Otayotgan yangi tonglar

Vatanimizda, jonajon O'zbekistonimizda yangi tonglar ota boshladi. Xalqimiz ulkan taraqqiyot, yangilanish sari qadam qo'yayotgan tarixiy islohotlar davrini boshdan kechirmoqda. Uchinchi Renessans poydevorini qurish, yurtimizni eng rivoj­langan mamlakatlarga xos hayot darajasiga erishish, yangi jamiyat qurishdek ulug'vor maqsadlar bilan yashamoqda.

Yurtboshimiz yuqorida ta'kidlaganimiz “Yangi O'zbekis­ton strategiyasi” asarida shunday yozadi:

“Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz a'zolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun avvalo, ilm-ma'rifat, yuksak madaniyat kerak. Ilm yo'q joyda qoloqlik, jaholatga va albatta, to'g'ri yo'ldan adashish bo'ladi.

Eng katta boylik — bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros — bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik — bu bilimsizlikdir!”

Yaratganga shukurki so'nggi 5-6 yil davomida mamlakatimizning har bir fuqarosi o'z kundalik hayotida teran o'zgarish­larni his qilib yashamoqda. Bu o'zgarishlarda “Ta'lim va tarbiya — beshikdan boshlanadi” degan hikmatli so'z asosiy mezon, o'lchov vazifasini o'tayapti desak yanglishmaymiz.

Ma'lumki, Vatan har bir insonning o'zi tug'ilib o'sgan, taqdiri va tarbiyasiga asos bo'lgan ona makonidir. Shu bois, yagona zamin, yagona Vatan, yagona taqdir tushunchasi ko'pgina millatlarga xos bo'lib, xalq qudratini birlashtiradi.

Shu boisdan Vatanni ona deymiz, ona yurt, ona-Vatan deb ardoqlash, uning muqaddasligidan sevgidan dalolat beradi. Zero, Vatanga muhabbat tuyg'usi insonga ona suti bilan singir ekan, qalbda kamol topib, ulg'ayib boradi.

Har bir inson umri davomida o'zini Vatan taraqqiyotiga daxldorligini yurakdan his etib yashaydi. Bu daxldorlik esa uning yaxshi tarbiya topishi, ilm olishi, o'z ishini, kasbini va burchini sadoqat bilan bajarishidan boshlanadi. Millatimizga xos bo'lgan azaliy xususiyatlardan birini aytish mumkinki, o'zbek yigiti uchun Vatani — g'urur va sha'n, or-nomus, diyonatni anglatsa, o'zbek ayoli uchun yurt tushunchasi birinchi o'rinda — oila, farzandlari voyaga yetayotgan ota makonni ifoda etadi.

Donolar aytadilar: “Kishining vafodorligi o'z Vatani uchun qayg'urishidan, do'stlarini   sog'inishidan va umrining zoe ketkazgan lahzalariga o'kinib yashashidan bilinadi”. Darhaqiqat, kishining o'z xalqiga bo'lgan sadoqati va fido­yiligi Vatanini himoya qilishi, xalqining tinch va farovon hayot kechirishiga imkoniyat darajada hissa qo'shishi bilan ham mengzaladi.

Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar samarasi, avvalambor, yuksak ma'naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, Vatanimiz taqdiri va istiqboli uchun mas'uliyatni o'z zimmasiga olishga qodir yosh kadrlar safini kengaytirishga bevosita bog'liq.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to'g'risida”gi PF-60-son Farmoni asosida   “Yoshlarni Vatanga sadoqat, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish” vazifasi bugungi kunda barcha ziyoli qatlam vakillari oldiga katta mas'uliyat yuklamoqda.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yangi O'zbekiston strategiyasi” nomli asarida: “men Yangi O'zbekistonni – obod va farovon, demokratik mamlakatni, Uchinchi Renessansni barpo etishda pedagoglar, professor-o'qituvchilar, ijodkor ziyolilarni eng katta kuch, tayanch va suyanch, deb bilaman”, deya ta'kidlaydi.

Shu bois, bugungi kunda ziyolilarning yoshlar tarbiyasidagi, ularning Vatanga sadoqat, islohotlarga daxldorlik, Vatanparvarlik fazilatlarini shakllantirishdagi roli yanada oshib bormoqda.

Aytish kerakki, Uchinchi Renessansning “to'rt uzviy xalqasi” deya e'tirof etilgan maktabgacha ta'lim va maktab ta'limi, oliy va o'rta maxsus ta'lim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarda faoliyat olib borayotgan ziyolilarning eng birinchi vazifasi ham — Ona Vatanga sodiq, yurtparvar, xalqparvar yoshlarni tarbiyalab berishdan iboratdir.

So'nggi yillarda O'zbekistondagi yangilanish­lar va taraqqqiyot samaralarini butun dunyo e'ti­rof etmoqda. Barcha soha va tarmoqlar islohotga yuz tutdi. Eng muhimi odamlar tafakkuri o'zgardi, hayotga muhabbati oshdi, bugungi va ertangi farovon hayotiga yuksak umid uyg'ondi. Olib borilayotgan oqilona va odilona davlat siyosatining mazmun-mohiyatini anglab yetgan yurtdoshlarimiz esa mamlakatimizda olib borilayotgan ezgu ishlarga ulush qo'shishga intilmoqdalar, el yumushiga yeng shimarmoqdalar. Buning zamirida chinakam vatanparvarlik tuyg'usi yaqqol namoyondir. Bu ulug'vor tuyg'u – ona tuproq himoyasi, sha'ni va ori yo'lida fidokorlik, shaxsiy manfaatlarni chetga surib, umummanfaat uchun nimadir uddalay olish, o'z yurti uchun beta'ma va beminnat yaxshilik qilish insonga eng totli huzurni baxsh etadi.

Vatanparvar xalq, millatparvar yoshlar o'z-o'zidan shakllanmaydi. Qon-qonimiz, vujudimizdagi otameros xislatlar bilan birga, ularga singdirilayotgan milliy-ma'naviy tarbiya ularni kamolga yetkazadi. Tarix zarvaraqlariga nazar tashlaydigan bo'lsak, bugungi yosh avlod uchun chinakam vatanparvarlik timsoliga aylangan siymolar hayoti, ularning Vatan va el taqdiri, taraqqiyoti, tinchligi, ma'rifati, ma'naviyati yo'lida ko'rsatgan ulkan fidoyiliklari tarbiya uchun munosib tarixiy maktabdir.

Buyuk bobolarimiz Amir Temur, Bobur mirzo, Jaloliddin Manguberdi, Najmiddin Kubrolar, ma'rifatparvar jadid avlodlarimiz Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Fitrat, Behbudiylar – yoshlarimiz uchun milliy o'zlikka muhabbat va Vatanga sadoqat borasida haqiqiy timsoldir. Aynan jadidiy qarashlari, Vatanparvarligi uchun tazyiqqa uchragan, olis Sibir o'lkasidagi azoblar ichra ham “xalqim”, “yurtim” deya mag'rur bosh ko'targan Usmon Nosir, ma'rifatsizlik va adolatsizlikka qarshi ruhiy isyon ko'tara olgan Qodiriyni uyg'otgan, uning nomini avlodlarga ardoqli qilgan, ulardan bugungi yosh avlodga qoldirilgan ma'naviyat qadriyat ham ayni vatanparvarlik emasmidi?

Imom Muhammad G'azzoliy hazratlari shunday degan ekanlar: «Vatanning ham haqlari bo'ladi. Ularning birinchisi shu Vatanda yashaganda tinch-xotirjam, shukrona qilib yashash haqqidir. Shuningdek, Vatandan ketganda uni sog'inish, Vatan kamsitilganda g'azablanish, Vatanga hujum qilinganda uni himoya qilish ham Vatanning shu yurtda tug'ilib-o'sganlar zimmasidagi haqqidir”.

Ana shu Vatan tuyg'usi tufayli inson o'zi yashaydigan uyni, o'zi yashaydigan mahallani, shaharni, butun yurtni sevadi, uni obod qiladi, uning sha'nini ulug'laydi, himoya qiladi. Albatta Vatan sha'nini turli ko'rinishlarda ulug'lash mumkin. Ammo qaysi sohada bo'lmasin, xolis va samimiy, halol xizmat qilish, qalban sadoqat o'ti bilan yonish har bir inson uchun oliy burchdir.

Ta'kidlash joizki, Vatan ishqining cho'g'i —bizning e'tiqodimizdan alanga oladi. Aslida, yurt farovonligi va qudratiga kamtarona hissa qo'shayotgan keksa-yu yosh o'z ona eliga, ona yurtiga daxldorlikni insoniyatga ham daxldorlik deb baholaydi, ya'ni odamiylik borki, vatansevarlik ham tirikdir.

“Vatan tarkin bir nafas aylama,

Yana ranji g'urbat havas aylama.”

Agarda ulug' Navoiy shoh baytlarining mohiya­tini anglaydigan bo'lsak, mutafakkir “Vatanni tark aylash” deganda undan jisman o'zga makonga chiqib ketishnigina emas, tanasi Vatan ichida bo'laturib, unga ruhan begona bo'lish­likni, ya'ni jamiyatda bo'layotgan voqelik­lar, islohotlardan o'zini chetga olish, hamisha o'z yurtiga nimadir berish emas, undan nimadir olishga urinish, loqaydlikni nazarda tutadi. Bu esa Vatandan tashqarida baxt va halovat istashdan ham achinarliroqdir.

Bugun Yangi O'zbekistonning yangi davrini yaratayotgan ekanmiz, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz qalbiga vatanparvarlik tuyg'usini singdirish, nafaqat, ilmli, yuksak salohiyatli, balki, ona yurtiga naf keltirishni, unga munosib farzand bo'lishni oliy maqsad deb bilgan yoshlarni tarbiyalash ulug'vor ahdimizga aylansin. Bu esa faqat ta'lim muassasasida emas, oilada, mahallada, butun jamiyat ichida ado etiladigan vazifadir.

Hozirda Farg'ona davlat universitetida yuzdan ortiq jahon chempionlari, xalqaro tanlov va anjumanlar sovrindori bo'lgan yetakchi yoshlar bilim olishayotgan bo'lsa, ularning barchasi mamlakat berayotgan imkoniyat va e'tiborga o'z fuqarolik pozitsiyasi, sog'lom tafakkuri, ilm-fan, sport, san'at, ijodda erishayotgan yutuqlari bilan javob qaytarmoqdalar. Bu esa ona yurt oldidagi mas'uliyatni his etish demakdir. Ulardagi bu harakat, bu mas'uliyat biz ustozlarni qalblarimizni yayratadi, mehnatimizdan rozi qiladi.

Biz Vatan bayrog'ini baland tutgan o'g'lonlar, yurt tinchligi uchun jonfido bo'lgan bahodirlar, xalqning ma'naviyati va ma'rifati rivojiga bo'lgan fidoyilardan kuch olamiz. O'ziga emas, elga baraka so'raydigan otalar, “Ko'pning duosini olsin, Vatanini rozi qilsin” deya farzandlar ulg'aytirgan onalar shu yurtning fayzidir. Aslida shu zaminda urib turgan har bir yurak egasi ota makonining xursandchilik kunlarida ham, sinovli damlarida ham u bilan bir butun ekanligini teran anglab, unga toabadga daxldorlik tuyg'usi bilan yonsa, shu zamin gullayveradi, yuksalaveradi.

“Biz oliy ta'lim tizimini yangi sifat bosqichiga ko'tarish, oliy o'quv yurtlar tizimini yanada rivojlantirish, sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish, pirovardida ilm-fanning yirik o'choqlariga aylantirishga alohida e'tibor qaratamiz. Aholining oliy ta'lim bilan qamrab olinganlik darajasi mutassil oshirib boriladi”.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning yuqoridagi so'zlari ham ta'lim-tarbiya, ilm-fan va ma'naviyat-ma'rifat sohasiga, ayniqsa, oliy ta'lim tizimiga yuksak e'tibori, g'amxo'rligidan dalolatdir.

Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,

Farg'ona davlat universiteti rektori,

pedagogika fanlari doktori,

professor

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × one =