Dadalarni yig'latgan kino

yoki “Dada degin” badiiy filmi haqida o'ylar…

 

Rosti film namoyishi haqidagi xabarni o'qigach, uning rejissyori kim ekani bilan qiziqdim. Rejissyor Muhammad Iso Abdulxairov ekanini bilgach: “U yaxshi aktyor edi, rejissyor bo'lib nima qilar ekan?” deya filmni ko'rgim kelmadi. Ochig'i, nomiyam uncha ma'qul bo'lmadi. Ammo yaqinda poytaxtimizdagi “Kinochilar uyi”da ko'rsatilgan kartinani ko'rdim va dastlabki gumonlarim tuman kabi tarqadi, nega filmga bunday nom tanlanganini ham bilib oldim.

* * *

Yozuvchi Murod Muhammad Do'st: “Omadsiz odamlar haqida yozilgan asarlar yaxshi chiqadi”, degan edi mahorat darslaridan birida. Men bu fikrni badiiy filmlarga nisbatan qo'llab, baxtsiz odam haqida ishlangan kartinalar yaxshi chiqadi, degim keldi. Chunki bir kam dunyo deganlariday, hayotda doim kimgadir nimadir yetishmaydi. Boshqalar ko'ziga eng baxtli ko'ringan odam ham o'zini baxtsiz his qilishi mumkin-da. Orzu va niyatning esa chegarasi yo'q. Shuning uchun hayotda aksar odamlar baxtsiz yoki bizga shunday tuyulaveradi. Bunday kishilar haqida yozilgan asarlar, ishlangan filmlarda esa o'zimizning dardimizga o'xshash baxtsizlik borligi uchun ham ular bizga yoqaveradi.

* * *

Botir (Muhammad Iso Abdulxairov) va Gavhar (Ma'rifat Ortiqova) — ahil oila. Bir-birini yaxshi ko'radi, qadrlaydi. Biroq ularning baxti to'kis emas, negaki o'rtada farzand yo'q. Mavzuning o'zi odamni o'ylatadi. Qolaversa, ijodkorlar ikki qahramonga ulug' vazifa yuklagan. Bobur – beshikchi. Gavhar – Mehribonlik uyi­­da tarbiyachi. Ikkalasiyam taqdir tomonidan bolalarga bog'liq kasbu hunar bilan siylangan. Ammo o'zlari farzandsiz. Ular odamlarga, jujuqlarga quvonch ulashadi. Lekin o'zlarida sevinch yo'q. Qahramonlar qismati va hunari o'rtasidagi qarama-qarshilik. Ajoyib topilma. G'alati paradoks. Kino asarga qaysi tomondan qaramaylik, farzandsizlik haqidagi kartina yurakni ezaveradi. Mana shu dard filmning birinchi yutug'i.

O'zbekchilik – yaqinlarning turtkilashi, tanish­larning yurakni tirnashi eru xotinni yanada kuchli bo'lishga undaydi. Uyiga keladigan opasi (Vazira Yunusova), akasi (Abduraim Abduvahobov)ning qis­tovlari ham ularni ajrata olmaydi. Botir bu haqda hech kimga hech qachon og'iz ochgan emas. Go'yo butun dunyo ularga qarshiday. Hatto farzandli bo'lgan sobiq do's­tining beshik olgani do'koniga tasodifan kelishi, xotinining: “Farzandsiz odamdan beshik olish bexosiyat bo'ladi”, degan gapiga uchib, o'rtog'i tomonidan sovg'a qilingan beshikni olmasdan ketishi nafaqat qahramonga, balki tomoshabinning yuragiga nashtar bo'lib qadaladi. Bu kabi voqealar sabab erkak sabr timsolini yarata olgan.

* * *

Film drama janrida ishlangan. Ammo unda komediya unsurlaridan foydalanilgan. Muhammad Iso Abdulxairovning komik aktyor ekani, dia­loglardagi hazillari tomoshabinni kuldiradi. Film o'zi dardli mavzu ustiga qurilgan. Bosh qahramonning xarakteri ham tund, badbin bo'lsa, tomoshabin battar ezilar edi. Shu bois ijodkorlar odamlarga ayt­moqchi bo'lgan gapni yengil kulgi orqali singdiradi. Qolaversa, erkak farzandsizlik azobi, ya'ni ichki iztiroblari shu qadar kuchli bo'lsayam, bu dardni hazil-mutoyiba bilan yengib yashashi baxtsizlik ichida yaratilgan baxtni ifodalaydi.

Xuddi sahrodagi ikki daraxtday bir-biriga suya­nib qolgan eru xotin uzoq yillik orzusiga yetishishiga bir qadam qolganida ular asrab olmoqchi bo'lgan bolaning onasi qaerdandir paydo bo'lib qolishi hammasini barbod qiladi. Botirning ruhiyatidagi o'zgarishlar mana shu nuqtadan boshlanadi. U avval farzandi uchun olgan o'yinchoq samolyotni o'ynaydi, sindiradi, baqiradi. Kamiga bolani olib qochadi. Voqealar rivoji esa dinamik tarzda tugundan yechimga qarab xuddi kuchli badiiy asarlardagiday rivojlanib boradi.

* * *

Filmda Sardorning onasi (Nigora Karimboyeva) epizod rolda bo'lsa-da, qarama-qarshiliklarning asosiy nuqtasida turadi. Sodda qilib aytganda u hammasini rasvo qiladi. Ona bola kerak bo'lmaganda tashlab ketgan. Botir bilan Gavhar Sardorni asrab olmoqchi bo'lganda esa xuddi birdan paydo bo'lgan qora sharpadek paydo bo'ladi va bolaga ega chiqadi. Botir o'lgach, tag'in yetimxonaga kelib: “Kechirasizlar! Men hali bola boqishga tayyor emas ekanman, sizlarga tashlab ketmoqchi edim”, deb Sardorni yana yetimxonada qoldirib ketishi tomoshabinni bu qahramonga nisbatan g'azabini qo'zg'aydi. Boshqa film namoyishida Nigora Karimboyevaga bu roli uchun rahmat ayt­dim. “O'shanda sizni ko'rib, ekrandan chiqarib olib do'pposlagim keldi”, desam: “Demak, rolim yaxshi chiqibdi”, dedi. Ha, bu salbiy rol judayam ishonarli o'ynalgan. Hatto tomoshabin qalbida agar tannoz xonim bo'lmaganida Botir tirik qolardi, degan armon paydo bo'ladi. Qahramonga ijodkorlar tomonidan ism ham berilmagan. Bu rol hayotimizda uchraydigan bu kabi yengiltak onalar qiyofasi jamlangani bilan ahamiyatli. Demak, unga ism berilmagani to'g'ri qaror.

Kartinada yana bir murakkab qahramon bor: bog'cha mudirasi Xurshida opa (Muqaddas Xoliqova). Eru xotinga bola asrab olishni u taklif beradi, ammo Sardorning tuqqan onasi payda bo'lib mudiraga konvert uzatgach, u darrov o'zgaradi-qoladi. Sardor bir necha bor Mehribonlik uyidan qochib ketgan bo'lsa-da, Mudira hech birida organ xodimlariga xabar bermaydi. Bir gal Botir militsiyaga xabar beraylik desa: “Yo'q, mening ishimni tekshir-tekshir qilishadi”, deb unamaydi. Bu yerda bolaning taqdirini emas, o'z obro'yining putur yetishini o'ylaydigan kishining bolalar uyiga bosh bo'lishi jamiyat uchun xavfli hisoblanadi. Filmda ushbu muammo ham yuzaga chiqarilgan. Ammo bolaning onasi “topilib” unga pora “uzatgach”, yo'qolgan bolani topishda ichki ishlardan yordam so'raydi. Ammo g'isht qolibdan ko'chib bo'lgach esa olgan pulini yirtib tashlaydi. Xurshida opa roli jamiyatimizdagi vaziyatga qarab o'z tusini o'zgartiradigan buqalamun kimsalarning qiyo­fasini yaqqol ifodalagan.

* * *

Nazarimda, filmga kuchli muharrir yetishmaganday. Dia­loglardagi so'zlarning uslubiy xatolari, takror ishlatilishi nafaqat tilchilarning, balki tomoshabinning ham asabiga tegadi. Agar ssenariy Erkin A'zam singari sinchi yozuvchining nazaridan bir qur o'tkazib olinganda edi, kartina yanada hayotiyroq chiqardi. Endi esa afsuski kech. Film ijodkorlaridan keyingi ijodiy ishlarida bunga ahamiyat berishini so'rardik.

Kartinada Botirning ko'chadagi moshina baloni tagiga qisilgan pulni ko'rib qolishi va uni olish uchun yemakxonaga kirib, choy buyurish sahnasi bor. Moshina egasi kelgach, kafedagi hamma odamlar pulni olish uchun ko'chaga qarab chopadi. O'sha epizod bizningcha film uchun judayam ortiqcha. Kartinada hech qanday ahamiyati yo'q, voqealar rivoji uchun xizmat qilmaydi. Shuning uchun o'sha epizod filmdan olib tashlangani ma'qulmidi? Qolaversa, o'sha sahna internetda aylanib yuradigan mashhur rolikdan shundoq ko'chirilgan.

* * *

Bugungi o'zbek filmlarining oxirini tomoshabin boshidanoq bilib oladi. “Dadam degin”da esa buning aksi. Botir Sardordan film oxirigacha “Dada degin”, deb so'raydi. Ammo bola bu gapni aytmaydi. Men ham ko'pchilik tomoshabin qatori film oxirida – Botirning o'limidan avval Sardor dada desa kerak, ular bolani asrab olgach, Gavhar ham farzand­­li bo'ladi, deb o'ylaydi kishi. Yo'q, film biz kutmaganday yakunlanmaydi. Ya'ni, “happy end” bo'lib tugamaydi. Bugungi o'zbek kino olamiga mana shunday dardli filmlar yetishmayapti. Bunday filmlar odamni o'ylatadi, yig'latadi. Qahramonning yakundagi monologi esa beixtiyor tomoshabin tiliga ko'chib o'tadi:

Ming yil umr ko'rganda ham bizdan faqat,

Xudo bersa farzand otliq iz qoladi.

Bizdan keyin farzandimiz tillarida,

Yo dadam, yo onam degan so'z qoladi.

Kimlar uchun oddiy ne'mat,

mening uchun qazo bo'ldi,

Taqdirimga ko'nolmadim,

umrim menga jazo bo'ldi.

Ha, Botir peshonasiga “farzandsiz” deb bitilgan taqdirdan qochdi, unga ko'nishni istamadi. Lekin qismatiga rozi bo'lmagani uchun qattiq jazolandi.

Botirning o'lim sahnasi juda ham go'zal ramzlashtirilgan. Uning tanasi yerga qulayotganda o'zi yasagan bo'sh beshiklar, bolasiz beshiklar boshi atrofida halinchakday tebranadi. Botirning o'limi va bolasiz tebranayotgan beshiklar qorishib ketadi. Bu esa tomoshabinga yanada qattiq ta'sir qiladi. Film mana shu yerga kelganda zaldagilar qarsak chalib yubordi.

Chexovning mashhur iborasi bor-ku, devorga osilgan miltiq albatta otilishi kerak deyilgan. Kartinada mana shu detaldan o'rinli foydalanilgan. Film boshida bolakay Botirdan miltiq so'raydi. U olib beraman, deya va'da beradi. Botir so'zini bajaradi va unga miltiq bo'lmasa-da, o'yinchoq avtomat olib beradi. Mana shu o'yinchoq avtomat Botirning ajali bo'ladi. Mergan askar uning qo'lidagi mana shu avtomatni ko'rib, uni otib qo'yadi. Tomoshadan so'ng ba'zi jurnalistlar: “Mergan o'yinchoq avtomat bilan haqiqiysini farqlay olmaydimi?” deb e'tiroz bildiribdi. Ammo bu yerda Botir o'yinchoq avtomat ko'targani bilan sal avval qotillik qilgan, ya'ni ularni izlab kelgan uchastka nozirini bexosdan o'ldirib qo'ygandi. Shu holatda esa yosh bolani o'g'irlab olib yurishi har qanday kishini sergaklantiradi.

* * *

Aytish joizki, film farzandi borlarga ham kuchli ta'sir qiladi. Uni ko'rgan dadalar bolasini yanada yaxshi ko'rib ketishi, farzand aziz ne'matligini takror anglashiga ishonasan. Nazarimda, o'sha kuni katta namoyishdan chiqqan yuzlab otalar bolasini qattiq quchib: “Dada” deyishini so'raganiga ishonging keladi.

Kartinadan kamina ham ta'sirlandim, hatto yig'ladim, o'g'limga qo'ng'iroq qilib, o'sha so'zni aytishini so'radim: “Dada degin”…

Fozil Farhod

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − 2 =