O'zbekning “Nozim”i

Yoki taniqli o'zbek shoiri Tilak JO'RAning ovchiga bergan sabog'i

 

Olovning gurillab yonishiga shabada vosita bo'lganiday, xotirani ham mazmunli hayot yashnatadi. She'riyati, ilmiy faoliyati, shirin muomalasi bilan ko'pchilikning xotirasida qolgan siymolardan biri, shoir Tilak Jo'radir.

U tashqaridan qaraganda siniq, beozorgina ko'rinsa-da, botinan matonatli, shijoatli, shodligu quvonchini hamma bilan baham ko'rib, g'am-tashvishini esa yolg'iz o'zi tortishga odatlangan inson edi. Umri bo'yi ko'z oldimizda   sham misoli yonib, ma'naviy nur-yog'du taratdi. Shuning uchun she'rlarini o'qiganingda yuraging yorishganday bo'ladi.

Toshkent davlat universitetida o'qib yurgan chog'larimiz bizga tarjima nazariyasidan Tilak Jo'ra saboq berardi. Oldingdan oqqan suvning qad­ri yo'q, deganlariday, shundoq domlaning yonida yurib, uning qadriga yetmagan ekanman. U kishining filologiya fanlari nomzodi, dotsent sifatida obro'-e'tibori, bizga sodda va samimiy tarzda bergan darsidan zavqlanibmanu bir kun kelib betakror she'r­lari, go'zal tashbehlari elimizga manzur bo'lishi haqda o'ylamagan ekanman. Ammo ustozning qator kitoblarini o'qigach, har mavzuda o'ziga xos shoirligini angladim. Qarang, u Vatanni qanday madh etadi:

Yo'l yursam – yo'limda,

O'ltirsam – o'rnimda,

Yotganimda – qo'ynimda.

O'lar bo'sam bo'ynimda

Borsan Vatanim!

Shoirning shogirdi, qorako'llik shoir G'ofur Qurbon “Bu yurt o'zbek Nozimi —Tilak Jo'raning yurti” deganida shoirning o'z Vatani madhida “Sen bahorning xo'shbo'y gulisan” singari satrlarini nazarda tutgandir ehtimol.

Dastlab adabiy-ilmiy jarayondagi hammas­laklar guruhi uch kishi edi: G'aybulla Salomov, Tilak Jo'ra, Najmiddin Komilov. Keyinroq ular safiga Hamidulla Karomatov, Ne'mat Aminov, Absalom Umarov, Zuhriddin Isomiddinov, Podsholi Usmon va boshqa yana bir qancha ijodkor olimlar qo'shildi. Tilak Jo'raning Toshkentning Sag'bon mahallasidagi do'ppiday tor, tutday to'kilib turgan kulbasi nafaqat ular, balki shogirdlari uchun ham shinam qasrday edi. Bu qutlug' xonadonda juda ko'pchilik shoir bilan tuz-namak bo'lgani, fikrlashganini g'urur bilan eslaydi.

“Ma'rifat” gazetasida ishlaganimda Maqsud Qoriyev, To'ra Sulaymon, Said Ahmad, Uchqun Nazarov, Haydarali Uzoqov, Sayyor, G'aybulla Salomovlar tahririyatga o'z uylariga kelganday kirib kelishardi. Bahor kunlarining birida G'aybulla domla doim qadrlaydigan shogirdi Tilak Jo'ra bilan keldi. “Mana Ulug'bek inim, domlangizni boshlab keldim” — dedi G'aybulla domla bir shoirga, bir menga qarab. Yarim soatcha gurungdan so'ng, ular qo'zg'alishdi. “Gazeta ishini tushunamiz, biz bilan suhbatlashmoqchisiz, ammo ichingizdagi bir ovoz, bular qachon ketadi, deb turibdi” – deya Tilak aka hazillashgandi, G'aybulla Salomov kulib ilova qildi: “Bu ovoz bizga ham eshitildi”.

Ketisharkan G'aybulla domla shanba kuni peshinga qarab uylariga o'tishimni tayinladi.

Uch kun o'tgach, aytilgan vaqtda ustozning Yunus­oboddagi xonadoniga kirib bordim. Domla bir xonaga boshladi. U yerda O'zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf hamda domlam Tilak Jo'ra xontaxtaning ikki yonida yostiqqa yonboshlab o'tirishardi. Tilak aka o'rnidan turgan holda ko'rishdi. Ammo Muhammad aka joyidan jilmay boshini shunchaki silkitib qo'ydi. Yosh emasmanmi, shoirni o'ziga bino qo'ygan odam ekan deb o'yladim. Holatim bir qadar o'zgarganini sezdimi, domla meni kuyovi — Muhammad Yusufga tanishtirdi. “Ye, ie, Ulug'bekni Xatirchidan deng, o'zimizning ukamiz ekan-ku”, deb o'rnidan turdi va men bilan qayta quchoqlashib ko'rishdi. Oradagi dilxiralik yo'qoldi, adabiyot va hayot haqida qiziqarli suhbatlar bo'ldi, she'rlar o'qildi. Suhbat qizib, osh yeb, ko'k choydan ho'plab o'tirganimizda, muloyim, keng fe'lli, bosiq, mulohazali G'aybulla Salomov shoir Tilak Jo'rani tug'ilgan yurti Zarafshon vohasiga ya'ni Nurota tog' tizmalarining ziynati bo'lmish Oqtov va Qoratovga olib borgani voqeasini qo'zg'adi.

— Tilakjon, inim, rostini ayting, o'shanda Oqtov va Qoratov sayli, sayohati ko'nglingizga o'tirishdimi? — so'radi G'aybulla domla.

— Bultur yoz boshida sayohatga borib mazza qildim. Sir-sinoatga boy, ulgu bo'ladigan voqe-hodisa, rivoyatlarni ko'nglim sandig'iga joyladim, — dedi Tilak aka.

— O'zi ustoz-shogird qay manzillarda bo'ldingizlar? — deb gap qistirdi Muhammad Yusuf ko'zlari chaqnab.

— Muhammadjon inim, men sizga aytsam, Oqtov va Qoratovni eniga, ko'ndalangiga shunday boplab kezib chiqdik. Nurotadagi Nurbuloq chashmasini, Nur qal'asini, Langar tog'larini, Sangijumondagi qimirlab turuvchi toshni, Junnatini, Navbahordagi Sarmishsoy darasini (bu yerdagi qoyalarga ajdodlarimiz chizgan turli rasmlar bor) petlogriflarni, Angidon, Oqtovuz, Avazsoy va boshqa ko'p ko'rkam joylarni ko'rib zavqlandik. Shunda bu tog'larga Olloh nazari tushganligiga amin bo'ldim.

Muhammad Yusuf shoirning ko'ngil qa'tidan chiqqan bu gaplarning chinligiga aslo shubha qilmay, — Yaratmishni o'zi dono va aqllida, — deb jilmayib qo'ydi.

— Ha, to'g'ri, to'g'ri, hecham mubolag'asi yo'q. — G'aybulla domla shogirdi Tilak Jo'raga ko'z qirini tashlab oldi-yu, ma'qul, rost ishorasini payqab, davradagilarga yuzlandi. Sal o'tib ustoz ijodxonasiga bosh suqdik. Chor kunjak, keng va yorug' xonaning ikki tomonidagi vazmin va salobatli jovonlar, sara kitoblar, Qur'oni karimning bir qancha tildagi katta-kichik nashrlari, hadis shariflar, mashhur ensiklopediyalar, o'zbek qomusi jildlari, jahon adabiyoti durdonalari, o'zbek tili va adabiyoti asarlari bilan liq to'la edi. Bu behisob xazinani ko'rib, ko'zlarim quvnab ketdi.

— Bu kitoblarning bir qismigina xolos, — dedi G'aybulla domla hayratimni ilg'ab. — Ularning katta qismi maxsus qurilgan boloxonada saqlanadi.

Shu suhbatga ham o'ttiz yilcha bo'ldi. Ammo uni esdan sira chiqarolmayman. Shu bois ana shu gurung ta'sirida bir nechta maqolalar yozdim, matbuotda e'lon qildim.

G'aybulla Salomov shogirdi Tilak Jo'ra bilan Nurota tog' tizmalarining bir bo'lagi bo'lmish Oqtov va Qoratovga qilgan sayohatini qanday eshitgan bo'lsam, shundayligicha sizga ham aytmoqni istadim.

…Yoz adog'i. Bir hadi qo'l yetgulik masofadan yuksak, arratish cho'qqilarning shundoqqqina tepasida, uchida yaltirab qor ko'rindi. Xuddi shu manzilga kurk bo'lgan tovuqqa o'xshab, bulutlar chiqib olib, oq-qorani, ya'ni tuxumlarni hafsala bilan bosib yotardi. Balandlagan sayin archazor o'rmon siyraklashib boraveradi. Salqin balandlikda zabardast, serbuta bodom quyoshga qarab mag'rur o'sadi. G'uj-g'uj bo'lib turgan kulrang zirklar, ituzumga o'xshab meva qiladigan ishlibi daraxtlari… (bu mevani ayiqlar shilib changini chiqarishni xo'sh ko'rishadi). Hammasi bir-biriga, chirmashib, ushlashib o'sgan. Guyoki orasidan qil o'tmaydigan og'a-ini misoli shoxlari uzun, mallatob, sariq serka archa soyasida hordiq yozayapti. Goh u tosh orasidan, goh bu tosh orasidan kakliklar bir-birini istab, qo'msab sayraydi.

G'aybulla domla o'shanda Tilak Jo'ra bilan Oqtovning eng baland, yuksak zirvalaridan biri Langar sahnida turib atrofni kiprik qoqmay kuzatdi. Mo'ysafid, oqsoch tog'larning oftobda nurab, yomg'uru qorlarda, yuvilib ketgan yassi, o'ydim-chuqur bag'irlariga, shu zaminning muattar zarrasi, uni jonu-dildan sevuvchi farzandi nigohlari   bilan boqdilar. Archa, qayrog'och, to'rong'a butalari bag'ridan hovur ko'tariladi. Bu tongi beg'ubor shabnamdan qolgan hovur edi. Odamlar kuymalanadi. Ular pastda mitti qora nuqtalarday bo'lib ko'rinadi. Langar tog'i kaftidagi tikka qoya necha ming yillardan buyon, adog'idagi zaminga hayot, jon baxshida etuvchi ona buloqlaru, zilol chashmaning qo'rqmas qo'riqchisidir.

… Osmon g'alati tusda. Olachalpoq, qoramtir bulutlar lashkari tog'dan chiqib kelmayotir. Shundoq qo'l uzatsang yetadi. Shahzoda shamol yeladi. G'uvillab, g'alati tovush chiqaradi. Oqtov batqavoq bulutlar orasiga tushib qoldi. U jahl otiga mingan, ters, tund, to'qimtabiat bulutlar orasidan xuddi bahaybat tuyadek bo'ynini oldinga cho'zadi. Guyo bu bilan niyatini ifodalamoqchi bo'ladi. Ammo shunga qaramay, manzaralar shu qadar ko'rkam, shu qadar bepoyon, intihosiz ediki, tabiat holatini kuzatib beixtiyor shodlikdan, to'yib yig'lagisi, xursandchilikdan, shodlikdan bolakaylarday chopgisi keladi, o'tloqlar ostida yumalab yotgisi kelar, bulutlar ortidan osmonu falakni kuzatgisi kelib ketdi Tilak Jo'raning.

Tog'da ulkan toshlar serob. Ular orasida shu qadar ulkanlari borki, ular go'yo ustimizga ag'nab tushayotgandek toshlarki juda ajoyib, go'zal, ko'kimtir, sarg'ish xarsanglar. Ana shu toshlar orasida yomg'irli va qorli kunlarda olqar galasi bekinib jon saqlaydi. Bu jonivorlar tog'u-tosh, daralarda bemalol, emin-erkin, yuradi, sakraydi. Tabiat shuni yuqtirgan. Ko'k toqida burgut paydo bo'ldi. Ulkan qush keng qanotlarini yozganicha, falakda suzadi. Osmon qushga ko'zi tushgan yo'lboshchi, shu joyda qoqqan qoziqday turib qoldi. Bu yerda nimadir bo'lsa kerak. Burgut bekorga doira solib aylanmaydi. Uning ko'zlari nimanidir payqagan. Tez o'tmay taxmin o'zini oqladi. Chindan ham, pastdagi sayhonlikda qari tulkining loshi yotardi. Qora qushlar voqea joyida hoziru nozir bo'ldi.   Quyuq ziyofat boshlanib ketdi.

Achchiq bodomlar baravj o'sgan. Ana shu buta pastidagi bir odam zo'rg'a sig'adigan so'qmoqdan yurib borayotib, birdan tappa-taxt to'xtab qoldilar. Shunda G'aybulla domlaning ko'zi ulkan, burama shox, oq qizg'ish yungli olqorga tushdi. Ana, olqor, deb sas berdi. Tog'lar bag'ridan oquvchi shalola suvlar surati mangu hayot timsolidek taassurot qoldiradi. Tog' malikalari bo'lmish olqorlarni ko'rgan Tilak akaning ko'ngli nam tegib ivigan tuproq yanglig' yumshab qoldi. Ko'zlari pirpirab, shaharda izlab topishni imkoni bo'lmagan sukunat hukmron, orom yastanib yotgan manzilda go'zal mavjudotni tomosha qilib qolishni ich-ichidan istardi. Shamol g'ir-g'ir esadi. U yurakni qitiqlovchi holatni in'om etadi. Olqorni juni sal avval yog'ib o'tgan yomg'ir tomchilari bilan obdon yuvilgan. Shuning uchun qizg'ish, jigarrang, shoxlari burama, ona olqor juni quyosh nurida jilolanadi. Ular siljishni xayoliga keltirmadi. Shu yaqindagi tosh orasiga yashiringan qirg'iz bashara ovchi yigit ko'rindi. U boyadan beri tog' malikasini poylardi. Qulay fursat tug'ilishi bilan jonivorlarni otib olmoqchi edi. Olqorga to'g'rilab turgan miltig'i tepkisini bosishiga uni Tilak aka hovliqib otgan tosh to'xtatib qoldi. Tepkiga bosh barmog'ini qo'yib, bosishga shaylanayotgan ovchi to'rt nafarcha odamni ko'rib, sal bo'lmasa esxonasi chiqib ketayozdi. U o'zini nazoratchi changalidaman deb o'yladi. Faqatgina tog'begi va domlalarga ko'zi tushgachgina o'ziga keldi. Qo'lidagi kichik idishdan yutoqib suv ichdi. Bechora, ko'ngilchan, rahmdil, beozor, chumchiqqa ham ovoz bermaydigan Tilak aka ovchini yomon niyatidan qaytargandagi, g'oyibona kuch, hayqiriq uni insofga keltirganidan mamnun edi. Nuqul tanga topgan boladek, “Inim, olqorni yer tishlatmay zap ish qildingiz. Iloyo, ko'nglingiz yumshaganligi, jonivorni jarga qulatmaganingiz tahsinga loyiq deb qo'ydi. U boshqalarning his-tuyg'usini yaxshi tushunardi. Bu voqea shoirga qattiq ta'sir qildi. Shoirda birov uchun kuyinish, ich-ichidan achinish, uning qarashida, boqishida, nigohlarida yaqqol sezilib turardi. Bu hol tang qoldirdi. Buni qarang, hatto shoir O'zbekiston va Xalqaro qizil kitobga kiritilgan olqorni mahv etmoqchi bo'lgan kimsani urushish, ranjitish o'rniga, uning ko'ngliga qarab, yumshoq, muloyim so'zlar aytib o'tirsa?

Shu tobda Tilak akaning gapirishga xohishi, majoli yo'q edi. Faqat bu — ovchi yigitga ozor bermang­lar, ranjitmanglar? — deb tog'begiga iltijoli termuldi.

— Hech gap bo'lmaydi. Tovba qildi, ortiq bu ishga qo'l urmaydi.

— Unda… ayb yo'q… Ayting… Hech kim… aybdor emas… tasodif, nafs qutqusi. So'zlari shu bo'ldi Tilak Jo'raning. Bu so'zlarni eshitgan ovchi qilgan ishidan xijolat tortib, hammadan qayta-qayta uzr so'radi. Ortiq bunday nojo'ya ishga qo'l urmaslikka ont ichdi.

Bu odam o'zi qanday odam. Bu odam tog'begi og'zidan, Oqtov etaklari-yu, kengliklarida zirva, daralarda tabiat in'om etgan barcha jonzot va mavju­dotlarni homiysi — Xudo tomonidan yuborilgan bir odam, tog' darveshi bor deb eshitgan edi. Ana shu ta'sirli   voqea uning ko'ngli qatlamlarini yumshatgan. Ko'nglida rahm-shafqat, ezgulik xis­latlarini uyg'otgandi. Qaerdadir o'qigandi. Inson qalbi uning tanasidan yuz barobar og'irroq deb shunchalik og'irki, uni ko'tarishga bir kishining quvvati yetmaydi. Uni o'zini tutishi, holatiga ahamiyat qaratishi zo'ravonlik hissining kuchayishiga nima sabab bo'lgan ekan? Oq tog'larni izladim, qora tog'lar duch keldi degan xalq qo'shiq satrlarini yodga olib, Oqtov cho'qqilariga tikilgan ko'yi, ko'nglidan talay fikrlar o'tdi.

Ular tog' so'qmoqlarida sayr etishdi. Chashma suvida cho'milishdi. Tog' manzaralari, yam-yashil da­raxtlar, archalar, bodomlar ko'nglida ajib tuyg'ularni uyg'otdi.

Hozir shu tobda ko'rganlarining barisi tabiatni insonga ehsoni emasmi? Yoki bo'lmasa, Ollohning, Yaratuvchining mo''jizalaridan yana birimikan? Chindan ham, Yaratmish qarshisida inson bolasining tilu zaboni lol, o'zi esa qanchalar ojiz ekanligini anglaysan deb qo'ydi beixtiyor Tilak Jo'ra.

Ha, olis Nurota tog' tizmalarining ziynati bo'lmish Oqtov va Qoratovda ko'rganlaridan, sargu­zashtlaridan mamnun edi. Yuragini Oqtov sog'inchi-yu, muhabbati tark etmasdi. Rosti, chorrahadagi mahobatli tog'larning tabiat bilan uyg'unlashgan go'zalligi har kimni lol etadi. Yuqorida eslatilganidek, Tilak Jo'ra haqidagi xotiralarimning bir qismi tog' sayohati bilan bog'liq. O'shanda G'aybulla Salomov sabab bo'lib, Xatirchiga Oqtovga Tilak aka borgan edi. Safar chog'ida Tilak Jo'raning inson sifatidagi qiyofasini ochgan bu voqeani ancha mahalgacha G'aybulla domla og'zidan bol tomib so'zlab yurdi.

Qorako'l zaminining ardoqli farzandi Tilak Jo'rani taniqli shoir, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Bahrom Ro'zimuhammad alohida hurmat bilan eslaydi: “Tilak aka kamtar, kamsuqum, beozorgina bir kishi edi. Amalga, mukofotga talpinganini eslay olmayman. Faqat ijodni o'ylardi. So'zni, kalomni mahorat bilan tuyg'u ila bezardi. She'rni ko'ngilga yoqadigan qilib yozardi. O'zidan yaxshi nom, o'zbek adabiyotida munosib iz qoldirdi”.

Darhaqiqat, shunday.

Yaqinda Qorako'lning Sayot qishlog'ida bir ko'rkam ma'naviy maskan barpo etildi. Kamsuqum, kamtar, nozikta'b shoirning uy-muzeyi aynan u tavallud top­gan xonadonda bunyod etilgan, ammo shoirning o'ziday “xokisor” holda. Biz, umuman she'riyatning xos muxlislari, nozikta'b shoir va olimning xotirasi yanada qadrlanishini, nomi abadiylashtirilishini istardik.

Ulug'bek JUMAYEV,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − 16 =