Gar daraxtsan — majnuntolday egil xalqingga

Oydin Hojiyeva,

O'zbekiston xalq shoiri

           ISSIQ O'LKALARGA…

 Issiq o'lkalarga uchib ketgandek,

Yoshlik turnalari qaytmaydi garchand,

Davom etayotgan shirin tushlardek,

Shoir umri mangu yoshlikka payvand.

 

Oftobga yukingan oq sochli tog'lar –

Etagida gulxan yoqilgay bahor,

Gulxan zarralari – ol qizg'aldoqlar

Yoshlik sepi kabi yashnaydi takror.

 

Gar tunab qolmaysan biror bekatda,

Yoshlikning qanoti tolmas karvoni,

Shoshilma, bu tansiq ezgu fursatda,

Shoirning dilida hayot tug'yoni.

 

Nargiz bu guzarda chalma zango'la,

Ilhom qushchalarin cho'chitma zinhor,

Sen boq, bu yurakda ishq – qo'shiq to'la,

O'rik gullariga cho'lg'angan bahor!

 

                           * * *

Izimda otashso'z shoira qizlar…

ZULFIYa.

 

Sizni sog'inarman bayramlarda.

Yomg'ir shivalagan ko'klamlarda.

Davralarda, lutf-u karamlarda

Issiq yuzingizni ko'rgim keladir.

 

Allohdan g'animat in'om tonglarda,

Namozshomguliday sirli shomlarda,

Ilhom shalolali hur payg'omlarda

Issiq yuzingizni ko'rgim keladir.

 

Yangi she'r o'qishib ko'ng'iroqlarda,

O'gitingiz tinglab jon quloqlarda,

Shifo simirganday sof buloqlardan,

G'oyibona suhbat qurgim keladir.

 

Ko'ksi, ko'ngli to'la ezgulik, ziyo,

Qayda gullar endi ul mehrigiyo?

Dunyoga bir keldi-ketdi Zulfiya,

Bahorday qaytmaydi, degim keladi…

 

                         * * *

Shoshilma aytmoqqa!

Ko'ngil tobida,

Mehr sadafida gavhar – bitta so'z!

Shoshilma!

Shoshilma, til g'ilofida

O'ljasini kutgan xanjar – bitta so'z!

Shoshilma!

Sabrning panjarasidan

Sirtlonday sapchisa u beixtiyor,

Uning vajohatli iskanjasidan

Talafotsiz chiqmoq o'limdan dushvor!

Shoshilma!

Ayqirib oqqan daryoni

O'sha so'z simirib, goho quritgay!

Shoshilma, o'spirin, o'ktam dunyoni

Bir so'z munkillagan cholday qaritgay!..

 

                       OG'RIQ

Meni beuyqu, befarog'at aylar,

Bitta so'z ko'ksimni etadi dog'lik.

Meni behud, yana betoqat aylar,

Suyak-suyagimdan o'tar bir og'riq.

Nedir ul? Xayollar tarami ichra

Ignaday yo'qolib uni izladim.

Gohi alangaday osmonga sachrab,

Yozning o'rtasida goho muzladim.

Har kim qo'l tortadi o'z ko'mochiga,

G'anim pand bersa-ku, kechirmoq oson.

Ne ozor – qor bo'lib qo'ndi sochimga,

Ne o'ylov yuzimni etdi za'faron!

Dunyo tor uzukday qisib keldi goh,

Gumonlar tulkiday pisib keldi goh.

Jonimga tutash qay qadrdonimdan

Nahot, ig'vo xatning tusi keldi goh?

Bu hol ne – tillari kuyganlar aytsin,

O'zdan ortiq do'stin suyganlar aytsin!

Behuda siltovdan diydasi qotib,

Dilkash so'zdan yana iyganlar aytsin!

Sukunat chinqirar tunlar quloqda,

Nay kabi yangraydi ovunchli hikmat:

Kiyik turmas goho ishongan tog'da,

Ul og'riq – do'stingdan kelgan xiyonat!

 

                        YuRAGINGDA…

 Yuragingda uchqun bordek, kechikma, uyg'ot,

Ko'zingni ne g'aflat bosdi, uyquda – tug'yon.

Devor oshgan behigulday iforing tuzg'ot,

Qo'ng'irog'i tildan qolib, nega gung Vijdon!

Agarchi sen shavqi-dardi o'rlagan qo'shiq,

Zaranglarni shudgor ayla, oltin omoch bo'l!

Uyg'on bulut esang, bo'ron solganda chiviq,

Do'lmi, selmi, qaldiroqmi, guli bo'znoch bo'l!

Bilagingda jo'shqin kuchni ezgulikka bur,

Gar daraxtsan – majnuntolday

                                           egil xalqinga,

Gar kemasan – xaloskor bo'l

                                           qattol to'fonda!

Sen olovsan, topinmagin sovuq yolqinga.

Uyg'on, devor tirqishida qolgan qoraqurt,

Misli zahar sanchma so'zning ilmoqlariga.

E'tiqodu imon uchun kurashganda yurt

Tariq bo'lib to'kilmagin oyoqlariga!

 

DASTXAT SO'RAGAN QIZGA

Barchaga baxt kulsa, g'uncham,

Birgina tilak bilan,

O'tmas edi hech bir odam

Armonli yurak bilan!

 

Oq yuzlaring bahor – yozli,

Hatto shamol o'pmagan!

Kulgularing erka-nozli,

Chirkin xayol tegmagan!

 

Binafshaday latofatli,

Qadamlaring nafisdir!

Bu hayot-ku, saxovatli,

Faqat baxtga tanqisdir!

 

Xuddi qalbing osmonida

Ishq arg'imchoq solmamish.

Sirlaringga oy nuridan

O'zga quloq solmamish!

 

Umr daryo misli tezob,

Olma gulim, gullarsan.

Muhabbatday buyuk azob

Kelsin meros yo'llardan!

 

Ayol uchun ziynatu taxt

Qimmat-qiron emasdir!

Yolchitmasa gar muhabbat,

Dunyo – dunyo emasdir!

 

                            * * *

Kimga chumoliday g'imirlagan jon,

Kimningdir sig'ingan shohidasan.

Kimning mushkulini etguvchi oson,

Kimningdir bedorlik-ohisan.

 

Hamlaga shaylangan ona sher,

Goh, najot izlagan ohusan!

Birovga mehribon, kamtar Yer,

Kimga – qadr qo'ng'irog'isan!

 

Ko'zingda g'am ko'rsa – mo'ltirab,

Dard uqqan do'st xayrixohisan!

Seni xushvaqt ko'rsa – qaltirab

Qolgan kimning dilsiyohisan!

 

                  QARZ

Darding olayin, tuproq,

Sendan qarzga botganman.

Hovuchingda bolbuloq

Sharbatlarin totganman.

 

Oqshomlari xayolchan,

Saharlari bir halim,

Tuproq yo'lda sarpoychan

O'ynab yurgan Vatanim!

 

Bog'lar oralab o'tsam,

Qirqog'ayni gulimsan!

Tog'lar qoralab o'tsam,

Xayollari do'limsan!

 

Tegirmonday guldirab,

Matal aytdi momolar!

Tarixlardan yo'l so'rab,

Elga qaytdi donolar.

 

Va bolalik qasriga

Sehrgarday kirdilar.

Tasavvur g'orlarimda

Chiroq tutib yurdilar.

 

Oqshomlari xayolchan,

Saharlari bir halim,

Tuproq yo'lda sarpoychan

O'ynab yurgan Vatanim!

 

Senga kirgan tikanni

Kiprik-la olmadim goh,

Sen g'amgin boqqaningda

Dardkashing bo'lmadim goh!

 

Zarafshonga yog'ilgan

Qutli bulut bo'lsaydim.

Etagingga to'kilgan

Marvartak tut bo'lsaydim.

 

Qirlaringga sochilgan

Bug'doy doning bo'lsaydim,

Do'stlaringga ilingan

So'nggi noning bo'lsaydim.

 

Oqshomlari xayolchan,

Saharlari bir halim,

Yomg'irda, qorda ivib,

Paxta tergan Vatanim!

 

O'pkangni sovuq olib,

Kech kuzaklar saboha,

Og'zimga talqon solib

Yurganim bir gunohim!

 

Ayqirgan Orolingni

Sho'r bosgani bir uvol.

Nechun meni ertaroq

Uyg'otmadi bu savol!

 

To'g'rining yoqasidan

Egrilik olganida,

Goh, haqiqat boshi ham,

Egilib qolganida.

 

Qanday qilib mening, oh

Eb-ichganim osh bo'ldi?

Sen ipak bo'lding, tuproq,

Mening bag'rim tosh bo'ldi…

 

Uvol, uvol lahzalar

Olgay giribonimdan.

Jur'at bo'lib larzalar

Chaqmoq chaqar jonimda.

 

Shu jur'at-la yashasak,

Oqlarman non-tuzingni.

Kechir, sendan umrbod

Qarzdorgina qizingni!

 

                          SIRLAShUV

– Daryolarim, mening quvnoq singillarim,

Gulparastim, mangu uyg'oq singillarim,

Necha yilki, bo'yingizga borolmadim,

Mavjingiz-la quvalashib yurolmadim.

Oshig'ingiz – majnuntollar omonmikan?

To'lqiningiz beshik-beshiksimonmikan?

Oq patlarin tarab-tarab buloqlarda,

Qamishzorda oq turnalar mehmonmikan?

So'lim qizlar Sizga sahar yo'l olarmi?

Tushin aytib, suvingizga gul solarmi?

Uyur haydab kelganida chavandozlar

Yulduz to'la ko'zgungizdan lol qolarmi?

Xonbaliqlar raqs etarmi ko'zni olib?

Baliqchilar qiyqirarmi qarmoq solib?

Sado kelar gumburlagan Zarafshondan,

Ugamdaryo, Pskomdaryo   tomonlardan:

O'ynoq-o'ynoq baliqlarim chirib ketdi,

Og'alarim – majnuntollar qurib ketdi.

G'ofil Inson oyoq yuvdi buloqlarga,

Oq turnalar quchib, ohlar urib ketdi…

 

                          * * *

Cho'tir tunning hikoyatlarin

Cho'kka tushib tinglaydi tog'lar

Va bulbulning ishq oyatlarin

Talabaday yodlaydi bog'lar.

Daralarda shamol – tun qizi

Charx yigirib ottiradi tong.

Ajdahoni yengib bir o'zi,

Kenja botir qotib yotar dong.

Yo'l qavartgan tovonlarini

Uqalaydi tunning barmog'i.

Uning qilich-qalqonlarini

Iltimos qilar so'zning qayrog'i…

 

                                 * * *

Boshingda ming tuman savdodir sening,

Tongan-topinganing Xudodir sening,

Hasrating vidodir, xushxabaring – ishq,

Giryalar joningdan o'todir sening.

Yoshing hisobiga yulduzlar yetmas,

Soching oq, ko'ylaging qarodir sening!

Bir inson qismati oldida lekin

Dunyo, ko'rganlaring halvodir sening!

 

   DEHQON TA'RIFI

Kimning qurbi-quvvati

Makri, jag'i-tilida.

Tushsa, butun chiqadi

Tegirmonning do'lidan.

Yaktaklari javzoda

Sizilmagan sho'r terdan.

Qo'li tegsa mabodo,

Ko'chat tutmaydi yerda.

Ul esa chechan emas,

Bor kuchi – bilagida.

Irodasi elangan

Mehnatning elagida.

Ketmon ursa, gursillab

Yerning tani yayraydi.

U tilinmas, har kuni

Ketmon damin qayraydi.

U qo'l ursa, daraxtning

Ildizlari emar bol.

Belbog'ining uchiga

Nosvoy tugib yurgan chol.

Davralarda gap topmay,

Kalovlanib qolar lol,

Ona Yerni bir umr

Gapirtirib kelgan chol!..

 

                            * * *

Muhabbatning shirin sharobin ichib,

Mevasin talx, dedi, tufladi ayol.

Dorulshafaqda uyqusi o'chib,

Xarxasha qiladi bir go'dak uvol.

Maymoq ayiqchasin bo'ynidan quchib,

Ko'rpasi ochilib uxlar bolajon.

Tushida oq laylak keladi uchib,

Uni olib ketar vodiylar tomon.

U jo'ja kaklikday qirda yo'rg'alar,

Berkinmachoq o'ynar boychechak bilan.

Hushtak yasab berar so'fi to'rg'aylar,

Tog'lar opichadi kamalak bilan.

Shamol xarsanglarda qovurar bodroq,

Do'ppisiga kulcha uzib berar oy.

Uni tizzasiga oladi o'tloq,

Kayvoni kampirday allalaydi soy.

Tunning choriqlari piyoz po'stiday,

Hassasi ignaday, ko'chada sarson.

U qanday sayyohki, ketar indamay,

Jon ipidan tushib qolsa bir marjon…

Eshikda umidvor o'ltiradi tun,

Uyqusi quduqqa tashlangan chelak…

Har kecha go'dakni ovutmoq uchun

Derazadan uchib kirar oq laylak…

 

                   * * *

Jon enam-a, jonimdan

O'tdi g'anim ig'vosi…

El sovurgan somondir

Fosiqlarning g'avg'osi…

– Jon enam-a, gohida

Do'stlar niqob tutdilar.

Maqtab-maqtab oldimda,

Ortimdan tosh otdilar…

– Otilmagan sopqon-ku,

Qaytib tegar o'ziga.

Sen mung'ayib qarama,

Qalloblarning yuziga…

– Yuragimga zirapcha,

Sanchildi goh, enajon!

Shubhalarning do'lida

Yanchildi don kabi jon…

– Dovul, to'fon boshida

Guldiragan toqqa boq!

Tuzmagan bardoshidan

To'zim tila, ey chiroq!

– Jon ena-ya, qishlarda

Muzlagan og'och bo'ldim!

– Najot so'ra bahordan,

Qayta gullaysan, qo'zim!

 

                * * *

Eman kabi egildim,

Ne qilayin, enajon?

Xalqiga suyansa kim,

Bukilmagay hech qachon!

Qurigan daraxt bo'lma,

Ziqna-yu badbaxt bo'lma,

Zog'larga tiling berma,

G'animga siring berma…

Mevang – elniki bo'lsa,

So'zing—dilniki bo'lsa,

Yoving bo'lsa-da lak-lak,

Qilolmas seni halak!

Sen tomonda bo'lar xalq!

 

                  * * *

Bog'larning ko'ylagidan

Hid o'g'irlar epkinlar.

Tun yuziga toshadi

Oq sedana – sepkillar.

Oq tong bilan yoyilur

Keksalarning duosi.

Yaydoq tog' yuzi bujur,

O'qir oftob inshosin.

Fursat – oltin chig'iriq,

Zamon momo ip eshar.

Ming yillarning nuqtasi

Urchug'ida tutashar.

Qo'llari tolmasmikan?

Yo uyqu olmasmikan?

Sezgir yurak, torlaring

Shul chechanga mosmikan?

Yerga tegmas qadamim,

Vaqtning arg'imchog'ida,

Bir pishiq qatim bo'lsam

Zamonning arqog'ida…

 

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 4 =