To'qson yoshli yigit

(Otaxon jurnalist-tarjimon Sobit Toirov portretiga chizgilar)

 

O'ylab qarasam, Sobit aka bilan ko'rishmaganimga o'ttiz uch yil bo'libdi. O'tgan vaqtni qarang, suvday oqib ketibdi-ya. Shundaymikan, tez o'tganligi to'g'ri. Biroq samarasiz emas. Ayniqsa, Sobit ota Toirov uchun.

Sobit ota Toirov kim, deysizmi?! Bugun 90 yoshga kirgan otaxon, e, uzr, yigit. Bunday deyishimning sababi bor. Sobit otaning yuzida   hali uncha o'smagan soqol va mo'ylovini   yaxshilab olib tashlasa oqargan sochlarini qoraga bo'yasangiz, bo'ldi. Ana shunda Sobit ota 90 yoshga kirmagan navqiron yigit bo'ladi-qoladi.

Ko'zlari o'tkir. Ko'zoynak taqmaydi. Faqat kitob yoki gazeta o'qiganda ko'zoynakdan foydalanadi, xolos. Kompyuterda qanday yozishini bilmaymanu, biroq ruchkada juda chiroyli yozadi. Hozir lotin alifbosida ham bexato yozadi va qiynalmay o'qiydi. Qoyilmisiz?!

Ota mendan   dadil harakat qilyapti, gap­lari dona-dona, aniq, eng muhimi, har bir   gapida hikmat mujassam.

MA'LUMOTNOMA: Sobit Toirov 1932 yilning 15 aprelida Toshkent shahrining Chig'atoy Darvoza mahallasida   dunyoga kelgan. 1949 yil o'rta maktabni tamomlagan. 1954 yili Hozirgi O'zbekiston Milliy universitetining filologiya   fakulteti jurnalistika bo'limining ilk qaldirg'ochlaridan. 1955 yilda kursdoshi Ra'noxon bilan turmush qurgan. To'rtta   farzandning padari buzrukvori: Nodira, Kamola, Odilbek, Oqilbek.

1985 yil, 5 avgust. Shu kuni Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlab kelib, O'zTAG (hozirgi O'zA) ning tarjima bo'limida ish boshlaganman. O'sha paytlari tarjima bo'limi O'zTAGning yuragi hisoblangan. Bu yerda ertalab sakkizdan kechasi o'n, o'n bir,   gohida tong otguncha ish qaynar edi. Mahalliy va chet eldan kelayotgan o'rischa   axborotlar, Oliy Kengash qabul qilgan qarorlariyu, turfa nutq va ma'ruzalar tezkorlik bilan o'zbekchalashtirilar edi.

— Endi birgalikda aravani tortaveramiz. Ishimizning og'ir tomoni ham yengil tomoni ham bor. Birgalikda hal qilaveramizda endi, — dedi Sobit aka.

MA'LUMOTNOMA: Sobit aka mehnat faoliyatni 1954 yilda “Qizil O'zbekis­ton” (hozirgi “O'zbekiston ovozi”) gazetasida oddiy adabiy xodim bo'lib boshlagan. Tez orada gazetaning “Qurilish va sanoat” bo'limi mudiri bo'lgan.

1962 yildan O'zTAG (hozirgi O'zA)da tarjima bo'limida tarjimon, bo'lim mudiri, bosh muharririyat rahbari lavozimlarida faoliyat   yuritgan. 1993 yildan esa ma'lum muddat bank sohasida ishladi. 1998 yildan O'zbek Milliy Ensik­lopediyasi tahririyatida mehnat qildi.

Sobit Toirov o'zining ish faoliyatini respublikaning yetakchi, otaxon gazetasi “Qizil O'zbekis­ton”da boshlar ekan, tirishqoqligi, zakovati, o'ziga ham, hamma-hammaga qat'iy talabchanligi bilan jurnalist sifatida komil shakllanib, yetuk adabiy xodim, mulohazali, o'y-fikrini bemalol qog'ozga ijodkorga qo'yiladigan talablar asosida tushira oladigan qalamkash   sifatida taniladi. Uning jurnalistga xos ushbu fazilatlari mehnatsevarligi, yangilikka o'chligi, tinmay izlanishi bilan yanada bo'rtib ko'zga tashlanadi. Sanoat bo'limining mudiri darajasiga ko'tariladi. Sanoatda esa o'sha davrdagi bir yoqlamalikka asos­langan mafkuraga ko'ra, rusiyzabon kishilar ko'proq ishlar, ular bilan o'z tilida gap­lashish, fikrlashish talab etilardi. Sobit aka odatiga ko'ra har qanday mavzuning ich-ichidan har tomonlama chuqur o'rganib yozish uchun rus tilini yanada qunt bilan o'rganishga kirishadi va bunga erishadi. Endi u rasmiy hujjatlarni, butun gazeta tahririyatining barcha bo'limlari rus tilida oladigan xatlarini, maqolalarini ham tarjima qilishda asosiy kuchga aylanadi.

— Gazetamiz jamoat tashkilotlariga oid ma'lumotlarni, rahbarlarning rus tilidagi ma'ruzalarini tayyorlashda ham birinchi ijodkorga aylanadi. Talabalik yillarida a'lo baholarga o'qigan mirishkor dehqon farzandi, o'zining bu sohadagi iste'dodini, iqtidorini ham o'z ijodida namoyon etadi, — deb yozgandi o'z xotiralarida O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Rasul Rahmonov.

— Sobit aka 1961 yil tanishganimizda chiroyli bir yigit edi, hozir ham shunday. Mayin sochlar, quralay ko'z, vazmin qadam. Tanish-notanishga xushmuomala va mehribon. Yosh ulg'aygan sayin ba'zilarning fe'l-atvori ham o'zgaradi. Yarim asrdan beri bilsam ham, akamiz o'sha-o'sha, davralarning guli, kichiklar bilan kichik, kattalar bilan katta, quvnoq bilan quvnoq, zavqli bilan zavqli, — deb qayd etgandi ko'p sonli shogirdlaridan biri Abdulla Abduqodirov.

“Jurnalistikada shunday soha ham borki, uning zahmatkashlari boshqa qalamkashlarga o'xshab keng jamoatchilikka tez tanilavermaydilar. Ammo mehnatlari har qancha e'zozga, tahsinga loyiq va juda zarur. Aytaylik, respublikadagi ko'pdan-ko'p gazeta va jurnallar o'z mushtariylarini, radio va televidenie o'z tinglovchilari-yu, tomoshabinlarini jahonda har kun, har soatda ro'y berayotgan voqealardan xabardor qilib turishlari lozim. Bu ish asosan tarjimonlar zimmasiga tushadi. Sobit Toirov ana shunday soha sohiblaridan. Yer yuzidagi turli axborot agentliklaridan O'zbekis­tonga erta tongdan kechasigacha oqib keladigan turfa xil xabarlardan saralab olib, o'zbekchaga o'girib, turli matbuot nashriyotlariga yuborib turilardi. U milliy axborot agentligida shu ish bilan shug'ullanayotgan jamoaga boshchilik qildi.

“Gazetalarda chiqadigan maqolalar haftalab, oylab tayyorlanadi, qayta-qayta o'qilib, puxtalashtiriladi. Biroq tarjimonda o'ylab o'tirishga vaqt yo'q: maqolalaru, katta-kichik xabarlarni juda qisqa fursat ichida o'zbekchalashtirib berish kerak. Ro'znomalar, radio va televidenie tahririyatlari hamisha unga mahtal turishardi. Demak, har soat, har soniya g'animat. Sobit aka bu ishning piri bo'lib ketgan edi”. Bu fikr­lar tajribali jurnalist   Haydarali Ibrohimov qayd etgan.

MA'LUMOTNOMA: Sobit Toirovning 1978 yilda “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvon bilan taqdirlanganligi ko'p yillik samarali mehnatiga munosib baho edi.

Bugungi kunda Sobit akaning shogirdlari Dildora opa Mahsumova, Vasila opa Nas­riddinova, Tursunali aka Sa'diyev, Aqida opa Azizova va boshqa o'nlab mohir jurnalist-tarjimonlar o'zbek matbuotida faoliyat yuritib keladilar…

— Sobit aka, — deydi shogirdlaridan biri Dildora opa, — Oliy dargohni tamomlab, “O'zTAG”ga ishga kelganimda juda iliq qarshiladi. Tarjimonlikning ipidan ignasigacha o'rgatdi. Rostini, aytsam Sobit aka mening ishdagi otam. Hozir ham xuddi otamday ko'raman. Turmush o'rtog'im bilan birga u kishidan tez-tez xabar olib turamiz.

— Men ish boshlagan chog'im, — deydi Vasila opa, —tarjimonlik jurnalistikaning ajralmas qismi edi. Mening tarjimon bo'lib yetishishimda Sobit akaning xizmatlari beqiyos. Menga ko'rsatgan g'amxo'rliklarini, maslahatlarini hech qachon unutmayman.

— So'zni emas. Ma'noni tarjima qilishni menga Sobit aka o'rgatgan, — deydi bugun sakson yoshli Tursunali ota Sa'diyev.

Sobit otaning “Umr daftari” degan xotira kitoblari bor. O'sha kitobni varaqlar   ekanman. 1986 yil 15 aprelda o'zimizga she'r deb yozgan satrlarga ko'zim tushdi. Mana o'sha satrlar:

 

Mahoratu ko'p bilishda

                    siz ko'plarni kuydirasiz,

Ruscha so'zga bir zumda-chi,

                        o'zbekcha to'n kiydirasiz.

Qirchillama yoshga kirib

                       kuchli bo'ldi bilagingiz,

Amalga tez oshaversin ezgu niyat,

                                            tilagingiz.

 

Ijodingiz zavq-shavq bersin,

                        ko'pchilikka sehri bilan,

Bu tabrikni yozdi

           sizga qizlaringiz mehri bilan.

 

Bu sodda satrlarni bundan 36 yil avval “O'zTAG”ning qizlari nomidan men yozgan ekanman. 13ta xodimalarimiz esa imzo qo'yishgan…

Ayni kunlarda Sobit ota Toirov Shayxontohur tumanidagi Ipakchi mahallasida umrguzaronlik qilmoqda.

Boy kutubxonalari bor. Men borganda kitob javoni yonidagi stolda bir talay gazetalar, jurnallar, kitoblar turgan ekan.

— Qariyalarning ishi nima?!—dedi Sobit ota. — Bo'sh vaqti olamjahon. Kitob o'qiyman, gazeta o'qiyman. Goho besh yuz-olti yuz qadam yurib ham kelaman. Kitob o'qishda sehr bor, joziba bor. Buni kitob o'qiydiganlar yaxshi bilishadi.

O'qiganlarimni, o'rganganlarimni, hayo­tiy tajribalarimni farzandlarimga, nabiralarimga so'zlab berib o'tiraman.

— Otaxon, shunday ulug' yoshlarda ham tetiklikning siri nimada?

— Buning hech qanday siri yo'q aslida. Gazetalarda ham yozishadi, shifokorlarimiz televizorda ham gapirishadi-ku. Buning uchun eng muhimi, harakatdan tinmaslik kerak. Har kuni erinmasdan badan tarbiya qilish kerak. Erinmay, piyoda yurib, tabiat go'zalliklaridan zavqlanish, go'zal shahrimizning ko'rkiga-ko'rk qo'shish uchun hovli-joylarni, ko'cha chetlarini ko'kalamlashtirishga hissa qo'shish kerak. Ana shunda tana a'zolari doimo harakatlanib turishga odatlanadi, huzur qiladi. Mehnatning samarasini ko'rib ko'ngil tog'day ko'tariladi, so'na boshlagan tomirlar, paylar uyg'onadi. Farzandlaringiz, nabira-abiralaringiz ham sizga ergashadi, qanday yaxshi!

Sobit ota bilan gurungimiz rosa qiziydi. U kishi suhbatlarida “Hurriyat” gazetasi haqida gapirib o'tdilar:

— Bilasizmi, men ko'pgina gazeta-jurnallar qatorida “Hurriyat”ni alohida mehr bilan o'qib boraman. Uni o'qigan sari ko'ng­lim tog'day ko'tariladi. Shunday izdoshlarimiz, davomchilarimiz bor ekan, deb chin dildan quvonaman…

Sobit ota, muborak 90 yoshingiz qutlug' bo'lsin! Farzandlaringiz, nabiralaringiz, chevaralaringiz, shogirdlaringiz, muxlislaringiz baxtiga hamisha sog'-salomat bo'ling! Uzoq umr ko'ring, deymiz!

Ochig'ini aytganda, Sobit otaning o'zi — tirik kitob. Biz bu kitobni o'qib-o'rganishimiz kerak!

Sobit ota, qolgan gaplarni, Xudo xohlasa, 100 yoshga kirganingizda gaplashamiz.

Hayotda asosan hajviy, hazil she'rlar, qissa va hikoyalar yozib yurganim uchunmi, “jiddiy” ash'orlar bitishim oson bo'lmaydi. Ammo 90 yoshni dumalatib qo'ygan Sobit aka bilan aslo “hazillashgim” yo'q, chunki ustoz hali yigitday ko'ringani bilan ulug' yoshda. Bu yoshni ham shunday samimiy, beg'ubor qalbni hurmat qilmay bo'ladimi. Quyidagi satrlarni u kishining muborak yoshiga atab qoraladim:

 

Ozgina e'tibor, siylov toyga yetadi,

Suvi oqib tursa bo'ldi, soyga yetadi,

Sobit aka tarjimasi oyga yetadi,

Tarjimaning ustasi —

                           Sobit Toirov-da!

Hali ham tetikdir,

                           go'yoki yigit deysiz,

Baland parvoz qilayotgan

                           naqd burgut deysiz,

Bosib o'tgan yo'li

                           ibrat va o'git deysiz,

Tarjimaning ustasi —

                                Sobit Toirov-da!

Alloh bergan umrni yashang ota,

                                           yuzdan oshing,

Ko'rolmagan kimsalarni,

       shunday yashab, mayli, izza qiling,

Abdurazzoq hayotingiz yozmoq bo'lsa,

                        deysiz — qissa qiling,

Tarjimaning ustasi —

                                Sobit Toirov-da!

Abdurazzoq OBRO'Y,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 3 =