Yurakning olis yo'li

El sevgan shoira Sharifa Salimova ijodiy ruhiyatiga chizgilar…

 

“Sukunat —

   Bu olis yurakning yo'li,

     Shovqin orasidan o'tgan umrbod…”

 

Bir Inson ko'ksida qancha qalb bor? Qancha yurak bor?.. Bu qalbning makoniyu zamoni… poyo­niyu sarhadlari qaerda? Sahifalarni Ko'ngil osmoniga bitilgan oyatday shivirlay boshlaganingiz sirli bir lahzada, shaksiz, u sizning qalbingizga aylanadi… Xoliq bilgan, bildirgan sirlar oldida faqat siz… O'sha sizdek…

 

Ishqi Ilohiy jonimni yoqar,

Chun qalbda dashti Karbalo yaratdi…

 

Faqat bu siru asotirni yana kim bildiykan?.. Qattiq qoqilgan qalbingiz qopqalarini yana kim ochdiykan? Qachon ochdiykin?

 

…qalbim qanotlarin ho'plar alanga

Nahot do'zax menga shunchalar mushtoq?

Nahot azoblar ham rohatdir menga?

 

Axir qalbingizga qamalgani jannat emas…Alanga edi… Vulqon edi…

Otilsa osmonni tutadigan, ochilsa dunyo holini tang etadigan Ishqi Isyon edi ehtimol?.. Shu bois u o'z qalbida — ya'ni do'zaxda Samoviy azobni tuyib, olamga oshno Sevgi ohanglarini, borliqqa Biru Borning bor ranglarini sog'inar?

 

“Men sukut saqladim,

Bir so'z demadim…

Ergashdim tun sepgan nur izlaridan…”

 

Sukunat tilga kirganda u Nur qadamlariga ergashadi. Nur izlaridan izlaydi. Nimani? Kimni? Ehtimol o'zini? Koinotdan… Osmon etagidan Nur arqog'iga evrilib tushayotgan So'zini? U Samo bilan so'zsiz sirlashadi, tillashadi. Va shu oniy lahzalarda Ruhning oliy lahzalarini yashab o'tadi.

 

Kunning qadahida titraydi boda –

Umr Ibtidosi va Intihosi…

 

Vaqt bilan yuzma-yuz qolish, ehtimol bu lahzada Abadiyatni his qilishdir? Balki shu Ilohiy hisning yashirin sirning o'zidir asl she'r? Siz bu qaynoq misralarni o'qiyotib O'zingizga aylanasiz. Qalbingiz shivirlay boshlaydi… Dilingiz tilga kiradi. Ko'ngil tiriladi:

 

… sukut saqlab yonaverar sham,

Uning tilin zulmat biladi.

U sevgisin tunning ko'ksiga

O'tli bayroq kabi iladi…

 

Shu misralarni ko'ngil tili — jarangosi bilan o'qiyotib ham Sukut, Jimlik haqida gapirish mumkinmi? Aslida Sukutning o'zi emasmi eng ulkan hayqiriq, faryod?

Aslida ham… Sukut — bu qalbning hayqirig'i… Uni quloqlar emas, qalblar eshitadi! Shoira sizni shu ilohiy Ishq qoshiga yolg'iz olib boradi. Yolg'iz qoldiradi. Axir Yolg'izning qoshida inson hamisha yolg'iz! She'riyat esa bu — ruhning yo'li. Yolg'izlik yo'li… U yagona birlik qurbiyatikim, Unga suyanganlar, U bilan qud­ratli bo'lgay. Shu ma'noda uning topganlari — iztirob… U Ayol qalbi ichida shu qadar Ishqu isyonlar, Sevgiyu Sog'inchlar, topinchlaru yaratishlar silsilasi borligini yashirin til ila so'zlaydi. Sokin… tilsiz… sassiz hol ila…Kimsasiz… kimsaga iddaosiz..

 

Dunyolardan kechib … mushkul… mujarrad…

Ayol qalbi ila sevadi!..

 

Bu bitiklar tabiatning ba'zan tiniq, ba'zan yorqin, ba'zan parishon va mahzun manzaralari kayfiyatida borliqqa sochilgan yaratiqlarning bir juzvi-ashyosida “yarq” etib aks etadi-yu, ruhiy muvozanatingizni buzib yuboradi. Muallif So'z sathida qaltis o'yin bosh­laydi. Nilufar gullardek tuyg'ular tasvirini varaq yuziga sochib tashlaydi-yu, uning ildizlari yetib borgan iztirob va dard toshlarini pinhon qoldiradi. Pinhon qoldirgandek ulkan muzqoyalarning eng ulkan cho'qqilari bepoyon ummonlar tubida…

Yashirish… bu Ishqning holi… bu Ishqning tabiati… Hazrat Mir Alisher Navoiy sha'mning olov tili Zulmat saltanatiga o't qo'yajagi haqida tamsil qilarkan, ko'hna Sharq she'­riyatidagi bu obraz bugungi Ayol qalbining ham yoniq Tug'i bo'lib ko'tariladi. Endi u Ona qalbi bo'lib ko'tariladi. Ona qalbi bo'lib Oyoqqa qalqadi…

 

Tunda turib, yulduzlarga boqdim men,

Yulduz to'la daryo kabi qalqdim men,

Arsh arkini nido bo'lib yoqdim men,

Qodir Egam, Turkistonni asragin!

 

Bu yuragi yurt yuragiga, tomiri el tomiriga tutash Shoirning so'zi. Duosi. Tavallosi…

Etmish yillik mustabid tuzumning zanglagan zanjirlari, og'ir kishanlari bo'yinlardan bo'shalib, oyoqlardan uzilib, tizzalar tik turayotganda tanazzulga uchragan tizim o'zi uchun Ozodlikning erkin qushlarini bir-bir qurbonlikka talab etayotgan pallalarda har gal chin shoirlar, asl shoirlarning so'zlari so'zon bo'lib, tug'yonlari Tug' bo'lib ko'tariladi va davr qalbidek yangraydi!

Bu buyuk ko'tarilishlar buhronida uning ham qalami qilichga evriladi. Qalamidan to'kilgan So'zlar goh o'ziga o't qo'ygan ayollaru jigari xastalangan go'daklar, Tili tortib olingan millat, dini toptalgan tuproqning taqdiri, xalq taqdiri, erki hal bo'layotgan katta kurashda qatliom bo'layotgan yigitlaru quriyotgan Orol haqida shiddatli publitsistik maqolalarga, goh dramatizmga boy dostonlarga, goh o'tli, alangali she'rlarga aylanadi.

Gazeta va jurnallarda dolzarb muammolarni dadillik bilan olib chiqar ekan, mas'ullar oldiga, balki davr oldiga eng ulkan savollarni qo'yadi.

Sharifa Salimova bu qaltis damlarda nafaqat ijodkor sifatida So'zda, balki vatanning chinakam fidoyi farzandi sifatida fao­liyatida ham bu katta muhorabaga kiradi. Bu muammolar yechimini ham shu davrning o'zidan topadi.

 

Yuragida O'shu O'zgan, Andijon,

Nola qilar ko'zlaridan oqqan qon,

Qodir Egam, Turkistonni asragin!..

 

Eng to'g'ri so'z o'z o'rnida aytilgan so'zdir. Bunday so'zning alangasi kuchli bo'ladi.

Botirlarning yerdan o'mganini ko'targan To'marisning qilichimasmi? Qavmi yovning qamaliga qolganda olis yurtdan tomirini yodlagan, Alpomishni kurashlarga chorlagan Oybarchinning sadoqati, So'ziyu… Yog'iylar tuyog'iga mix qoqib… yerga qoqilganda

 

Qurriyo qur, hayt-a, to'ramning oti,

Oq to'shim — yag'rining, sochim — shipirtki,

 

— deya Boychiborga qanot bergan uning Da'vati emasmidi?

Sharifa Salimova yurt deganda har gal shu ko'hna ildizga qaytadi. Ruhida qadim momolarning oriyatini jamlab, har gal Ona timsolida hayqiradi.

 

Tug'ing nafaslarin ichganda dunyo,

O'zbek degan nomga to'lganda samo,

Biz bag'ringda yotib qilgancha duo,

Sendan bir dam ayro tushmaymiz, Vatan!..

 

Ba'zan she'rning lirik kayfiyatiga sig'maydigan epik polotnolar Sharifa Salimovaning “To'maris” va “Xizr bulog'i” dostonlarida o'z ko'lamining kengligi, mazmun-mohiyatining teranligi bilan aks etadi.

To'maris — yurt ozodligi timsoli.

El erkini istilo etishga intilgan qonxo'r bosqinchilarga adl chiqa olgan Malika qahramonligi, Ona qasosi… Istiqlol shunchaki kelmagan. U qullik komiga botirilgan xalqning qonlari evaziga kelgan…

80 yillar so'nggidagi mudhish holatlar…paxta… o'zbeklar ishi… ona sutidan mahrum go'daklar, millat genetikasini buzadigan turli ruhiy ma'naviy bosqinchiliklarga nisbatan shoiraning qalbidagi bo'g'iq faryodi edi.

Shu bois “To'maris” dostonidagi har bir qahramon qilichning tig'iday yarqiraydi. Fikrlar to'qnashuvi ham o'tkir qilichlar jarangosiday… keskir… bo'g'iq… shiddatli…

Ular necha ming yillik tarixning olis tumanliklarida qolib ketgan mavhum yoki xayoliy obrazlar emas! O'zimiz!

To'maris…

Maygami yo mayliga aldanib xushyorlikni yo'qotgan Sparganis ham… Va hatto qattol Kir ham… ba'zan o'zimizga o'xshab ketadi. Kurash bizning ichimizda kechadi… davom etadi. Sadoqat va Ochko'zlik. Vafodor erk va jilovlanmagan nafs kurashi. Dunyoning azaliy muhorabasi bugunning ham og'riqlaridek alangalanadi.

Sparganis:

– Onajon,

Men yerga quloq tutyapman,

Yerning ham yuragi bor ekan,Ona!..

 

Doston kuchli xarakterlar, qarashlar ziddiyati, kurashi kechayotgan dramatik sahnaga aylanadi. Hatto shivirlab o'qisangiz ham asarning ayni shu avj nuqtasida vaqt tezlashib ketgandek, butun olam olovli so'zlar hayqirig'iga to'lib ketgandek tuyuladi.

 

Duk-duk…

Yurak ketib borar boqiy dunyoga,

Quyoshning qip-qizil qoniga botib.

Kir tosh qotib turar.

So'ngra qilichin

Yovshanlar ichiga yubordi otib.

Shamol yuguradi ho'ngrab, halloslab…

 

Sochlaringni yoy… shamollar keltirgan shum xabardan osmon yoriladi go'yo! Kir esa… Negadir qilichini yerga otarkan… mag'lub bo'lganini his qiladi. Zero uning qilichi qodir emasdi bu yurt botirining boshin olmoqqa!.. Shu oliy haqiqat ulkan qahqahaday yangraydi shu lahzada… Muallif bu ichkin sahna girdobini birgina holat ichiga jamlaydi. Kirning qilichini yovshanlar orasiga otib yuborishiga… Shu kulminatsion nuqtada voqelikning so'nggi qadamlari ham ramziy ishora qilinadi. Tup­roqqa otilgan qilichmisol Kirning boshi ham shu yovshanlar orasida uzildi… shu tuproqqa otildi. Va chanog'i o'zining qoniga to'ldirildi!

Kir munosib bo'lolmadi bu yovqur yigitning boshin olmoqqa. Ammo boshqa bir qilich Ulkan taqdir qilichi uning boshiga tushdi. Bu Onaning qilichi edi!

 

– Onalarga sazo bermang!

Bir kuni…

Onalarning uvoli bordir!..

 

Ehtimol shu birgina So'z uchun butun bir dos­ton yaralgandir… deb o'ylaysiz. Voqealar oralab shu ko'hna rivoyat ichidagi yangi hikmatni eshitganda!

Sharifa Salimova shu ulug' masnadda turib Hazrati Ayol ruhini ulug'laydi. Shu baland rutbaga ko'taradi uning sha'nini. Va bugunning Ayoli uchun ham bu Muqaddas va Mangu qo'shiqday jaranglaydi:

 

Qaddingni tik tut, Ayol,

Alamlaring yut, Ayol!

Ayt, bu bir kam dunyoda

Kimning bag'ri but, Ayol!?

 

“Hazrati Xizr bulog'i” yurtdan ketib qolgan ma'naviyat sarchashmalari haqida. U an'anaviy janrga yangicha shakl beradi. Vaqt parchalaridan eng buyuk dardlar tanlab olinadi. Va ular davr tomirlaridan mangu og'riqlardek sizib keladi-yu, bir ulkan qoyaga–Hazrat Alisher Navoiy qoshiga birlashadi. Qaytmoq kerak. O'sha oliy Sarchashmaga… O'zlikka… Va barcha yaralarga malham topib birga-birga   ketmoq kerak. Bir Millat, bir Xalq bo'lib. Tilini top­gan, dini-diyonatini qadrlagan, ajdodlari tanigan katta xalqqa aylanmoq uchun. Shu ulug' sarchashmalar bilan… Navoiy bilan… Yo'q, muallif sizga bu fikrlarni qayd etmaydi…zo'rlab tiqishtirmaydi..

Asar ruhiyatiga beixtiyor ergashib… qadam baqadam tuproqday to'kilib borayotganingizni… Ichingizdagi dardlar sizni qanchalik toshga aylantirgani-yu bu og'riqlar yuragingizni tilkalab-tilib… nihoyat qanchalar chanqab ketganingizni his qilasiz!

Aslida Xizr bulog'i har birimizning ichimizda. Qalbimizda! O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, shoir va tarjimon Sharifa Salimova ijodi, xususan, dos­tonlari asosida   tarixiy videofilmlar, spektakllar   yaratilganda, ishonamanki, eng boy va hayajonli sahna asarlari dunyoga kelgan bo'lar edi.

Zero uning Yurt, Vatan haqidagi shunday she'rlari borki, bu qo'shiqlarning o'zi millionlab yuraklarda eng olovli, bo'ronli-yu, alamli sahna asarlarini yaratib qo'ygan. O'tish davrining mashaqqatli yillari-yu, chag'ir yo'llarida olislarga badar ketayotgan minglab yosh yigitlarga aytilgan bu So'z yurtimizdagi o'n millionlab Onalarning Qalb nidosiga aylangandi…

 

…Ne qilsang qil,

Lek Vatanni sotma, bolam!..

 

Ijodkor sifatida Sharifa Salimova hech qachon birgina yo'nalish yoki uslubda to'xtab qolmaydi. U –xalq farzandi. Mo'ysafid Otaxonu Onaxonlardan tortib, to… mitti vujudli, ammo katta qalbli bolajonlargacha… Axir bolalikning dunyosida hamma narsa katta… hamma narsa sehrli! Agar uni ishontira olsang! Agar o'zing bolalikka aylana olsang!

Parkent tumanidagi 1-maktabda o'tgan yili sevimli shoiramizning tabarruk 70 yoshiga bag'ishlangan katta uchrashuv, anjuman bo'lib o'tgandi.

Mingga yaqin odamlarning samimiy mehri, e'zozi, e'tiborini ko'rib “Eng aziz inson – o'z ota makonida ardoqli bo'lgan inson” ekaniga amin bo'ldik. Katta sahnalarda katta san'atkorlar tomonidan aytilgan qo'shiqlaru yillar mobaynida adabiyotimizni boyitgan Sharifa Salimova kitoblaridan she'rlar o'qildi. Biroq davraga katta-katta ko'zli, yigirma chog'li bolajonlarning chiqib kelishi muhitni butunlay o'zgartirib yubordi!

Mo''jaz bolalikning mo''jizalari yang'lig' ertakmonand, hayvonot olami tilidan yozilgan ajoyibu g'aroyib she'rlar o'qildi-yu, bugungi o'zbek she'riyatida Sharifa Salimova nafaqat kattalarning katta shoirasi, balki bolalar adabiyotining ham katta namoyandasi ekanligini tan oldik!

Yurakning mangu olov yang'lig' yonib turishi ulkan hodisa. Ayniqsa, she'riyatda. O'tgan asrning 70-yillarida o'zbek she'riyatiga gurullab, porlab, o'ziga xos hayratu hayajonlarni boshlab kelgan Sharifa Salimova mana yarim asrki, ko'ngilning eng yoniq tuyg'ulariyu, vazmin tug'yonlari bilan ijod qilmoqda. Qalbi va Qalami qanotga aylanib taxayyul va tasavvur sarhadlarini zabt etmoqda. Ba'zan ibodat, ba'zida duo, ba'zan munojot, ba'zida shiddatli da'vatlari bilan hayotimizning har bir yangi tongi va tunida ko'nglimizni o'z ortidan   ergashtirmoqda.

 

Balki shudir shoir uchun eng go'zal baxt:

Ijod baxti…

Har daqiqa qurbiyat va

Ilohiy Ilhom parvozi!..

Zebo MIRZO

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen + 11 =