O'quvchi qachon ustoziga ergashadi?

Yoshlari bilimli   yurt qudratli bo'lur, deb bejizga aytishmaydi. Har bir davlatning, har bir millatning bugun   va ertaga dunyo   sahnida tutgan mavqei hamda nufuzi unda ta'lim- tarbiya olayotgan   yoshlarning salohiyati, zamonaviy   fan sirlarini o'zlashtirish darajasi   bilan o'lchanadi. Davr   talabidan kelib chiqqan holda   Muhtaram Prezidentimiz   asosiy   e'tiborni ta'lim sifati   va samaradorligiga   qaratishni qayta-qayta ta'kidlab kelmoqda. Shu sababli ham bu borada qator qonun va qarorlar, farmon va dasturlar qabul qilindiki, bahona izlash,   nolish aslo mumkin emas.

Agar bolalarimiz umumta'lim maktabida   fanlarni   to'laqonli o'zlashtirib, mus­taqil hayotga mustahkam poydevor bilan   qadam qo'ymas ekan, bog'chadagi beg'ubor   bolalik va maktabdagi betakror   yoshlik besamar kechgan bo'ladi. Buning tovonini kim to'laydi? Bog'chami,   maktabmi, ota-onami, murabbiy va   o'qituvchilarmi, yoki jamiyatmi?!

Hozirgi kunda mamlakatimizdagi deyarli barcha umumta'lim maktablarida eng zamonaviy ilg'or pedagogik texnologiyalar joriy etilgan. O'quv   darslik­lari, ko'rgazmali o'quv   qurollari, so'nggi rusumdagi kompyuter texnologiyalari bilan   jihozlangan. Demak, hamma mas'uliyat va majburiyat muallimning, maktab   jamoasining hamda ota-onaning   zimmasida. Dunyoda birorta ota-ona yo'qki, farzandi odobli, bilimli, qobiliyatli va o'z tanlagan kasbining egasi bo'lishini istamasa! Bilingki, qaysi o'qituvchi, murabbiy ish   sharoitidan, ta'lim-tarbiyadan   nolisa, o'zida ham bir kamchilik bor! Muallimda bilimdan tashqari, malaka, tajriba, ko'nikma, sabr-bardosh va   ta'lim- tarbiya mahorati ham bo'lishi kerak. O'quvchi shundagina   ustoziga ergashadi, unga   taqlid qila bosh­laydi.

Maktabimiz 880   o'rinli bo'lib, bugungi kunda 1400   nafar o'quvchiga 94 nafar malakali pedagog xodim ta'lim-tarbiya berib keladi. Ilgari tumandagi   32-maktabda ishlardim. 2021 yil sentyabrdan bu dargohda faoliyatimni boshladim. O'tgan   o'quv yili boshidanoq ehtiyojdan kelib chiqib 12 nafar tajribali o'qituvchini   ishga oldik. Biz birinchi navbatda o'qituvchilarni o'z ustlarida ko'proq   ishlashlarini talab qilish bilan birga, bunga sharoit yaratib berishga harakat qilyapmiz. Natija yomon emas. Joriy   o'quv yili yakuniga kelib toifali o'qituvchilar 61   nafarga yetdi, bu muallimlar   jamoasining 71 foizini tashkil etadi. Ilgari bu maqomga 39 nafar pedagog ega   bo'lgan.

Maktabimizning bir yo'la besh nafar xorijiy tillar o'qituvchisi Mohinur Jumayeva, Nodira   Usmonova, Nodir Ibragimov, Maqsud Murotov, Gavhar   Turdiyevalar xalqaro S1 darajasiga   ega bo'lib, tegishli   sertifikatni qo'lga kiritishdi. Surayyo Qodirovaning pedagogik mahorati bir necha bor viloyatda ommalashtirildi. Bundan tashqari, ta'lim samaradorligini oshirish maqsadida Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti bilan   hamkorlikda “Bilol” o'quv   markazini tashkil etdik. Bu markazda o'z istaklari bilan 123 nafar o'quvchi   saboq olmoqda. Maktabimizdagi   “Mental” matematika o'quv kursida 167   o'quvchimiz fan sirlarini astoydil o'rganishmoqda. Harakatda barakat, deydilar. Bu yil Samarqandda “Mental” arifmetika bo'yicha o'tkazilgan res­publika chempionatida 7-sinf o'quvchimiz Abror   Hamdamov birinchi o'rinni egallab, oltin medal sohibiga aylandi.

Albatta, astoydil qilingan ezgu   ish samarasiz ketmaydi.   O'tgan o'quv yilida maktabni tamomlagan 92 nafar o'quvchidan 27 tasi OTMga, 18 tasi kasb-hunar maktablariga kirgan bo'lsa, qolgan yoshlarimiz oilaviy tadbirkorlik yo'nalishida ish bilan band qilindi. O'ylaymanki, 112 nafar bitiruvchimiz bu yil bundan-da yuqori natijalarni qayd etishadi. Bu yil 11-sinf o'quvchisi Xudoyor Ahmedov maktabni tugatmasdanoq ingliz tili bo'yicha IELTS   7 darajasiga erishib, bir qator xorijiy oliygohlarga kirish grantiga   ega bo'ldi. 9-sinf o'quvchimiz Rahimjon   Ibragimov esa kimyo fani olimpiadasining   tuman bosqichida 1-, viloyatda 4-o'rinni qo'lga kiritdi.

Tajribali o'qituvchi-murabbiylarimiz olimpiada,   ko'rik- tanlovlarga o'quvchilarni tayyorlash borasida astoydil ishlashmoqda. Maktabning sobiq o'quvchisi,   xalqaro toifadagi sport ustasi Barno   Mirzayeva 2016 yil Guanjouda o'tkazilgan olipiadada 2-, Osiyo   qit'asi yoshlari musobaqasida faxrli 3-o'rinni egallagani so'zimning yorqin isbotidir. Bu an'ana davom etmoqda. “Umid nihollari” sport musobaqasida yengil atletika bo'yicha o'quvchilarimizdan Alisher   Rashidov, Ruxshona   Choriyevalar tuman bosqichida ikkinchi o'ringa loyiq   topildi. Shuningdek,   ma'naviy- ma'rifiy tadbirlar,   besh muhim tashabbusni   amaliyotga uzviy bog'lash   borasida ham arzirli ishlar olib borilyapti. Masalan, maktabimiz kutubxonasiga homiylik asosida   24 million so'mlik badiiy kitoblar va   uslubiy qo'llanmalar olindi.   “Eng yaxshi kitobxon   maktab” loyihasi bo'yicha   ota-onalar ishtirokida 8 million so'mlik badiiy kitoblarga ega bo'ldik. “Bir million das­turchi” loyihasi doirasida   256 nafar o'quvchimiz tegishli sertifikatni qo'lga kiritishdi.

Maktab moddiy-texnik ta'minotini yaxshilash, moliyaviy samaradorlikni oshirishda byudjet mablag'lariga qarab turganimiz yo'q. O'tgan o'quv yilida o'n   yildan buyon ta'mirtalab va yaroqsiz holda bo'lgan maktabning yuz   o'rinli oshxonasi, uchta sinf xonasi 85 million so'mlik homiylik va o'quv markazimiz mablag'i hisobiga sifatli ta'mirlandi. Shuningdek, joriy yil mart oyi­­da o'tkazilgan   tashabbusli “Oreh budjet”da   faol qatnashib 880 millionni olishga erishdik. Ushbu mablag' asosida maktabimiz yozgi ta'til vaqtida sifatli ta'mirdan   chiqariladi. Bular hammasi bir yarim yilda amalga oshirilgan ishlar, xolos.

O'tkir RAJABOV,

Denov tumanidagi

31-maktab direktori

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 − 1 =