suvi sizib turibdi. Bir-biriga qo'shilib, qorishib oqayotgan jilg'aning suvi tip-tiniq, boz ustiga muzdek. Agar hovuchingizni to'latib simirgudek bo'lsangiz, etingizni jimirlatadi. Qalin   o'rmonzorni yodga solib yuboradigan bundayin ko'rkam joyda ulkan archa daraxtlari serob. Mayin va xush yoquvchi shamolda   ular tovlanib, ko'k-sarg'ish tusda jilolanadi. O'rmonzor va qoyatosh yonlarining bir tomoni tushki soyalarga cho'milgan ko'yi qorayib turadi. Tog'ning ana shunday qoraygan bahaybat soyalari bilan oftob nuri tutashgan jilg'a bo'yiga yel uzoq-uzoqlardan xush iforlarni boshlab keladi. Ana shunday bir-biridan go'zal manzaralarga andarmon bo'lib, Chotqol tog' tizmasi bo'ylab cho'zilib ketgan son-sanoqsiz soy va daralar oralab borar edik. Yana ko'zga rasmlar ko'rindi. Ular bir-biridan tubdan farq qiladi. Ishlov berish uslubi, mavzu xilma-xilligi, rang-barangligi, kompozitsiyadagi farqlar, ranglar jilosi degandek. Qirrador, uchi o'tkir tosh, metall va hayvon shoxlaridan yasalgan qurollar ko'magida urib, cho'kichlab yoki tabiiy mineral bo'yoq (oxra) yordamida ishlov berish qadimgi odamlarning sevimli mashg'ulotiga aylanganligi ayonlashadi: Ana uzun bo'yli ajdodlarimizdan biri zo'r berib tog' bag'rini kovlab, o'tkir, qirrador tosh bilan tog' echkisi va ovchilar rasmini o'yib yozishga urinyapti. Erta tong mahali boshlagan ishini kun peshinga og'ganda yakunlagandek ko'rinadi. So'ngra turli xil o'tlar yordamida rasm tushirilgan qoyatoshlarni hafsala bilan artib, ish qurollarini ko'm-ko'k archa shoxlari bilan berkitgan. Zarurat tug'ilsa, o'sha joydan ish qurolini olib bemalol ishlatavergan. Shuningdek, qadimgi odamlar toshlarga o'yib rasm solishda tasvir mavzusi bilan birga rasmlar ishlangan qoyatosh strategiyasi, tasvirlarning qoyatoshlardagi topografik holatlari, yodgorlik davriy sanasini   farqlashda ham ustasi farang bo'lishgan.

Dengiz sathidan naqd uch ming metr balandlikdamiz. Bu yerdan pastlikka tikilsangiz, qishloq va uning odamlari kichkina bir nuqtaday bo'lib ko'rinadi. Qo'l yetgudek masofadan uvada bulutlar lashkari suzib o'tib turibdi. Sal naridagi qoyada qushlar podshosi — burgut ko'zlarini bir nuqtaga qadaganicha turibdi. Biz mahliyo bo'lib qolgan ko'rkam joy Chotqol tog' tizmasining Qizildara va Ertishsoy hududi deb atalar ekan. Tabiati so'lim, havosi toza. O'simlik va hayvonot dunyosiga boy. Atrofi tinch va sokin. Girdo-gird yuksak qoyalar bilan qurshalgan. Aytgancha, bu joylarda hayot xuddi to'xtab qolgandek taassurot qoldiradi. Odamni o'z-o'zidan qo'rquv va vahima hislari qamrab oladi. Qizig'i, bu maskanda ikki yildan beri qadimshunoslar ish olib borishmoqda. Izlanish natijasida bobokalonlarimizdan bizgacha yetib kelgan yangi qoyatosh rasmlar topildi, tadqiq qilindi. Keyin ham qidiruv ishiga O'zbekis­ton, Rossiya, Polsha xalqaro ekspeditsiyasi a'zolari jalb etildi. Zahmatli, igna bilan quduq qazishdek ishga umrini, bor imkoniyatini baxsh etgan olimlarning kashfiyoti o'laroq, to'qqiz chaqirim masofaga qadar cho'zilgan Qizildara hududida dengiz sathidan bir ming olti yuz, uch ming bir yuz metr balandlikda minglab qoyatosh rasmlari o'rganildi.

Qadimshunoslar ta'biri bilan aytganda, mazkur go'shada zoomorf va antropoforli, turli belgi va tamg'a tasvirlari chinonam bisyorki, ularni sanashda adashib ketish mumkin. Tog' echkilari tasviriga-ku sinchiklab tikilgan odam nimanidir tushunishi, his etishi mumkin. Ammo doira ichidagi xoch va boshqa murakkab shakllar mohiyatini anglash uchun ma'lum bir tayyorgarlikka ega bo'lishi zarur bo'ladi. O'rta Osiyo hududlarida ko'kka bo'y cho'zgan, xuddi ulkan va salobatli qoyalardek qorayib yotgan tog'lar saltanati juda ko'p. Ular o'z bag'rida qanchadan-qancha sir-asror va boyliklarni yashirmagan, deysiz. Mana dengiz sathidan uch ming bir yuz metr balandlikdagi qoyatoshlarga manguga muhrlangan qoyatosh rasmlar mavjudligi faqatgina Chotqol tog' tizmalaridagina uchraydi.

Chotqol tog' tizmasi geografik o'rni va tabiiy sharoitining qulayligi bilan boshqa tog'li manzillardan ajralib turadi. Ana shu osmon bilan bo'ylashgan tog'ning naqd uch ming yuz metr balandligida devorday tik qoya toshlar savlat to'kib turadi. Uning yuqori qismiga bir qaraganda g'alati rasmlar o'yilgan: xuddi bolalar havasaki chizganday taassurot uyg'otadigan rasmlar, tog' echkisiga o'xshaydigan hayvonlar, tosh va qurol ko'targan, sochlari o'siq yalang'och odamlar tasviri… Daraning berigi yoqasidan qaragan kishi bu odamlarning eng ulkani va hammaga ish buyurib turgani sarkor ekanini ko'z qarashidan bilib olishi mumkin. Ajablanarlisi shundaki, sakson-yuz metr balandlikda bobolar bu rasmlarni qanday qilib toshlarga o'yib chizishdi ekan? Bunga o'sha davrning o'zida ham ajablanishgan, aksariyat odamlar bu rasmlarni odamlar emas, daradagi ajina va devlar chizgan, degan to'xtamga kelishgan. Bu yerni Qizilolmalisoy, Qizildara va Ertoshsoy degan nomlar bilan atay boshlashgan. Mahalliy aholi orasida bir-biridan qiziq rivoyat va afsonalar tarqalgan.

To'ymurod degan keksa bir kishi daradan eshakda o'tib ketayotsa, semizgina bir takaning o'tlab yurganini ko'rganmish. U otdan sakrab tushibdi. Taka jo­yidan sira jilay demasmish. Chol, mayda tuyoqli mollik bo'ldim, deb unga yaqinlashibdi. Bemalol takani ushlab,   oldiga o'ngarib olibdi-da, yo'liga ravona bo'libdi. Ot qancha yo'rg'alab yurmasin, taka na   ma'ramay, na tipirchilamay, jimgina kelarkan.

“Yaxshisi, buni uyga olib borishim bilan so'yaman, — o'ylay boshlabdi u. — Nima bo'lganda ham bola-chaqamning og'ziga go'sht tegadigan bo'ldi. Terisidan o'zim uchun nosvoy xalta ham tayyorlatib olaman. Shunda taka noxos qimirlabdi, so'ng tilga kirib: “Otaning yoro'chog'iga keldingmi, chol” — debdi. Chol yuragi yorilguday bo'lib, o'zini otdan pastga tashlabdi-yu, titrab kalima qaytara boshlabdi. Sal vaqt o'tib qarasa, takadan asar ham yo'q ekan…

Xo'sh, Chotqol tog' tizmalari bag'rida yashiringan Qizilolmalisoy, Qizildara va Ertoshsoy hududidagi qoyatosh rasmlarni ko'rgani har kuni minglab sayyohlar kelsa kerak, deb o'ylarsiz. Afsuski, bunday emas. Qoyatoshga muhrlangan rasmlarni chuqurroq o'rganish, ularning ilmiy tasnifini amalga oshirish, milliy va xalqaro ahamiyatini belgilash borasidagi turizm bilan bog'liq ishlar hali talab darajasida emas. Ya'ni, turizm sohasining ekoturizm, ekstemal va ilmiy turizm sohalari oqsab qolyapti. Bu esa xalq ehtiyoji uchun keladigan million-million so'm mablag' toshga aylanib qolayotgan, dunyo ahli tabiiy mo''jizalarimizdan bebahra qolayapti, degani.

Hechdan ko'ra kech, bo'lsa-da mas'ullar bu masalaga jiddiy qaraydilar, degan umiddamiz.

Ulug'bek JUMAYEV,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen + 19 =