Sheriklik “imtihoni”

Bobolarimiz: “Safarga yolg'iz chiqma!” – deb o'git berishgan. Yolg'izlik – Xudogagina xos-da. Bir joyga sherik bilan borsang, har taraflama yaxshi-ku. Zerikmaysan. Suhbatlashib borib kelasan. Bir insonning ikkinchisi bilan diydorlashuvi – Allohning inoyati. U – sanalgan daqiqalar, soatlar, kunlar, nari borsa, oylardangina iborat.

Qarindoshlardan biri Toshkentda qizining to'yida ertalab osh berdi. Buxorodan mehmonlar kelishdi.

Bir og'aynim sanatoriyda davolanayotgan edi. “Oshga aytsam, kela olarmi-yo'qmi”, – degan mulohaza bilan: “Yaxshisi, bir tovoq to'y oshidan olib borib, o'zim ko'rib kelaman”, – deb o'yladim.

Mehmonlardan birini sherik bo'lishga taklif qilgan edim, bajonudil rozi bo'ldi. Bordik. Osh sovumagan ekan. Og'aynimiz duo qilib yedi. Qaytayotganimizda u:

– Mashinada kelgan bo'lsangizlar, meni ham Amir Temur xiyobonigacha olib ketinglar, – dedi.

Xush-xursandlik bilan uchalamiz kelyapmiz. Sobiq “Qozog'iston” kinoteatri oldida ko'z klinikasi bor ekan. Og'aynim:

– Shundoq kirib, do'xtirimga ko'rinib chiqsam, sizlarni ovora qilmaymanmi? – dedi.

Dam olish kuni edi. Borib ham, to'yxonada o'tiramiz. Savob-ku.

Do'xtirga kirishda navbat bor ekan. Yarim soatdan keyin og'aynimiz kirib ketdi. Albatta, yana yarim soatcha uni kutishga to'g'ri keldi. Qarasam, o'tgan bu bir soat orasida sherigimning avzoyi tamom buzilib bo'libdi. Aftini ko'rsangiz, qosh-qovog'i-chi! Xijolat bo'lib ketdim. Pushaymoni Haq qildim. “Uzr” so'ramasam, noqulay bo'lar”, deb o'ylab:

– Bu odam – ko'p yaxshi odam. Mehmondo'st. Mard. Dangal. Har gal Buxoroga borganimda mashinasida kuni bilan olib yuradi, – dedim.

O'zi ham shu gapimni kutib o'tirgan ekanmi, birdan portladi-ku:

– Ketaylik! – dedi kutilmaganda zarda qilib, aftlarini buj­maytirib, yomon jerkib. Xuddiki shohi jahon o'z quliga hukm qilgandek tuyuldi menga.

Rosti gap, otam ham meni bunday jerkimaganlar. G'alati bo'lib qoldim. Axir, shu holatda ketib bo'ladimi? Ketsam, kim degan odam bo'laman?!

Jerkish – yomon narsa. Viloyatlarimizdan biriga ijodiy safarga chiqdik. Safimizda atoqli bir qalamkash ham bor edi. Jinlari kaminani yomon ko'rsatdimi, bilmadim, kutilmaganda yomon jerkidi-ku. Jerkiganni unutadigan odam topilarmikan? Shunday ko'nglim qolgan ekanki, jinlarim meni uning janozasiga ham bordirtirmadi-ya…

Shunda beixtiyor bobom – Mullo Olimxonning: “Biz – xo'jalar o'lsak, bo'yin tomiridan o'lamiz. Chunki bo'yin tomirimiz gap ko'tara olmaydi-da”, – degan gaplari yodimga tushgan edi. Ammo ichimda bu fikrga e'tirozim – bor: yo'q, xo'jami, qorachami yoki xosmi, avommi, mutlaqo farqi yo'q, odam bolasining hech biri gap ko'tara olmaydi, bobojon!

– Kemaga kirganning joni – bir! – dedim noilojlikdan sherigimga.

Shunda bo'lib o'tgan bir voqea haqida Alisher Navoiydan o'qiganim yodga tushdi-yu, aytmadim. “Shohi jahon” sherigim shunday jahlga mingan ediki, aytadigan holat emas edi. Axir, yonib turgan ustiga kerosin sepib bo'ladimi?!

Keling, sizga aytay.

Ikki kishi bir manzildan kelishayotgan ekan. Biri ikkinchisiga:

– Shu yerda bir og'aynim yashaydi. Shundoq kirib, bir hol-ahvol so'rab chiqsam, maylimi? – debdi.

– Mayli, kirib chiqavering, men sizni shu yerda kutib turaman, – debdi ikkinchisi.

Haligi sherik shu kirib ketganicha, kechgacha ham chiqmabdi-da. Uyda bazmi jamshid avjida ekan. Bu ham qo'shilibdi. Hech chiqib, buni sherigiga tushuntirishning iloji bo'lmabdi-ku. Oxiri: “Shuncha kutmas, ketib bo'lgandir”, – deb o'ylab, o'tiraveribdi. Bazmi jamshiddagilar kechasi mezbonnikida uxlab qolishibdi. Ertalab nonushtani qilib, keyin tarqashibdi.

Haligi sherik chiqsa, o'rtog'i o'sha joydan qimirlamay uni kutib turibdi. Kechasi bilan qor yog'ib, sallasi ustida yana bir salla paydo bo'libdi ham.

– Men-ku chiqib uzrimni ayta olmadim, siz ketavermadingizmi? – deb so'rabdi undan xijolat bo'lib mehmonga kirgan.

– Qanday ketaman, axir. “Kuting, kelaman”, – dedingiz, kutdim, keldingiz. Axir, qachon kelishingizni aytmagan edingiz-ku. Sizdan hech xato o'tgani yo'q, – debdi.

Eh, dedim ichimda, bunday so'fiyqalb kishilar bo'lsa qadim zamonlarda bo'lgandir?

Hammamiz yaxshi tushunamizki, zamonimiz – yomon tig'iz. Kimdir do'koniga, kimdir majlisga, kimdir darsga, kimdir ishxonasiga vaqtida yetib bormasa, tamom-da. Lekin bu sherigim to'yga kelgan. To'yxonaga borib ham, hech ish qilmaydi. O'tiradi. Unda u nega tixirlik qilib, ko'nglimni bunchalar ranjitdi?

Kasalimiz do'xtirga ko'rinib, xursand bo'lib chiqdi. Muolajalar ancha foyda qilibdi. Uni Amir Temur maydonida tushirdim. Sherigimning vajohatini sezmadi ham bechora. Xayriyat.

Ammo bu savobim o'zimga mutlaqo tatimadi. Sherigim zahar qildi-ku.

Yana bir karra aniq xulosaga keldimki, ko'plar manfaatiga zig'ircha ziyon yetishini aslo istamaydi. Holbuki, hayot juda murakkab narsa. Manfaatingga zig'ircha zarar yetkazmay yashashning hech ham iloji yo'q. “Hech kim mening manfaatimga zig'ircha zarar yetkazmasligi kerak!” – deb yashash – xudbinlikdan boshqa narsa emas. Chunki hayotda hamma vaqt ham bunday bo'lavermaydi-da.

Jo'ralar bilan tog'-poqqa dam olishga chiqsak, ovqat kaminaning gardanida bo'ladi. Kimdir pishirishi kerak-ku, axir. O'sha men bo'lsam, nima qilibdi? Qaytanga, obro'y emasmi bu?

O'z manfaatlaringdan kechib-kechib, so'fiy bo'lasan.

Men bundan boshqa haqiqatni bilmayman.

Shuncha gapdan keyin bir muhim masalaga aniqlik kiritmasak, bo'lmas. Xo'sh, o'sha meni jerkigan sherigimning nima manfaatiga zid ish qildim?

Birinchisi, sanatoriyda davolanayotgan birodarim unga yoqmagan   bo'lishi mumkin. Odamlar har toifa-da. Hamma yaxshi ko'radigan odamni ham kimdir juda yomon ko'radi, axir. Ko'p kishiga jinlari boshqani yomon ko'rsatadi. Hozirgi tushunchalar bilan ifodalaganda, avrasi avrasiga to'g'ri kelmaydi.

Ikkinchisi, biz ikkimizning bunday og'aynigarchiligimiz uning g'ashini keltirgan bo'lishi hech gap emas. “Nega mening bunday og'aynilarim yo'q?” – deb o'ylagan bo'lsa-chi?

Uchinchisi, uning Buxorodan kelgan sheriklari bor edi. “Ular hozir to'yxonada bazmi jamshidni boshlab yuborishgan. Men bo'lsam shunday shirin davradan qolib ketib, bu odamning manfaati uchun ahmoq bo'lib bu yerlarda sarsonu sargardon bo'lib yuribman”, – deb fikrlagan bo'lsa ham, ajab emas.

Keldik. Amir Temur maydonidan Sergeligacha bir og'iz ham gap­lashmadik. O'rtamizda e'lon qilinmagan urush allaqachon boshlanib bo'lgan edi.

To'yxonada, chindan ham, bazmi jamshid avjida ekan. Xayriyat, sherigim ham davraga qo'shildi. Bo'kib-bo'kib ichdi. Peshindan keyin dasturxon boshida tong qotib uxlab ham qoldi. Kechqurungi to'yga hozirlik uchun uni zo'rg'a uyg'otishdi.

Xo'sh, oxiri nima bo'ldi? Ko'nglimda bu sherigimning yuziga kattagina xoch, ya'ni krest tortildi. Shu-shu, noiloj bo'lmasam, u bilan o'tirib turmayman. Uyiga borgim kelmaydi. Sherikchilik qilmayman. Aslo! Axir, ko'r hassasini bir marta yo'qotadi.

Biz “imtihon” desa, ta'lim muassasasini bitirish yoki unga kirishdagi savol-javobnigina tushunamiz. Yo'q! Har lahzamiz – imtihon. Alloh o'zaro uchrashtirgan har ikki odam, avvalo, bir-biriga, qolaversa, Yaratgan huzurida imtihon topshiryapti.

Adabiyotchi sifatida “ayb”imni ochiq bo'ynimga olaman: badiiy to'qima asosida bitilgan hikoyalarni qiynalibroq o'qiyman.

Bu yozganim to'qilgan hikoya emas.

Sultonmurod OLIM,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen + 19 =