So'zdagi xiyonat soyasi

“Hurriyat” gazetasining har bir sonini qoldirmay o'qiyman. Uning sahifalari barcha sohani qamrab olgan, kishini o'ylantiradigan mavzulardagi maqolalar juda ko'p. O'zimni qiynab kelayotgan masalaga doir bir misol keltirmoqchiman. Jurnalist Quvondiq Xalilov “Xolislik – andishasizlik emas”   (2022 yil, 10 avgust soni) maqolasida   yozadi: “Biror bir voqea, hodisa haqida boshqalarni tezroq xabardor qilish maqsadida tahlilga, o'rganishga e'tibor qaratmaymiz. Oqibatda butun internet tarmoqlarini “palag'da shov-shuv”lar bosib ketdi.To'g'risini aytsam, meni ham shu masala qiynaydi.

 Biz, qaysi millat vakili bo'lmaylik, shu zaminda tug'ildik, o'sdik, voyaga yetdik. O'qidik, bilim oldik. Jamiyatimizning bir ongli a'zosiga aylandik. Qanday qilib o'z tug'ilgan yeringga xiyonat qilish mumkin? Afsuski, internetda bo'lsin, xorijiy matbuotda bo'lsin, turli g'arazli manfaatlar yo'lida yoki “havoyi vatanparvarlik” ilinjida asl haqiqatni soxtalashtirishga urinishlar, hamisha kamchilik izlovchilar ko'payib qoldi. Sog'lom fikrlovchi inson yolg'on axborotlarga ishonmaydi. Yaxshilikka hasadmas, havas qiladi. Vatan ravnaqi bilan bog'liq masalalarda so'z orqali ziyon keltirish ham har qanday yovuzlikdan kam emas.

O'zbekistonda el ahvoli yaxshilanayotganligini butun dunyo biladi. Bu o'zimizga-ku, kunday ravshan bo'lib qoldi: ishbilarmonlarga keng yo'l ochilgan, yoshlarga qulayliklar yaratilyapti. Ijtimoiy sohani olaylik. Pensioner, nogiron, kam daromadli oilalarga imkoni boricha imtiyozlar berilyapti. Qarilik nafaqamiz mahallamiz, uyimizgacha keltirib berilyapti. Uylar qurilyapti. Elimiz obod, yurtimiz farovon. Har ikki oilaning birida yengil avtomashina, oila a'zolarining har birida uyali aloqa vositalari, hatto kichkina bolamiz ham kompyuter ishlatishni biladi, xorij tilida bemalol gapiradi.

Ammo… internetda o'tirib, bo'lar-bo'lmas bo'hton va uydirmalar yozishga ketgan vaqtni oilamizga yoki jamiyatning biror koriga sarflasak bo'lmaydimi? Joriy yilning 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog'is­tonda bo'lib o'tgan voqealar o'zini bilgan vatandoshlarimizni qanchalik ranjitmadi, axir?! Chunki, bu yerda ham yurtimiz tinch­ligi, ertasi yo'lida olib borilayotgan islohotlarga norozilik kayfiyatini uyg'otish uchun ayrim kaltabin kimsalar aynan ijtimoiy tarmoqlar orqali   o'zlaricha “targ'ibot-tashviqot” olib borishgan.

Donishmandlardan biri aytgan ekan: “Dushmandan qo'rqma, nari borsa seni o'ldirishi mumkin, do'stdan qo'rqma, u bor-yo'g'i senga xiyonat qilishi mumkin. Ammo befarq odamlardan qo'rq. Chunki ular seni o'ldirmaydi ham, sotmaydi ham. Biroq ularning jim va loqayd qarab turishi oqibatida yer yuzida xiyonat va jaholat urchiydi”.

Ijtimoiy tarmoqlardagi notanish do'stim, yurtimiz haqidagi oldi-qochdi gap­lar, bo'htonlar, asosi bo'lmagan yolg'on xabarlarga ishonmang. Ongingizni zaharlanishidan ehtiyot bo'ling. Adashgan bo'lsangiz, yo'lingizdan qayting. Ana shunda nafaqat elimizga, avvalo, o'zingizga ham yaxshilik qilgan bo'lasiz.

Furxat UTEMURATOV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi,

“Shuhrat” medali sohibi.

Qoraqalpog'iston Respublikasi,

Xo'jayli tumani

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve − four =