Zamon bilan hamnafas
O'zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasining bir yillik faoliyatiga nazar
2021 yil 4 iyun. Shu kuni poytaxtdagi Milliy matbuot markazida O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining navbatdan tashqari konferensiyasi bo'lib o'tdi. Yig'ilishda tashkiliy masala ko'rilib, konferensiya ishtirokchilari taniqli jurnalist va huquqshunos Olimjon O'sarovni O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining yangi rahbari etib sayladi.
Vaqt deganlari yugurik. Mana, oradan bir yil o'tdi, demak, sarhisob qilish pallasi ham yetib keldi! Xo'sh, shu davr mobaynida O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov rahbarligida qanday ishlar amalga oshirildi?
Keling, sarhisobdan oldin “Moziyga qaytib ish ko'rmoq xayrlidir” deganlaridek, avvalo, Uyushmaning kechagi kuniga nazar tashlaylik. Ochig'ini aytish kerak, necha o'n yillar davomida Uyushma o'z oldiga qo'ygan maqsadlarni to'laqonli bajara olmadi, buning ob'yektiv va sub'yektiv sabablari bor edi, albatta. Uyushma nomlanishidagi kabi jurnalistlar huquqini himoya qiluvchi, ularni ijtimoiy-ma'naviy qo'llab-quvvatlovchi, yosh kadrlarning malakasini oshirishga ko'maklashuvchi emas, shunchaki ijodiy tashkilotga aylanib qolgandi.
Bugun bemalol ayta olamiz: Olimjon O'sarov rahbarligida Uyushma jurnalistlarning yaqin hamkori, maslahatchisiga aylanib bormoqda. Shu bilan bir qatorda tashkilot — soha rivojiga, milliy ommaviy axborot vositalari ravnaqiga ko'mak berish va sifat jihatdan yangi bosqichga ko'tarishga hissa qo'shish, jahon andozalari talablari darajasida faoliyat ko'rsatishi uchun zarur sharoitlarni yaratish, jurnalistlarning kasbiy mahorati, intellektual saviyasini oshirish, ularning ijtimoiy hayotidagi faolligini qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratmoqda. Eng asosiysi, yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga, OAV yoki jurnalistlar faoliyatiga doir masalalarga Uyushma tomonidan tezkor munosabat bildirish amaliyoti shakllandi.
Uyushmaning viloyatlardagi bo'limlari faoliyati jonlandi. Kechagina yangi, yosh raisga ishonqiramay qaraganlar bugun o'zlari ish maromini o'zgartirishga, faolroq bo'lishga harakat qilmoqdalar.
Aniq misollarga to'xtalib o'tsak, Milliy matbuot markazida Uyushma raisining OAV xodimlari bilan uchrashuvlarini o'tkazib borish an'anaviylik kasb etdi. Uchrashuvlarda Uyushma tomonidan bajarilgan ishlar va istiqboldagi rejalar, loyiha-dasturlar haqida batafsil ma'lumot berilmoqda, muhokama qilinmoqda.
Jurnalistlar bilan yaqindan muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolar bilan birga takliflari, murojaatlarini ham atroflicha o'rganishga kirishildi. Shu maqsadda jurnalistlar bilan to'g'ridan-to'g'ri muloqot qilish uchun uyushma raisi alohida @jurnalist_uz_bot kanalini ishga tushirdi. Bu orqali ko'plab hamkasblarimizning soha rivojiga befarq emasligi, yuzlab yoshlarimiz bugungi zamonaviy jurnalistika ixlosmandi ekani ma'lum bo'la boshladi.
Yana bir muhim jihati, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o'rtasida memorandum imzolandi. “Zamonaviy mass-medianing dolzarb muammolari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida milliy jurnalistikamiz oldida turgan muhim masalalar muhokama etildi. Xo'sh, memorandumdan ko'zlangan maqsad nima? Birinchidan, nazariya qachonki amaliyot bilan chambarchas bog'langanidagina salohiyatli kadrlar yetishib chiqadi. Uyushma talabalarning tahririyatlarda namunali amaliyot o'tashi, tajriba oshirishi uchun “Ustoz-shogird” an'analarini tiklash masalalarini o'z zimmasiga oldi. Taniqli, tajribali jurnalistlarning mahorat maktablari tashkil etildi. Ikkinchidan, universitet professor-o'qituvchilarning faqat nazariyaga bog'lanib qolmasdan amaliyotda uchrayotgan masalalarni ham ilmiy jihatdan asoslab, tahlil qilib berishiga imkoniyat yaratildi.
Bundan ko'rinib turibdiki, Uyushma va universitetning yaqin hamkorligi milliy jurnalistikamiz ravnaqi yo'lida xizmat qiladi.
Darhaqiqat, Uyushma ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishga ko'maklashish, sohaga professional kadrlarni yetkazib berish borasida o'z oldiga katta maqsadlarni qo'ymoqda. Jurnalistlarni ham, blogerlarni ham ijtimoiy hayotda faol bo'lishga da'vat etmoqda.
Zero, so'nggi yillarda milliy jurnalistika sohasida ro'y bergan o'zgarish va yangilanishlarni ilgari tasavvur etib bo'lmasdi. Ayni paytda soha va uning vakillariga keng erkinliklar berilishi jurnalistlardan zamon bilan hamnafas bo'lish, bir qadam oldinda yurishni taqozo etadi.
“O'ZBEKISTON MATBUOTI” VA “MUShTUM” QAYTA TIKLANDI
Biz o'zbek matbuoti katta va shonli yo'lni bosib o'tgani bilan hamisha faxrlanamiz. Ammo bir asrdan ortiq vaqt mobaynida ziyolilarga hamroh bo'lgan, jurnalist va matbaachilarni birlashtirgan, ularga munosib minbar bo'la olgan “O'zbekiston matbuoti” jurnali qariyb ikki yil chop etilmay qolgandi.
Dastlab 2018 yilning 15 iyulida “Turkiston matbaachisi” (“Turkestanskiy pechatnik”) nomi bilan o'zbek va rus tillarida yaxlit holda bir oyda ikki marta nashr etilgan jurnal keyinchalik “Muxbirlar yo'ldoshi” nomi bilan chop etila boshlagan. Garchi keyin ham nomlanishi ko'p bora o'zgartirilgan bo'lsa-da, jurnalistlarning yaqin hamrohi bo'lishda davom etadi.
1991 yil yanvardan jurnal yana “O'zbekiston matbuoti” (1965-1968 yillarda ham shunday nomlangan) nomi bilan nashr qilindi. Mustaqillikning dastlabki yillaridayoq XX asr boshlarida milliy matbuotimizning tamal toshini qo'ygan ma'rifatparvar matbuotchilarimiz an'analariga muvofiq, yuksak vatanparvarlik, millatparvarlik ruhidagi ilmiy-tahliliy, ma'naviy-ma'rifiy, falsafiy, tanqidiy maqolalar e'lon qilindi. Ular jurnalistik ijod va publitsistikaning eng yorqin namunalari sifatida e'tirof qilindi.
Demak, 100 yildan ortiq vaqt mobaynida turli davrlar va evrilishlar aro turli nomlarda bo'lsa-da, jurnal o'zbek matbuoti va matbaachiligi vakillariga, oddiy muxbirdan tortib, mahoratli jurnalist va malakali noshirlar, radio va televidenie xodimlariga yaqin hamfikr, hamsuhbat, kezi kelganda, ustoz vazifasini bajarib keldi.
Ikki yillik tanaffusdan so'ng O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va hamkorlar sa'y-harakatlari bilan “O'zbekiston matbuoti” yana chin ma'noda hayotga qaytdi, qayta nashr qilina boshladi. Jurnalning taqdimot marosimi nafaqat mahalliy matbuotda, balki xorijiy OAV, xususan, Turkiya, Ozarbayjon telekanallarida keng yoritildi.
Kulgisevar xalqimizga salkam bir asrdan buyon tabassum ulashib kelgan “Mushtum” jurnalining faoliyati ham so'nggi yillarda to'xtab qolgandi. Bu jurnalga ma'rifatparvar jadid bobolarimiz asos solgan, 1923 yildan nashr qilina boshlagan. Yuzlab tanqidiy maqolalar, felyetonlar jamiyatni turli illatlardan tozalashda “Mushtum”ning asosiy quroli hisoblangan.
O'z vaqtida “Mushtum” jurnali bir oyda ikki marta chop etilgan, bir oylik umumiy tiraji 1 500 000 dan oshiqni tashkil etgan. O'zbekistonda deyarli bu jurnal kirib bormagan shahar, qishloq, tumanni, tashkilot va xonadonni topish qiyin edi.
So'nggi yillarda “Mushtum” jurnali tahririyati iqtisodiy muammolar girdobiga tushib qolishining ma'lum sabablari bor, albatta. Uning moddiy-texnika bazasi, kadrlar salohiyati zamonaviy talablar darajasida qayta shakllantirilmadi.
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va tashabbuskorlar ko'magi bilan “Mushtum” jurnali chop etila boshlandi. Va yana xalqimizga tabassum ulashishga kirishdi.
YIGIRMA YILDAN SO'NG…
Uyushma faoliyati jonlanishi bilan uzoq yillardan buyon jurnalistlarni qiynab kelayotgan a'zolik masalasi ham hal etildi. O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi 1957 yilda tashkil topgan bo'lsa, o'tgan yillar mobaynida 20 mingga yaqin jurnalist a'zolikka qabul qilingan. Ammo ma'lum sabablarga ko'ra, 2001 yildan boshlab a'zolik to'xtatilgan. Uyushmaning 2019 yil iyul oyidagi konferensiyasida a'zolikka qabul qayta tiklangach, a'zolik guvohnomasi, ko'krak nishonlari yangidan tayyorlanadi. Biroq koronavirus pandemiyasi tufayli bu jarayon yana to'xtab qoladi.
Tasavvur qilayapsizmi, 20 yil deganda yangi a'zolarni qabul qilish jarayoni boshlandi. Uyushma raisi saylangach, dastlab “Ovozi tojik” va “Nurli jol” gazetalari tahririyatiga borib, xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Har ikkala jamoaga zamonaviy kompyuter to'plamlari sovg'a qilindi hamda eng faol tahririyatning jurnalistlariga Uyushmaga a'zolik bileti va ko'krak nishoni tantanali vaziyatda topshirildi.
O'tgan qisqa davr ichida Uyushmaga a'zo bo'lish istagini bildirganlar sezilarli ko'paydi. 2021 yil mobaynida Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri bo'yicha 160 nafar, bu yil 61 nafar eng faol jurnalistlar Uyushma a'zoligiga qabul qilindi. Ularga a'zolik guvohnomalari va ko'krak nishonlari Uyushma hududiy bo'limlari tomonidan tashkil etilgan tadbirlarda tantanali ravishda topshirilmoqda.
Uyushmaga a'zo bo'lish istagini bildirgan jurnalistlar uchun Jurnalistlar.uz veb-saytida barcha ma'lumotlar joylashtirildi.
“JURNALISTLAR BOG'I”NI YaRATISh TAShABBUSI
Prezidentimiz raisligida 2021 yilning 2 noyabr kuni o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 200 million tup daraxt va buta ko'chatlarini ekish va shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni oshirish yuzasidan daraxt ekish bo'yicha “Dolzarb 40 kunlik” e'lon qilindi.
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi “Yashil makon” umummilliy loyihasiga munosib hissa qo'shish maqsadida “Jurnalistlar bog'i”ni yaratish tashabbusi bilan chiqdi.
Bu tashabbus qator ommaviy axborot vositalarida faoliyat olib borayotgan hamkasblarimiz va Toshkent shahar hokimligi tomonidan qo'llab-quvvatlandi. 2021 yilning 14 noyabr kuni Toshkent shahridagi “Bog'ishamol” ko'chasi bo'ylab ko'chat ekish tadbiri uyushqoqlik bilan o'tkazildi. Unda poytaxtdagi barcha tahririyatlar vakillari, jurnalist kadrlar tayyorlovchi oliy ta'lim dargohlari professor-o'qituvchilari, talaba-yoshlar faol ishtirok etishdi. Keyinchalik bu tadbirlar Andijon, Samarqand, Buxoro va Qoraqalpog'iston Respublikasida davom ettirildi va viloyatlarda ham “Jurnalistlar bog'i” tashkil etildi.
MEDIAFORUMLAR VA TARAQQIYoTGA DAXLDORLIK TUYG'USI
Joriy yilning 25-30 mart kunlari Navoiy viloyatida o'tkazilgan “Milliy jurnalistika: an'analar davomiyligi va zamonaviylik” mavzusidagi I respublika mediaforumida Yangi O'zbekiston mediamakonida milliy jurnalistika an'analari va zamonaviylik tamoyillarini uyg'unlashtirish muhokama markazida bo'ldi. Anjumanda bugun ommaviy axborot vositalari oldida turgan dolzarb vazifalar, yechimini kutayotgan masalalarga yangicha yondashuv, jurnalistika sohasida to'plangan tajriba va davr talablari xususida atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Mazkur mediaforumda davlatimiz rahbarining 2021 yil 26 iyunda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga yo'llagan tabrigida jurnalistlarning malakasini oshirish, ularning ijodiy salohiyatini yuksaltirish, tajriba almashinuvini yo'lga qo'yish maqsadida hududlarda mintaqaviy seminarlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar tashkil etish bo'yicha O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi oldiga qo'yilgan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi.
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Navoiy viloyati hokimligi, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil etilgan mazkur mediaforumda Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyatlardan 102 nafar OAV vakili ishtirok etdi va televidenie, radio, matbuot va internet nashrlari to'liq qamrab olindi. Ta'kidlash joizki, shu paytgacha Uyushma tomonidan bunday keng ko'lamli mediaforum o'tkazilmagandi.
Xabaringiz bor, o'tgan yili O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan bir qator tashabbuslar, ya'ni milliy media makonimizga dadil kirib kelayotgan yosh jurnalistlar, blogerlar, axborot tizimlari xodimlari ishtirokida “Milliy jurnalistika: an'analar davomiyligi va zamonaviylik” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida “O'zbekiston jurnalistika maktabi: ijodiy meros va an'analar”, “Jamiyat va ommaviy axborot vositalari”, “Jurnalistika odobi” kabi mavzularda davra suhbatlari va mahorat darslari, ijodiy tanlovlar uyushtirishga doir takliflar ilgari surilgandi.
Bunday tadbirlar jurnalistlarning nazariy bilim va mahoratini oshirish bilan birga, bugungi globallashuv va axborotlashgan jamiyat sharoitida jurnalistlar oldiga qo'yilayotgan talablar va tamoyillardan voqif bo'lish, o'zaro tajriba almashish imkoniyatini bermoqda. Ularni bir ezgu maqsad yo'lida jipslashtiradi.
Farg'ona tumanining “Chimyon” sihatgohida tashkil etilgan “Jamiyat va ommaviy axborot vositalari” mavzusidagi an'anaviy X Chimyon mediaforumi ham bunga bir misol bo'ladi.
Navoiy viloyatida besh kun davom etgan mediaforum ishtirokchilari viloyatda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik ishlab chiqarish ob'yektlari, sanoat korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo'lishdi.
Mediaforum doirasida o'tkazilgan tadbirlarda Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Boshqaruvi raisi, O'zbekiston Qahramoni, Senator Quvondiq Sanaqulov ishtirok etgani mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan media sohasi vakillariga, jurnalistlarga ko'plab savollarga javob olish imkonini berdi.
Har jihatdan yuksak saviyada tashkil etilgan ushbu mediaforumda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi, uyushmaning Samarqand viloyati bo'limi raisi Farmon Toshev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, taniqli jurnalist Rasul Kusherboyev, O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, O'zMMA Boshqaruvi raisi Sherzodxon Qudratxo'ja, O'zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktorining birinchi o'rinbosari Sobir Shukurov, “Xalq so'zi” gazetasi bosh muharriri o'rinbosari Shuhrat Jabborov, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, “Ishonch”—“Ishonch-Doverie” gazetalari bosh muharriri Husan Ermatov, “Qishloq hayoti” gazetasi bosh muharriri Chori Latipov, “XXI asr” gazetasi bosh muharriri Norqobil Jalilov, “Hurriyat” gazetasi bosh muharriri Abdurasul Jumaqulov, O'zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti professori Muhammadjon Quronov singari el tanigan ijodkorlar soha istiqboliga oid dolzarb mavzulardagi ma'ruzalari bilan ishtirok etdi.
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida viloyatda olib borilayotgan islohotlar, yangilanishlar bilan keng jamoatchilikni yanada yaqinroq tanishtirish maqsadida shu yilning 30-31 may kunlari “Yangilanayotgan Jizzax – jurnalistlar nigohida” mavzusidagi xalqaro mediaturda yurtimizning markaziy nashrlari hamda 15 nafar xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Xalqaro mediaforum Jizzaxning suyukli farzandlari Sharof Rashidov, Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim yodgorlik majmualarini ziyorat qilishdan boshlandi. Jurnalistlar viloyatda so'nggi yillarda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar. Birgalikda shiddat bilan rivojlanayotgan turistik ob'yektlarda bo'ldilar, muqaddas qadamjolarni ham ziyorat qildilar.
Xalqaro mediatur taassurotlari deyarli har kuni “TASS” muxbiri Valeriy Biryukov (Rossiya), “AzerTadj” muxbiri Gulu Kazimov (Ozarbayjon), “Reyter” muxbiri Muhammadsharif Mamatkulov (Buyuk Britaniya), “Anadolu” muxbiri Baxtiyor Abdukarimov (Turkiya), “Farsnyus” muxbiri Sherali Avezmetov (Eron), “TRT” telekanalining O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Nizam Shahin (Turkiya), “Fergana.ru” muxbiri Andrey Kudryashov (Rossiya), “Jumhuriyat” gazetasi muxbiri Mirasror Ahrorov (Tojikiston), “Regnum” muxbiri Niyozmatov Abu Ali (Rossiya), “Orzu TV” jurnalistlari Said Sanjar Barlos, Abid Ahmad Basir (Afg'oniston) tomonidan keng yoritilib borildi.
Bir so'z bilan aytganda, “Yangilanayotgan Jizzax — jurnalistlar nigohida” mavzusidagi xalqaro mediatur yuqori saviyada va taassurotlarga boy kechdi.
XALQARO ALOQALAR
Ta'kidlash joizki, bugungi kunda O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi xorijiy mamlakatlardagi jurnalistlari uyushmalari bilan aloqalarni mustahkamlashga intilmoqda va Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a'zo davlatlar media tuzilmalari vakillari ishtirokida Toshkentda xalqaro forum o'tkazishni rejalashtirgan.
Shu o'rinda, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov va Xalqaro matbuot instituti Ozarbayjon milliy qo'mitasi raisi Umud Mirzayevning uchrashuvini alohida eslab o'tish joiz. Muloqotda ikki davlat jurnalistlari o'rtasida o'zaro tajriba almashishni yo'lga qo'yish kelishib olindi.
Rossiya Federatsiyasi “EvroMedia” xalqaro nashriyot uyi hokimiyat organlari bilan aloqalar departamenti direktori Galina Amirova, “MediaYug” nashriyot uyi ijrochi direktori Vladimir Denisovning taklifiga ko'ra, 2021 yil 27 oktyabr kuni Milliy matbuot markazida o'tkazilgan O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi rahbariyati bilan uchrashuv ham samarali bo'ldi.
Bundan tashqari, Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkiya va Hindiston jurnalistlari uyushmalari bilan hamkorlik memorandumini imzolash, Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya jurnalistlari uyushmalari bilan kelishilgan holda bir guruh jurnalistlarni shu davlatlarga xizmat safariga yuborish ko'zda tutilgan. Bularning barchasi jurnalist kadrlar salohiyatini oshirish, ularni zamon talablariga javob beradigan professional darajaga olib chiqish maqsadida tashkil etiladi.
Bugungi kunda yurtimizda ko'plab xorijlik jurnalistlar faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimiz OAVlarining ham chet ellarda muxbirlik punktlarini ochish vaqti keldi.
2022 yil 7 may kuni O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Tojikiston Jurnalistlari ittifoqi o'rtasida o'zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Milliy matbuot markazida bo'lib o'tgan tadbir mazkur hamkorlik masalasiga bag'ishlandi. Anjumanda O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Tojikiston Jurnalistlari ittifoqi tomonidan bir guruh jurnalistlarga a'zolik guvohnomalari hamda ko'krak nishonlari topshirildi.
“ATIRGUL” — JURNALIST AYoLLARGA MUNOSIB TUHFA
Yurtimiz taraqqiyoti yo'lidagi ezgu maqsadlarni ro'yobga chiqarish, Yangi O'zbekiston ruhiga mos yangicha tafakkur tarzini shakllantirish, umuminsoniy qadriyatlarni targ'ib etish, yosh avlod ma'naviyatini yuksaltirishda jurnalist xotin-qizlarning ham munosib xizmati bor.
Bugungi kunda oliy o'quv yurtlarini tamomlab, jurnalistika sohasiga kirib kelayotgan kadrlarning 60-70 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani, ommaviy axborot vositalarida ko'pchilik jurnalist ayollar xizmat qilayotgani barchaga ma'lum.
Jurnalistik faoliyat bilan shug'ullanayotgan zukko opa-singillarimiz tomonidan yozilgan maqolalar, tayyorlangan teleko'rsatuv va radioeshittirishlarda nafaqat kasb mahorati, balki qalb qo'ri, ayollik nazokati ham yaqqol sezilib turadi. Respublikamiz miqyosida o'tkaziladigan jurnalist xotin-qizlar o'rtasidagi tanlovning “Atirgul” deb nomlanishi bejiz emas. Zero, atirgul timsolida ayol nafosati va go'zalligi mujassam.
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Jurnalist ayollar kengashining 2021 yil noyabr oyida o'tkazilgan yig'ilishida Uyushma raisi tomonidan “Atirgul” tanlovini qayta tiklash, mazkur tanlov g'oliblarini 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida taqdirlash taklifi bildirildi va taklif Kengash tomonidan qo'llab-quvvatlandi va tegishli qaror qabul qilindi.
Haqiqatan ham, jurnalist ayollar orasida mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga o'zlarining salmoqli hissasini qo'shib kelayotgan, yuksak ma'naviyatli, oilada va farzand tarbiyasida ibrat bo'lish bilan birga o'z kasbiy faoliyatida fidoyilik ko'rsatayotgan xotin-qizlar o'rtasida tanlovning qayta tiklangani ayni muddao bo'ldi.
“Atirgul” tanlovi jurnalist ayollarning kasbiy mahoratini oshirish, ular o'rtasida sog'lom raqobatni yuzaga keltirish, iqtidor egalarini rag'batlantirish, bosma OAV, internet nashrlar va efirga uzatiladigan teleradiomahsulotlar sifatini yaxshilash, materiallar tayyorlashda fikrlar xilma-xilligi va turlicha ijodiy yondashuvlarga samarali ta'sir ko'rsatishi shubhasiz.
Shu o'rinda ta'kidlash joizki, “Atirgul” tanlovi nomigagina tiklanmadi, zamon ruhiga mos yangi ma'no-mazmun kasb etdi. Buni tanlov yo'nalishlari ham anglatib turibdi.
Muxtasar aytganda, “Atirgul” tanlovining qayta tiklangani va o'tkazilgani jurnalist ayollarga ehtiromning o'ziga xos ramzi deyishimiz mumkin. G'oliblarga diplom, maxsus statuetka va qimmatbaho sovg'alar 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida tantanali ravishda topshirildi.
“OLTIN QALAM” — YuKSAK RAG'BAT VA E'TIROF
Birgina o'tgan 2021 yili yuz nafardan ortiq jurnalistlar, matbuot vakillari davlatimizning yuksak mukofotlari — orden va medallar bilan, ming nafarga yaqin jurnalistlar esa “O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlangani ham soha vakillariga qaratilayotgan yuksak e'tibordan dalolat beradi.
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 2006 yildan beri o'tkazib kelinayotgan “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov ham mamlakatimizda matbuot erkinligi, jurnalistlarimizga ko'rsatilayotgan alohida e'tiborning yorqin namunasidir.
Ushbu an'anaviy tanlovni o'tkazishdan asosiy maqsad – milliy va xalqaro jurnalistikaning eng yuksak yutuqlarini, ilg'or tajribalarini keng ommalashtirish, ommaviy axborot vositalari xodimlarining fuqarolik pozitsiyasini namoyon etishlariga sharoit yaratish hamda jurnalistlarda tanqidiy-tahliliy mushohada va ijodiy faoliyatga yangicha yondashuvlarni takomillashtirishga qaratilgan.
Bu yil “Oltin qalam” tanlovi Yangi O'zbekistonda kechayotgan yangilanish jarayonlariga monand ko'tarinki ruhda, yuksak saviyada, 16 marta o'tkazildi. O'tgan yillar davomida mazkur tanlovda 8 mingga yaqin jurnalist 115 000 ga yaqin materiallari bilan ishtirok etgan. 350 nafardan ziyod jurnalist g'olib va sovrindor bo'lgan.
Joriy yildan e'tiboran ushbu tanlovni avvalgilaridan boshqacha, bugungi kun talabi darajasida — yangicha formatda o'tkazishga harakat qilindi. Tegishli taklif-tavsiyalar asosida tanlov nizomiga o'zgartirishlar kiritildi.
Bu yilgi tanlovda 448 nafar jurnalist 5000 ga yaqin ijodiy ishi bilan qatnashdi. Hay'at a'zolari har bir ijodiy ishni, har bir materialni diqqat bilan ko'rib chiqdi. Eng muhimi, har bir ijodiy ish bugungi kunda hayot oldimizga qo'yayotgan talablar — so'zga mas'uliyat va ifoda mahorati, jurnalistning fuqarolik pozitsiyasi, tanqidiy-tahliliy mushohada, yuksak professionalizm, ijodiy faoliyatga yangicha yondashuv kabi mezonlar asosida baholandi.
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan Jahon matbuoti erkinligi kuniga bag'ishlangan jurnalistika sohasida “Oltin qalam” XVI Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning g'olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi “Turkiston” san'at saroyida yangi ruhda o'tkazildi.
XULOSA O'RNIDA…
Mamlakatimizning faol jurnalistlari va blogerlari e'tirofi asosida ta'sis etilgan “Yil tanlovi” an'anaviy taqdirlash marosimida O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi “Yilning eng namunali jamoat tashkiloti” nominatsiyasi bo'yicha 1-o'rinni egallagani bejiz emas. Uyushma jamiyat hayotida o'zining faolligini namoyon etib, O'zbekiston Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi, O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi kabi ko'plab davlat va jamoat tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.
Bir yil garchi oz muddat bo'lsa-da, shu davr mobaynida O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan Olimjon O'sarov rahbarligida amalga oshirilgan ishlar, ijodiy o'zgarishlar haqida ko'p va xo'p gapirish mumkin. Quvonarli jihati, Uyushma haqiqatan ham jurnalistlar huquqini himoya qila oladigan va ommaviy axborot vositalari ravnaqiga ko'maklashadigan tashkilotga aylanib bormoqda.
Suyundik MAMIROV,
jurnalist