Tarixga uyqash taqdir

O, Muhammad Ali do'stim! Sizga aytadigan gaplarim ko'p…

Sanasi aniq esimda yo'q, Qamashi tumanida tashkillashtirilgan Orol dengizi taqdiri to'g'risidagi uchrashuvga taklif etilganmiz. Poezdda kursdoshim, birodarim va eng yaqin do'stim Qo'ylisher Egamnazarovni uchratdim. U hamrohlarimga hayronlik bilan boqib, menga sekin shivirladi:

— Obro'yli ijodkorlar-ku, umumiy vagonda yuradilarmi bular ham…

— Ijodkorlar ham xalq vakillari, odamlar orasida yurishadi-da,   — kulib qo'ydim men.

 

Haqiqatan ham barcha uchun mo'ljallangan umumiy vagonda filologiya fanlari doktori, professor Pirmat Shermuhamedov, filologiya fanlari doktori, professor, mashhur jadidchi Begali Qosimov va sizni ko'rganlar avval ajablanib qarashar, keyin ko'zlariga ishonmaganday o'z joylariga borib o'tirishar yoki boshqa vagonga o'tib ketishardi. O'zimcha o'ylardim: ularning tasavvuricha,   mashhur insonlar “Volga”, yoxud (o'sha paytlarda moda bo'lgan) “Jiguli” mashinalarida atrofni tomosha qilgancha, yoki samolyotda biror yerga ketishlari kerak edi, shekilli. Ba'zilar o'ylashmaydiki, inson qaysi mavqeda bo'lmasin, el orasida qanday obro'ga egaligidan qat'i nazar, ommadan ajralmasligi shart! Chunki ona qornida hamma birday embrion, pusht va homila davrini boshidan kechiradi. Barcha chaqaloqlar bir xil mavqega ega ekan, ulg'ayganda ham shunga amal qilish kerak. Yo'qsa kishida tabaqalanishga mayl uyg'ona boshlaydi. To'g'ri, bunday qarashga qarshilar, buni rasmiy va norasmiy ravishda tan olmaydiganlar, dunyo miqyosidagi arifmetik progressiya bo'­yicha olinadigan bo'lsa, ko'payib borayotganligini ham tan olishga majburmiz… Ha, mayli, asosiy mavzuga qaytaylik. Qarshi shahriga poezdimiz chamasi bir soatlar kechikib bordi. Yengil mashinalarda Qamashi tomon ravona bo'ldik.

Chim — ancha katta qishloq. Naq Qashqadaryo doirasining biqinida joylashgan. Shu qish­loqqa kiraverishda yer sathidan ancha ko'tarilgan tepacha bor. Shu yerga kelganimizda, shu yerda biroz to'xtaylik, dedingiz. Mening andakkina achchig'im chiqdi. Ko'nglimdan: “Bu yer tarixiy tepalik bo'lmasa, o'zi manzilga kechikayotgan bo'lsak, odamlar to'planib kutib turgan bo'lsa… lekin mehmon atoyi xudo, gapini yerda qoldirib bo'lmaydi”, — degan o'ylar kechdi.

Siz mashinadan tushib, g'oyat asta-sekinlik bilan yoyiq tepalikka ko'tarildingiz. Atrof­­ni kuzatib, kostyumning tugmalarini yechib,   quloch yozdingiz. Xuddi uchayotgan burgutga o'xshab qoldingiz! Keyin chuqur nafas olib biroz qaltiragan, ammo o'zgacha bir zavqli tovushda hayqirdingiz: “Oh, ufq chizig'ini ham ko'rar kun bor ekan-ku!”. Men ham atrofga, kengliklarga, gir aylanib nazar tashladim. Ha, kunchiqar tarafda Hisor tog'ining tizmalari yastanib ko'zga tashlanar, kunbotar va ikki yon tarafda ufq chiziqlari to'nkarilgan osmon qozonini va tekis yassi zaminni bir-biridan yaqqol ajratib turardi. “E… shoir ahli! Oddiy narsalardan mo''jiza topishga bunchalik mohir bo'lmasalar”, — degan o'ylar xayolimdan kechdi va ko'nglimda shunday she'riy satrlar tug'ildi:

Ko'zimga namoyon ufqning chizig'i,

Qalbimda jo'sh urar hayrat qo'shig'i.

Hislarim mavjlanib shivirlar asta:

— Tugamagay hargiz ijod qo'shig'i.

Muhammad Ali! Men Sizni nashriyotda ishlagan paytlaringizdan yaxshi bilaman. Ijodning sirtidan mag'ziga kirmoq uchun shiddat bilan emas, balki yuksak diplomatik usul orqali shoshmaslik yo'lini tanladingiz. Tarix qatlamlariga ko'z tashladingiz-u, xayolingizning barcha qatlamlarini buyuk va g'aroyib o'tmish zarvaraqlari to'liq zabt etdi. Shu zarvaraqlar poydevoridan uchgan ilhom qushlarining navolaridan “Mashrab” va “Gumbazdagi nur” dostonlari qog'ozga tushdi. Natijada mashhur yozuvchi Abdulla Qahhor tarafidan uchrashuvga taklif etildingiz.

Tikonlar ichida o'sarkan tikon,

Tikonsiz bo'lmoqqa topibdi imkon.

Gul birla shu joyni aylabon makon,

Yasharkan quvonib, dardsiz yonma-yon.

Siz So'fi Olloyor bobomizning “O'ting bo'lsa, o't, o'tlar orasidan!” degan o'gitini qat'iy qoida sifatida qalbingizga o'chmas qilib mustahkam   joylab oldingiz. Bu hol juda ko'p voqea va hodisalarda sizga madad va quvvat ato etdi va etib kelmoqda. Chunonchi, tekismas, o'nqir-cho'nqirlardan iborat hayot va ijod yo'lidan og'ishmay yuksaklikka intilishingizda juda ko'p ijobiy va salbiy omillarga duch keldingiz. Salbiylari salmoqliroq bo'lganligi ham aniq. Hatto: “Nega sizning kitobingiz Navoiy bobomizning chop etilgan kitobiga qaraganda chiroyli va qattiq muqovada bosilgan? Nima, siz Navoiydan ham buyukmisiz?”, deyilgan g'azab bilan aytilgan so'zlarni eshitganingizda ham odob bilan jim turdingiz… Axir, bu ish nashriyotning imkoniga bog'liq-ku, degan so'zlar xayolingizga kelsa ham indamadingiz. Bu voqea atayin uyushtirilganligini o'shandayoq faxmladingiz. Bo'lajak zarbaning kuchli to'lqini siz tomon yo'naltirilganligini sezdingiz va bunga tayyor turdingiz. Chunki bunga o'xshash voqealar sizga ma'lum edi.   O, Muhammad Ali!

Sangzor ichra sen ham chekding ko'p jabr,

Sitamlar jabridan oh tortdi taqdir.

Ammo mehr berdi oddiy bir qadr,

Quvonib so'zlading buni birma-bir.

 

1985 yil yozi edi. Qashqadaryoning sizning bag'ringizga o'xshash keng xiyobonidagi makon — Begali akaning uyiga mehmon bo'lganimizdan keyin cho'llarni yaxshi bilguvchi Elomon Sariq degan xushfe'l   odam bilan Malik cho'li orqali Chilgumbaz sardobasi sari otlandik. Elomon Sariq mohir yo'l boshlovchi ekan. Faqat cho'l, cho'l… keng yaylov, cheksizlik, nishona bo'ladigan bironta belgi yo'q. Bizning ko'zimizga to'g'rimiz ham, o'ngimiz ham, chapimiz ham bir xil… bir xil… Shu holda borar ekanmiz, Sohibqiron zamonlarida ularni g'ajarchi, deyishardi, yo'l boshlovchimizning hovliqib gapirgan so'zlari jimlikni buzdi:

—O'h! Ana, u toshni kimdir besh metr nariga suribdi-ya! Nega unday qildi ekan? Cho'lning faqat o'ziga tegishli qattiq odob qonuni bor, ya'ni kattami yo kichikmi, xasmi yo cho'pmi, yog'ochmi, toshmi, yo kesakmi, biron narsasiga tegish kerakmas. Bu, albatta, adashishga sabab bo'lib, bir necha o'n chaqirim yo'llarni bekordan – bekorga bosib o'tishga olib keladi. Ikkinchi qonuni shuki, siz safarga cho'lga otlandingizmi, albatta, to'rtta yoki beshta kichkina toshchalarni olishni unutmang. Mabodo cho'lda adashib qolsangiz va tashnalik qiynasa toshchalarning ikki yoki uchtasini og'zingizga solib, til tagida aylantiravering, aylantiravering. Og'zingizni qurib qolishdan saqlaydi…

Siz buni yaxshi eshitib oldingiz. Keyin men bu hol tasvirini “Ulug' saltanat”ning uchinchi kitobida Axiy Jabbor bahodirning Karbalo jaziramasida suvsizlikka duch kelganida ko'rdim. Darhol Elomon Sariq yodimga tushdi…

Chilgumbazga ham yetib keldik. Birinchi e'tiborimizni tortgani, mototsiklchilarning ko'p­ligi bo'ldi. Aniq bo'ldiki, ular mototsikllarining akkumlyatoriga kerakli suvni Chilgumbaz sardobasidan olishar ekanlar. Demak, sardobaning suvi shunchalik darajada toza ekan-da! Sardobaning suvi maromida esayotgan shabadadan yengilgina chayqalib, jimirlab­gina, pastak-pastak to'lqinlar hosil qilar, sanasa bo'ladigan xas-cho'plar uning bir burchagida qisinishibgina to'lqinlanardi. Men esa sizga razm solaman: siz esa bor diqqatingizni suv yuzasidagi mo''jizaga qaratgansiz. Nihoyat,   tiniq tovushingiz eshitildi:

— Bobolarimizning mushohada qobiliyati ancha kuchli bo'lgan-da. Sardobaga loyiq joyni tanlash, shamolning qaysi tarafdan esayotganligini hisobga olib, zaruriy darchalar qoldirish, ayniqsa, qor va yomg'ir suvlarining aynan shu darchalar orqali sardobada to'planishini idrok etish uchun o'quv va uquv hamda aqliy taj­riba bo'lishi shart. Qoyilman! Jumanazar, siz bilsangiz kerak. Abdullaxon 40 ta sardoba qurdirgan. Eng oxirgi sardoba Chilgumbaz. Xullas, mening fikrimcha, Amir Temur Sohibqirondan keyin barakali bunyodkorlik bilan Abdullaxon shug'ullangan. Abdullaxonning tarixda qoldirgan martabasini aniqlash, menimcha…

So'zlaringizni jon qulog'im bilan tinglar ekanman, hayron qolaman: go'yo siz bu gaplarni bizga emas, g'oyat tiniq suvning mayda-mayda o'rkachlariga aytayotganday edingiz. Shu tobda men sizning suhbatlashish odobingizga qoyil qoldim. Axir, men Abdullaxonning tarixini bilmasdim. Ammo siz bilsangiz kerak, deb mening hurmatimni bir pog'ona yuqorilatdingiz.

Chilgumbazning suvidan qaynatib, choy damladik (Uning mazasi haqida haligacha orziqib gapiramiz). O'shanda hali tugallanmagan “Boqiy dunyo” romani to'g'risida samimiy suhbat bo'ldi. Rahmatli Begali Qosimov samimiy bir fikr bildirgani esimda:   — Do'stim! Mavzu juda yaxshi tanlangan. Adabiyotimizda she'riy roman kam ekanligini ham unutmasligimiz kerak. Agar Nasriddinning harakatlarida Turkistonni erkin ko'rish g'oyasini she'riy satrlar orasiga singdirib yuborsangiz va Turkiston dunyosining abadiy barqaror bo'lishlik orzusini ro'yobga chiqarish uchun imkon borligini lirik chekinish, tashbeh, istioralarga singdirib yubora olsangiz, roman o'z vazifasini bajargan bo'ladi. Maqsad shu o'zi. Shul sababli ham romanni “Boqiy dunyo” deb nomlasangiz juda mos tushardi.

— Begali, do'stim! — Uning so'zlaridan ruhlandingiz, — mana, siz ham kitobingizni yozib tugatibsiz, qo'lyozmangizni o'qib xursand bo'ldim. Birlamchi manbalar asosida hali adabiyot ahliga   mutlaqo ma'lum bo'lmagan yuzdan ortiq shoirlar haqida   ma'lumotlar kiritibsiz. Monografiyangizni “Izlay-izlay top­ganim” deb nomlasangiz, degandim.

— Ayni ko'nglimdagi tugunni yechdingiz-a! —Mamnun bo'ldi Begali Qosimov, — Necha kunlardan beri o'ylab yurgandim. Siz katta olim ijodkorsiz!

Begali akaning bu bashorati ro'yobga chiqdi, Muhammad Ali! Siz bir ishga qo'l urdingizmi, bajarmay qo'ymaysiz. Hindlarning mashhur “Ramayana” eposi tarjimasi bo'yicha nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyat bilan yoqlaganingiz buning yaqqol isbotidir. Shu o'rinda bir voqeani eslamasak bo'lmas. Mamlakatimizning sobiq rahbari Sharof Rashidov sho'rolar zamonida Hindiston tomonlarga, Bali oroliga rasmiy safar bilan borganida hurmatli mehmonga ochiq osmon tagida “Ramayana”ning sahnalashtirilgan g'oyat qiziqarli tomoshasini ko'rsatishadi. Ijrochilari – oddiy xalq bo'ladi. O'zi ham katta ijodkor, yuksak hurmatga sazovor mehmonning qalbida bu tomosha o'chmas taassurot qoldiradi. Yillar o'tib, “Ramayana” eposi o'zbekchaga tarjima qilinadi, yaxshi baho oladi. Sharof Rashidov uning tadqiqotchisi Muhammad Alini huzuriga chaqiradi va uning mehnatini qadrlab, oltin peroli ruchka sovg'a qiladi. Bu sovg'ada sobiq hukumat rahbari sizni alqab yozgan dastxati muhrlangan. Bu haqda   adabiyotshunos va tarjimon Asil Rashidov   o'zining “Akam haqida” kitobida hikoya qilgan.

O, do'stim Muhammad Ali, siz bir asarni yozishdan oldin uning g'oyasini erinmasdan rosa o'ylaysiz, kerakli va zaruriy faktlarni, dalillarni yig'asiz. “Sarbadorlar” romanining satrlarini qog'ozga mixlayotgan paytingizda arxivdan olingan qo'lyozmalar, toshbosma kitoblar hamda xorijda chop etilgan ko'pdan-ko'p kitoblar ichiga ko'milib, xayollar cherigiga asir bo'lib, keyingi boblarga maftun qalbingizning urayotganligiga necha marta guvoh bo'lganman. Siz xayollar ummonida suzayotgan paytingizda satrlarda ifodalash uchun ko'chalar, imoratlar, qasrlarni tasavvuringizda aniq ko'rasiz, asar qahramonlarining ruhiy holatlarini ko'z oldingizda gavdalantirasiz va bu tasavvurlar xotirangizda mixlangach, xuddi shu yo'nalishda qog'ozga tushirasiz. Asarni yozib tugallagach, uni qaytadan va obdon tahrir qila boshlaysiz. Asarni yozishga qaraganda, tahrir qilishga sarflangan vaqt ikki baravar ko'proq bo'lishi siz uchun qonunga aylangan. O'zim guvohman, “Ulug' saltanat” asari   ustida yigirma yil ter to'kdingiz va bu asar haqli ravishda yurtimizda katta e'tibor qozondi va munaq­qidlar tomonidan mohirona bitilgan asar sifatida e'tirof etildi.

Bo'lmag'ur bir gapdan asablar tarang,

G'azabdan o'zingni tiyasan arang.

Lekin sezib qolding nogahon bir rang,

Shu onda tuzaldi qalbingda yarang.

 

Do'stim, xizmat vazifangiz va ijodingizga nisbatan sizdagi matonat va chidamning metinday mustahkamligiga jarrohona rahmsiz qalbim birlan a'lo darajada tan berganman. Ko'p sonli publitsistik maqolalar, shonli armiyamizning jasoratini oshirishga, rag'bat berishga mo'ljallangan, ruhan kuch berishga bag'ish­langan risolalar bunga aynan dalildir. Ayniqsa, ijodkor yelkadoshlaringizning kichikkina muvaffaqiyatidan ham quvonib, nuqta va verguligacha alohida e'tibor bilan so'zlaganingizda ko'zlaringizdagi yog'dudan zavqlanganman:

 

Ayta olsang-chi gar: “Dilda yo'q qasdim!

Zavqli lahzalardan tolmas bo'y-bastim.

Qalbim devoriga o'yib-la yozdim:

“Quvona bilmoq ham fazilat,do'stim!”

Sizni tariximizning po'lat arqonlari o'z sahnasining markaziga tobora tortaverdi, kamalak rangidek u o'ziga maftun etaverdi. Ijodingizning boshlang'ich nuqtalarida yurtimizning jasur o'g'loni Spitamenning jasoratiga mahliyo bo'lganingiz, uning mardligi to'g'risida nimadir yozmoqchi bo'lib kechalari bilan to'lg'anib chiqqan onlaringiz xayolingizdan birin-ketin o'ta boshladi. Siz yigirma besh yoshda edingiz. Milliy qahramonimiz haqida o'shanda turkum she'rlar yozdingiz. Yillar o'tib, Siz tarixning sirli qatlamlariga yanada chuqurroq kirib borayotganligingizni o'zingiz ham aniq anglamagan holda Spitamenning jasoratli qizi Apamaga duch keldingiz.   Ana endi boshlandi tarix bo'hronlari to'lqinida goh ko'rinib, goh ko'rinmay, gohida quvonib, goho o'rtanib, yillar makoni ichra inson taqdirining o'zgarmog'i sabablarini hayrat bilan kuzatishingiz!   Bu paytlar siz o'z Vataningizda emasdingiz, balki Misr va Ellada shaharlarining gavjum ko'chalarida insonlar qismatining, tarixning dahshatli chigallari ichra goh olchi, goho taha, yoki chikka, yoxud pikka bo'lib, chirpirak holatda aylanishlarini shoshib xotirangizga yozar va xulosalar chiqarishga urinardingiz…

Kleopatra o'ziga sizni ruhan quvvati va jasorati birlan maftun etdi, chunki uning qon tomirlarida ona Vatanini jonidan ortiq sevguvchi Spitamen va uning iffati, oriyatini haddan tashqari avaylovchi qizi Apamadan o'tgan chinakam vatanparvarlik, jangovorlik fazilatlari nur taratib turardi. Shu tufayli ham Kleopatra Misr mustaqilligini saqlab qolmoq uchun Yuliy Sezar, Mark Antoniy   va ularning gumashtalari bilan gohida pinhoniy, ba'zan ochiqchasiga kurashdi. Mana, shu kurashlar ichida siz ham toblandingiz va Kleopatra o'zbek kitobxonining badiiy qahramoniga aylandi. Tashakkur! Kleopatra haqli ravishda To'maris momomiz, Bibixonim, Xonzoda xonim, Zebunniso, Nodirabegim, Uvaysiy hamda Qurbonjon dodxoh kabi aziz siymolarimiz safidan munosib ravishda joy olishiga ishonamiz.

Muhammad Ali! Siz o'zbek adabiyotining jahon sahnasida o'zining munosib o'rnini egallashida munosib hissangizni qo'shgan ijodkorlar safidan o'rin olganligingiz allaqachon e'tirof etilgan. Asarlaringizning bir qancha xorij tillariga o'girilganligi buning yaqqol isbotidir.

Sakson yosh! Lekin Siz uchun ijodning g'unchalari endi ochiladi. Chunki Sizda ijodiy ruh juda-juda yuksak. Shunday ekan, siz va siz kabi ijodkorlarning ibratli hayotini yoshlarga namuna sifatida ko'rsatishga haqliman, deb hisoblayman:

Kashfiyot qil — xalqingga tuhfa,

Ash'or aytgil el iqbolidan.

Aynan olgil o'rnak har dafa,

Ijodda —   Muhammad Alidan!

 

Jumanazar BEKNAZAR,

professor,

O'zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − 15 =