Shaxs: G'arb va Sharq
G'arb umrini boshqalarga o'xshamasdan yashashga bag'ishlay-bag'ishlay, shunday yuksak taraqqiyotga erishdi.
Sharq hali-hamon ko'pchilikdan farq qiladigan yashash tarziga ega odamlarning ustidan kulishdan charchagani ‒ yo'q.
‒ Ichmayman, ‒ dedim bir davrada kiroyi izzat-ikrom bilan tutilgan qadahni rad etib.
‒ Qana-a-ay?! ‒ dedi u kishi buxorocha qilib. ‒ Qanay buxorolik bo'lib turib, ichmaysiz?
Demak, u bilgan buxorolik erkaklarning hammasi ichadi.
Navoiyxonlik uchrashuvlarida, albatta: “Shoir nega uylanmagan?” ‒ degan savolni berishadi. Odamlarimizning nazarida Imom Buxoriy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy, Alisher Navoiy, Boborahim Mashrab kabi buyuklarimiz ham hammamiz kabi uylanib, ro'zg'or tebratishi, umrini bola-chaqasini oyoqqa qo'yish bilan o'tkazib yuborishi kerak ekan-da.
Ko'p emas, salgina boshqacharoq yashay boshlang, tamom, og'ziga kuchi yetgan ham, yetmagan ham sizning g'iybatingizni qiladi-da.
Bir gal tug'ilib o'sgan qishlog'imda jiyanimning velosipedini minib, u yer-bu yerga borgan bo'ldim. Ko'rgan ham gapirdi, ko'rmagan ham.
‒ Aka, sizga yarashmaydi, ‒ dedi birovi ochiqchasiga. ‒ Odamlar “Mersedes” minib yurgan zamonda-ya?! Koshki, sizni tanimasalar ekan. Televizorlarda chiqib turasiz.
Germaniyaning Myunxen shahrida bo'lganman. Bir tashkilot xodimlarining katta qismi ishga velosipedda kelib-ketar ekan. Lekin u yerda hech kim bunga ajablanmaydi ham, buning uchun dakki berib o'tirmaydi ham. Shundan jamiyat rivojlanadi-da. Har kim o'ziga qulay yo'lni izlab, topadi. Qonunga xilof kelmasa, bo'ldi.
Bizning issiq iqlimda yozda soch qo'yib yurishni aslo xushlamayman. Har yili tagidan qirdirib tashlagim keladi. Uydagilar norozi bo'lishadi. Nima emish, hamma kular emish. Astag'firulloh, “hamma”ning dastidan o'zimga yoqadigan ishni ham qila olmaymanmi? Ularga nima ekan?
Yo'q-da, nazarimda, barimiz taqlid bilan yashashimiz kerak. Soqolni har kuni olib yurish rasm bo'lgan zamonlarda hamma har kuni soqol olib yurishi, soqol qo'yib yurish udum bo'lganida yoppasiga hamma soqol o'stirib yurishi kerak-da.
Bir gal nufuzli bir davrada taniqli bir kishining xotini bilan xorijga kurortga borgani ustidan baralla kulindi. Hatto, ochiqchasiga: “Bunaqa joyga odam degan xotini bilan bormaydi-da”, ‒ ham deyildi. Demak, shu udum bo'lgan ekan-da. Kurortga xotinsiz borganlarning boshqa bir dardi bor bo'lsa kerak-da.
Mamlakatimizning eng nufuzli idorasida ishlab yurgan kezlarim qiziqchilikka qo'y boqar edim. Bir qo'shnimiz nima deganini aytaymi?
‒ Yo bu odam sog' emas, yo u falon yerda ishlamaydi, ‒ debdi. ‒ Axir, bitta telefon qilsa, o'nta qo'yning pulini keltirib berishadi-ku unga!
Ammo o'nta telefon qilsam ham, bitta qo'yning pulini birov keltirib bermasligini men yaxshi bilamanmi yoki ana o'sha qo'shnimmi?! Yoki o'sha idora meni qo'ng'iroq bilan qo'yning pulini keltirib berishlarini talab qilishim uchun ishga olganmi? Yoki xalqimiz korrupsiyani “yashashning yagona yo'li” deb biladigan bo'lib ketganmi?
“Yo'q!” – dedingizmi? Unda nega bir kampir poezdda hammaga eshittirib: “Kuyovim katta joyda ishlaydi: korrupsiyada”, – deb maqtanadi. “Korrupsiya” degan katta idora – bormi? Ehtimol, korrupsiyaga qarshi kurash idorasidir u? Yoki bu kampir nazarida korrupsiyaga qarshi kurash idorasi korrupsiya bilan shug'ullanadimi? Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi ekanini bu qariya bilmasa, hech narsa qilmas, lekin jamiyatda ko'pchilikning butun sa'y-harakati korrupsiya yo'li bilan boyish imkoniyatini izlashdan iborat bo'lib qolgan bo'lsa-chi? Unda dardingni kimga aytasan?
Ana shunaqa gaplar.
Bilib turibman, jamiyatimizda shu gaplarimning ustidan kuladiganlar ham tiqilib yotibdi.
Sultonmurod OLIM