Taqdir so'qmoqlarida

Nazirjon aka bilan bundan qariyb o'ttiz yil avval ilk bor tanishganman.

Iste'dodli, zabardast jurnalist bilan hamkasb bo'lganimdan g'urur tuyganman. Uzoq yillik ustoz-shogird munosabatlarimiz davomida serqirra fazilatlarini yanada chuqur idrok etish uchun hayotiy misollar ko'p.

Nazirjon Saidov Oltinko'l tumanida dehqon oilasida tug'ildi. Musaffo qishloq tafti bilan yo'g'rilgan orzu-umidlarga to'la beg'ubor qalb sohibini oldinda katta hayot yo'li kutib turar edi. Yarim asrdan ziyod halol mehnat evaziga mahalladoshlar, hamkasblar, jamoatchilik e'tiborini qozondi, bildirilgan ishonchni oqladi, insonlar koriga yaradi.

 U 1970 yilda tuman gazetasida jurnalistika sohasiga kirib keldi. Qo'li to'rt, oyog'i olti bo'lib tuman hayo­tini yoritishga bel bog'ladi. Goh piyo­­da, goho velosipedda qaynoq nuqtalarda paydo bo'lar, zamon ruhini aks ettirishga intilar edi. Hash-pash deguncha ancha suvlar oqib ketdi, bitgan satrlari ravonlashdi. Toshkent davlat universitetini sirtdan tamomladi. Amaliy tajriba nazariy bilimlar bilan uyg'unlashdi. Hamkasblari doirasi kengaydi. Talabalikda bog'langan do'stona rishtalar yillar davomida sinovdan o'tib mus­tahkamlandi.

Xullas, gazetachilikning barcha pog'onalaridan yuqorilab borayotgan yosh mutaxassis Oltinko'l tumani ijroko'miga muovin etib tayinlandi. Tumandagi eng ilg'or “Oltinko'l” jamoa xo'jaligi boshboshdoqlik kasaliga chalinganligi uchun ko'rsatkichlari orqaga ketgandi. Vaziyatni o'nglash uchun ijroqo'm raisi muovini Nazirjon Saidov safarbar qilindi. Qisqa muddatda xo'jalik oyoqqa turdi, avvalgi nufuzi tiklandi.

Istiqlolning ilk davrlarida Nazirjon aka chekiga tumanni bosh­qarish vazifasi tushdi. Xalq deputatlari tuman Kengashi raisi o'z hududida vakolati doirasida eski tuzumdan yangisiga betalofat o'tishni, nafaqat iqtisodiy, balki ruhiy barqarorlikni ta'minladi. Buni qay darajada uddalaganini, tuman ahlini o'z ortidan nechog'li ergashtira olganini birgina misol ham ifodalaydi. 1992 yili mustaqil respub­likamizda ma'muriy-siyosiy boshqaruv sohasida hokimlik tizimi joriy qilindi. Oltinko'l tumani birinchi rahbari lavozimiga nomzod ilk bor bevosita xalq tomonidan muqobillik asosida tayinlanadigan bo'ldi. Yakunda ko'pchilik yoqlagani uchun Nazirjon Saidov tuman hokimi sifatida e'tirof etildi. Ha, ishonish qiyin, ammo shu davrda maktab o'quvchilarini paxta yig'im-terimiga jalb qilmasdan Oltinko'l tumani rejani respublikada ilg'orlar qatori uddalagan edi. Bunday dadil qaror rahbarning qat'iyatliligidan, qishloq ahli og'ir-engilini yaxshi anglashidan dalolat beradi.

1993-1999 yillarda esa ustoz Andijon viloyati hokimining o'rinbosari vazifasida hududni ijtimoiy rivojlantirishga mas'ul bo'ldi. Uning mahalliy davlat boshqaruvi sohasiga shu tariqa ixtisoslashuvi ijodkorlar uchun beiz ketmadi. Jurnalist ekanligi boshqa tarmoqlardan yetishib chiqqan rahbarlarni ham ommaviy axborot vositalariga e'tibor bilan qarashga undar edi. Ta'lim, sog'liqni saqlash, ma'naviyat, madaniyat va sport kabi o'nlab sohalar qatori qalam ahlini qo'llab-quvvatlash, hamkorlikni yo'lga qo'yish, tajriba almashish, turli ko'rik-tanlovlar o'tkazish, yosh iqtidorlarni kashf etish ishlari tizimli ravishda olib borildi. Aynan o'sha vaqtda “Andijonni gullar viloyatiga aylantiramiz” festivali tashkil qilindiki, bu o'ziga xos mehnat bayrami endilikda ham an'anaviy tarzda o'tkazib kelinmoqda. Hududdan “yalt” etib porlagan san'at va sport sohalari vakillari respublika darajasiga ko'tarildilar. Oliy Majlis ikkinchi chaqirig'i deputati, qator chaqiriqlar viloyat va tuman kengashlari deputati sifatida milliy davlatchiligimizning huquqiy asoslarini yaratishga hissa qo'shdi, vakolatlaridan hudud rivoji, saylovchilari manfaati yo'lida samarali foydalandi.

U yoki bu insonning hayot yo'liga nazar tashlanganda, odatda, yutuqlar yodga olinadi. Aslida esa taqdir so'qmoqlari hech qachon ravon bo'lmaydi. Bunday hollarda ustoz hamisha qalbiga quloq tutganligi bor gap. Insoniylikni unutmaslik falsafasi Nazirjon akada el ardoqlagan shaxslar bilan hamsuhbat bo'lish asnosida yanada sayqallandi. O'zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad, adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov, O'zbekis­ton xalq shoirlari Abdulla Oripov va Erkin Vohidov, O'zbekiston xalq yozuvchisi O'tkir Hoshimov, Qirg'izis­ton va Qozog'iston xalq yozuvchisi Chingiz Aytmatov singari qator darg'alar bilan bo'lgan dilkash muloqotlar bir umrga yodda qoladigan voqealarga boy.

— Shunday suhbatlarning biri Muhammad Yusuf bilan yoz kunlarida bo'lib o'tgan edi, deb — eslaydi Nazirjon aka. — Tug'ilib o'sgan ona zamin ilhom bag'ishlashini ta'kidlab, o'zini yurtdoshlari oldida hamisha burchli hisoblashini aytdi. Bir piyola choydan so'ng mazkur oromgoh maktab o'quvchilarining maskani ekanligini, ertadan ikkinchi davra dam oluvchilari kelishini bilib qolgach, o'yga toldi.

— Bolajonlarning rizqini yarimta qilibman, afsus. Do'stim —tadbirkor, — ishora qildi Muhammad Yusuf diydorlashuvning uchinchi ishtirokchisiga. — U homiylik ko'rsatar. Siz, Nazirjon aka, sohaning issiq-sovug'idan hamisha xabar olasiz. Men esa qarzimni qanday qaytaraman?

Ertasiga shoir yana o'sha joyga qaytib kelib, oromgohdagi yoshlar uchun ajoyib kecha uyushtirib berdi…

Qalam bilan oila tebratish nimaligini juda yaxshi tushungan jurnalist viloyat “Andijonnoma” va “Andijanskaya pravda” gazetalariga bosh muharrirlik qilgan yillarda jamoa uchun barcha sharoitlarni yaratishga, ijodiy muhitni yangi darajaga ko'tarishga alohida e'tibor qaratdi. Inson qadrini ulug'lash tamoyilini mahkam tutgan N. Saidov hamkasblari, soha faxriylarini yo'qlab turishni shogirdlariga ham o'rgatdi. Ayniqsa, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasida rais o'rinbosari bo'lib ishlagan, keyinchalik O'zbekiston Jurnalistlari uyushmasi viloyat bo'limini boshqarganda bu jihati namoyon bo'ldi.

— Nazirjon Saidovni soha fidoyisi sifatida yaxshi bilaman, — deydi O'zbekiston Jurnalistlari uyushmasiga ancha yillar yetakchilik qilgan, bugungi kunda esa keksalik gashtini surayotgan ustoz jurnalist Sherzod G'ulomov. — Uyushmamizning Andijon viloyati bo'limini boshqargan davrda u kishi bilan yaqindan hamkorlik qilganmiz. Pokiza va bag'rikeng inson nafaqat viloyatda, balki respublikamizda ham obro'-e'tibor qozongan. U kishi bosh qo'shgan har qanday tadbir o'zgacha fayz bilan samarali kechar edi.

— Halollik, fidoyilik, insonparvarlik, yoshlarni hamisha qo'llab-quvvatlash… Nazirjon Saidovning hayoti va faoliyatining asosi bo'lib kelmoqda, — deydi taniqli ijodkor, “Xalq so'zi” va “Narodnoe slovo” gazetalari bosh muharriri O'tkir Rahmat. —Yaxshilik, ezgu nom kishidan qoladigan eng katta xazina ekanini chuqur anglaydi. Shu ma'noda uning yo'l-yo'rig'i, ko'magi bilan qanchadan-qancha yoshlar hayot so'qmoqlarida adashmay, o'z yo'lini, o'rnini top­­di. Bugun ham navqiron avloddan o'z yordamini ayamay, bor bilim-salohiyatini, tajribasini baham ko'rib kelmoqda.

Ustozning halol mehnatlari e'tirofi sifatida O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi unvoni hamda “El-yurt hurmati” ordeni, qator esdalik va ko'krak nishonlari darak berib turibdi. Shu kunlarda o'zining muborak 75 yoshini qarshi olayotgan Nazirjon aka Saidov keksalik gashtini oilasi davrasida surar ekan, Oltinko'l tumani Maslahat qish­log'i ahlining maslahatgo'yi sifatida el ardog'ida umrguzaronlik qilib kelmoqda.

Saidahmad ShUKUROV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 + eleven =