“O'lsam, umrim qordagi iz bo'lmasmi?”
Asrlar davomida Qozog'iston va O'zbekiston orasidagi munosabatlar o'zaro hurmat, ishonch va o'zaro foydali sherikchilik ruhida rivojlanib keldi. Bizning mamlakatlarimiz qandaydir hal qilib bo'lmaydigan kelishmovchilikka duch kelmagan. Bizlarni Markaziy Osiyodagi eng uzun chegara bog'lab turibdi va uni darhaqiqat do'stlik chegarasi deb atasa bo'ladi. Geosiyosiy va epidemiologik inqirozlar tufayli global va integratsion jarayonlarning turg'unlikka tushib qolishi, transport aloqalar va ta'minot zanjirlarining buzilishi sharoitida ham aynan qo'shnichilik omili mamlakatlarimizning rivojlanishida muhim o'rin tutgani haqiqat.
Bugungi kunda O'zbekiston va Qozog'iston o'rtasida iqtisodiy-siyosiy hamda madaniy-ma'rifiy aloqalar tobora mustahkamlanib bormoqda. Albatta, mazkur do'stona aloqalar, ikki davlat xalqlarining yanada yaqinlashuvi hamda sharqona madaniyatni rivojlantirish yo'lida birgalikda harakat qilishga, yosh avlodni komil inson bo'lib kamol topishida o'zining samarali natijasini berishi shubhasiz.
Qolaversa, bugungi kunda O'zbekiston va Qozog'iston kino san'atida ham hamkorlik aloqalari yo'lga qo'yilib, o'zbek kinoijodkorlari tomonidan atoqli qozoq namoyandasi Abay Qo'nanboyev hayoti va ijodi to'g'risida yangi film tasvirga olindi.
Kuni kecha poytaxtimizdagi “Kinochilar uyi”da O'zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan ishlab chiqarilgan ushbu filmning dastlabki namoyishi o'tkazildi.
Tadbirda Qozog'istonning O'zbekistondagi elchixonasi, madaniyat markazi vakillari, O'zbekistonda yashaydigan qozoq millati ziyolilari va yoshlari ishtirok etishdi. Namoyish avvalida ikki qardosh xalqning tarixan mushtarak orzu-umidlari, mustahkam hamdo'stlik aloqalari e'tirof etildi. Ayniqsa, ikki hamdo'st davlat rahbarlarining oqilona va do'stona siyosati ikki elni yanada yaqinlashtirgani alohida ta'kidlandi.
Rejissyor Shuhrat Mahmudov tomonidan tasvirga olingan “Abay so'zi” deb nomlangan bu filmda qozoq klassik adabiyoti asoschilaridan biri, buyuk shoir va ma'rifatparvar Abayning hayot va ijod yo'li, uning qozoq klassik adabiyoti rivojiga qo'shgan ulkan hissasi haqida batafsil so'z boradi. Filmda ilgari surilgan syujetlar adibning ulkan qozoq so'z san'atkori, millatning chinakam kuychisi va faxri ekanligi bilan bog'liq voqealarga asoslanadi.
Filmni kuzatgan tomoshabin Abay donishmandligi hamda uning ma'rifat va ibratga yo'g'rilgan hayot yo'li, adabiyotga qo'shgan salmoqli hissasi haqida ko'plab ma'lumotlarga ega bo'ladi.
Shuningdek, filmda Abay she'riyatida muhabbatsiz, do'stliksiz hayot bo'lmaydi, degan g'oya ilgari surilgani, Abay o'z davridagi zolim boylarni, feodallarni mehr-muruvvatli bo'lishga chorlagani va ezgulik, adolatparvarlikni to'lib-toshib kuylagani borasidagi fikrlarni bildirish asnosida ko'plab dunyo olimlari tomonidan uning hali ko'pchilikka ma'lum bo'lmagan izlanishlari, jahon adabiyotiga qo'shgan ulkan hissasi bayon qilingan.
– Bugun namoyish etilgan “Abay so'zi” hujjatli filmi o'zbek-qozoq kinoijodkorlari tomonidan hamkorlikda yaratilgan 11-film hisoblanadi. Bu asarni yaratish jarayonida Abay tug'ilgan Semipalatinsk viloyatiga qarashli, hozirgi Abay tumani, Chingiztog' bovuridagi Qashqabuloq makoniga borib suratga olingani sababli film juda ta'sirli va ishonchli chiqqanining guvohi bo'lish mumkin. Qolaversa, O'zbekistonda “Abay Qo'nanboyevning merosi kunlari”ning o'tkazilishi hamda yuqoridagi filmning yaratilishi o'zbeklarning qozoq qardoshlariga bo'lgan yuksak hurmati belgisi, do'stona aloqalarni yanada yaxshilashdek ezgu maqsadda ekanligining yaqqol dalili desak xato bo'lmaydi. O'ylaymizki, bu kabi ishlar yoshlarning ma'naviy ongiga o'zining ijobiy ta'sirini o'tkazadi. Ilohim, o'zbek va qozoq millati do'stligi abadiy bo'lsin – deydi, O'zbekiston qozoq milliy madaniy markazi raisi Serikbay USENOV.
O'lsam, umrim qordagi iz bo'lmasmi?
O'tkir tilim tortinchoq qiz bo'lmasmi?
Muhabbat va hasratda yonib o'tgan
Mening otash yuragim muz bo'lmasmi?
Ushbu misralarni bitgan Abay Qo'nanboyev boqiy dunyoga rixlat qilgandan so'ng yozganlari, ma'rifat yo'lida olib borgan barcha-barcha faoliyati unut bo'lishidan, yosh avlod esa ma'naviyat va ma'rifatdan yiroqlashib ketishidan xavotirlanganini anglash qiyin emas. Ammo ishonch bilan ayta olamizki, endi bu xavotirlarga hojat yo'q. Negaki, buyuk oqin Abay shaxsiyati va ijodini dunyo ahli katta ixlos bilan o'rganmoqda. Uning hayotiy hayqiriqlari katta-yu kichik qalbidan mangu o'rin olmoqda.
O'z muxbirimiz