Ofitsiant tavbasi
Sho'rolar boylarni qirdi. Hammani ishchi va dehqonga aylantirdi. Tenglik shiori ostida o'z-o'ziga xizmat shiorini joriy qildi. Chunki bu mafkura insonning insonga xizmatini “ekspluatatsiya”, ya'ni “boshqaning mehnatidan foydalanish” deb baholadi.
Akademik ham, ukademik ham oq-oppoq ko'ylak, so'nggi rusumdagi galstuk, qora kostyum-shim bilan tushib, mashinasiga o'zi benzin quyishi, oshxonada navbatda turib, o'ziga yegulik olishi, bo'shagan idishlarini o'zi yuvgichxonaga eltib berishi va hokazoga majbur edi. Oz sonli restoranlardagina ofitsiantka xizmat qilardi, xolos. Lekin restoran har kim kiradigan joy ham, har kun kiradigan joy ham emas edi-da. Narxi yomon chaqardi.
Mustaqillikka erishganimizdan keyin umumiy ovqatlanish tizimi xususiylashdi. Shukur, yaxshi rivojlandi ham. Restoranlar u yoqda tursin, oddiy kafelarda ham ofitsiantlar xizmat qiladigan bo'ldi. Birinchidan, bizda ish kuchi – arzon. Arzimagan oylikka ofitsiant yollashadi-da. Ikkinchidan, ofitsiant xizmati uchun yegan-ichganingizning umumiy miqdoriga 10, 20 foiz qo'shishadi ham. Nima, shu foizlar ofitsiantga beriladi, deb o'ylaysizmi? Qayoqda? Shundoq bo'lganida ofitsiantlar allaqachon hammadan boy bo'lib ketar edi.
Lekin hozir asosiy gap bu haqda emas.
Daryo yana o'z o'zanida oqa boshladi. Shukur, yana oramizda boylar paydo bo'ldi. Katta, kichik, eski, yangi…
Yangi boy, ishi tushib, bir og'aynisi bilan eski boyning huzuriga bordi. Juma edi. Eski boy:
— Ketdik, jumani o'qib kelaylik, keyin bafurja gaplashamiz, – dedi.
Yangi boy umrida masjidga kirmagan, ochig'i, hali hech qachon boshini sajdaga qo'ymagan edi.
— Bu yog'i qandoq bo'ladi? – dedi sekin jo'rasiga.
— Iloj yo'q. Birga boramiz. Qavmga taqlidan yotib-turaverasiz. Bo'lmasa, aytib qo'yay, ishingiz bitmaydi, — dedi u.
To'g'ri, yangi boy Qur'ondan uchta oyatni yodlagan. Ota-onasining qabriga borganda o'zi tilovat qiladi. Buxorodagi yetti naqshbandiy pir ziyoratiga borib ham o'qigan. Lekin hayit namozlarida ham masjidga chiqmagan-da.
Yashirmay aytilsa, shu paytgacha: “Aroq ichmagan odamning biznesi yurishmaydi. Hamma jiddiy kelishuvlar bir piyola o'sha qurg'urning ustida hal bo'ladi”, — degan aqida bilan yashab, ishlab kelgan-da.
Ofisiga yaqin joyda kafe bor. Ko'p kiradi. Uni hamma taniydi. Xo'jayin bir ofitsiantga tayinlab qo'ygan. U kelsa, bunga faqat o'sha xizmat qiladi. Yaxshi bola. Eng muhimi, uning do'qini ko'taradi. Bu ham biron mahal do'q qilmay ovqat yemaydi-da. Nima uchun?
Bilmadim, ich-ichdan boyligini bildirib qo'ygisi keladimi? Hamma unga diqqat qilishini istaydimi? “Pulini to'laganimdan keyin talab qilaman-da”, – deb o'zini oqlaydi. Ovqatni bir qaytaradi, kabobni qayta pishirtiradi, aroqning uch-to'rt xilini chaqirtirib, oxiri bittasini bazo'r tanlaydi, boringki, choydan ham ayb topib, ofitsiantni bir yaxshilab jerkiydi-ku.
— Xo'p, bo'ladi, xo'jayin! — deydi ofitsiant, yugurib, damlab kelgan choyini qaytarib olib ketadi. “Tentakning kuchi hapalakka yetibdi”, – deganlaridek, har gal ahvol – shu-da. Shundan kayf qiladi, lazzat topadi, shu bilan go'yo maqtanadi.
Yangi boy to'y-ma'rakalarda amri ma'ruflarni ko'p eshitgan edi-yu, lekin imomning juma namozidagi ma'ruzasi kutilmaganda unga juda qattiq ta'sir qildi. Mulla ham kelib-kelib bugun dilozorlikning dinimizda qattiq qoralanishi haqida so'zlasa-da. Ayniqsa, buyuk Shayx Muslihiddin Sa'diy Sheroziyning:
May bixo'r, Mushaf biso'zu otash andar
Ka'ba zan,
Sokini butxona boshu mardumozorӣ makun! –
baytini sharhlab: “May ich, Qur'onni yoq, Ka'baga o't qo'y, diningdan kechib, butxona sokini bo'l, lekin bandaning ko'ngliga ozor berma!” – degani juda noqulay holatga soldi. Xayolida o'sha ofitsiant yigit kelib, imomga dardini to'kib solgan-u, mullo buni ko'rib qolib, aynan shu gaplarni aytayotganday ham tuyuldi. Holbuki, bu yer boshqa shahar edi.
— Biz, moddiy ahvoliga qarab, ojizlarcha odamlarni boyu kambag'alga ajratamiz. O'zini “boy” sanaganlar kambag'allarga nisbatan bepisand bo'lmasin! Axir, Xudoning oldida kim boyu kim kambag'alligini bilmaymiz-ku! Hammani teng yaratgan. Alloh oldida hech kimning hech kimga zug'um qilishga, hech kimning hech kimni bedarak jerkishga haqqi – yo'q! Banda hammasi uchun bitta-bittalab javob beradi…
Yangi boy ma'ruzani tinglayapti-yu, ofitsiant yigitni bo'lar-bo'lmasga jerkiganlari ko'z oldiga keldi. Bir zum ko'zini yumib, xato qilganini o'yladi. Ko'zini ochsa, imom unga qarab gapiryapti, desangiz:
— Mana, ayrimlarimiz topgan uch-to'rt so'mimizga g'o'ddayib, toza bepisand bo'lamiz. O'zimizni bir ko'rsatib qo'yish uchun, hech bahona topolmasak, kafega kirganda ofitsiantga zug'um o'tkaza boshlaymiz. Hatto, xotinimizga qilmagan injiqliklar ko'rsatamiz. Tajanglik, oliftagarchilik qilamiz. Erkaligingizni uyingizda qiling! Yo so'zingiz o'tmay qolganmi? Muttaham yeringiz bormi? Inson taom yeyishi uchun birovni ranjitishi kerakmi? Taom yeyish ham ibodatdek gap. Ibodatning mohiyatida esa shukronalik yotishi lozim, norozilik emas. Mashoyixlar aytishadiki: “Taomni andoq yegilki, sen uni yegaysan, nainki, u seni yesa!” Umrda hech qachon injiqlik, tajanglik, asabiylik qilib, taomdan ayb topib, uni hozirlagan kishini jerkib, har narsaga dud qaytarib, bir narsa yemaylik! Taom yeb, lazzatlanishimiz kimningdir bizdan jerkish olib, ma'nan ko'ngli qattiq og'rishi evaziga bo'lmasligi kerak! Aslo! Bu holda bir narsa yeganimizdan og'zimizga hech narsa olmaganimiz ming karra afzal. Chunki yeganingiz sizga ham hazm bo'lmaydi – siz ovqatni emas, ovqat sizni yeydi. Azizlar! Oramizda kimdir ofitsiantni jerkigan bo'lsa, o'zini uning, uni o'zining o'rniga qo'yib ko'rsin! Kimdir kimnidir ranjitgan bo'lsa, vaqtida undan kechirim so'rasin-da, tavba qilsin! Uzrini so'ramay, tavba qilsa yoki ranjigan kishi uni kechirmasa, bu tavba aslo qabul bo'lmaydi…
Ma'ruzadan keyin yangi boy umrida ilk daf'a sajdaga bosh qo'ydi. O'zidan o'tganini bir Xudo bildi-yu, bir joni.
Kichik boy katta boy bilan ishlarini bitirdi-yu, o'sha kuniyoq shahriga qaytib, ofisi yaqinidagi kafega yetib bordi. Ofitsiant yigit qo'lini ko'ksiga qo'yib, unga peshvoz chiqdi. Joy ko'rsatdi. U o'tirdi. Ofitsiantdan ham oldiga o'tirishini so'radi.
— Gap bor, – dedi, — eshit! Shu paytgacha seni nima deb ranjitgan bo'lsam, hammasi uchun kechirim so'rayman. Tavba qildim. Lekin sen kechirmasang, tavbam qabul bo'lmas ekan. Bugun masjidda imom hazratlari aytdilar.
— Men-ku kechiraman. Ammo bir shartim bor.
— Qanday shart?
— Men ham tavba qildim. Tavbam qabul bo'lishi uchun Sizdan kechirim so'rayman. Agar birov birovni ranjitgan bo'lsa-yu, u bundan tavba qilsa, lekin o'sha ranjitgan odamdan avval kechirim so'ramasa, kechirim so'raganida ham, u kechirmasa, bu tavba qabul bo'lmasa, Siz ham meni kechirishingizga to'g'ri keladi.
— Qo'ysang-chi, – dedi yangi boy, – men sendan aslo xafa emasman, ranjitganing ham yo'q.
— To'g'ri-ku-ya, lekin Siz har gal meni jerkiganingizda qattiq dilim og'rigan. Alamimni olish uchun Sizga olib borgan har choynak choyga avval yaxshilab bir tuflar edim-da…
Sultonmurod OLIM,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan
madaniyat xodimi