Xotiramni yashnatgan ayol

Fattoh Baratov mening amakim bo'ladi. Geografiya fani bo'yicha professor darajasiga yetgan. Bugun to'qson yoshda. Hali ham oliygohda dars beradi. Otam To'lagan Baratov ko'p yillar G'azalkentda maktab direktori bo'lib ishlagan. “Bo'stonliq ovozi” gazetasida ham muharrirlik qilgan. Bolaligim ularning kitob almashib o'qishlari va hayotiy masalalarda suhbatlariga qiziqish zavqi bilan kechgan. Otamning ham, Fattoh amakimning ham shu darajaga yetishish­lariga katta amakim Vahob Baratov sabab bo'lgan. Ba'zan Fattoh amakimning ko'zlarida yosh aylanganini ko'raman. Buning boisi, uning uchun qadrdon bo'lgan Vahob amakim va yangam Rixsixon Haqqulovalar, mening otam kabi, bugun bu dunyoda yo'q.

Fattoh amakim akasi Vahob amakimga uylanmoqchiligini aytganda ancha ulg'ayib qolgan edim.

— Institutda o'qiysan, kelajakda ilmiy ish qilmoqchisan, — ukasiga sinchkovlik bilan qaradi aka, — bu masalaga jiddiy qarash kerak. Uylanish – hayot-mamot masalasi. Fe'li, dunyoqarashi bo'lajak turmush o'rtog'iga mos kelmaydigani uchrasa, bu – juda yomon. Keyin arzimas narsani bahona qilib, janjal ko'tarishni odat qiladigani senga to'g'ri kelmaydi. Undaylar bilan ilmning ostonasiga ham yeta olmaysan. Har qanday ezgu ish yaxshi umr yo'ldoshni talab qiladi.

Akasi qanchalik kuyunchaklik bilan gapirmasin, Fattoh amakim kulimsirab turdi va ohista dedi:

— Aka, meniki unaqamas. Siz u qizni taniysiz. Sinfdoshim Rixsixon bor-ku, o'sha!

— Shundaymi? — Vahob amakimning yuzi yorishdi. — Asl odamning qizi u. Senga ma'qul bo'lgan bo'lsa, qarshi emasmiz…

Haqiqatan ham Rixsixon yangam turmushda asl odamning farzandi ekanligini namoyon etdi. Fattoh amakimning hayot yo'lini mehr quyoshi bilan yoritdi. Ular Toshkent Pedagogika institutining geog­rafiya fakultetini bitirib, Xalq xo'jaligi institutida ish boshlashdi. Amakim qanchalik istamasin, yangam aspiranturaga kirishni istamadi. Keyin ham erining ilmiy darajalarni egallashi uchun imkon yaratish maqsadida biror mavzuda tadqiqot olib borishni o'ylamadi. Birin-ketin tug'ilgan farzandlari tarbiyasi bilan shug'ullanishni afzal bildi. Natijada amakim nomzodlik, doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi. Farzandlar ham o'sdi, ulg'aydi, o'qidi. Shavkat, Furqat (iqtisod fanlari nomzodi), G'ayrat va Dilshodjonlar turli sohalarda xizmat qilib, el orasida obro'-e'tibor qozondilar.

Talabalik davrimda Fattoh amakim yangam bilan Toshkent shahrida yashashar, men kabi qarindoshlari, qishloqdoshlarining chin ma'noda g'amxo'riga aylanishgan edi. Men ularnikida turardim. Aytsam, ishonmaysiz. Uylariga kelgan kunim ertalab uyg'onsam, kechqurun yechib bir chetga uloqtirgan shim va ko'ylagim joyida yo'q. Javonning eshigini ochdim. Ular kiyim osgichda yuvilgan, dazmollangan holda turardi. Mamnun bo'lib kiyinarkanman, ko'ylagimning old cho'ntagiga pul solib qo'yilganligini bildim. Amakim bilan yangam ishga, jiyanlarim o'qishga ketishgan. Beixtiyor oshxonaga o'tdim. Nonushta tayyorlab qo'yilgan. Hatto choy qo'yib damlab olishimga hojat yo'q – termizda issiqqina choy turardi. Endi o'ylab qarasam, o'shanda yangam faqat meni emas, xonadoni xavfsizligini ham hisobga olgan ekan. O'zi talabalarga saboq bermaydimi, ularning uyg'onishga erinib, dars boshlanishiga ozgina vaqt qolganda, tura solib tashqariga otilishini biladi. Men ham o'shanda choy qo'yganimni unutib, gazni yoqiq holda qoldirib ketishim mumkin edi-da!

Yangamning menga bo'lgan bunday munosabati o'qishni tugatgunimga qadar davom etdi. Fattoh amakimning shogirdi bo'lmish, yozuvchi O'ktam Usmonov ham tirik bo'lganda Rixsixon yangam haqida xuddi shunday gaplarni aytardi. Adabiyotshunos olim Ortiqboy Abdullayev bilan uchrashib qolsak, suhbatimiz albatta yangamga taqaladi. Erining yaqinlarini yaqiniday bilgani, to'y-ma'rakalarda urf-odatlarni jo­yiga qo'yib o'tkazishga bosh bo'lgani, qarindosh talabalarni yotoqxonadagi ahvolidan doimo xabar olgani, paxta terimi payti Fattoh amakimni ergashtirib viloyat dalalariga borib ularni ko'rib kelganini aytib, shunday ayol mehriga sazovor bo'lganimizga shukurlar qilamiz.

Rixsixon yangamni eslasa yuzi yorishadiganlar ko'p. Men bu ayolni, avvalo, amakimga nihoyatda sodiq bo'lgani uchun hurmat qilaman. 1965 yillar, chamasi. Professor Baratovning yutuqlarini ko'rolmaydigan g'alamislar uni ig'vo qilishgan — boshqa bir ayolga ilakishib qolganlikda ayb­lashgan. Natijada amakim partiyadan o'chirilib, ishdan chetlatilgan. Amakimdan ko'p yaxshiliklar ko'rgan bir nonko'r payt poylab yangamning yoniga keladi. Eri o'ynashib yurgan ayolning kimligini aytadigan bo'lib, yangamning bilagiga qo'l uzatadi. O'sha zahot u nobakorning yuziga tarsaki tushadi. Rixsixon yangam unga o'shqirib, dey­di: “Erim o'ziga maftun bo'lgan yoki uni badnom qilish uchun atay yuborilgan biror ta'viyaga aldangandir. Lekin mening xo'jayinim senday pastkash, hezalak emas. Qani, yo'qol uyimizdan?!”.

Yangam ertasigayoq Sharof Rashidov huzuriga boradi. Eriga nima uchun tuzoq qo'yilganligining sa­bablarini asos­lab beradi. Har qanday masala mohiyatini ishoradan ang­laydigan davlat rahbari yangamni eshikkacha kuzatib qo'yarkan, shunday deydi: “Qani edi, barcha o'zbek ayoli o'zining, turmush o'rtog'ining sha'nini siz kabi himoya qilsa?”.

Ko'p o'tmay Fattoh amakim partiya a'zoligiga tiklanadi, o'z ishiga qaytadi.

Rixsixon yangam onamni Mukambar otinoyi derdilar. Volidai muhtaramam hozir 95 yoshda. Yangamning otalari bilan hozirgi Bo'stonliq tumanidagi Soyliq mahallasi hududidagi xo'jalikda birga ishlashgan. Haqqul buva onamga: “Men-ku tug'ilgan joyim — Kelesdan quloq sifatida quvilib, bu yerlarda ishlab yuribman. Sen — Toshkentning erka bir qizi, bu yerlarda nima qilib yuribsan?” degan ekan.

Onam aytib bergan. Haqqul buva Soyliqning qarovsiz go'shasi — Choldorda uy-joy qilgan. U yerning ko'rkam bir mas­kanga aylanishida uning benihoya mehnati singanini ko'p­lar hamon eslaydi. Demak, Rixsixon yangam bolaligida ota-onasining chekkan azobu-uqubatlarini ko'rib, his qilib ulg'aygan. Yaxshi-yomonni ko'rgan. Yoshligidanoq oila qadriga yetadigan barkamol inson bo'lib yetishgan.

Dunyoda biror ona yo'qki, farzandini qo'llagan, yurish-turishini kunda nazorat qilgan, mehrini ayamagan insonni hurmat qilmasa?! Nafaqat onam, Fattoh amakimning barcha xeshu aqrabolari Rixsixon yangamni har eslaganda ruhiga duo o'qiydilar. Turfa tabiatli – qizligida nozanin, biror xonadonga kelin bo'lganda esa erining “hukmdori”ga aylanadigan juvonlarga ibrat sifatida davralarda nuroniylar Rixsixon yangamning bir gapini takrorlab turishadi: “Faqat turmush o'rtog'ini emas, uning oila a'zolari, qarindoshlarini ham e'zozlab yashash har bir ayolning burchi”.

Rixsixon yangamga o'xshagan ayollar omon bo'lsin!

Abdusadir TO'LAGANOV,

biologiya fanlari nomzodi, dotsent,

O'zbekiston Xalq tabobati akademiyasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − 15 =