Abadiy sado

Abdulla Oripov bilan zamondosh ekanligimizdan faxrlanmog'imiz lozim. Bir paytlari shoir kitoblarini peshtaxta ostidan sotib olganmiz. Mutolaa qilganda, ko'zimizdan beixtiyor uzilgan tomchi yerni “tebratib” yuborgan desak, mubolag'a bo'lmas. Mudroq shuurimizga oydinlikning taftini ulashgan a'shorlari qalbimizning boqiy mulkiga aylangan. Bir kuni yozuvchi Nazar Eshonqul bilan xiyobon chetidagi yo'lak bo'ylab ketayapmiz. Kuzning taftsiz quyoshi daraxt shoxlariga chirmashib, onasini yo'qotgan boladay bejo va rangi so'narib boqadi. Chinorning yurak shaklidagi barglari havoda o'ynab ohista yerga qo'nadi. Bir tekis qator ekilgan sentyabr gullarining achimsiq va yoqimsiz hidi havoda muallaq o'tirib qolgan. Kimdir unutib qoldirgan va biror qo'l tegmagan sarg'aygan maktub kabi sarg'imtil xazonlar oyog'imiz orasida ingraganday bo'laveradi.

Beixtiyor Nazarga gap qotaman:

– Abdulla aka yetmishni urib ham bizdan tiniqroq she'rlar bitayapti. Hali-hamon qalbi navqiron.

– Alloma shoirga Allohdan cheksiz zakovat ato etilgan-da. Zakovatning kuchi bu.

– Belinskiy haq ekan. Inson shuurida tug'ilgan asar umrboqiylik kasb etishiga ishondim.

– Ha, zakolikning qudrati ilohiylikdan.

Yo'lma-yo'l yurib qurgan suhbatimiz asnosida Abdulla akaning bir she'ri atrofida o'z mulohazalarim bilan o'rtoqlashgim keldi. Bu maqolani “Abadiy sado” deb ham nomladim.

Turg'unlik davrining eng mudroq faslida o'zbek adabiyotida “xalqchillikning uquvsiz kuychisi emas, balki chinakam san'atkori” (V. Belinskiy) sifatida Abdulla Orif maydonga keldi. Uning otashlarga yo'g'rilgan poeziyasi ma'naviy bo'shliqni qalb pafosi bilan to'ldirdi. Asriy qatqaloqlik erkin fikr tajassumida hayotbaxshlikka yuz burdi. “Titroq yulduz kabi muzlagan shuur”da zamonamiz quramaligi, ya'ni zamonasozlik muddatini o'tagan maxfiy qo'lyozmaday kuydirildi. Sof tuyg'ular po'rtanasi aqliy jununlik va havoyi ehtiroslar pufagini sidirib tashladi. Shoirning “Kuz xayollari” she'rini pichirlab o'qiyman:

Qorayganda uzoq tog'larning qori,

   Bog'larga cho'kkanda oqshomgi tuman,

   Sovuq kuz yelidan junjikib, nari –

   Ochiq ayvon ostin etganda maskan.

 Do'stginam, xayolan quchaman seni,

   Xazon davrasida kutaman seni.

Holat oydin. Ammo do'stni xazon davrasida kutish she'r muhibini hayratga soladi. Nega, nega degan savol aks-sadoday to'lqin hosil qiladi. She'rning ikkinchi oltiligida ham tabiat manzarasi betimsol chizgilarda mavjlanadi. Shoirning muddaosini uchinchi oltilikda yaqqolroq sezishga jazm etasiz va muyassar bo'lasiz.

Nimani xohlayman? Istagim nima?

   Changalzor shovqinin tinglab turaman.

   Yaproqlar bandida kezgan jimgina

   Ma'yus va bezovta kuzni ko'raman.

   Uning qo'shig'ida, uning ohida,

   Sezaman odamzod qalbin gohida.

Nogahoniy olovli tug'yon muzlagan tomirlaringda xurofiy shovqinga emas, ilohiy zavqqa rag'bat, bedor tuyg'uga mayl uyg'otadi. Har qanday shovqinda yalang'ochlik bor. Shovqin – qofiyabozning shaqildog'i, u tuyg'ular jununini to'nglatadi, ehtiroslar erkini vaznsizlikka mubtalo etadi. Erksizlik va zalolat shovqini insoniy umid qotilidir. Yaproqlar bandida jimgina kezgan bezovtalik (ma'yuslik ham!) ohida odamzod qalbini sezish – bu yashashga berilgan huquqdir. Aslida, hayot – cheklanmagan imtiyoz.

Unga bari birday hayot va o'lim,

   Go'yoki keksa chol so'ngini o'ylar.

   Va sekin silkitib qahrabo qo'lin,

     Ko'rganin-bilganin birma-bir so'ylar.

   Bir hikmat o'qiyman xazonlardan men:

   “Yashaginu, biroq yaproq bo'lma sen”.

“Qahrabo qo'l” – topilma. Cholning qo'li qurushqoq, qahrabo tus. Cholni kuzga muqoyasalash ayni kesishmagan chiziqday aniq taassurot qoldiradi. Xazon – yo'qlikdan nishon, uning shitirida so'lg'inlik giryasi o'rlaydi, mung savqida esa hayot mohiyatining xossasini ko'ramiz. Shoir qalbi ulug' bir hikmatni angladi: “Yashaginu, biroq yaproq bo'lma sen”. Bu – qalb iqrori.

Mangu yashillikning maskani qayda,

Qaydadir xazonni bilmagan bahor?

Nechun u hovliqib oqquvchi soyda,

Chavandoz umrining qaytmas sehri bor?

Nechun uyg'onadi qaytadan bahor,

Nechun inson umri bo'lmagay takror?..

Shoir yashillikning mangu maskanini inson qalbidan axtaryapti. Qalb illatlardan tozalanmas ekan, undan xazonrezgilikka ro'yxush bermas ko'klam manzil topolmaydi. Mangu adashadi. Qalb bahorigina inson ruhiyatini bedorlikka chorlaydi. Insonning o'zi mamlakat. Uning hukmdori ham, quli ham uning o'zidir. Hayot – buyuk murabbiy. Inson hayot ta'limini o'rganish, o'zini anglash barobarida o'z “mamlakati”ga egalik hissini uyg'otadi va o'rnatadi. Turg'unlik davrining yalang'ochligi, odamlar shuurining nursizligi shoir halovatini junbushga keltiradi. Shoirni kuzning xayo­lidan ko'klamning nash'ayu nag'masini topish, uning hukmdori bo'lib qolishga da'vat etgan urg'u ham shundandir. She'rda ikki qutb mavjudligi ushbu xulosani tug'diradi. Bu – mening fikrim. Hayqirib, hovliqib oqayotgan soydan chavandoz umrining qaytmas sehrini anglagan shoir munojotida diltangligu bedorlikka safarbar etgan tuyg'u burg'usini behuda chalmayapti. Inson umri takrorlanmasligi shoir­­ni qattiq o'yga solayapti. Inson ana shu tak­rorlanmas umri davomida o'z bahorini topa oladimi yo yo'q? Umr takrorlanmaydi, bahor uyg'onguvchi. Umr va bahor mushtarakligi mavjud emas ekan, inson hayoti xazonrezgilikka mahkumdir. “Shoir faylasuf emas, musavvirdir. Uning manzara va tasvirlaridagi hamishalik mavzu “shuhratga to'la ijod” – behudud va rang-barang hodisalarga to'la olamdir. Poeziya ko'ngilga obrazlar bilan so'zlaydi va undagi obrazlar ibtidosi tabiatning barcha juz'iy hodisalari va shakllari qurilishida tovlanib turgan go'zallik ifodasining mohiyatidir”. Bu– Belinskiy talqini. Buyuk munaqqid izlagan obraz yuqoridagi misralarda quyma tarzida o'z ifodasini topgan.

Meni savollarga ko'mar daf'atan,

Xazonning taqdiri, so'nggi shovqini.

Ko'zimga ko'rinar umrim qaytadan,

Garchi surmakdaman bahor shavqini.

Garchand yigit yoshim yashnab tursa ham,

Keksalik qismatin o'ylayman shu dam.

Naqadar boldek totli misralar! Xazonning taqdiri shoir xayolida “shovqin” solayapti. Shoir shovqinda emas, bahor shavqida umrining qaytadan haddi-hisobini o'lchayapti. Nega yana yigit yoshi yashnab tursa ham,   keksalik qismatini o'ylayapti?   Keksalikda qalb navqironligini saqlab qolish har kimning ham chekiga tushavermaydi. Hayot charxida charxlanaverib, jismoniy va ruhiy quvvatiga darz ketgan kishi dunyo malomati yukidan qalb majruhligiga yo'liqishi ba'zan tasavvurimizga kelavermaydi. Ana shunday damda…

Shu dam tuyg'ularga to'ladi ko'nglim,

Titrab tarashlayman qalamim uchin.

Tong ham yorishadi, ey mening umrim,

Bunchalar tezlikda chopasan nechun?

Xazonlar shoshadi, shoshaman men ham,

Do'stim, huzurimga shoshib kel sen ham!

Xazon inson umrini qadam-baqadam ta'qibga oladi. Umrning tezobligi xazon shoshqaloqligiga o'zaro kesishmaydigan chiziq tortadi. Bular qandaydir butunlikning ma'lum ehtiyot qismlarga ehtiyojini oshiradi. Bu texnik ta'rif emas. Shoirni titrab qalam tarashlashida ham yashashga chorlov bor. Chorlovdan hikmat tug'ilayapti. Shoir o'z qalb kechinmalari orqali davr ruhining mahzunligini aniq chizgilarga jo qila olgan. Abdulla Orif ushbu she'rni 21 yoshida bitgan. Bu– shoirda tug'ma iste'dodning belgisi. Bu yo'lda necha ko'ylak yirtib, qush qo'nmas mushtdek “tepalik”ka erisholmaganlarning soni mingta. Savqi tabiiylikning qudrati ham shunda-da! Ha, noyob iste'dodlar hamisha, har davrda barmoq bilan sanaguday darajada kamyob uchragan.

Rus tanqidchisi Belinskiydan ranjimagan holda chin shoirni haqiqiy faylasuf deb atagim keladi. Buyuk faylasuf Pifagor shoir­likning uch qutbi, ya'ni bastakor, rassom va faylasuf umumlashmasidan mavjudligini eramizdan avvalgi asrlarda inkishof etgan edi. Mana shu nuqtai nazardan qaraganda, muhim uch qutb Abdulla Oripov ijodida yagona nuqtada birlashgan. Lekin insoniyat kechmishida shunday bir davr bo'ldiki, shoir she'riyatida kuy sehri, musavvir mo''jizakorligi, donishmand zakovati barobar o'zi yashayotgan davr­ning farzandi ekanligi haqidagi eng to'g'ri haqiqat ham o'z aksini topmog'i lozim edi. Abdulla Oripov she'riyatidagi “bu beshafqat haqiqat–barchamiz dunyoda yagona Vatan–O'zbekiston farzandlari ekanligimiz” butun-butun avlodlarni tarbiyaladi.   Shu o'rinda yaqqol aytish shartki, ma'naviy-ruhiy zamonida   ham Abdulla Oripov she'riyati inson manzaralarining mohir naqqoshi sifatida adabiyotga tamal toshini qo'ydi. Vatan va insonga muhabbat tuyg'usi oliy maqom ko'rinishini oldi. Har bir yurtning tabiati tilsimotdir. Turfa mo''jizalar kuyiga hamohang. Shoir insonni dunyoga shamoldek kelib, shundoq ketishini anglagan holda o'zining boqiy kamolini o'z she'riyatida oldin ko'ra bildi.

Qancha shamollarga yuzimni burdim,

Ulardan esdilar turfa xil nafas.

Ularda goh qayg'u, goh shodlik ko'rdim,

To'xtamay o'tdilar bari ham birpas…

Faqat qayg'ulardan sen o'zing xoli,

O, yurtim shamoli, yurtim shamoli.

Shoir she'riyatida inson iztirobi rangin tashbehlarda toblandi, cheksiz farog'at baxshida etguvchi   hikmatlarda yuksak joziba kasb etdi. “Ellar ham uyg'ondi ishqalab kaftin”, “Uvada kamzulda billur tugmaday, “Bulutlar ortidan boqadi yulduz”, “Minorlar emas bu – falakka qasam”, “Cho'ntakdan to'kilgan tangalar misol, Shu'lalar o'ynaydi supa uchida”, “Borliq ham misoli o'ychan musavvir – Naqsh etmish derazang uzra savollar” kabi shaffof mis­ralarda qalb go'zalligi, hayotga tashnalik, insoniyatga rahnamolik, Koinot tartibotini buzishga urinuvchi yovuz kuchlarga qarshi kurash, nafosat va fasohat   chamanlariga mushtaraklik tuyg'usini ulug'lashni har bir she'rda uchratasiz va hayrat girdobiga cho'masiz.

Abdulla Oripov she'riyati haqida fikr yuritish bizni bashar mavjudligining sirli-sinoatli, jozib va tilsimli dunyosiga bosh­lab boradi. Bu izlanishda inson hayo­tiga tegishli qalb va tafakkur, xayol va tasavvur, idrok va zakovat dunyosining eng teran jihatlari bilan ro'baro' kelasiz. Zero, bu she'riyat –hayot mayog'i bo'lib, abadiyatdan sado ekanligini yanada chuqurroq his etasiz va quvonasiz!

O'roz HAYDAR

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty + seven =