Toshkentda “G'arbiy Ozarbayjonga qaytish” turkiy dunyo sammiti bo'lib o'tdi
Turkiy xalqlarning barchasi bir millat, bir ulkan chinorning shoxlaridir. Shu bois ularning tili, madaniyati, urf-odatlari bir-biriga juda yaqin. O'zaro muloqotda tarjimonga ehtiyoj sezilmaydi. Mahmud Koshg'ariy turkiy xalqlarning ilk o'rta asr madaniyati arboblaridan edi. Tilshunoslik, xususan, turkiy tillarni o'rganish sohasida mashhur bo'ldi va tarixda o'chmas iz qoldirdi. Uning “Devonu lug'atit turk” asarini turkiy xalqlar hayoti haqidagi qomusiy asar deb atash mumkin. Mazkur asar turkiy xalqlarning bir oila vakili ekanini har dam va har vaqt eslatib turadi.
Kuni kecha poytaxtimizdagi “Bentley hotel tashkent” mehmonxonasida “G'arbiy Ozarbayjonga qaytish” deb nomlangan II Turkiy dunyo sammiti o'tkazildi. Nufuzli anjumanning birinchisi o'tgan yili Ispaniyada o'tkazilgan.
Tadbir tashkilotchilari: Nodavlat-notijorat tashkilotlarni qo'llab-quvvatlash davlat agentligi, Ozarbayjon – Turkiya Ayollar jamiyati, Ozarbayjon – Turkiya uyi, O'zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi va “Ipak yo'li” jamg'armasi.
Sammit avvalida O'zbekiston va Ozarbayjon davlat madhiyalari yangradi.
Unda Ozarbayjon –Turkiya Ayollari jamiyati raisi Tanzila Rustamxonli mehmonlarga o'z salomini yo'llagan holda qadimiy turkiy elda G'arbiy Ozarbayjon tadbirining o'tkazilishi alohida ahamiyatga egaligini ta'kidladi. Ozarbayjonning 44 kunlik Vatan urushi bilan tuproqlarining ishg'oldan ozod qilingani, o'lka hududining separatchilardan tozalanishi bilan birga, ushbu hududlarga ommaviy qaytish prezident Ilhom Aliyevning nazorati ostida amalga oshirilganini mamnuniyat bilan ta'kidladi.
Yuqori darajada o'tgan anjuman sho''balarga bo'lingan holda “G'arbiy Ozarbayjonga qaytishning turkiy dunyoda ifoda topishi” va “Buyuk qaytish. Ozarbayjonlik qochqinlarning qaytishi, ularning huquqiy mudofaasiga yo'nalgan mavjud strategiya va mexanizmlar” mavzularidagi ma'ruzalar, muhokama va munozara shaklida davom etdi.
Husayn GULIYEV,
Ozarbayjonning O'zbekistondagi elchisi:
– Dunyoda tili, urf-odatlari, madaniyati, hatto tashqi ko'rinishidan bir-biriga o'xshab ketadigan millat va elatlar ko'p. O'zbek va ozarbayjon xalqlarini ana shunday xalqlar qatoriga bemalol qo'sha olamiz. Har ikki millat vakillari bir-birini tarjimasiz tushuna oladi. Turmush tarzimiz, an'ana va urf-odatlarimiz, xalq og'zaki ijodi va yozma adabiyotda mushtarak jihatlarni ko'plab uchratish mumkin.
Tadbirda, shuningdek, Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi deputati, ozarbayjonliklar kongressi raisi, xalq shoiri, yozuvchi Sobir Rustamxonli, O'zbekiston Ahiska turkiylari uyushmasi raisi Umar Salmon, O'zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti doktoranti Mavluda Raxmanova, Qirg'iziston – Turkiya MANAS universiteti katta o'qituvchisi, turkolog olim Chingiz Buyar va Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi Falsafa va Sotsiologiya instituti ilmiy xodimi Yosuman Mahmudova Vatan urushi, G'arbiy Ozarbayjonga qaytishning huquqiy tomonlari va turkiy dunyoning duchor bo'lgan etnik tozalash siyosati haqida chiqish qilib, o'z fikrlarini bildirishdi.
Anjuman yakunida Ozarbayjon –Turkiya uyi ijrochi direktori Tog'rul Allahverdi sammitning yakunlariga doir bayonotni o'qib eshittirdi. Anjumanda ma'ruzachi olimlar, ishtirokchilarning ilmiy maqolalari alohida to'plam shaklida nashr etilishi ham ma'lum qilindi.
Islom EGAMBERDI o'g'li.