Bahonalar ortidagi niqob

Mamlakatimizda joriy qilingan har bir qonunning maqsadi birinchi navbatda inson hayoti va daxlsizligini ta'minlash, ijtimoiy himoyani oshirish va adolatli turmush tarzini ta'minlashga qaratilgan. Odatda qonunlarni yangi tartibda qabul qilishga ijtimoiy munosabat turlarining ko'payishi, axborot kommunikatsiyalarining rivojlanishi, ilm-fan taraqqiyoti va boshqa omillar sabab bo'ladi. 2020 yil 17 avgustda “Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida”gi Qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi ham fikrimizga yaqqol misoldir.

Ba'zan fuqarolar so'rab qolishadi: farzandni boshqa shaxsga “xolislik” bilan berish javobgarlikka olib keladimi? Keling, shu savolga qonun hujjatlari asosida javob izlaylik. Odam savdosi o'zi nima? O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasida, odam savdosi odamni olib-sotish yoki odamni ekspluatatsiya qilish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish tushuntirilgan va bu qilmishlarga tegishli javobgarlik belgilangan.

O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2009 yil 24 noyabrdagi 12-sonli “Odam savdosiga oid ishlar bo'­yicha sud amaliyoti to'g'risida”gi qarorida oldi-sotdi tariqasidagi odam savdosi odamning bir shaxs tomonidan boshqasiga pul, boshqa moddiy qimmatliklar (mulk), mulkiy xarakterdagi xizmatlar, mulkiy yoki pul shaklidagi qarzdan voz kechish va bosh­­qa sifatdagi haq evaziga berilishi to'g'risida yozma yoki og'zaki bitm tuzilishini nazarda tutadi. Bunday ko'rinishdagi odam savdosiga odam qanday maqsadlarda sotib olinganligi (sotilganligi) huquqiy ahamiyat kasb etmasligi ko'rsatilgan.

Hozirgi kunda sodir etilayotgan ana shunday qabih jinoyatning salmoqli qismini afsuski, chaqaloqlar “oldi-berdi”si tashkil qilmoqda. Ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etishga olib kelgan omillar o'rganilganda, oilaviy muhitning to'g'ri shakl­lanmaganligi, yoshlar o'rtasida nikohsiz tug'ilayotgan go'daklar taqdiri hal qilinmayotgani va hattoki farzand dunyoga keltirish orqali daromad olishni kasb qilib olgan nopok shaxslarning xatti-harakatlari oqibatida yuz bermoqda. Eng achinarlisi, chaqaloq dunyoga kelgan shifoxonada “savdolar” boshlanib ketishi, bu savdolarda gohida dallollik vazifasini hatto ayrim tibbiyot xodimlari tomonidan bajarilishi chaqaloqning o'z oilasidan ajralishiga olib kelmoqda. Farzand asrab olishni orzu qilgan oilalar, ayrim “uddaburon” odamfurushlarning tuzog'iga ilinib, jinoyat ko'chasiga kirib qolayotgani bugun hech kimga sir emas. Bu kabi jinoyatlarning oldini olishning eng samarali usuli xalqimizning huquqiy madaniyatini oshirish, davlat idoralari bilan jamiyat o'rtasida uzviy bog'liqlikni ta'minlash orqali yuzaga kelayotgan ijtimoiy munosabatlarni hal qilish uchun tegishli idoralarga murojaat qilish, jumladan, farzandlikka olish bo'­yicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuman hokimliklariga ariza berish orqali yechim topish lozimdir.

Endi farzandni birovning tarbiyasiga berish — jinoyatmi, degan savolga qaytsak, afsuski, bu – odamfurushlarning o'z jinoyatlarini yashirish uchun o'ylab topgan bahonalarining biri bo'lishi mumkin. Sudgacha jinoyatchilarning aksariyati shuni vaj qilib ko'rsatishgani ko'p kuzatilgan. Axir, kimgadir kimningdir tarbiya usuli ma'qul bo'ladigan bo'lsa, bizda ustoz-shogirdlik an'anasi bor. Bunga ota-bobolarimiz shunday chora ko'rishgan.   Biz ham bunga amal qilsak, shuning o'zi kifoya. Xullas, bahonalar — ochiq-yashirin jinoyatlarga niqob vazifasini o'tamasin. Farzandlarimizni o'zimiz o'stiraylik! Farzanddek ulug' ne'matni ato etgan ekan, shukur qilish joiz. Axir, bir tirnoqqa zor insonlar qancha?

Sardorbek ABDUSATTOROV,

jinoyat ishlari bo'yicha

Namangan viloyati

Uchqo'rg'on tuman sudi raisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 + sixteen =