Jurnalistning uch fazilati

Har bir jurnalist milliy jurnalistikamiz rivojiga o'ziga (iste'dodiga, g'ayrat-shijoatiga) yarasha hissa qo'shadi. Sohamiz yirik olimlaridan biri bo'lgan rahmatli professor Ochil Tog'ayev jurnalistlarni uch toifaga bo'lar edi. Ya'ni, ijodkor, ma'rifatparvar va yetakchi jurnalistlar. Ijodkorlarni ta'riflashga hojat yo'q. Ma'rifatparvar jurnalistlar ijod qilish bilan bir qatorda ilm-u ma'rifat bilan ham shug'ullanadilar. Yetakchi jurnalist degani – Bosh muharrir va soha rahbarlaridir.

Shunday hamkasblarimiz borki, ularda ana shu fazilatlarning barchasi birdek mujassam. Bugun 80 bahorini qarshilayotgan faxriy jurnalist, Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti dotsenti, tarix fanlari nomzodi Shavkat Abbosovich Miralimovning butun faoliyati davomida ana shu uch fazilat yaqqol aks etib turadi.

U mehnat faoliyatini 1958 yilda Toshkent teplovoz-vagon remonti zavodida oddiy slesarlikdan boshlagan. 1963-1964 yillarda “Sirdaryo haqiqati” viloyat gazetasida adabiy xodimlik qilgan. Qo'liga jurnalistlik diplomini olgach, qator yillar yoshlar nashrida, “Kino” jurnalida, Toshkent viloyat yoshlar qo'mitasida, partiya ko'mitasida, O'zbekiston Yoshlar tashkilotida, Toshkent viloyat partiya qo'mitasi matbuot, televidenie va radio sho''basida, Toshkent viloyati nashriyot, poligrafiya va kitob savdosi boshqarmasida, viloyat Matbuot va axborot boshqarmasida mas'ul lavozimlarda samarali faoliyat ko'rsatish bilan bir qatorda muttasil ilmiy izlanishlarini ham davom ettirdi. Shu asnoda u turli lavozimlarda faoliyat ko'rsatish bilan bir qatorda O'zMU jurnalistika fakultetida talabalarga soha sirlaridan saboq berib kelmoqda.

Shu bilan bir qatorda o'tgan yillar davomida jamoatchilik yo o'rindoshlik asosida Toshkent viloyati Futbol federatsiyasi raisi, “Mahalla” jamg'armasi Toshkent shahar bo'limi raisi, “O'zbekiston-Bolgariya” do'stlik jamiyati raisi, “Nuroniy” jamg'armasi res­publika boshqaruvi raisi maslahatchisi sifatida ko'rsatgan faoliyati ham e'tiborga molikdir. Uning Vatan ravnaqi, el-yurt manfaati yo'lida qilayotgan mehnatlari samarasi ham e'tirofga molik, albatta.

Shavkat Miralimovning qariyb 20 yil mobaynida Toshkent viloyati Matbuot va axborot boshqarmasi boshlig'i sifatida matbuot, nashriyot va matbaa sohalari rivoji yo'lida qilgan samarali mehnatlarini zamondoshlari yaxshi biladilar. O'sha kezlarda uning sa'y-harakatlari bilan shahar-tuman gazetalarining adadi, mazmun-mundarijasi kengayganini, bosmaxonalar faoliyati zamonaviy asosda tashkil etilganini, viloyatda ijod qilayotgan yosh ijodkorlarning malaka va taj­ribasini oshirish maqsadida “Jurnalistlar klubi” tashkil etilganini, boshqarmaning yo'llanmasi bilan viloyatdagi 50 nafardan ortiq iste'dodli yoshlar oliy o'quv yurtlarida tahsil olish imkoniga ega bo'lganini ko'pchilik yaxshi eslaydi.

Shavkat Miralimovning tashabbusi bilan o'sha boshqarma qoshida tashkil etilgan “Navro'z” nashriyotida uzoq yillar ko'plab taniqli yozuvchi va shoirlarning kitoblari chop etildi.

Sobiq mustabid tuzumning so'ng­­gi yillarida respublikamizda Nav­ro'z bayrami rasman taqiqlangani esdan chiqmaydi. O'sha murakkab zamonda Shavkat Miralimovning yasharish va yangilanish ayyomi bo'lmish Navro'z bayramini tiklash va targ'ib etishdagi xizmatlari beqiyos. Uning Navro'zning tarixi va mohiyatiga bag'ish­langan dastlabki “Yangi an'analar, yangi odatlar” risolasi 1975 yilda 15 ming nusxada, kitobning “Navro'z” nomi bilan qayta ishlangan va to'ldirilgan nashri 1990 va 1998 yillarda “Yozuvchi” nashriyoti tomonidan 20 ming nusxada chop etilgan. “O'zbekiston Milliy ensiklopediyasi”ning 6 tomida Navro'z bayramiga bag'ishlangan maqolada ham aynan Shavkat Miralimovning nomi qayd etilgani uning bu sohadagi mehnatlari mahsulidir.

Navro'z tarixi, ahamiyati va o'rni haqidagi izlanishlarini davom ettirib kelayotgan fidoyi hamkasbimizning bu yil Navro'z bayrami arafasida O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O'zbekiston 24” hamda “Madaniyat va ma'rifat” telekanallarida “Navro'z milliy qadriyatlar tarovati” hamda “Hamisha ko'hna va navqiron Navro'z: kecha va bugun” mavzularida efirga berilgan chiqish­lari ayniqsa, bugungi yosh avlod uchun ibrat va mahorat maktabidir.

Bir paytlar jurnalistika fakultetida Shavkat Miralimov saboq bergan ustozlaridan biri, filologiya fanlari doktori, professor Muxtor Xudoyqulov shunday deydi:

– Shavkat Abbosovich Miralimov har taraflama yetuk jurnalist, pedagog va ma'naviyatshunos olim, kamtarin inson va qadrli do'stdir. U Toshkent davlat universiteti jurnalis­tika fakultetini tugatgandan so'ng qator gazetalarda va Toshkent vi­loyati Matbuot boshqarmasining bosh­lig'i sifatida ishlab ko'pchilikning hurmatiga sazovor bo'lgan. Mana, uzoq yillardan beri O'zMU jurnalistika fakultetida talabalarga jurnalistik ijod ilmini o'rgatib kelmoqda. Hali-hali esimda: Navro'z bayrami yurtimizda endi tashkil bo'layotgan va bu xalq bayramiga yuqori idoralar norozilik bildirib uni taqiqlagan bir paytda Shavkatjon Navro'z tarixi haqida mo''jazgina kitob yozdi, men bu kitob­­ga taqriz yozib berdim va shu tarzda Navro'z bayramining ilmiy asosi shakl­lanishiga ilk qadam qo'­yildi. Qadr­­li do'stimiz, mehribon shogirdimiz muborak yoshga kiribdi, biz u kishini ushbu qutlug' sana bilan chin qalbdan muborakbod etamiz hamda doimiy sihat-salomatlik, uzoq-umr, oilaviy baxt va ishlarida katta muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Saksonning sarhadida bosib o'tgan hayot yo'lini sarhisob qilayotgan Shavkat Miralimovning o'zi shunday dey­di:

– Olloh bergan barakotli umrimda nimaiki yaxshilikka erishgan bo'lsam, jurnalistika fakultetida ta'lim-tarbiya, saboq bergan ustozlarim – akademik Obid Sodiqov, ilmi makon, bag'ri daryo domlalarim Abdulla Fuzailov, Laziz Qayumov, Anvar Shomaqsudov, Rasul Muhammadiy, Ozod Sharofiddinov, Ochil Tog'ayev, Sattor Haydarov, To'g'on Ernazarov, Feliks Nesterenko, Tohir Pidayev, Vohid Abdullayev, Abdulla Sayfuddinov kabi mudarrislarga ta'zim qilaman.

Samarali mehnatlari munosib taqdirlangan Shavkat Miralimovning ko'ksini “Hurmat belgisi” ordeni, 2 ta medal va 1-darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni bezab turibdi.

Shu qutlug' damlarda fidoyi hamkasbimizga omadlar tilab qolamiz.

Ahmadjon MELIBOYEV,

To'lqin EShBEK,

Ramziddin ABDUSATTOR,

O'zMU jurnalistika fakulteti dotsentlari

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight − five =