Fikrda birlik, ishda yakdillik

Istanbulda Turk dunyosi sharhlovchilari simpoziumi bo'lib o'tdi

 

Yer sayyorasi dolg'ada qolgan kema kabi besaranjom chayqalayotgan, turli mintaqalarda qurolli ixtiloflar avj olgan davrda turkiy o'lkalar o'z davlatchiligi va o'zligini saqlab qolish uchun qanday yo'l tutmog'i lozim? Dunyo miqyosida yolg'on axborot, g'irrom tashviqot kun sayin kuchayib borayotgan muhitda axboriy makonda milliy manfaatlarni himoya qilish uchun qanday chora-tadbir ko'rmoq darkor?

Istanbul shahrida shu yil 27 – 28 aprel kunlari bo'lib o'tgan Turk dunyosi sharhlovchilari simpoziumida shu kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Turkiya prezidenti devoni Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi tashkil qilgan anjumanda Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkmaniston, Vengriya, Shimoliy Kipr hamda mezbon davlat vakillari qatorida o'zbekistonlik sharhlovchilar ham qatnashdilar.

Turkiy xalqlar asrlar mobaynida Sharq va G'arb o'rtasida o'ziga xos ko'prik vazifasini bajarib kelgan. Ammo netongki o'tmishda tamaddun beshigini teb­ratgan bu qavm so'nggi yuzyilliklarda mustamlaka sirtmog'iga tushib qoldi. Tarixiy shart-sharoit bir til, bir e'tiqod va bir maslak vakillarini parokanda qilib tashladi. Mashaqqatlardan keyin albatta yengillik keladi, deyiladi ilohiy hikmatda. Yangi yuzyillik ham turkiy xalqlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Dunyoning hali u-hali bu mintaqasida geosiyosiy “zilzila”lar ro'y berayotgan hozirgi pallada turkiy xalqlarning yakdil-hamfikr bo'lmog'i muhimdir. Zero, boshqa qit'alarda ham aynan etnik mansublikka ko'ra tuzilayotgan ittifoqlar tashqi xatarlarga qarshi kurashda qo'l kelmoqda.

Mersin universiteti dotsenti, doktor Kaan Kutlu Atach ham simpoziumdagi ma'ruzasida geosiyosiy ziddiyatlar zamonida turkiy davlatlar umumiy yechim va yondashuvlarni belgilab olishi, sa'y-harakatlarni uyg'unlashtirishi muhimligini ta'kidladi.

“Bugun jahon mamlakatlari o'rtasidagi bog'liqlik hamma davrdan ko'ra ham ortmoqda. Ta'bir joiz bo'lsa, Farg'ona vodiysining chekka bir qishlog'ida qabul qilingan qaror AQShning Florida shtatida aks-sado bermoqda. Globallashuv va lokallashuv orasidagi ko'rinmas chegaralar g'oyib bo'lmoqda. Yevroosiyo mintaqasi bo'ylab yoyilgan turkiylar endilikda o'tmish xatolaridan saboq chiqarib, geosiyosatda maqbul va manzur modellarni amalga tatbiq etish zarur”, deydi turkiyalik siyosatshunos.

Global yalpi ichki mahsulotning 1,5 trillion dollari, dunyo aholisining 250-300 millionini jamlagan turkiy dunyo o'lkalari aksar xalqaro masalalar bo'yicha umumiy yondashuvga ega. Xalqaro siyosatda gegemonlikka da'vogar kuchlarning davlatlarni o'z orbitasiga tortishga urinishi ochiq tus olgan davrda qardosh mamlakatlarning bir-biriga yelkadoshu ko'makdosh bo'lishi hayot-mamot masalasi sanaladi. Bu o'rinda turkiy xalqlarda keng tarqalgan “Birlashgan daryo bo'lar, tarqalgan – irmoq” naqlini yodga olish o'rinlidir.

Keyingi yillarda shiddat bilan rivojlangan ijtimoiy tarmoqlar insoniyat koriga yaragani, uning uzog'ini yaqin qilgani rost. Ammo tanganing orqa tomoniga qaraganda, ijtimoiy platformalar yolg'on, tuhmat va haqorat maydoniga aylanib qolayotgani ayon bo'ladi. “Haqiqat chorig'ini kiyguncha, yolg'on butun dunyoni aylanib chiqadi” degan gap bor. Bugun ham ijtimoiy tarmoqlarda yoyilayotgan yolg'onu o'trik insoniyatni rohi rostdan adashtirayotgani achchiq haqiqat.

Turkiya prezidenti devoni Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi bo'lim mudiri, doktor O'g'uz Gyoksuning fikricha, dezinformatsiya, qora propaganda, islomofobiya, turkofobiya, kiberimperializm, raqamli diktatura kabi xatarlar dunyo xalqlari, xususan, turkiy dunyo o'lkalarining mustaqilligi va taraqqiyotiga xavf solmoqda. U global axborot makonida xaos va anarxiya vujudga kelganini xavotir ila qayd etar ekan, zudlik bilan chora ko'rilmasa, vaziyat yanada qaltislashuvidan ogohlantirdi. Ta'kidlanishicha, virtual muhitda adolat va tartibning qaror topishi uchun global kiberxavfsizlikning yangi arxitekturasini shakllantirmoq darkor. Taqdirulamal muhorabada mag'lub bo'lmaslik uchun turkiy davlatlar ommaviy axborot vositalari ham bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilmog'i lozim. Zero, Turkiy davlatlar tashkilotining “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konsepsiyasida ham axboriy tahdidlarga qarshi kurashga alohida o'rin berilgan.

So'nggi tahlillarga qaraganda, zamondoshlarimiz internetda kuniga o'rtacha 6 soatu 37 daqiqa vaqtini o'tkazmoqda. “O'zgarishlar shamoli esganda kimdir devor ko'tarsa, kimdir tegirmon quradi”, dey­di xitoyliklar. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi shiddatli yangilanishlar ham ko'r-ko'rona kurash emas, balki ulardan samarali foydalanish lozimligini ko'rsatmoqda.

Anadolu axborot agentligi Ijroiya qo'mitasi a'zosi Yahyo Bostan anjumandagi nutqida turkiy davlatlar global ijtimoiy platformalarga muqobil ravishda o'z ijtimoiy tarmog'ini yaratishi lozimligini ta'kidladi. Ayni chog'da, jamoatchilikda tanqidiy yondashuv va mediasavodxonlikni shakllantirish muhim ekanini uqtirdi.

Istanbul anjumani davomida buyuk ma'rifatparvar Ismoil G'aspiralining (1851 – 1914) “Tilda, fikrda va ishda birlik” g'oyasi bugun ham o'z ahamiyatini yo'qotmagani qayta-qayta ta'kidlandi. Darhaqiqat, turk dunyosining ovozi xalqaro maydonda baralla yangramog'i uchun siyosat, iqtisodiyot, madaniyat va ta'lim kabi sohalar qatorida OAV jab­hasida ham o'ziga xos yakdillik talab etiladi.

Jahongir adib Chingiz Aytmatov (1928 – 2008) so'nggi intervyularidan birida til, tarix, madaniyat va an'analardagi mushtaraklik bois turkiy xalqlar yangi dunyo, yaxlit tamaddun yaratishi haqida nekbin fikr bildirgan edi. “Adriatikadan Buyuk Xitoy devorigacha cho'zilgan turk dunyosi” (Turkiya prezidenti Sulaymon Demirel iborasi) bugun yana bir tanu bir jon bo'lishdek tarixiy imkoniyatga ega bo'lib turibdi. Zuvalasi bir tuproqdan qorilgan xalqlar undan unumli foydalanishiga ishongimiz keladi.

Sobir SALIM

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − twelve =