Men nima uchun “Hurriyat”ni o'qiyman?

Bugun gazeta chop etish o'ta oddiy, ammo qiziqarli, ba'zi hollarda anchayin yog'li bir yumush bo'lib qoldi. Sifatini demasa, gazetalarning ko'paygani xavotirli emas – o'quvchi uchun kurash sharoitida o'ziga xos raqobat yuzaga kelib, tahririyatlar bir-biridan o'rganadi, taj­riba orttiradi, gazetxon esa tanlash imkoniyatiga ega bo'ladi.

Bir qarashda shunday. Ammo bitta tilli-jag'li, o'z yo'li va ovoziga ega, jur'ati havas qilgudek gazetani yo'lga qo'yib, milliy matbuot safiga olib kirish, so'zi, odobi va xarakterini toblash, gazetxon ishonchini qozonish injiq bolaning tarbiyasidan ham murakkab ish. Buning uchun goh tekis, goh chag'ir yo'llardan o'tish, sun'iy to'siqlarni ortda qoldirish, turli bosimlarga dosh berish, sog'lom ijodiy jamoani shakllantirish zarur bo'ladi. Faqat shu emas, ijodiy jamoa bosh muharrir bilan birga gazetachilik mahoratini muttasil oshirib borishi, kechagi va bugungi matbuotga doir ilmiy-­amaliy qarashlarni o'rganishi, hayotdan ortda qolmasligi, fikrlar xilma-xilligi chin haqiqatga olib borishini hamisha yodda tutishi ham kerak.

Istiqlol farzandi bo'lmish “Hurriyat” qisqa vaqt ichida ayni shunday murakkab yo'lni bosib o'tdi. Yo'li va so'zini nomiga yarasha belgiladi, jur'at otidan tushadigan niyati yo'q. Maqolalarda bir maqsad yo'lidagi turlicha qarashlar, jo'yali takliflar, asosli tanqid ham borligi, tahrirda mualliflarning uslubi saqlanib qolayotgani juda muhim.

Gazeta o'zining tashkilotchilik vazifasini talab darajasida bajarmoqda. Uni ta'lim-tarbiya ishi bilan bog'liq murabbiylar, ijodkor ziyolilar, jamiyatning fikr­lovchi qatlami, albatta, o'qishi kerak.

“Hurriyat”ni men bir emas, ikki jihatdan o'qiyman. Birinchisi – gazetaning nishona soniga imzo chekkanim uchun u menga juda aziz bo'lib qolgan, o'zimcha g'ururlanib yuraman. Shu bois yutuq-kamchiliklari, mavzu qamrovi, so'zidagi aniq-tiniqlikka e'tibor beraman, shiddati sustlashsa, iqtisodiy muammolar yuzaga kelsa, chop etishda uzilish yuz bersa, befarq qarab turolmayman, ikkinchisi – e'lon qilinayotgan tahliliy maqolalarni, ayniqsa, badiiy, ijtimoiy publitsistik chiqishlarni jurnalistika fakultetlari talabalari bilan muhokama qilish uchun. Bu muhokamalar nechog'li qizg'in o'tishini tasavvur qilish qiyin emas.

Yana bir fikrim shuki, o'tgan yillar davomida “Hurriyat”ga iqtidorli, jur'atli, jamoada ijodiy muhit va erkinlik yarata oladigan kasbdoshlarimiz muharrirlik qilishdi. Ularning har biridan o'ziga yarasha iz, tajriba qoldi. Bu an'ana bugun ham davom etmoqda.

Ahmadjon MELIBOYEV,

“Jahon adabiyoti” jurnali

Bosh muharriri

 

OBUNA — 2023

Aziz yurtdoshlar, qadrli mushtariylar!
2023 yil uchun obuna mavsumi davom etmoqda. Siz albatta, sevimli gazetangizga kelgusi yil uchun ham obuna bo'lasiz degan umiddamiz.
“Hurriyat” — erkin so'z va hurfikrlar minbari!
“Hurriyat” — tafakkur chirog'ini baland tutib, xalq dilidagini tiliga, tilidagini o'z sahifalariga olib chiqadigan gazeta!
“Hurriyat” — bu shunchaki varaqlab qo'yiladigan nashr emas, o'qiladigan gazeta!
Obunani “O'zbekiston pochtasi” AJ, “Matbuot tarqatuvchi” AK va sohaga taalluqli boshqa korxonalar hamda Tahririyat orqali to'g'ridan-to'g'ri rasmiylashtirish mumkin.
“Hurriyat”ning obuna indeksi: 233

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 + 2 =