Nedir kuydirar tinmay Dillarni, dimog'larni

Hol Muhammad Hasan

 

Muallif haqida:

Hol Muhammad Hasan — 1957 yil Sirdaryo viloyatining Gulis­ton tumanida tug'ilgan.

1983 yilda Toshkent davlat universitetining yuridik fakultetini tamomlab, adliya va sud tizimida uzoq yillardan buyon samarali mehnat qilib kelmoqda.

Hol Muhammad Hasan taniqli huquqshunos ijodkorlardan biri bo'lib, “Ohuva”, “Ul kuni Ustoz dedilar”, “Qadimiy qo'shiq”, “Suluvlardan suluvsan”, “Oy o'tov oppoq o'tov” kabi bir nechta she'riy kitob­larning muallifidir.

Ayni paytda u jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent viloyat sudining sudyasi bo'lib faoliyat yuritadi.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

 

                 Kuz

Zar xazonlar qoplamish

Zardoluzor bog'larni.

O'zni bulbul chog'lamish

Zavqi toshib zog'larning.

 

Ba'zo'r qo'shig'in aytib,

Bolari kezar daydib.

Mushki mast qilmay qo'ydi

Gullarning, giyohlarning.

 

Sochin yoyib yelvagay,

Tunlar ilhom imlagay,

Chirildoqlar chalib nay,

Ko'mar so'lu sog'larni.

 

Otdan tushib viqorlar

Tog'ni tark etar qorlar,

Chizar musavvir morlar

Suvratin irmog'larning.

 

Kun sanagan kelinday

Borliq to'lishgan. Bay-bay…

Nedir kuydirar tinmay

Dillarni, dimog'larni.

 

Holsiz xo'rsinib qalam,

Ohor yuzin qilar nam:

“Yozmaslik mumkinmikan,

Tavsifin bu chog'larning?”

 

Tuyg'ular to'zib tindi,

Bir his ingraydi endi:

“Kuz manimdir,manimdi,

Bahor esa sog'larning…”

 

            Musofir

O'zidan gar izn yo'qdir,

O'zingcha iz sololmassan.

Benazar molbozorda bir

Jarchi, dallol bo'lolmassan.

Musofir it dumin har dam,

Bag'rida asramish mahkam.

Birovning yurtida hech ham

Oyoq cho'zib o'lolmassan.

Berib sir yaxshi-yomona,

Yurma burning bo'yab qona,

Begona — sanggi devona,

Tegar qaydin bilolmassan.

Dunyoda sarson — avbosh ko'p,

Turobin topmagan losh ko'p.

Minnatli oshda, bil, tosh ko'p,

Tishing sinsa, kulolmassan.

O'z uyingdir — o'lan to'shak,

Sen-da sig'ajaksan, beshak.

Elingga qayt, “toj”ing tashlab,

Millatingga malolmassan.

O'zidan gar izn yo'qdir,

O'zingcha iz sololmassan.

Muhojirlikda musofir,

Oyoq cho'zib o'lolmassan.

 

           Xos she'r

Siyosatga aloqam yo'q,

Ammo loqayd emasman.

Noz-ne'matdan ko'zlarim to'q,

Qarzim yo'q biron kasdan.

 

Fiqhdan sal xabarim bor,

Zerim bor, zabarim bor.

Mantiq otlig' toshga chaqib

Bilgum ro'yoni rostdan.

 

Xushomadni xushlamasman,

Biyni olqishlamasman.

Hamiyatimga tegsa gar,

Kechgum ming yillik do'stdan.

 

Eliboyli elatdanman,

Esli bir millatdanman.

Bugun afsus or haqda so'z

Ketsa, lom-mim demasman.

 

Bor maqtansa, topilgaydir,

Yo'q maqtansa, chopilgay.

Qachon yolg'on yopilgaydir?

Bilolmay – “esi past”man.

 

Toshga do'nmish garduni dun,

Chaqmoq chaqar tamaddun.

Qo'rqayapman tushib uchqun

O't ketmasa bexosdan…

 

Fisqu fasod, fahsh, isnod…

Arvohlar chekar faryod:

“Hayo xasta, asta-asta

Chiqib bormoqda esdan”.

 

Shukr, a'zoi tanim sog',

To'rt mucham but, kamim yo'q.

Axir mening doxilim yo'q,

Deyman, ammo lohasman.

 

Boshqaruvga boshim yetmas,

Na kuch, na yoshim yetmas.

Oqib borayoturman, bas,

Loyqa suvda bir “xas”man.

 

Sinfga ham aloqam yo'q,

Na bayon, na qulmasman.

Asli o'zi bekmanmi, yo …

Bilmasman, hech bilmasman.

 

       Jadidlar yodi

Ey, siz elat oydinlari —

yulduzmisiz, oymisiz?

Bosh ko'tarib bo'ylab qo'ying

bi-ir, “Ming qo'yli boy”misiz?

Qo'rangizga bo'ri tushgan,

cho'liqlar hushi uchgan,

Erta bir kun sanab yurmang

boy berilgan qo'yni, siz.

 

Qorin suvin qo'ying chayqab,

bir sirni oling payqab,

El ko'kayin ko'rmay turib,

boshlab qo'ymang to'yni, siz.

 

Sichqon kirsa suprasiga,

burni qashqa bo'lmagan

Qora uylar qopqasiga

isband osib qo'yingiz.

 

Bitmang hadeb: “Tarix nochor,

bugun, mana, bari zo'r”

Biroq nega yelkalar bo'sh —

na kalla, na bo'yinsiz.

 

Yozing, saydin qo'ysin sayyod,

sayyora bo'lsin ul ham,

Bir-rov nafas olsin qul ham,

hatto, qo'y ham “o'yinsiz”

 

Essiz elning oydinlari,

bulut bosgan oymi, siz?

Qani chaqmoq tosh esangiz,

yo bir bo'lak loymisiz?

 

 O'lma Go'ro'g'li, o'lma

Soqibulbul, qurni kuzat,

quvyog'ochni qo'y,chalma.

Tolkosada maydan uzat,

to'ldirib quy, uyalma.

Qirq jigiting qani,

Sardor, qani Yunus va Misqol…

Ay, Go'ro'g'li, hech zamonda

parilar ham ayolma.

 

Zot tilamay ot tilading,

hayla G'iring – yo'ldoshing,

O'tar bo'lsang, o'char oting –

yo'q biror qarindoshing.

Ay, Go'ro'g'li, keldi yoshing,

asragin yolg'iz boshing,

Chida, chida “Yolg'onchi”da,

o'lma, o'zingdan qolma.

 

        Ko'ngil bersang

 Ay, Yaratiq, ko'ngil bersang

Ber, avvalo Yaratganga.

So'ng poyini ko'zga surtib,

Qil tavallo, to'ratganga.

 

Ko'ngil bersang, bu dunyo dun

O'yunig'a butunlay ko'n.

Ko'ngil, ko'ngil berma, lekin,

Zimdan siring so'ratganga.

 

Ber, mayliga, daryodilga –

Yor ishqida kuygan qulga,

Va yo mug'ja yorgan gulga,

Bulbul deb bo'y taratganga.

 

Bersang ko'ngil, ot – ulovga,

Mehring tushib bir bedovga,

Bor budungni tiksang dovga

Qarab qarta chiyratganga…

 

Ko'ngil bersang. Ko'ngil bersang,

Engilmassan, yengil, — desam,

Og'ir olsang, Hol so'rasam

Qayrilmasang qon yutganga.

 

Ay, Yaratiq, ne dey yana,

Ko'ngil qoldi tugab, mana

Qolgan so'zim, shu – Birgina

Yaratganga.

 

                 Paxtachi

(Uzangidoshlarimga)

Hoy, jo'rajon, bir to'xta-chi,

Nafasni rostlab maqta-chi,

Mayli, bilib qo'ysin elat,

Biz paxtakormas, paxtachi.

 

“Paxtachi” – sof o'zbekcha so'z,

Mos misoli uzukka ko'z.

Kim kelsa, ko'r, paxta to'shab,

Darhol tutamiz nonu tuz.

 

Ajoyibdir amolimiz,

Fe'li xo'yimiz, holimiz.

“Otangni, gar o'ldirsa kim,

Onangni ber” – maqolimiz.

 

Ha, halimlik, naslda bor,

Yuvvosh, muloyim, beozor.

“Qo'rqoqqina bo'lsang, magar,

Sog'-omonsan” – eng zo'r shior.

 

Qara, olim – ulamoga,

Boq, shoiru shuaroga,

Paxtachilikdan pand o'qir

Diydasi tosh fuqaroga.

 

Bilgani: “Balli, paxtachi!”

Devona dalli “paxtachi”

Boshlig'ichun boshin tikar,

Avbosh “amal”li paxtachi.

 

Maqtar yuzing-ko'zing, demay,

Borin berar ichmay, yemay.

Ko'karmasin deb orqasi,

Gulpaxta to'kkay “indamay”

Hay – hay, jo'rajon, paxtachi,

Erkakmisan, tik to'xta-chi?

“Uyat” degan so'z bor, axir,

Siringni sotmas “…axtachi”

 

Hay, to'xta-chi,

Bi-ir, to'xta-chi?!

 

                          Evrilish

Tilimni tishladim qattiq, ketdi qon,

Og'zimni to'ldirib uzildi tamom…

Yaxshi bo'ldi, ajab bo'ldi, xo'p bo'ldi,

Yomon biyron edi ko'p yildan buyon.

 

“Tiyil” dedim, bir nafas tiyilmadi,

Sukut saqlash neligin hech bilmadi.

Xudoning zorini qildim “O'chir” deb,

O'chirmadi, qirchini qiyilmadi.

 

Yoshullining gapi bor: “Pirga ber qo'l,

Magar tinch yashamoqchisan, soqov bo'l.

Basir esa qo'ni-qo'shning, ovuling,

Sen-da ko'zing qisib o't, yo moxov bo'l”.

 

Bo'ldi, tilimga suyak sunadurman,

Zamona zayliga bo'ysunadurman.

O'sib-o'sib boshimga yetmaguncha,

Uzib-uzib yuturman, ko'nadurman.

 

Tishladim, tishladim, mana so'ndi jon…

 

                    Nabiramga

Tarix ertak emas, rivoyat emas,

Mutlaq haqiqat ham deb bo'lmas, biroq.

Roviy ikki dunyo qasam ichmas, bas:

“Lofi yo'q, badiiy bezagi ko'proq”.

 

Kas bor-ki, bir umr mo''jiza kutar,

Mujdalar qidirar moziy komidan.

Ko'hna kitoblarni behuda titar,

Bilmas ular so'ylar g'olib nomidan.

 

Bolam, qo'y urinma, xomtama bo'lma,

Mag'lublik ko'p ko'rdi bizning bu shajar.

Ajdodlar tovoni tilingan yo'lda

To hanuz tosh, chaqirtikonlar uchrar.

 

Mayli, bari o'trik, balki chiqar rost…

Fikri zikring yig'ib, ertangga qarat.

Hoyu havaslarga chalg'ima hech vaqt,

Faqat o'z tarixing Sen o'zing yarat.

 

                     Qartayish

Adabiyotshunos olim

Qozoqboy Yo'ldoshevga

Men bir bedov – qirchang'iga do'nib qolgan,

Sohibining zardasiga ko'nib qolgan,

Jangu jadal, o't-olovli ko'pkarining

Taloto'pi ko'zlarida so'nib qolgan.

 

Quloqlarim qamish edi – kesar edi,

Orasidan jannat yeli esar edi,

Tuyoqlarim toshni qumday ezar edi,

Yolim yalov yanglig'…, endi sinib qolgan.

 

Kishmish edi, novvot edi avqotlarim,

Balki Duldul, balki Buroq – ajdodlarim,

Qilichqanot Boychiborim, G'irotlarim

Qoni oqmay tomirimda to'nib qolgan.

 

Yakkamix yo'q, tushov tugul jilovim yo'q,

Hurman ozod, o't-o'lan ko'p va qornim to'q,

Ammo ko'ngil tubida bir misqolcha cho'g'

Uzilgan, huuv, egar uzra inib qolgan.

 

Mana, yana qirqin qizlar sag'rim silar,

Menga omad, beklariga sovrin tilar,

Turibman tik, tushga axir kirmas nelar,

Bizning qavm bu Holga o'rganib qolgan.

 

Tulpor edim,

Netay, shashtim tinib qolgan.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 4 =