Maqom – dunyo ahlini hayratga solayotgan gavhar!

Buyuk ipak yo'li durdonasi – jannatmakon mamlakatimizning gavhari, serviqor tog'lar, yam-yashil o'rmonlar, xalqparvar va olijanob insonlar go'shasi bo'lgan betakror Zomin tumani san'at bayramiga mezbonlik qildi.

O'zbek milliy maqom san'ati xalqimizning ulkan ma'naviy merosidir. Unda xalqimizning qadim tarixi, ma'naviy dunyosi, badiiy falsafasi, ruhiy olami mujassam. Shu bois necha asrlarki, maqom san'atimizning oliy namunasi sifatida alohida ardoqlab kelinadi.

Xabaringiz bor, Jizzax viloyatining Zomin tumanida joriy yilning 27-30 iyun kunlari II Xalqaro maqom san'ati anjumani bo'lib o'tdi. Bu anjuman davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan va birinchi festival 2018 yil Shahrisabzda o'tkazilgan edi. Keyinchalik pandemiya tufayli kechiktirilgan san'at anjumani bu yil yangicha ruh va shukuh bilan tashkil etildi.

Chindan ham, milliy maqom san'ati xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismiga aylangan. U o'zining uzoq tarixi, teran falsafiy ildizlari, boy ijodiy an'analari bilan ma'naviy hayotimizda o'ziga xos o'ringa ega.

Shu jihatdan ham bu anjumanni nafaqat mamlakatimiz va xalqaro maydondagi san'at ahli, balki xalqimiz ham katta qiziqish bilan o'tkazadi.

Festivalning birinchi kuni. Muazzam tog'lar bag'rida kech tusha boshladi. Go'yoki yashillikka burkangan ona tabiat qo'lini ko'ksiga qo'yib mehmonlarga peshvoz chiqadi.  Anjuman munosabati bilan bezatilgan Zominsoy majmuasidagi amfiteatr ertaknamo qiyofaga kirgan. Navbatdagi Xalqaro maqom san'ati anjumanining tantanali ochilish marosimiga chorlov musiqasi yangradi. Sahnaga bayramda ishtirok etayotgan mamlakatlar vakillari taklif etildi.

Tantanali ochilish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so'zlab, maqom san'atining tarixi va ahamiyatini e'tirof etdi.

– Bizning qadimiy tariximiz, boy madaniyatimiz, azaliy qadriyatlarimizning ramzi bo'lgan maqom san'ati teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslubi va boy ijodiy an'analari bilan ma'naviy hayotimizda muhim o'rin egallaydi. Maqom – umumbashariy tuyg'ularni avj pardalarda tarannum etadigan nodir san'at turi sifatida ham biz uchun g'oyat qadrlidir, – dedi Yurtboshimiz.

Maqom san'ati musulmon Sharqidagi Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida jadal rivojlanib, yuksak cho'qqiga ko'tarilgan. Abu Nasr Forobiy o'zining “Katta musiqa kitobi”da kuylarning nazariy va amaliy mezonlarini ud sozi orqali mukammal tartibga keltirgan. Abu Rayhon Beruniy, ibn Sino, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk allomalarimiz noyob musiqiy asarlar yaratib, jumladan, maqom rivojiga ham beqiyos hissa qo'shganlar.

Davlatimiz rahbari maqom san'atini asrab-avaylashda atoqli davlat arbobi Sharof Rashidovning katta hissasi borligini alohida ta'kidladi. O'sha og'ir davrlarda Toshkent davlat konservatoriyasida maqom san'atini ilmiy o'rganishga va xalqaro miqyosda targ'ib etishga asos solingan edi. Maqom ansambli tashkil etilgani, o'lmas “Shashmaqom” durdonalari notaga olinib, 6 jilddan iborat mukammal kitob nashr qilingani chinakam fidoyilik edi, albatta.

Mumtoz musiqa san'atining gultoji bo'lgan betakror maqomlarimiz YuNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro'yxatiga kiritilgan.

Bugun Prezidentimiz e'tibori bilan ushbu san'at ravnaqi yangi bosqichga chiqdi. Endilikda maqom butun mamlakatimiz bo'ylab, boshlang'ich ta'limdan tortib, akademik fan darajasigacha bo'lgan bosqichlarda uzluksiz tarzda o'rganilmoqda. Toshkent shahrida Maqom markazi qurilmoqda. Bu yo'nalishda sermahsul ijod qilayotgan bastakor, xonanda va sozandalarni qo'llab-quvvatlash maqsadida milliy tanlovlar o'tkazib kelinmoqda.

Davlatimiz rahbari hayotini ana shunday sharafli va mas'uliyatli ishga bag'ishlagan san'atkorlarga butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildirdi.

Anjumanda YuNESKO Bosh konferensiyasi 42-sessiyasi prezidenti Simona Mikulesku, AYSESKO Bosh direktori Salim Muhammad al-Malik ham so'zga chiqib, ishtirokchilar va mehmonlarni qutladi. Shuningdek, marosimda TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, Turkiy madaniyat va meros fondi prezidenti Aktoti Raimkulova, Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Mehmet Sureyya Er, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi Bosh kotibi o'rinbosari Nurlan Seytimov, Turkiya Prezidentining bosh maslahatchisi Yalchin Topchu, Qozog'iston Prezidentining maslahatchisi Malik Otarbayev, Tojikiston Prezidentining ijtimoiy rivojlanish, madaniyat va jamoatchilik bilan aloqalar bo'yicha yordamchisi Abdullo Rahmonzoda, Qirg'iziston madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri Oltinbek Maksutov, Ozarbayjon madaniyat vaziri Adil Gabil o'g'li Karimli qatnashdi. Umuman, festivalda Osiyo, Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Afrika qit'alarining 80 dan ortiq mamlakatidan qariyb 400 nafar mehmonlar ishtirok etdi.

Tantanali tadbir mumtoz kuy-qo'shiqlardan tuzilgan konsert bilan davom etdi.

* * *

Rachel HARRIS,

Etnoshunos olim, London universiteti professori (Buyuk Britaniya):

— Anjumanni yuksak saviyada o'tkazish uchun puxta tayyorgarlik ko'rilgan. Zominsoy hududida mamlakat viloyat va shaharlarining diqqatga sazovor joylari, tarixiy obidalari, milliy urf-odat va an'analaridan namunalar tashkil etilgani xalqaro san'at bayramiga o'ziga xos mazmun bag'ishlagan. Ular menda katta taassurot qoldirdi. Maqom O'zbekistonning milliy brendi sifatida dunyoga tanilishi, shubhasiz.

Fardin MUHAMMADZADEH,

Ozarbayjon milliy konservatoriyasi o'qituvchisi, pianinochi, musiqashunos-sozanda:

— Kelganimdan juda xursandman, hanuz hayajondaman. Mahalliy aholining mehmondo'stligi va samimiyati, san'atni ulug'lashi, birinchi marta ko'rishib turgan bo'lsak-da, xuddi azaldan tanishdek uylariga taklif qilishlaridan lol qoldim. Bunday oqibatli, e'tiborli xalqning qadimiy obidalari ham beqiyos ekan. Ushbu anjuman esa xalqlar o'rtasida tinchlik va do'stlik rishtalarini mustahkamlash, madaniy aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qilishi shubhasiz. Bu yurtingizda madaniyat rivojiga alohida e'tibor qaratilayotganidan yaqqol dalolat beradi.

Mohsen MOHAMMADI,

Hind-Fors musiqa markazi direktori, Kaliforniya universiteti doktori, etnomusiqashunos (AQSh):

— San'at dunyo xalqlarini ezgu maqsadlar yo'lida birlashtiradi. Xalqaro maqom san'ati anjumanidan ko'zlangan maqsad ham shu. Bu tadbir o'zbek milliy maqom san'atining noyob namunalarini keng targ'ib qilish, uni asrab-avaylash va rivojlantirish, yosh avlod qalbida milliy mumtoz san'atimizga hurmat tuyg'usini kuchaytirish, xalqlar o'rtasidagi do'stlik rishtalarini mustahkamlash, ijodiy hamkorlik, madaniy-ma'naviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda kengaytirishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.

* * *

To'rt kunlik san'at bayramida qator madaniy tadbirlar o'tkazildi. Shuningdek, anjuman doirasida “Maqom san'atining nazariy va amaliy asoslari: muammo va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, maqom san'ati ustalari ishtirokidagi badiiy chiqishlar, davra suhbatlari bo'lib o'tdi.

Xususan, Zominsoy majmuasi hududida mamlakatimizning o'n to'rt hududiga xos aholi turmush tarzi, an'ana va urf-odatlarini ifoda etuvchi etnografik shaharcha-pavilonlar barpo qilindi. Ularda madaniyat va san'atni namoyish etuvchi buyumlar ham namoyish qilindi. Kichik sahnalarda teatrlashtirilgan tomoshalar, folklor jamoalarning chiqishlari havola etildi. Ishtirokchilar maqom san'atiga oid turli ko'rgazmalar, hunarmandchilik buyumlari, qadimiy so'zana va liboslar, gilamlar, tasviriy va amaliy san'at asarlari, haykaltaroshlik namunalari bilan tanishdi.

30 iyunga qadar davom etgan anjumanda ko'rik-tanlov tashkil etildi. Xalqaro hay'at tomonidan ko'rik-tanlov ishtirokchilarining chiqishlari uchta nominatsiya bo'yicha — “Eng yaxshi maqom ansambli”, “Eng yaxshi yakkaxon cholg'u ijrochisi”, “Eng yaxshi yakkaxon xonanda” bo'yicha baholandi. Ishtirokchilarning chiqish­larini xalqaro hay'at a'zolari — Tojikis­tondan Abduvali Abdurashidov, Ozarbayjondan Kerimi Siyavush Ashraf o'g'li, Misr­dan Ashraf Abdelrahman, AQShdan Mohsen Mohammadi, Hindistondan Ali Fateh, Turkiyadan Feyzioglu Nesrin va O'zbekistondan Isroiljon Vahobov baholab borishdi.

Anjumanning tantanali yopilish marosimi ham katta bayramga ulanib ketdi. Uzoq kutilgan natijalar birma-bir e'lon qilina boshlandi. Unga ko'ra bosh sovrinni Eronning “Fors” ansambli solisti Ali Asg'ar Arabshohiy qo'lga kiritdi.

Ansambl jamoasi bo'yicha 1-o'ringa O'zbek milliy maqom san'ati markazi Yunus Rajabiy nomidagi maqom xonandalari ansambli, 2-o'ringa Maqom markazi Jizzax viloyati hududiy bo'limi maqom ansambli hamda 3-o'ringa “Shinjon” badiiy teatri “Maqom” badiiy truppasi (Xitoy) munosib ko'rildi.

Yakkaxon ijrochilik yo'nalishida 1-o'rinni Tojikiston milliy konservatoriyasi guruhi solisti Xurshid Iroximzoda, 2-o'rinni Chidem Gurdal (Turkiya) hamda 3-o'rinni Ali Amjad Xon (Hindiston) qo'lga kiritdi.

G'oliblar pul mukofotlari (bosh sovrin — 15 ming AQSh dollari, 1-o'rin — 10 ming AQSh dollari, 2-o'rin — 7 ming AQSh dollari hamda 3-o'rin — 5 ming AQSh dollari), dip­lom va statuetka bilan taqdirlandilar.

Shuningdek, “Eng yaxshi maqom xonandasi”, “Eng yaxshi maqom sozandasi”, “Eng yaxshi maqom ustozi”, “Eng yaxshi maqom targ'ibotchisi”, “Eng yaxshi yosh maqomchi”, “Eng yaxshi maqom bastakori” kabi nominatsiyalar bo'yicha ham ishtirokchilar rag'batlantirildi. Ularga YuNESKO, AYSESKO hamda Jizzax viloyat hokimligining pul mukofoti va qimmatbaho sovg'alari topshirildi.

* * *

Ha, Zominda bugun ana shunday ko'tarinki kayfiyat hukmron. Zero, davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, sayyoramizda turli kelishmovchilik va qarama-qarshiliklar, urush va nizolar avj olgan tahlikali zamonda, odamzod tobora o'z dunyosiga o'ralashib borayotgan bir sharoitda musiqa, qo'shiq insonga insonligini eslatib, uning qalbida kelajakka umid va ishonch uyg'otadi.

Islom ASILBEKOV,

“Hurriyat” muxbiri.

Toshkent–Zomin–Toshkent

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 3 =