Korrupsiyaga qarshi kurash — har bir insondan boshlanadi!

Joriy yilning 10 sentyabr kuni poytaxtimizdagi “Hilton” mehmonxonasida Aksilkorrupsiya SOHASIDA ILK xalqaro media forum o'tkazildi.
Mazkur nufuzli Forum o'tgan yili O'zbekistonda bo'lib o'tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yuksak xalqaro mukofotni topshirish marosimida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi delegatsiyasi hamkorlik bo'limi, Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O'zbekiston milliy media birlashmasi, Xalqaro press-klub hamkorligida tashkil etildi.
Latviya, Singapur, Filippin, Avstriya, Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda O'zbekiston yetakchi ommaviy axborot vositalari jurnalistlari, vazirlik va idoralarning matbuot kotiblari, xalqaro ekspertlar, diplomatik korpus vakillari ishtirok etgan forumning ochilishida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov O'zbekistonda ommaviy axborot vositalari mamlakatda aksilkorrupsiya siyosatini amalga oshirishda faol hissa qo'shib kelayotganini ta'kidladi.
BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii O'zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish, shu yo'l bilan kambag'allikni bartaraf etish bo'yicha ko'plab ishlar amalga oshirilayotgani va sezilarli natijalarga ham erishilayotganini qayd etdi.
— Aslida korrupsiyaga qarshi kurashish global darajada ahamiyatli, — dedi A.Fujii. — Chunki shu illat tufayli mamlakatlarda rivojlanish bo'lmay, xalqi qashshoqlikda yashashga majbur bo'lmoqda. O'zbekistonda ham korrupsiyaga qarshi kurashish, shu yo'l bilan kambag'allikni bartaraf etish bo'yicha ko'plab ishlar amalga oshirilmoqda va sezilarli natijalarga ham erishildi. Bu BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi talablariga ham mos keladi. Aytib o'tish kerakki, korrupsiyaga qarshi kurashishda media muhim o'rin tutadi. Bu soha vakillari davlat xizmatchilarining faoliyatini kuzatib boradi, ularning adolatli ishlashiga ma'lum ma'noda ta'sir ko'rsatadi. Chunki OAV xodimlari kuzatish bilan cheklanmay, ma'lumot to'playdi, uni ommaga axborot sifatida tarqatadi. Ya'ni, ochiqlik asosida jamiyat korrupsiyadan tozalanadi. Demak, korrupsiyaga qarshi kurashishda media imkoniyatlarini oshirish bo'yicha natijador hamkorlikni yanada mustahkamlash zarur.
Forumning asosiy maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashishda ommaviy axborot vositalarining rolini oshirishdir. Bu borada global hamda mahalliy muammolar va yechimlarni muhokama qilish, jamiyatda shaffoflik va hisobdorlikni oshirish bo'yicha qo'shma tashabbuslarni ishlab chiqish, so'z erkinligi va jurnalistlar himoyasini kuchaytirish maqsadida ommaviy axborot vositalari, davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorligini mustahkamlash va xalqaro tashkilotlar vakillari o'rtasida munozaralar va o'zaro tajriba almashish uchun platforma yaratish, shuningdek, kelgusidagi rejalar, yangi istiqbollarni belgilab olish forumning asosiy vazifalari etib belgilandi.
Vim RIEPMA,
Evropa Ittifoqi delegatsiyasining Hamkorlik bo'limi rahbari:
— Bugun biz korrupsiyaga qarshi kurashishda ommaviy axborot vositalarining roli haqida gapiryapmiz. Bu rolning aslida ikkita jihati bor. Birinchidan, ommaviy axborot vositalari korrupsiya holatlarini ochiqlashi mumkin, ular surishtiruv o'tkazishlari va vaziyatni jamoatchilikka tushuntirib berishlari mumkin. Ikkinchidan, korrupsiyaga qarshi kurash sizdan va mendan boshlanadi. Umuman, har bir insondan boshlanadi. Korrupsiyaga qarshi kurashda o'z vazifangizni bajaring. Odamlardan ham xuddi shuni so'rab qolaman – o'zingiz va mamlakatingiz uchun korrupsiyaga yo'q deb ayta oling.
Akmal BURXONOV,
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori:
— Korrupsiya muammosi ham OAVning asosiy fokusidagi mavzulardan biriga aylandi va rahbar hamda mutasaddilarni “halollik vaksinasi” bilan emlanishga majbur qilmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi a'zolarining 12 foizi, hududiy korrupsiyaga qarshi kurashish kengashi a'zolarining 14 foizi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a'zolarining 20 foizi OAV vakillari va ijtimoiy tarmoq faollarini tashkil qiladi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura yoki boshqa tashkilotlar qanchalik korrupsiyaga qarshi kurashishga mas'ul bo'lsa, vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlari ham shu jarayonning asosiy ishtirokchilaridan biri hisoblanadi. O'z navbatida, matbuot xizmatlari ham o'zlarining idorasiga oid korrupsiya elementlari to'g'risidagi xabarlarga o'z vaqtida, tezkorlik bilan munosabat bildirishlari, fuqarolik jamiyati institutlari va OAVlar bilan faol hamda samarali hamkorlik qilishlari shart.
Mixael VIMMER,
Germaniyaning O'zbekistondagi elchixonasi missiya rahbari o'rinbosari va hamkorlik bo'limi rahbari:
— Biz O'zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan korrupsiyaga qarshi islohotlarni qo'llab-quvvatlashda hamkorlik qilayotganimizdan faxrlanamiz. Yevropa Ittifoqi va Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “O'zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish – korrupsiyaning inklyuziv oldini olish” loyihasi, davlat institutlarida yaxlitlikni mustahkamlash, shu bilan birga korrupsiyaga mutlaqo toqat qilmaslik madaniyatini shakllantirishga qaratilgan. Loyihaning eng muhim tarkibiy qismlaridan biri ommaviy axborot vositalari xodimlari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va faollar salohiyatini oshirishdan iborat. Korrupsiyaga qarshi samarali kurash mas'uliyatli va mustaqil faoliyat yurituvchi ommaviy axborot vositalari tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan xabardor va faol jamoatchilikka bog'liq. Ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar o'zlari faoliyat yuritayotgan murakkab muhitda korrupsiyani tekshirish va xabar qilish uchun zarur vositalar va bilimlarga ega bo'lishlari juda muhim.
Asadjon XODJAYEV:
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori:
— Jurnalistga birinchi navbatda nima kerak? Keng auditoriyani qiziqtiruvchi ma'lumot kerak. Bunday ma'lumotlar sirasiga xalq manfaatlari bilan bog'liq ma'lumotlar ham kiradi. Demak, korrupsiyaviy holatlar bilan bog'liq axborotlar jurnalistlar faoliyatida ustuvorlikka ega. Biz, davlat organlari, ularga yordam berish uchun amalga oshirishimiz kerak bo'lgan eng muhim qadam — ochiqlikni ta'minlash. Jurnalistlarda tahlil qilish uchun ma'lumot ko'p bo'lishi uchun davlat organlarining internetdagi ochiq ma'lumotlari doimiy yangilab borilishi, davriy ravishda tashkilotlar rahbarlarining hisobotlari eshitilishi hamda OAV uchun matbuot anjumanlari tashkil etilishi lozim. Ko'rinib turibdiki, jurnalistlar va davlat tashkilotlarining axborot xizmatlari o'z vazifalarini sidqidildan bajarishi jamiyatga faqat foyda keltiradi.
Shreya BASU,
“Ochiq hukumat hamkorligi bo'yicha o'zaro hamkorlik va qo'llab-quvvatlash strategiyasi” rahbari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti tomonidan jalb qilingan ekspert:
— Mamlakatingizda yo'lga qo'yilgan “Ochiq hukumat” dasturining ahamiyati va uning korrupsiyaga qarshi kurashga qo'shayotgan hissasidan mamnunmiz. Ushbu tashabbus axborot olish huquqini himoya qilishga, iqlim o'zgarishiga qarshi kurashishga, byudjet ochiqligi va ommaviy axborot vositalari erkinligiga hissa qo'shadi. Shuningdek, Ochiq Hukumat Hamkorligi hukumatning barcha darajalarida shaffoflik va inklyuzivlikni yaxshilashga yordam beradi. Uning o'ziga xos modeli teng huquqli hamkorlik bo'lib, unda siyosiy yetakchilik darajasi yuqori bo'lgan hukumatlar va fuqarolik jamiyati tashkilotlari teng huquqli hamkorlik qiladi. O'zbekistonda demokratiyani mustahkamlashi mumkin bo'lgan 10 ta yo'nalish ham e'tirofga loyiq. Ular orasida: axborotga kirish, korrupsiyaga qarshi kurash, fuqarolik maydoni, raqamli boshqaruv, iqlim va atrof-muhit muammolari, gender va inklyuzivlik, ochiq byudjetlar, adolat, ommaviy axborot vositalari erkinligi va jamoatchilik ishtirokini aytib o'tish lozim, albatta.
…Forum o'z ishini yalpi majlis bilan davom ettirdi. Mazkur media forum ommaviy axborot vositalari, hukumat va fuqarolik jamiyati vakillari uchun korrupsiyaga qarshi kurashishda sa'y-harakatlar va imkoniyatlarni birlashtirishda muhim platformaga aylanishi, xalqaro hamkorlikda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirishga va bu borada samarali strategiyalarni ishlab chiqishga xizmat qilishi qayd etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda zamonaviy medianing yutuq va imkoniyatlari, muammo va kamchiliklari, ochiqlikni ta'minlash, jurnalistik surishtiruvlar o'tkazish usullari va ma'lumotlar bilan ishlash, yangi texnologiyalardan foydalanish kabi qator muhim masalalar bo'yicha yetakchi ekspertlar va amaliyotchilar bilan panel sessiyalar doirasida o'zaro muloqotlar davom ettirildi.
Xususan, “Davlat organlari faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta'minlashda OAVning roli” mavzusidagi dastlabki sessiyada xorijiy va mahalliy ekspertlar, jumladan, “Transparensy International LATVIA”, “Ochiq hukumat hamkorligi bo'yicha o'zaro hamkorlik va qo'llab-quvvatlash strategiyasi” markazi ekspertlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi islohotlardan jamoatchilikni xabardor etish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta'minlashning samarali mexanizmlarini yaratish, ochiq ma'lumotlardan foydalanish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishni qo'llab-quvvatlash singari yo'nalishlarda ma'lumotlar taqdim etildi.
OAV tomonidan korrupsiya holatlarini aniqlashda muvaffaqiyatli strategiyalar, korrupsiyaga qarshi jurnalistikada etika va standartlar, huquq va majburiyatlar bo'yicha soha vakillarining xabardorligini oshirish masalalari bo'yicha “Axborot etikasi: zamonaviy media uchun chaqiruv va yechimlar” mavzusidagi sessiyada o'zaro fikr va tajriba almashildi.
“Tahliliy jurnalistika istiqbollari va jurnalistik surishtiruvlarning roli” mavzusidagi sessiyada Filippin jurnalistika tadqiqot markazi, Delfi.lv onlayn yangiliklar portali vakillari taqdimot qildi. Bundan tashqari, sessiya davomida OAVning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ishtirokini kengaytirish, jurnalistlarning himoyasini kuchaytirish, sohaning huquqiy va institutsional asoslarini takomillashtirish, ayni yo'nalishda xalqaro hamkorlikning o'ziga xos jihatlari va istiqbollari, O'zbekistonda media orqali korrupsiyaga qarshi kurashishga oid islohotlarni amalga oshirishda ko'maklashish masalalariga ham alohida e'tibor qaratildi.
Forumda ishtirok etgan xalqaro media vakillarining qayd etilishicha, O'zbekistonda so'ngi yillarda OAV katta kuch to'pladi, muammolarni muhokama qiladigan, takliflar bilan chiqadigan jonli maydonga aylandi. Shuning uchun O'zbekistonning tarixiy transformatsiyalari davrida OAVning roli beqiyos.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi boshqarma boshlig'i Akbar Ergashevning so'zlariga ko'ra, O'zbekiston dunyo bo'yicha “Open Data Inventory” (ODIN) ochiq ma'lumotlar reytingida 30-o'rinni egallamoqda. U O'zbekistonda ham davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini baholashga qaratilgan “Ochiqlik indeksi” joriy etilganini ham eslatib o'tdi. Unga ko'ra, indeks 84 ta baholash mezonidan iborat 8 ta ko'rsatkich bo'yicha hisoblanadi.
Muloqotlar yakunida korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusini keng yoritishda jurnalistlarning malakasini oshirish, xususan, sohada surishtiruv jurnalistikasini rivojlantirish, global miqyosda korrupsiyaga qarshi kurashishda asosiy vosita sifatida ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish bo'yicha yangi yondashuv, tavsiya va strategiyalar ishlab chiqildi.
Shuningdek, forum ishtirokchilari o'rtasida axborot va tajriba almashish uchun doimiy platforma yaratishga kelishib olindi.
Islom ASILBEKOV,
“Hurriyat” muxbiri.