Faxriy jurnalist saboq beradi

Kuni kecha O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo'limi tashabbusi bilan uyushma a'zosi, navoiylik faxriy jurnalist Olim Xo'jayevning
“Mahorat maktabi”ni tashkil etishga bag'ishlangan ma'naviy-ma'rifiy tadbir bo'lib o'tdi.
Unda faxriy jurnalist Olim Xo'jayev, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo'limi raisi Otabek Aslonov, jurnalist Dilbar Razzoqova, O'zbekiston Milliy axborot agentligining Navoiy viloyati bo'yicha muxbiri Abduvali Bo'riyev va Navoiy shahridagi umumta'lim maktablarining ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchilari hamda jurnalistika sohasiga qiziquvchi yoshlar ishtirok etdi.
Faxriy jurnalist Olim Xo'jayev ko'p yillar Navoiy viloyatining matbuot sohasini rivojlantirishga salmoqli hissa qo'shgan ijodkorlardan. U televidenie, radiojurnalistikasi yo'nalishlarida, qolaversa, viloyat, shahar va respublika bosma nashrlarida samarali mehnat qilgan. Shu bois “Ustoz-shogird” an'anasi asosida 40 yillik kasbiy tajribaga ega ustoz ijodkorning “Mahorat maktabi” tashkil etilayotgani yosh qalamkashlarni sevintirdi.
— Jurnalistika juda mashaqqatli, ammo sharafli kasbdir, — dedi ustoz ijodkor Olim Xo'jayev. — Keyingi yillarda jurnalistika sohasini rivojlantirishga, soha xodimlarini moddiy va ma'naviy qo'llab-quvvatlashga katta e'tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qabul qilingani biz kabi ijod ahli, qolaversa mamlakatimizda faoliyat ko'rsatib kelayotgan minglab jurnalist hamkasblarimni yanada yangi kuch-quvvat va fidoyilik bilan mehnat qilishga ruhlantirdi. Mazkur qaror bilan tasdiqlangan Dasturda hududlarda taniqli jurnalistlarning bo'lajak yosh jurnalistlar uchun ustoz-shogird an'anasi asosida “Mahorat maktablari”ni tashkil etish vazifasi ham belgilab berilgan. Ushbu vazifa talablaridan kelib chiqib, bugun viloyatimizning turli shahar va tumanlarida el tanigan faxriy jurnalistlarning ana shunday maktablari tashkil etilmoqda. Nasib etsa, bugun mening rahbarligimda tashkil etilayotgan “Mahorat maktabi”ga ham iste'dodli, jurnalistika sohasiga endi kirib kelayotgan shijoatli o'g'il-qizlar kelishadi va ularga bor tajribamni o'rgatishga harakat qilaman.
Tadbirda jurnalistlar Dilbar Razzoqova, Abduvali Bo'riyev va maktablarning ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchilari ham so'zga chiqib, O.Xo'jayevning jurnalistlik faoliyatini e'tirof etishdi.
Shundan so'ng ishtirokchilar bu yil 70 yoshni qarshi olayotgan Olim Xo'jayevdan jurnalistika sohasiga doir o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Ra'no RABBIMOVA,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi
Navoiy viloyati bo'limi mutaxassisi