Bilimlar olamining ijodkori

Ko'pincha biror mavzu to'g'risida yozmoqchi bo'lsam, nimadan boshlasam ekan deb o'ylanib qolaman. Bu safar ham inson qadri va kitob haqida maqola yozishni xayolimdan o'tkaza turib, O'zbekistonda birinchilardan bo'lib “O'zbekiston fan arbobi” unvonini olgan, biologiya fanlari doktori O'ktam Pratovning odamlar hayotida kamdan-kam uchraydigan bir ibratli voqeani aytib bergani yodimga tushdi. Ilm olishga intilish, kitob o'qishga bo'lgan ishtiyoq oddiy qishloq bolasining qadrini yuksaklikka ko'targani, dunyo biolog olimlari orasida munosib o'ringa ega bo'lgani meni g'oyat ta'sirlantirgan edi.

Shu sababli ham maqolamni O'ktam aka aytgan ibratli hikoyadan bosh­lashga qaror qildim.

 

— Yoshligimdan tabiatga, o'simlik­lar olamini o'rganishga bo'lgan qiziqish meni ToshDU (hozirgi O'zMU)ning biologiya fakultetiga yetaklab keldi, – deya o'z hikoyasini boshlagan edi O'ktam aka. — Kirish imtihonlarini barcha qatori topshirdim. Biroq uchinchi va to'rtinchi imtihonlar orasida juda qattiq shamollab, kasal bo'lib qoldim. Natijada o'qishga kirishga balim yetmadi. Uyga qaytib ketishga oriyatim yo'l qo'ymadi, o'qishga bo'lgan qiziqishim esa fakultet sari yetakladi. Kursdoshlarim qatori darslarga qatnayverdim. Familiyam ular orasida bo'lmasa-da, o'qiyverdim. Kurs rahbarimiz bir necha marta ogohlantirishiga qaramasdan, o'qishdan qolmasdim.

Bir kuni dekanimiz Polvon Boboyevich meni huzuriga chaqirdi.

— O'g'lim, – dedi u bosiqlik bilan – nega bunday qilyapsiz? O'qishga shunchalik qiziqasizmi?

— Ha, – dedim ko'zlarimda yosh miltillab.

— O'qishga kirolmagan ekansiz…

— O'sha paytda qattiq kasal bo'lib qolgandim. Oxirgi imtihonlarga esa zo'rg'a kelgandim. Isitmam kuchli edi.

— Hmm, shunday deng. O'qishlaringiz, davomatingiz, xulqingiz haqida surishtirdim. Maqtashdi. Biroq. Polvon Boboyevich yana nimadir demoqchi bo'ldi-yu, indamadi. Men esa uning nima deyishini bilolmay xijolat bo'layotganini sezar va o'zimni to'xtatolmay yig'lashdan o'zimni zo'rg'a tiyib  xo'rsinar edim.

— Sizni uyaltiradigan ish qilmayman. O'qiyman, yaxshi o'qiyman, – dedim zo'rg'a.

Bu gapimdan so'ng Polvon Boboyevich yelkamga qo'lini qo'ydi-da: – Mayli, uka. O'qishga shunchalik qiziqar ekansiz, o'qiyvering. O'qigan inson hech qachon kam bo'lmaydi. Rektoratdagilar bilan gaplashib ko'raman. Paxta mavsumi o'tib olsin, bir gap bo'lar.

Paxta terimida ham kursdoshlarimning oldi safida bo'ldim. Ilg'or terimchi bo'lganim sababli qo'l soati bilan taqdirlandim. Sessiya davri bosh­landi. Imtihonlarni faqat “besh” bahoga topshirdim. Kutubxonadan chiqmasdan tinmay o'qiganim qo'l keldi. Oxirgi imtihonni Polvon Boboyevichning o'zi oldi. Savollarga hech ikkilanmasdan qat'iy javob berdim. Domla indamadi-da “zachyotkam”ni qo'limga tutqazdi. Tanam titrab ketdi. Domlamizga baho haqida gap aytishga tilim kelishmasdi. “Zachyotka”ni ochishga yuragim betlamadi. Koridorga chiqdim. Chiqdim-u besh-olti qadam yurib, chorasiz ahvolda “zachyotkam”ni ochdim. Ko'zlarimga ishonmasdim. Ustoz allaqachon “besh” baho qo'ygan ekan. Yig'idan o'zimni tutolmay ustoz imtihon olayotgan xonaga kirdim. Domlani quchoqlab, sevinchdan yig'lardim…

Polvon Boboyevich Azizov mard, tanti, halol, fidoyi ustoz, mehribon inson edi. U meni o'qishga bo'lgan intilishimni qo'llab-quvvatladi va men ustoz tavsiyasiga ko'ra, birato'la ikkinchi kursga o'qishga qabul qilingan edim. Bu kamdan-kam bo'ladigan hodisa edi. Men ustozning, “O'qiyvering o'g'lim, o'qigan inson hech qachon kam bo'lmaydi”, degan so'zlarini bir umrga esdan chiqarmadim. Bu so'zlar qalbim mayog'i bo'ldi. III kursda o'qib yurgan chog'larimdayoq ilk kitobim hammualliflikda nashr etildi.

— Bu yog'iga endi aslo bo'shashmang o'g'lim, – dedi P. Azizov menga jilmayib qo'yib. Bunday ustoz kam bo'ladi.

Men kitob va uni o'qishga ishtiyoq inson qadrini qanchalik ulug'lashini o'shanda yana bir bor his etdim. Keyinchalik juda ko'p ilmiy anjumanlarda ishtirok etdim. Xorijiy davlatlarda ishladim. Leningradda fan doktori ilmiy darajasini muvaffaqiyatli yoqladim. Botanika institutining direktori sifatida ko'plab olimlar yetishib chiqishida qo'limdan kelgancha ularga yordam berdim. Bularning barchasiga men ustozlar ko'magi, o'qish va ilmga bo'lgan ishtiyoq tufayli erishdim. Shu sababli ham qaysi davlatga borsam kitoblar olib keldim. Hozir xonamda mingdan oshiq kitoblarim bor…

Men institutga borganimda O'ktam aka yig'gan nodir o'simliklar gerbariylari kolleksiyasini va kitoblarini ko'rganman va hayratlanganman.

Kitob – inson yaratgan eng bebaho ne'mat. U inson qadrini O'ktam aka aytgandek, yuksaklikka ko'taradi. Mehribon do'st sifatida uni kamolot sari yetak­laydi.

Odamzod bu yorug' dunyoda yashar ekan, albatta, o'zidan yaxshi nom, ezgu ishlar qoldirgisi, nomi ko'p yillar davomida insoniyat qalbida o'chmas alanga singari qolishini istaydi. Buyuk allomalar, avliyolar tarixiga nazar solsangiz, ular tinimsiz izlanishganini, bilim olishganini va ko'plab kitoblar o'qibgina, shu darajaga yetishganini anglaysiz.

Allomalardan biri shunday degan ekan: “O'zingdan yaxshi nom qoldirmoqni istasang, qobil, mo'min va mo'mina farzandlar o'stir, ular seni nomingni bir necha yillarga olib o'tadi. Insonlarga xizmat qiladigan, ularni ezgu amallarga boshlaydigan, fikrlash dunyosini kengaytiradigan, tafakkurini yuksaltiradigan kitob yozsang, u nomingni asrlardan asrlarga olib o'tadi”. Bu hech inkor qilib bo'lmaydigan haqiqatdir.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan kitobga va uni o'qishga bo'lgan e'tibor davlat siyosati darajasiga ko'tarildi. Gohida o'ylanib qolaman. Telefonga yopishib olgan yoshlarimiz ham kitob o'qirmikin? O'qisa, qanday kitob­larni o'qiyotganikin? Ota-onalar farzand tarbiyasida kitobning o'rni naqadar muhimligini bilgan holda ularni o'qishga qiziqtirish maqsadida bolasiga qaysi mavzudagi kitoblarni tavsiya etayotganiykin? Ularning talab va takliflari nashriyotlarda qay darajada amalga oshmoqda?

Ana shu kabi savollarga javob topish maqsadida Respublikamizdagi eng keksa nashriyot – “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyining bosh muharriri Azimboy Boboniyozov bilan suhbatlashdim.

— Farzandlar tarbiyasida kitob­larning ahamiyati haqida gap ketganda odam biroz o'ylab qoladi, – dedi Azimboy Boboniyozov. – Negaki, bugungi bolalar, bundan 15-20 yil oldingi yoshlardan tubdan farq qiladi. Hozir hatto bog'cha yoshidagi bolaning qo'lida telefon ko'rib qolsak, hech kim hayron bo'lmaydi. Kimdir bolalar texnikani bilgani yaxshi desa, kimdir buni zarar dey­di. Xullas, har kimdan har xil fikr eshitasiz. Lekin bir narsa aniqki, kitob o'qish butunlay boshqa dunyo. Chunki kitob eng yaqin do'st, to'g'ri maslahatchi, ezgulik sari yetaklovchi mayoq. Bugungi yoshlar buni o'zicha tushunadi. Shu o'rinda kattalar-chi, degan savol tug'ilishi tabiiy. Chunki bolaning kitob o'qishga bo'lgan ishtiyoqini kattalarning o'zi bosh­lashi kerak. Eslang, qadimda ham, o'zimizning yaqin o'tmishimizda ham kitobni avvalo kattalar o'qib berishgan. Hatto kitobning eng qiziqarli joyiga kelganda qolganini ertaga o'qiymiz, hozir esa uxlaymiz, degan gaplar hanuzgacha qulog'imiz ostida jaranglab turibdi.

Demak, bolaning kitob o'qishga bo'lgan qiziqishni o'zimiz boshlashimiz va o'zimiz bu ishda o'rnak ko'rsatishimiz kerak. 6-7 yoshli bola dastlab ertaklar ta'sirida ulg'ayadi. 10-15 yoshda esa ko'proq qahramonlik va g'ayrioddiy voqealarni sevib mutolaa qila boshlaydi. Nazarimda o'smir yoshdagi bolalar sarguzasht va tarixiy mavzudagi adabiyotlarga ko'proq qiziqadi. Boisi, o'smirning xayolot olami bu davrda qorishiq holda bo'ladi. Shu ma'noda farzandlarimizni kitobga bo'lgan muhabbatini janr bilan chegaralamasdan, estetik didini o'stiruvchi kitoblarni tavsiya qilib borishimiz maqsadga muvofiq, deb o'ylayman.

“O‘zbekiston” nashriyotida kitobxonlar talab va takliflarini o'rganadigan “Marketing” bo'limi bor. Ular kitobxonlardan kelayotgan xatlar va takliflar asosida nashr rejasini shakllantirishga yordam beradi.

Bugun ta'lim tizimiga juda katta e'tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2023 yilni “Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili” deb e'lon qilishida ham chuqur ma'no mujassam. Negaki, ta'lim jamiyat ravnaqi, ertangi farovon hayot tamal toshi hisoblanadi. Shu ma'noda biz ta'lim sifatini qanchalik oshirsak – jamiyat farovonligini ta'minlagan bo'lamiz. Ulug' jadid bobolarimiz bejizga – “Najot ta'limda”, deyishmagan.

Shu ma'noda “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi ham ta'lim sohasiga o'z hissasini qo'shib kelayotgan korxonalardan biri sanaladi. Nashriyotda har yili millionlab nusxadagi darslik va o'quv qo'llanmalar o'z vaqtida, sifatli nashr etib borilmoqda.

Hozirgi kunda nashriyot faqat darsliklar bilan cheklanib qolmasdan, yosh avlodning ongu shuuri va dunyoqarashini o'stirishga yordam beradigan o'zbek va jahon bolalar adiblarining eng sara kitoblarini ham muntazam chop etib kelmoqda. Bu yo'nalishda olib borilayotgan ishlar yosh avlod tarbiyasida muhim rol o'ynashi shubhasiz. Kezi kelganda yana shuni aytib o'tish o'rinliki, nashriyotda “100” raqami ostida eng sara adabiyotlarni nashr etish rejalashtirilgan. Bu esa nashriyotimizning 100 yilligiga munosib sovg'a bo'ladi.

Azimboy Boboniyozov fikrlariga qo'shilgan holda aytishni istardikki, kitob haqiqatan ham buyuk bir ne'mat. U odamzodning sadoqatli va sodiq do'sti, mehribon va g'amxo'r ustozi. Kitob bilimlar olamining ijodkori.

Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy ilm olish haqida shunday degan edi:

Yigitlikda yig' ilmning mahzani,

Qarilik chog'i sarf qilgin ani.

Darhaqiqat, bejiz “Yoshlikda olingan bilim toshga bitilgan nashqdir”, demagan dono xalqimiz. Shu sababli ham yoshlarimiz ko'proq kitob o'qib, ilm durlarini yig'salar, o'zlariga foyda. Zero, ana shunda ular O'ktam Pratov singari dunyo tan olgan olimga aylanadilar.

Bahrom AKBAROV,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three + ten =