Tadbirkor ko'mak so'rasa-yu… amaliy yordam ko'rsatadigan mard topilmasa?

Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi diqqatiga!

 

“Tadbirkor bu haqiqiy fidoyi inson. Shaxsan men bunday insonlarni, ikkitagina ish o'rnini yaratgan tadbirkorni boshimga ko'tarishga tayyorman. Tadbirkor yo'liga qarshi chiqish davlat siyosati, Prezident siyosatiga qarshi chiqishdir”, – deya ta'kidlagan edi Prezidentimiz o'z ma'ruzalaridan birida.

Davlatimiz rahbari qayd etganidek, tadbirkor o'zining bola-chaqasidan qiyib, to'p­lagan puli, mol-mulkini yangi ish ochishga sarflaydi. Bankdan kredit olsa, uni ham foizi bilan to'laydi. Unga hech kim har 15 kunda byudjetdan avans yoki oylik bermaydi. Shunga qaramasdan, tavakkal qilib, huzur-halovatdan kechib, bor imkoniyati va mablag'ini sarflaydi, o'z ishi uchun kecha-yu kunduz jonini berib ishlaydi. Shu yo'l bilan nafaqat o'z oilasini ta'minlaydi, balki el-yurtga ham nafim   tegsin deydi-da.

Yaqinda, izlanuvchan tadbirkorlardan biri haqida so'z yuritgan edik. Gazetamizning shu yil   25 yanvar №3 sonida “O'zbekistonda frion ishlab chiqarishning imkoni bormi?” sarlavhali maqolada “FAROXAT mir” MChJ direktori, tadbirkor Muhiddin Ortiqovning ishlab chiqarish bilan bog'liq rejasi amalga oshadigan bo'lsa, davlatimizga ham, xalqimizga ham nafi tegadigan ish bo'lishi xususida yozilgan, dunyoda sanoqligina davlatlar, asosan Amerika va Xitoyda ishlab chiqariladigan noyob kimyoviy mahsulot — frion ishlab chiqarish rejasi haqida so'z borgandi. Chunki hamyurtimiz Muhiddin Ortiqov ushbu noyob va kamyob, ammo nihoyatda xaridorgir frion moddasini   O'zbekistonda ishlab chiqarish texnologiyasini ishlab chiqib, uni amaliyotga joriy qilish uchun intilmoqda ekan.

“Ushbu mahsulot qancha yillardan buyon O'zbekistonga valyuta evaziga xorijdan olib kelinadi. Sizlarda chiqqan maqoladan keyin birorta mutasaddi qiziqib, meni qiynab kelayotgan o'n sotix yer maydoni va mazkur istiqbolli loyihani ro'yobga chiqarish uchun zarur bo'ladigan 300 ming AQSh dollari miqdoridagi   grantni ajratish bo'yicha biror amaliy ko'mak berar deb o'ylagan edim. Ammo hech qanday munosabat ham, aks-sado ham yo'q”, — deydi kuni kecha yana tahririyatimizga kelgan tadbirkor M.Ortiqov.

— Nima ham derdik, biz sizga bank bo'lmasak yoki lo­yihalar uchun grant ajratadigan fond ham emasmiz, — dedik unga.

— Ha, bilaman, rahmat sizlarga, — deydi u tushkun kayfiyatda.

Tadbirkorning aytishicha, bu masalada amaliy yordam so'rab sobiq Innovatsion rivojlanish vazirligiga, hozirgi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga murojaat qilgan. Ulardan esa quyidagicha javob xati olibdi:

“Sizning murojaatingiz Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o'rganib chiqildi. Bu yuzasidan esa vazirlik binosida siz bilan mutaxassislar ishtirokida suhbat tashkil etilib, unda muro­jaatingizda keltirilgan g'oya va fikrlaringizni loyiha ko'rinishida keltirilgan holda vazirlik tomonidan e'lon qilib boriladigan loyiha tanlovlarida ishtirok etish bo'yicha sizga tushuntirishlar va zaruriy tav­siyalar berildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi Sizning innovatsion g'oya va takliflaringizni qo'llab-quvvatlashi va amaliy yordam ko'rsatishga doimo tayyorligini bildiradi. Ijro apparati rahbari A.Yakubov”.

Javob xati olgani yaxshi bo'libdi, albatta. Ammo yangi, istiqbolli g'oyalar qo'llab-quvvatlanmasa, vaqt deganlari yugurik o'tib ketaversa, bundan nima foyda?

…Tadbirkorning aytishicha, O'zbekiston Kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti bilan o'zaro hamkorlikda muzlatgichga ishlatiladigan frion, ya'ni “Izobutan R 600-A” rusumli frion mahsulotini ishlab chiqarishga loyiqligi sinovdan o'tkazilgan. Faqat uni yo'lga qo'yish qolgan.

“Bunday ishlab chiqarish nafaqat O'zbekistonda, hozircha hatto O'rta Osiyo davlatlarida ham mavjud emas.   Yiliga kamida 1 mln. AQSh dollari   miqdorida yurtimizning valyuta zahirasiga foyda keltirgan bo'lar edi. Kelajakda esa bu ishlab chiqarish katta zavodga aylanib, mahsulot turi to'rt baravarga ko'payishi, eng muhimi, qo'shni davlatlarga uni eksport qilish imkoniyati tug'ilgan bo'lar edi”, — deydi M.Ortiqov.

Ehtimol, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ushbu masalaga jiddiyroq munosabat bildirar, tadbirkorga ko'mak qo'lini cho'zar?

Bizning ushbu mavzuga qaytishimizdan maqsad ham shu — yurtimizdagi yaxshi niyatdagi bir tadbirkorga ko'mak ko'rsatilishiga umidvorlikdan o'zga niyat yo'q.

O'ylaymizki, mutasaddi vazirlik gazetamizni oladi, kuzatib boradi. Agar aksincha bo'lsa, tahririyatimiz uni jo'natadi.

Islom ASILBEKOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 + 18 =