Izohli lug'atlar takomili – hayotiy zarurat

So'zlar majmuasi bo'lmish lug'atlarni, jumladan, “O'zbek tili izohli lug'ati”(va uning qayta nashrlari)ni javohirot sandiqchasigamas, bebaho marvaridlarga limmo-lim ummonga qiyoslashimiz mumkin. O'zbek tilidagi lug'aviy boylik – bebaho xazina. Durga teng har so'z esa o'z ma'nosi, maqom va mavqeiga ega. Yetuk tilshunosu muhaqqiqlargina bu tilni mukammal bilishi, tarkibidagi yuz minglab so'z va birikmalarning mazmun-mo­hiyatini (aytish­laricha, bir so'zning 365 ta ma'noviy qirrasi bor) tushunishi mumkin. Bizning vazifamiz esa tilning tozaligi va qonun-qoidalariga rioya etish, bobolarimizdan qolgan ne'matni imkon qadar asl holida saqlash, undan to'g'ri foydalanish.

Nafaqat til va adabiyot o'qituvchilari, balki turli soha vakillarining aksariyati izohli lug'atlarga muhtojlik sezadi (lug'atlar esa juda ko'p olimlarning birgalikdagi mehnat mahsuli). So'z zamiridagi ma'noni anglash barobarida to'g'ri yozish uchun ham qo'llanmalarga yuzlanamiz. Shu ma'noda lug'atlar –doimiy hamrohimiz, beminnat yordamchi va yo'lboshchimiz.

2020 yilning oktyabr oyida davlat tilining nufuzini oshirish va mavqeini mustahkamlash maqsadida Prezidentimizning “Mamlakatimizda o'zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni qabul qilindi. Ko'p ishlar barobarida tilshunoslikka oid yangi tadqiqotlarning samaradorligini ta'minlash, shu­ningdek, turli lug'atlarni, ayniqsa, o'zbek tili izohli lug'atining mukammal shaklini kitobxon qo'liga yetkazish vazifasi unda alohida qayd etib o'tilgan.

Lug'atlarning umri uzun. 1981 yili Z.M. Ma'rufov tahriri ostida Moskva shahrida chop etilgan ikki tomli “O'zbek tilining izohli lug'ati” hali ham o'z ahamiyatini yo'qotmagan. Bu lug'at 60 mingta so'z va birikmani o'z ichiga olgan bo'lsa, A. Madvaliyev tahriri ostidagi “O'zbek tilining izohli lug'ati”ning besh jildli qayta nashrida (2006-2008) 80 mingdan ortiq o'zbek adabiy tilida keng iste'molda bo'lgan so'z va birikmalar (shuningdek, sohaviy terminlar, shevada qo'llanadigan so'zlar va tarixiy atamalar) sharhlangan.

Bu ikki lug'atni qiyoslab, mustaqillik mevasi – yangi nashrning ma'lum darajada mukammallik kasb etganini yaqqol sezamiz. Birinchi lug'atdagi ayrim kamchi­liklar qayta nashrda bartaraf etilgan. Masalan, oldingi nashrda (1981) “jadal” (jadallamoq) so'zi tezlik bilan, tezlashtirish, sur'atni oshirmoq deb izohlangan, xolos. Yangi nashrda esa bu so'zning ikkinchi ma'nosi ham (bahs, munozara) o'z sharhini topgan.

Shuni ham aytib o'tish joizki, “jadal” faqat “bahs-munozara” ma'nosi bilan cheklanmagan. Ikki qarama-qarshi tomonning to'qnashuvi (urushi)ni ham klassiklarimiz “jadal” deyishgan. Jumladan, hazrat Navoiy “jangu jadallar” degan ifodadan ko'p foydalangan.

Afsuski, “jadal” (jadallashtirish)ni unchalik tushunmaydigan yoki ma'nosiga e'tibor qaratmaydiganlar qatorida ziyolilar ham bor ekan. O'zTV da suhbat ketyapti. Maktab rahbari ish qidirib kelgan xodimga deydi: “Maktabimiz jadallashtirilgan”. Avvaliga noto'g'ri eshitgan bo'lsam kerak deb o'yladim. To'g'ri eshitgan ekanman. Rahbar davom etdi: “Yana ikkita jadallashtirilgan sinf ochmoqchimiz”. Bu ko'cha-ko'ydagi gap emas, millionlab tomoshabinlarni o'ziga jalb etgan “oynai jahon”ning suhbati.

Badiiy adabiyotimizda “jahd-jadal” degan ifodaga ham duch kelamiz. Bu ifoda izohli lug'atda g'ayrat-shijoat deb sharhlangan. O'ylashimizcha, bu ifoda soxta va mantiqsiz bo'lib, g'ayrat-shijoat ma'nosi jiddu jahd degan iboraning zamirida mujassam.

“Mahkama” so'zi ikkala lug'atda hukm qiluvchi, hukm chiqaruvchi va yana boshqarma, idora deb sharhlangan. Bu to'g'ri. Ammo “mahkama” deb faqat adliya yo sud idorasi (qoziyot)ni tushunadiganlar ham talay. “Boshqarma, idora” ma'nosidagi “mahkama”ni tasdiqlash uchun yangi nashr eski nashrda keltirilgan misolni takrorlagan: “Mahalla fuqarolari u muttahamdan shikoyatlanib, qozixona va boshqa mahkamalarga arizalar…”

“Boshqa mahkamalar” tushunchasida boshqarma, idora degan ma'noni anglash dushvor. Sahihroq misollargina kitobxonni shubhadan xoli qilishi mumkin.

“Armon” – amalga oshmagan orzu-istak, vaqtida qilinmagan ish va shu tufayli ko'ngilda qolgan o'kinch, hasrat… deb sharhlangan har ikki nashrda. Durust-kuya, bu so'zning boshqa ma'nolari ham mavjud – bobolarimiz, ayni chog'da, “armon” deb ranj va mehnatni va yana havas, orzu, niyatni tushunishgan.

“Fand” sheva ta'sirida “pand”ga aylangani ma'lum, ma'nosi – firib, aldamoq, ziyon keltirmoq. Biroq klassiklarimiz lug'atida o'gitli gap, o'git, nasihat, hikmat ma'nosidagi “pand” mavjud xolos. Aldamoqni esa ajdodlar “fand” deyishgan. “Fand” so'zi yangi davrdagi imlo va izohli lug'atlardan qanday (va nima uchun) chiqib ketdi, hayron qoladi kishi.

“Fuqaro” – biror mamlakatning doimiy (muayyan yuridik huquqlarga ega bo'lgan) aholisi. Ba'zilarning “fuqaro” deb faqat bir insonni yo faqir kishini nazarda tutishi esa – xato. Fuqaro – omma. Izohli lug'atning yangi nashrida ham “fuqaro” – (“faqir” s.ning ko'pl.) deb qayd etilgan. Biroq shu nashrda “fuqarolar” degan so'zga ham duch kelamiz. Modomiki, “fuqaro” ko'plik, “lar” qo'shimchasi ortiqchamasmi?

Oldingi nashrda (1981) “homila” so'zi “ona qornida paydo bo'lgan bola” deb, qayta nashrda esa “ikkiqat xotin” deb sharhlangan. Ikki xil izoh!

“Homila” aslida ikkiqat ayolmi yoki ayol vujudidagi murg'ak vujudmi?

“Homila”ning lug'aviy ma'nosi qayta nashrda izohlangandek – bo'yida bor ayol (ikkiqat). “Homila” deb qorindagi bolani, “homilador” deb ikkiqat ayolni tushunmoq noto'g'ri. “Homilador”dagi “dor” qo'shimchasi (“egalik” ma'nosini ifodalovchi, masalan, “mulkdor”, “chorvador”) aslida – ortiqcha.

“Homila” ni sharhlashda oldingi nashrning xatosini isloh qilgan yangi nashr “homilador”so'zini izohlashda –qornida homilasi bor, – oldingi nashrning xatosini takrorlagan.

Sho'rolar davridagi izohli lug'atda “mukofot” faqat taqdirlash, sovrin, sovg'a… ma'nosida sharhlangan bo'lsa, besh jildli qayta nashrda bu so'zning boshqa (asosiy) ma'nosiga ham izoh berilgan: kishining o'z qilmishi, xatti-harakati uchun qaytgan qaritma.

Bugungi kunda biz “mukofot” deb biron-bir faoliyat sohasidagi alohida yutuqlar uchun rag'batlantirishni tushunamiz, xolos. Bu so'z, ayni damda, “jazo” ligidan ko'pchilik bexabar. Amaling mukofotidan g'ofil bo'lma, degan naql mavjud, ya'ni yaxshi ishning ham, yomon ishning ham mukofoti bor.

Bir guruh yosh kasbdoshlarim – ona tili va adabiyoti o'qituvchilardan “jahl” so'zining ma'nosini so'rab, g'azab­lanish, qahr degan javobni eshitdim. Bu so'zning ma'nosi aslida “ilmsizlik”, “nodonlik” ekanidan ular bexabar.

“O'zbek tilining izohli lug'ati” (1981) da haqiqatan “jahl” – g'azab (g'azablanish) ma'nosida sharhlangan, xolos. Mustaqillik yillaridagi nashrda   bu so'zning “nodonlik” ma'nosi ham borligi ko'rsatilgan. Yangi izohli lug'atni ham varaqlang, yangiliklardan ogoh bo'ling, deb maslahat berdim yosh o'qituvchilarga.

Nafaqat yoshlarga, turli yosh vakillariga, yuqorida qayd etganimizdek, izohli lug'at – beminnat ko'makdosh.

Kundalik ishimizda bir lug'atshunos ustozimiz biz uchun namuna – stoli ustida har doim izohli lug'atni ko'ramiz. Biron so'zning ma'nosini so'rasak, darrov o'sha kitobni qo'liga oladi. Ovora qilib qo'ymadikmikin, deb xijolat bo'lamiz. “Shundoq ayta qolsa bo'lmaydimi? Nahotki, u ham shu so'zning ma'nosini bilmasa?”

Bila turib ham izohli lug'atni qo'liga olishiga hayron bo'lamiz.

Taajjubimizni anglab, u bir rivoyat aytib berdi: Tuya ustida borayotgan ulug'larimizdan biriga: “Avliyo ota, tuyangizning oyog'i nechta?” deb savol beribdi bir odam. Ul zot tuyadan tushib, jonivorning oyoqlarini sanab, to'rtta deb javob beribdilar”.

Tushunarli, dedik rivoyat zamiridagi hikmatni fahmlab.

Qaniydi, hammamiz ham izohli lug'atlar bilan “shunday do'stlashsak”.

Biroq izohli lug'atdagi bir g'alat butun boshli bir xalqni chalg'itishi – so'z ma'nosini noto'g'ri tushunishi va qo'llanishiga sabab bo'lishi ham mumkin.

Bas shundoq ekan, bu ishga eng sara soha mutaxassislarini jalb etish maqsadga muvofiq. Lug'at tuzuvchi so'zdagi eng kichik jihatlarni ham ko'zdan qochirmasligi lozim. Bir so'z bitta yo ikkita sinonimi bilan emas, barcha sinonimlari bilan izohlanishi shart, ya'ni ma'nodosh so'zlarning har biriga izoh berish talab etiladi.

Besh jildli izohli lug'atda “haml” so'zi ko'tarish, tashish hamda haml payti (tug'ish payti) ma'nosida sharhlangan, xolos. Holbuki, bu so'zning yana bir ma'nosi mavjud – yuk. Masalan, yuk tashuvchini “hammol” deymiz.

2020 yilda “O'zbek tilining izohli lug'ati” yangi tahrirda 3 ming nusxada qayta nashr etildi. Unda so'ng­­gi yillarda iste'molga kirib kelgan yuzlab (diler, konsalting, xolding singari) yangi so'z va atamalar kiritilgan. Bu yaxshi, albatta. Lekin mumtoz adabiyotimizdagi qator-qator “eski” so'zlar va ta'biru birikmalar yangi tahrirda ham o'z o'rni-izohini topmagan yoki sharhlar mukammal emas.

Klassiklarimiz qo'llagan bir qator so'zlar asl barobarida biroz o'zgargan (yoxud buzilgan) shaklda o'zbek adabiy tilida o'rin topgani ma'lum. Masalan, mas'uliyat, kafolat, biror ishni bajara olishni udda deymiz va yozamiz (uddaladim). Arab tilidan kirgan bu so'zning asl shakli – uhda. Besh jildli izohli lug'atda bu so'z (va arab tilidan kirgan boshqa so'zlarni) arab alifbosida ham yozilgani ayni muddao, albatta. (Masalan, ayn, he, dol va “he”-i hamza bilan yoziladigan “uhda”). Eski alifboda yozilgan bu so'zning (“uhda”ning) qanday o'qilishini bugungi alifboda ham ilova tarzda (transkripsiya tarzida) yozib qo'yilsa, nur ustiga nur bo'lardi.

Shu ma'noda o'zbek tilini o'qitishni yanada yaxshilash uchun izohli lug'atlarimiz yanada “yaxshiroq” va mukammalroq, har qanday g'alat, g'alizlik va so'z saktaligidan xoli bo'lmog'i shart.

Adabiy o'zbek tili asrlar davomida shahonshumul asarlar, abadiyatga daxldor muqaddas kitoblar tili bo'lgani-yu, hozirgi davrda nufuz va e'tibori dunyo miqyosida oshib borayotganini unutmaslik kerak. Badiiy tilni uy-ro'zg'or tiliga aylanishidan saqlash uchun ham yangi lug'at tuzishda yoxud izohli lug'atlarni qayta nashrga tayyorlashda sho'rolar davrida yaratilgan izohli lug'atlar barobarida qadimiy tafsiriy lug'atlardan (mas. “Devonu lug'otit turk”, “Muhokamat ul-lug'atayn”, “Farhangi Amid”, “Farhangi Rashidiy”, “G'iyos ul-lug'ot” va h.) andaza olish shart, fikrimizcha.

Izohli lug'atlarning yangicha mazmun-mohiyat kasb etayotgani lug'atshunoslik ilmining rivoj va sayqal topishiga sabab bo'lmoqda. Biroq ta'kidlaganimizdek, bunday lug'atlar yanada takomillashtirishga muhtoj.

Izohli lug'atlarimiz har jihatdan komil yaratilsa, ulardan oqilona foydalansak, o'zbek tilining go'zalligi-yu jozibasi, nazokatu latofati, ma'no-mazmundorligi nafaqat badiiy adabiyotimizda, balki yoshlarimizning ravon og'zaki nutqida ham jilolanishiga ishonchimiz komil.

Muhammad ShODIY,

O'zbekiston Yozuvchilar   uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 5 =