Darrov xulosa chiqarishga oshiqmang

Teleekranlardan ko'rib guvohi bo'lganimizdek oxirgi vaqtlarda kinochilik sohasi anchayin sustlashib seriallar soni ortib borayotgan edi. Albatta seriallar sonining ortgani ham bir tomondan yaxshi. Negaki, qaysidir sohada mahsulotning ko'p bo'lgani o'zaro raqobatni yuzaga keltirib, sifat darajasi ancha ko'tariladi. Ammo negadir efirga uzatilayotgan qator seriallarimizdagi mavzular deyarli bir xil bo'lib, voqealar ham qisman tak­rorlanadi. Qaynona-kelin munosabatlari deysizmi, er-xotin o'rtasidagi xiyonatlar deysizmi, hamma-hammasi tomoshabinlarni zeriktirib, seriallardan ancha uzoqlashtirdi. Odamlarda mahorat bilan tasvirga olingan, jamiyat hayotidagi muhim mavzularni ko'targan, ta'sirli kinofilmlarga katta ehtiyoj sezila boshladi.

Xayriyatki, kino sohasiga bo'lgan yuksak e'tibor natijasida so'nggi ikki yil davomida odamlarning mana shu ehtiyojini qondira oladigan hamda jahon kino olamida raqobatga dosh bera oladigan sifatli kinolar soni ko'paydi.

O'zbekiston kinematografiya agentligi tomonidan poytaxtimizdagi Kinochilar uyida tez-tez yangi kinofilmlarning premyeralari uyushtirilayotganidan ham buni bilish qiyin emas.

Shular qatorida kuni-kecha yana o'sha manzil, poytaxtimizdagi Kinochilar uyida o'zining “Abdullajon”, “Bomba”, “Yaratganga shukur”, “Kichkina tabib”, “Oyijon”, “Osmondagi bolalar”, “Vatan”, “Qo'rg'oshin”, “Qovun”, “Xazonrezgi”, “Novda”, “Dadam betob” kabi filmlari bilan muxlislar qalbidan chuqur joy olib, “Mehnat shuhrati” ordeni, “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san'at arbobi” unvoniga sazovor bo'lgan Zulfiqor Musoqovning “Kasallik tarixi” deb nomlangan yangi filmining yopiq namoyishi bo'lib o'tdi.

Bu yangi asarda shifokorlar hayotida yuzaga keladigan aybsiz aybdorga aylanib qolish holati ko'rsatib beriladi. Filmda “Kardiologiya   markazi”da favqulodda voqea sodir bo'lib: tomir trombozi va yurak xuruji operatsiyasidan 4 soat o'tgach bemor vafot etadi. Bu ishni olib borgan mashhur jarroh-kardiolog Nurov ishdan haydaladi va gazetada uni operatsiya chog'ida katta xatolikka yo'l qo'yib, bemorning vafotiga sababchi bo'lgan deya tanqidiy ruhdagi maqola chop etiladi.

Keyingi voqealar Nurovning ikki xonali uyida sodir bo'ladi. Tuhmat va ginavozlik qurboni bo'lgan Nurov boshlig'i Sharipov bilan bo'lgan suhbatda ortiq bu davlatda shifokor maqomida ishlay olmasligini bildirib, rahbarining bir necha foydali taklifini rad etadi. Ke­yinroq esa, boshqalarning nazlida bir bemorning o'limiga sababchi bo'lgan Nurov xorijning mashhur tibbiyot kompaniyasi bilan mehnat shartnomasi tuzgani, yaqin orada mamlakatdan chiqib ketishga tayyorlanayotgani ma'lum bo'ladi.

Film shu yerga yetganida barcha tomoshabinlarda noinsof shifokorga nisbatan nafrat hissi jo'sh urishi tabiiy, ammo voqealar davomiga diqqat qiladigan bo'lsangiz, sizda mutlaqo boshqacha taassurot uyg'onadi. Xorijning tibbiyot kompa­niyasi bilan mehnat shartnomasi tuzgan Nurov har beshta bemordan bittasi o'zbekis­tonlik bo'lishi va u yerda davolangan o'zbeklarning barcha xarajatlari kompaniyaning hayriya fondi mablag'lari hisobidan qoplanishi sharti bilan ishga joylashayotgan bo'ladi.

Bevaqt vafot etgan bemor esa, yuqori martabali amaldor bo'lib, kasalxonaga keltirilgan vaqtda mast holatda bo'lgani, haddan ziyod ko'p ichib yuborgani bois yuragi ushlab qolgani film davomida ma'lum bo'ladi. Biroq uni olib kelgan odamlar bemorning mast holatda ekanini ochiqlash uning obro'siga ta'sir qilishini sezib barchadan buni yashirishni talab qilishgani, shifoxona xodimlarini turli yo'llar orqali qo'rqitgani ayon bo'ladi.

Bu filmni tomosha qilgan odam borki, qanday vaziyatda bo'lmasin o'zicha hukm chiqarishga shoshilmaslik kerakligi, kimnidir ayblashdan avval mavjud holatni har tomonlama o'rganib chiqish zarurligini tushunib yetadi.

O'ta psixologik shiddatli film zamonimizning dolzarb muammolari va oddiy umuminsoniy qadriyatlar haqida olingani bilan e'tirofga loyiq. O'ylaymizki, “Musoqov” brendi ostida olingan mazkur “Kasallik tarixi” filmi sizga ham manzur bo'ladi.

O'z muxbirimiz.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen − 7 =