Sakson yoshli muxbir va yigirma yoshli muharrir

Yo'q. Sarlavhadagi raqamlarda yanglishmadik. Aynan ana shunday. Shu yil sakson yoshni qarshilagan Rajabboy Bagirov Angrenda chiqadigan “Ulug' yo'l” gazetasining Bekoboddagi muxbiri. Yigirma yoshli Otabek Bakirov ana shu gazetaning bosh muharriri. Shariflari uyqash: bobo va nabira bo'lishsa kerak, deb o'ylayotgandirsiz. Yo'q, bu shunchaki tasodif.

Rajabboy Bagirov bilan telefon orqali tez-tez suhbatlashib turamiz:

— Rahbaringiz nabirangiz qatori. Hatto undan ham yoshroq. Ishlash qiyin emasmi? – so'raymiz Rajabboy otadan.

— Yoshlarga havasim keladi. Kishi bilmas qabilida ba'zan xato va kamchiliklarini aytib ham turaman. Yutuqlarini ko'p ham bo'rttirmayman. Hali yosh, o'z ustida ishlasin, deyman-da. — Bu keksa muxbirning javobi.

Javobdan mamnun bo'lib, suhbatdoshimdan hol-ahvol so'rayman:

— Hozirgina gazetalarni tarqatib, uyga qaytdim, – deydi suhbatdoshim.

— Shu yomg'irli kunda xonadonma-xonadon yuribsizmi? – ajablanib so'rayman. “Uyingizda tinchgina o'tirsangiz bo'lmaydimi?” demoqchi bo'lamanu…

— Hozir obuna mavsumi. Obunachilarimizni yo'qotib qo'ymaylik, qolaversa, ular gazetamizni o'z vaqtida o'qisin, deyman-da.

Hayratim ortadi. O'ylab qolaman. Sakson yoshli cholga, kechirasiz, qahramonimizga nisbatan bu iborani ishlatib bo'lmaydigan ko'rinadi, shu bois kalomni picha o'zgartiramiz: Sakson yoshli yigitga shu kunlarda bu kabi yumushlar zarurmidi? Zarur, deydi ichki hissiyot. Tug'yonlar o'zaro bahslashaveradi: nuroniy bo'lish uchun necha yoshga kirish kerak? Sakson yoshda ham muxbir bo'lib ishlasa bo'laveradimi?

Muxbir gazeta uchun o'zi yashab turgan manzildan maqolalar tayyorlaydi. Uning har bir yangi sonini mushtariylarga o'z vaqtida yetkazib turadi. Gazeta bosh muharriri yuz ellik chaqirim olisda ishlayotgan xodimidan mamnun bo'lib: “U kishida qirchillama yigitning kuch va g'ayrati, o'ziga xos qalami, yozish uslubi bor”, deydi.

Xullas, sakson yoshli muxbir bugun ham xonadonlarga ziyo, ilm-ma'rifat tarqatib kelmoqda. Darvoqe, yosh Rajabboy o'z mehnat faoliyatini ham aynan ziyo tarqatishdan boshlagan.

R.Bagirov keyinchalik O'zbekiston radiosining mahalliy eshittirishlar Bosh boshqarmasida Bekobod tumani bo'yicha boshlovchi muharrir bo'lib ishladi. Bu orada Moskva Oliy partiya maktabini bitirdi. Sobiq firqa ishida faoliyat olib bordi. Yetti yil davomida tuman gazetasiga muharrirlik qildi.

Rajabboy Bagirovning mehnat daftarchasidagi yozuvlarni o'qigan kishi biroz charchab ham qoladi. Ish joyi turlicha, lavozimlar har xil. Bekobod tumanida Hushyorlik jamiyatiga, yangi tashkil etilgan Ma'naviyat va ma'rifat markazi tuman bo'limiga, Sayohat byurosida rahbarlik qildi. Mazkur sohalar rivojiga munosib hissa qo'shdi. 1997 yilda “O'zavtotrans” AK Toshkent viloyati “Yo'lovchi” sug'urta kampaniyasiga direktor etib tayinlandi.

Lavozimlar tez-tez o'zgarib turdi, lekin bitta narsa sira ham o'zgarmadi. Rajabboy Bagirov qaysi sohada ishlamasin, qo'lidan bir dam qalamini qo'ygani yo'q. She'rlar, hikoyalar bitdi. Ustoz ijodkorning qalamiga mansub dolzarb mavzudagi maqolalar, she'r va ibratli hikoyalar o'quvchilar tomonidan sevib o'qilmoqda. E'tiborlisi shundaki, uning “Umr mazmuni” va “Uch ipli arqon” kabi kitoblari, publitsistik chiqishlari, she'r va maqolalari o'zining tarbiyaviy ahamiyati bilan alohida ajralib turadi.

Shunday xulosa qilish mumkin: Rajabboy Bagirov mamlakatimizda so'z va matbuot erkinligini rivojlantirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, yurtimizdagi yaratuvchanlik va yangilanish jarayonlari, erishilayotgan yutuqlarni keng targ'ib etish ishiga munosib hissa qo'shib kelmoqda. Ayniqsa, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyati e'tiborga loyiq.

Ha, qariyb oltmish yildan buyon   ijod qilib kelayotgan, ustoz jurnalist hayotda tetik, ijodda sermahsul. Ochig'i, mana shunday tabarruk yoshda ham el koriga yarash, ko'pchilikning og'irini yengil qilish hammaga ham nasib qilavermaydi. Rajabboy akaning shu yoshda ham uyida o'tirmay, g'ayrat-shijoat bilan mehnat qilishni afzal bilishi e'tirofga molikdir.

Yaqinda Bekobod shahrida Rajabboy Bagirovning 80 yoshga to'lishi munosabati bilan ma'naviy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi. Yosh muharrir ustozning hayoti va faoliyati haqida to'lqinlanib gapirdi. Keksa jurnalistga O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasining Faxriy yorlig'i, Toshkent viloyati hokimining tab­riknomasi, qimmatbaho sovg'alar tortiq qilindi. Tadbirda so'z olganlardan biri shunday dedi:

– Jurnalist Rajabboy Bagirovning umr bayoniga nazar tashlar ekanman, beixtiyor bir savol fikrimni qurshab oladi: yigitlik bilan keksalikning chegarasi qaysi mezonlar bilan belgilanadi? So'zsiz vaqt bilan. O'sha vaqtning mezoni har xil bo'lsa kerak: Oltmishda chol, saksonda yigit bo'lish mumkin ekan-da… Yo'q. Sakson sakson-da. Keksalikka ko'z tegmasin. Nuroniy zot bo'lish qanday yaxshi… Nuroniy siymo bo'lganda ham, qo'lida hassa emas, qalami bilan.

Bu fikrga qo'shilmay iloj yo'q.

R. ShERALIYEV,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − 16 =