Shoir umri yoshlikka payvand bo'stonda o'sdim
Oydin Hojiyeva,
O'zbekiston xalq shoiri
Onamning aytishlaricha, o'riklar oppoq gullab turgan bahorda choshgoh payti tug'ilgan ekanman. Ota-onamning o'n oltinchi farzandlari ekanman. O'shanda urushning katag'on kunlari, dam-badam xonadonlarga motam olib kelayotgan qoraxatlar, odamlarning yuragini ezgan dahshatli yillar ichra ota-onamning topgan shodligi men ekanman. Oydin kunlarga yetaylik, deb ismimni Oydin atashgan ekan. 10 ta o'g'li yerga, bitta navqiron o'g'li urushga yem bo'lgan otam Hoji bobo 60 yoshida olamdan o'tgan. Men – 3 yashar go'dak va ikki navqiron opam 55 yoshli onamning qo'llarida qolganmiz. Esimni tanib-tanimasdan onam aytgan she'r va ertaklarni, maqollar, rivoyatlarni yod olib, davralarda aytib yurarkanman. Gulday kelinchaklarning qoraxat ushlab yig'lagan damlari, otasiz o'sayotgan dugonalarimning qayg'uli ko'zlaridagi sog'inch va qishlog'imizda yigitlar o'rnida qolib, kecha-yu kunduz mehnat qilgan keksa chollar, yoshi o'tib qolgan ayollarning zahmatli turmushi kechagiday xayolimdan o'taveradi. Ana shunday dardli kechinmalar oralab o'rta maktabni bitirdim. 1960 yili qishlog'idan bir qadam nari chiqmagan 18 yoshli qiz o'z kelajagini izlab Toshkentga – ToshDU (hozirgi O'zMU)ga yo'l olgani tumanimiz uchun u davrlar yangilik va jasorat edi… Universitetni a'lo diplom bilan tugatgach, o'sha vaqtda yagona adabiy jurnal — “Sharq yulduzi”ga ishga kirdim. Ikki yillik ijodiy faoliyatim shu ajoyib jurnal jamoasi davrasida kechdi. “Gulxan” jurnali meni bolalik davrasiga olib kirdi. So'ng umrimning 21 yili “Saodat” jurnali bilan bog'liq kechdi. Sevimli ustozim Zulfiyaxonim, Shuhrat, Mirtemir domla, To'xtasin Jalolov kabi donishmand olim, Uyg'un, Toshpo'lat Hamid kabi mendan mehrini, mehnatini, madadini ayamagan ulug' insonlardan bir umr qarzdorman. Bolaligim kengliklarda, qo'shni “Mullatosh” qishlog'ining zaranglarida, Zarafshon daryosining yovshanlar iforiga to'la chimzorlarida o'tgan. Ittifoqo, yoz kunlarining birida sigir o'tlatib yurgan qizchani maktabdagi uchrashuvga olib ketdilar. O'sha qizcha hech qanday tayyorgarliksiz Uyg'un, Quddus Muhammadiy, G'afur G'ulomlarning she'rlaridan ifodali o'qib berib, barchani lol etgan. Xalq shoiri Uyg'un: “Shu mayizdekkina qishloqda she'riyatning nafasini ko'ryapman. Uni tarbiya qilsa, binoyiday shoira bo'ladi”, degan ekanlar uchrashuvda. Uchrashuvdan ozgina keyin tuman gazetasida bir she'r bosildi. She'r ostiga “3-sinf o'quvchisi Oydin Hojiyeva” deb yozilgan edi. Aslida bu she'rni Toshpo'lat Hamid o'zlari yozib, mening nomimdan chiqargan ekanlar. 1953 yilning yozidagi shu quvonch meni muxlislar davrasiga, adabiyotning katta yo'llariga olib chiqqan. She'riyatga ko'ngil bergan kunimdan boshlab o'zimni kuchli, qudratli va odamlarga kerakli, deb bilganman. Shu sababli ham hayotimning past-u baland yo'llarida she'riyat mening qo'llarimdan tutib, qaddimni tikladi. Yo'qotgan quvonchlarimni qayta topib berdi. Odamlarning yuragidan kimyo izlashga o'rgatdi. Esimda, 1971 yil birinchi she'riy kitobim chiqqanida onamga olib bordim. Onam “Shabnam” deb nomlangan to'plamimni ko'zlariga surib yig'lab yubordilar: “Otangiz o'g'illarim yashab ketmadi, endi mening nomim dunyoda qolmaydi, deb armon bilan o'tgandi. Xudoga shukur, otangizning nomi mana shu kitobcha bilan dunyoda qoladigan bo'libdi…”.
Taqdir menga – cho'lda bo'zto'rg'ayday bo'zlab o'sgan qizaloqqa behad mukofotlar berdi: O'zbekiston xalq shoiri unvoni. Donishmand, mehribon umr yo'ldoshi. Suyukli farzandlar, nabiralar. Menga Hizrday himmat qilgan dono ustozlar. Davralarga kirsam, yuzlaridan nur yog'ilib turgan minglab muxlislar. Atrofimda otashnafas shoira qizlar. Shularni o'ylasam, el-yurt hurmatini ko'rgan va el-yurtiga jon-dili bilan bog'langan ijodkor sifatida hayotimdan, taqdirimdan ming bor roziman.
Bugun bir turkum she'rlarim “Hurriyat” mushtariylariga havola etilayotganidan esa yanada xursandman.
Gar daraxtsan — majnuntolday egil xalqingga
(Yuqoridagi havolani bosib, she'rlarni o'qishingiz mumkin)