“Usmon Nosir” spektakli tegrasidagi o'ylar

Millatimizning hassos va jununvash shoiri, chin iste'dod sohibi, “Sharq Pushkini” degan yuksak maqomga erishgan otashin ijodkor Usmon Nosir tavalludining 110 yilligi munosabati ila yaqinda Muqimiy nomidagi O'zbekiston davlat musiqali drama teatrida premyera sifatida namoyish qilingan “Usmon Nosir” spektakli madaniy jamoatchilik orasida qizg'in munozaralarga sabab bo'ldi. Buning o'ziga xos omillari bor, albatta. Avvalo, necha yillar maishiy mavzular tegrasida o'ralashib, asl tarixi va an'analarini unutayozgan Muqimiy teatrining yana jiddiy asarlarga qayta boshlagani, millat oydinlarini sahnaga olib chiqayotgani g'oyat quvonchli hodisa edi. Yana bir e'tirofli holat shuki, o'zbek teatrining istiqboli, yosh avlodning taqdiri xususida anchayin xavotirli mulohazalar aytilayotgan bir payt­­da “Qo'rqma” romani muallifi, yosh yozuvchi Javlon Jovliyev dramaturg o'laroq kashf etilib, tengquri, navqiron rejissyor Dos­ton Haqberdiyev bilan ijodiy tandemni yuzaga keltirdi. Qolaversa, spektakl dirijyori, rassomi va aktyorlar jamoasi ham yoshlardan iborat, shu jihatning o'ziyoq ko'ngilga tasalli berardi. Va nazdimizda, eng muhimi, o'rtada Usmon Nosir shaxsi bor, bu buyuk shoir haqida o'rtamiyona asar yaratib, tasavvurimizdagi ko'rimlarni xira torttirmoqqa hech kimning haqqi yo'q.

Spektakl haqidagi mulohazalarimizni bevosita dramaning o'zidan boshlasak, mantiqan to'g'ri bo'lar. Javlon Jovliyevning ijodiy evolyu­siyasi tizimli rivojlanmoqda, dastlab hi­koyalar, keyin roman yozgan yozuvchi endi badiiy adabiyotning eng murakkab yo'nalishi – dramaturgiyaga qo'l urdi. Darhaqiqat, bu oson janr emas. Hatto dunyo adabiyoti “metrlari” Tolstoyyu Dostoyevskiylar ham iqror bo'lgan bunga. Oqsoqol adiblarimiz Abdulla Qahhor, Asqad Muxtor, Said Ahmadlar ham nasrda ancha-muncha qalam tebratib, nom chiqargach, dramaturgiyaga kirib kelgani ma'lum. Shu ma'noda Javlonning yo'li to'g'ri, maqsadli va eng muhimi, u ilk dramatik asaridayoq talaygina muvaffaqiyatlarga erisha olgan. Xususan, dramaturgiya, umuman, badiiy adabiyotga xos tipiklashtirish, davr va shaxs fojiasini umumiy fonda ifodalash, monologu dialoglarga ijtimoiy ruh singdirish, dramani lirika bilan uyg'unlashtirish singari jihatlarda muallifning iste'dodi, savqi tabiiysi yaqqol ko'rinadi. Ayniqsa, Usmon Nosir tilidan yangrovchi xitoblar g'oyat jo'shqin, ohorli, ehtirosli, ustoz Abdulla Orif aytmoqchi, bamisli “tekkan joyni kuydiradigan olov”dek haroratli. Darvoqe, dramaning ilk nomi “Issiq qor” edi, kaminaga shu nom ma'qul bo'lgandi. Bu manfur tuzum tirik hujayralarning barini muzlatgan, haqiqatni aytuvchi tillar yaxdek qotirilgan edi, shu bois bosh qahramon sahnaga muzlatgichda olib chiqilar va drama intihosida azobu xo'rliklardan abgor bo'lib, o'tinch­­li yozg'irardi: “Yo, Alloh, o'zing ilit bu toshyurak­larni… O'zing bu o'lkalarga ham issiq qorlarni yog'dir…”. Ko'rinadiki, yozuvchi dramada metaforalardan unumli foydalanadi, qahramonini ramzlar tili orqali so'zlatadi. Shuningdek, pyesada bosh qahramon tilidan aytiluvchi “Adabiyot yo'q, Usmon ham yo'q!”, “Men ko'p yashamayman, she'rlarim qariydi, men emas…”,   “Sutning ta'mi qolgan “ona” degan so'zda”,   “Men adabiyotga emas, urushga kirdim” kabi monologlar tomoshabinni hayajonga soladi, otashqalb shoirning ruhiyati, his-tuyg'ulariga oshno etadi.

Javlon Jovliyevning iste'dodiga hech shubha qilmagan holda, “Suqrot – mening do'stim, lekin haqiqat undan afzaldir” degan ko'hna aqidaga rioya qilib, dramaning tom ma'noda barkamol chiqishiga soya solgan ikki jihatni ta'kidlashni xohlardik: birinchisi, asarda nasriy til ustuvorlik qiladi. Monologu dialoglar har qancha ta'sirchan, ijtimoiy dardga yo'g'rilgan bo'lmasin, ularda ortiqcha tafsilot, cho'ziqlik bor. Nasrda bu o'zini oqlaydi, lekin dramada emas. Dramatik turda so'z ortidagi fikr, holat, ehtirosu tuyg'ular harakatlanishi lozim, dramaturgning yozuvchidan farqi u qahramonlari taqdiriga bevosita aralasholmaydi, faqat onda-sonda remarkalar orqali munosabat bildiradi. Nasrning tili-yu jozibasini puxta o'zlashtirgan Javlon esa personajlariga birmuncha ko'proq so'z yuklaydi, natijada, asar sahnaga chiqqach, voqealar cho'zilgani ayon bo'ladi. Ikkinchisi, dramaturgiyaning qon tomiri bo'lgan xarakter masalasi. Pyesadagi barcha obrazlar xoh ijobiy, xoh salbiy bo'lsin, bir xil rangu tusda namoyon bo'ladi, ya'ni muallif hukmni boshidanoq o'qib qo'yadi: oq-oq, qora-qoraligicha qoladi, qahramonlar sajiyasining turfa tovlanish­lari, rang-barang evolyutsiyasi ko'rsatilmaydi. Buyuk Aristotelning nazariyasi bo'yicha, asarda personajlar “baxtdan – baxtsizlikka yoki baxtsizlikdan baxtga qarab harakatlanadi”, shundan kelib chiqsak, Usmon Nosirni sotgan Shokir Abdi, Qo'chqor Samadlarning asl xarakteri qanday edi? Onasining qornidan sotqin bo'lib tug'ilmagan-ku, axir?! Ayni shu masalalarda drama hali to'la qiyo­miga yetmagani ko'rinadi. Biroq ishonchimiz komilki, Javlonning iste'dodi va mahorati bunday kamchiliklarni bartaraf etishga yetadi.

Endi rejissyor talqiniga to'xtalsak, Doston Haqberdiyevning ko'rimlari, topilmalari, rejissyorlik uquvi va salohiyatini e'tirof etmaslik mumkin emas. Birinchi navbatda, Doston o'z atrofida yaxshi jamoa shakllantira olgan va ularga to'g'ri yo'nalish bergan. Aktyorlar, kompozitor, dirijyor, rassom, libos ustasi, xoreograf va bosh­­qa ijodkorlar rejissyor maslagini his qilgani ko'rinib turadi. Spektakl avvalida shoirning muzlatgichda olib chiqilishi va bu vosita tomosha davomida turli funksiyalarni bajarishi, shartli mizansahnalar – Sho'ro talotumlaridan zada bo'lgan ijodkorning mashhur “O'sha jonman, o'sha qonman va o'sha shonman!” mis­ralarini o'qib, qog'ozlarni jahd ila sachratqi qilishi, shoir she'r­lari va ariyalarning spektakl kompozi­siyasi va ruhiga mos tarzda kiritilgani singari rejissyorlik yutuqlarini alohida ta'kidlash zarur. Ayniqsa, spektakl finalida rus zobitidan o'q yegan sotqinlarning “biz hali ko'p yashaymiz” – deya tomoshabinlar (xalq) orasiga kirishi va yana shu davradan chiqib, Usmon Nosir haykaliga gul qo'yishi – obrazli topilma, bu orqali rejissyor xoinlar oramizdan chiqqaniga ishora qiladi. Ammo nazdimizda, rejissyorning yakdil yechimi, mantiqiy yakuni borasida aniq fikr aytish qiyin. Rejissyor kamida uchta sahnada spektaklga intiholovchi nuqta qo'yadi: boya eslaganimiz, “O'sha jonman…” she'ri o'qilayotganda, ona bilan vidolashuvida va oxirgi sahnada. Kaminaga qolsa, shoirning volidasi bilan xayr-xo'shlashishi ham chiroyli yechim bo'lishi mumkin edi. Boisi otashqalb shoir onasiga qarata shunday nido qiladiki, go'yo bu butun xalqqa   aytilayotgan vasiyatdek yangraydi: “Kut, Ona! Yo'lni ko'zdan uzma, kut ona… meni butun umr kut… Bu eldan el deganlar chiqquncha kut, millatning dardini davolaydiganlar chiqquncha kut… Umring kutish ona!”. Fikrimizcha, shu so'zlar ila spektakl xotimalansa, tomoshabin qalbida ham nedir umid, yorug' bir ishonch qolardi.

Aktyorlar ijrosi haqida so'z ketganda, Usmon Nosir obrazini gavdalantirgan yosh aktyor Ravshan Ibrohimovning mahorati haqida birmuncha nekbin fikrlar aytishga asos yetarli. Teatr sahnasidagi ilk katta roli bo'lishiga qaramay, aktyor shoir ruhiyatining nozik jihatlari, daqiq nuqtalarini his qilishga intiladi. Usmon Nosir xarakterining serqatlamliligi – ya'ni, favqulodda otashin, ehtirosli, ayni paytda, erkayu tantiligini nazarda tutsak, bu murakkab sajiyani aks ettirish R.Ibrohimov uchun oson kechmasligi aniq edi. Biroq aktyor o'z imkoniyatlaridan kelib chiqib, hassos shoir qiyofasini baholi qudrat yaratadi: so'zdan ariyaga, holatdan holatga o'tish, drama va musiqani his qilish, partnyorlarga tez moslashish, psixologik bo'yoqlardan unumli foydalanish singari jihatlar ijroning asosiy yutuqlari bo'ldi. Ammo R.Ibrohimovning hissiyotlarini vaqtida jilovlay bilmasligi, ayrim sahnalarda quruq deklamatsiyaga o'tib ketishi, ehtiroslarni bo'rttirish uchun ovozga zo'r berishi tom ma'nodagi Usmon Nosir obrazining yaralishiga mone'lik qilgan.

Yuqorida qayd etganimizdek, aktyorlar ja­moasining deyarli bari diqqatga arzigulik xarakterlar yarata bilgan. Xususan, Usmon Nosirning sotqin “do'stlari” – Qo'chqor Samadni ijro etgan Oltinbek Saparaliyev, Shokir Abdini gavdalantirgan Omon Yo'ldoshevlar qahramonlarining salbiy qusurlari, qora niyatlarini davr fojiasi bilan uyg'unlikda ko'rsata olgan. Shuningdek, To'xta shoir (Muzaffar Hamidov), rus zobitlari – Vanya (Abror Mallaboyev), Sasha (Javohir Odiljonov); Luiza (Oqila G'ulomova), doktor (Bozor Xolmo'minov) kabi personajlarni talqin qilgan aktyorlar ham rejissyor ko'rsatmasi va o'z ijro uslubidan kelib chiqib, muayyan yutuqlarga erishganini ta'kidlamoq lozim.

Teatrning tajribali aktrisasi Ma'suda Otajonova yaratgan shoirning onasi – Xolambibi obrazi hissiyotlarining tabiiyligi, jo'shqinligi, milliy koloritga yo'g'rilgani bilan ajralib turadi. Ona uchun farzand kamoli muhim, u yolg'izgina o'g'lining adabiyot yo'lida juvonmarg ketishidan cho'chiydi, uni bu xatarnok qismatdan qaytarishga urinadi, oyog'iga bosh urib yig'laydi, zorlanadi. Qaniydi bu qaysar o'g'il qaytsa! Axir o'zi aytganidek, “Adabiyot yo'q, Usmon ham yo'q!”. Sho'rlikkina volidaning tavallolari, ohu nolalari shamolga sovrulgandek beiz ketadi, aktrisa onaizorning ana shu tug'yonlari, botiniy azobu sitamlarini ishonarli ko'rsatadi, vokal va dramatik imkoniyatlaridan unumli foydalanadi.

Shubhasiz, bunday tarixiy asarlarda tomoshabinni davr ruhiga olib kirish, moziy muhitini ochib berishda sahnalashtiruvchi rassomning ijodi alohida o'rin tutadi. Shu ma'noda mazkur spektakl bezaklarini yaratgan yosh musavvir Mirjalol Xoliqovning xizmatlarini ham e'tibordan soqit qilib bo'lmas. Sahna yuqorisiga shoirning eng mashhur, dardchil she'rlari bitilgan oq matolar osilgan, bu topilma fojiaviy ruhga yo'g'rilgan spektaklga oz bo'lsa-da, lirik-poetik joziba bag'ishlaydi va tomoshabinni she'riyat atalmish sehrli olamga yetaklaydi. Muhimi, biz she'r atalmish go'zal hodisani musavvir yaratiqlarida his etamiz. Lekin matolar spektakl davomida deyarli harakatlanmaydi va statik tarzda osilib turaveradi. Vaholanki, shoir holati va taqdiriga monand tarzda matolarni ishlatish, ya'ni dekoratsiyalarning o'zida ajoyib she'riy kompozitsiya yaratish mumkin edi. Natijada, tomoshaning badiiy-emotsional harorati, rassom fantaziyasining ohoriyu jozibasi yanada oshardi.

Spektakl uchun atoqli kompozitor Mustafo Bafoyev musiqa va ariyalar yozgan. Kompozitor Usmon Nosir lirikasini go'zal ohanglarga ko'chiradi, musiqalarda shoir qalbi, ruhiyatining ajib haroratini tuygandek bo'lamiz. Ayniqsa, tomosha ekspozitsiyasidagi “Yurak” va final sahnasidagi “Unutmas meni bog'im” she'rlari uchun yozilgan musiqalar spektaklning chinakam yutug'i bo'ldi.

Muxtasar aytganda, Muqimiy teatri jamoasining hassos shoir Usmon Nosir haqida spektakl yaratishini madaniy hayotimizdagi e'tiborga molik voqea deb atash mumkin.

Shohrux ABDURASULOV

san'atshunos

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 1 =