Javob: “Ta'limdan o'zga najot yo'q!”

Gazetamizning shu yil 19 aprel (15-son) sonida pedagog Zavqibek Mahmudovning yuqoridagi sarlavhali maqolasi e'lon qilingan edi. Unda soha rivojini ta'minlash va ta'lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish bo'yicha ko'plab aniq taklif va mulohazalar bildirilgandi.

Quyida ushbu maqola yuzasidan Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi Axborot xizmatining tahririyatimizga yo'llagan uzundan-uzoq javobga o'xshash bayonnomasini juz'iy qisqartirishlar bilan e'lon qilyapmiz.

 

“Ta'limdan o'zga najot yo'q” sarlavhali maqolada bildirilgan sohaga doir fikrlar va takliflar Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tomonidan atroflicha o'rganib chiqildi.

Maqola muallifi tomonidan yurtimiz maktab ta'limidagi muhim jihatlar, xususan, ta'lim sifatini oshirish, o'qituvchilarning pedagogik fao­liyatiga ko'mak beruvchi, o'quv maskanlaridagi tar­biyaviy muhitni yanada yaxshilashga xizmat qiluvchi fikrlar o'rtaga tashlangan.

Jumladan, “Pedagog xodimning maqomi to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonuni loyihasining qabul qilinishiga doir fikrlarga javoban aytish lozimki, ushbu huquqiy hujjat o'tgan vaqt davomida ta'lim sohasi mutaxassislari tomonidan berilgan tavsiyalar asosida yanada takomillashtirildi.

Pedagog xodim maqomini belgilash, ularning obro'sini yanada ko'tarish, sha'ni va qadr qimmatini himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi O'zbekis­ton Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga taqdim qilingan bo'lib, joriy yilning 2 may kuni Qonunchilik palatasi yalpi yig'ilishida qonun loyihasi 1-o'qishda qabul qilindi, hozirda lo­yihani 2-o'qishda ko'rib chiqish uchun qo'mita va fraksiyalarda muhokama qilish jarayonlari ketayotganidan xabardormiz.

Maktablar va ota-onalar o'rtasidagi hamkorlik ishlari, o'quvchilarning bo'sh vaqtlarini nazorat qilish, ta'lim maskanlaridagi tadbirlarni o'tkazilishiga doir quyidagilarni ma'lum qilamiz.

Qayd etib o'tish joizki, mamlakatimizdagi barcha umumta'lim maktablari va ota-ona (vasiy)lar o'rtasida o'zaro doimiy hamkorlik aloqalari o'rnatilgan.

Xususan, mahalla fuqarolar yig'inlari faollari bilan birgalikda namunali hamkorlik qilib kelayotgan ota-onalarga ta'lim muassasalarining “Minnatdorchilik xati” taqdim etish amaliyoti yo'lga qo'yildi.

Shuningdek, “Umumiy o'rta ta'lim muassasalarining ichki tartib va odob-axloq qoidalari” yangi tahrirda qabul qilinib amaliyotga tatbiq etildi. Ushbu qoidalarga asosan, o'quvchilarning sifatli ta'lim olishi, uning tarbiyasini shakllantirishda ota-onalar va o'qituvchilarning muhim vazifa va burchlari belgilab qo'yilgan.

Mazkur qoidalar mamlakatimizdagi 500 mingdan ziyod pedagog xodimlar hamda 6 mln. 400 mingdan ortiq o'quvchilarning ota-onalariga bevosita tanishtirib chiqildi.

Muallif bolalarning maktabdan tashqari vaqtlaridagi bo'sh vaqtlarini qay darajada o'tkazish­lari, bu vaqtda ular tomonidan sodir etilgan ma'muriy yoki jinoiy huquqbuzarliklarning oqibatlari xususida ham fikr bildirgan.

O'tgan vaqt davomida bu muammoli vaziyatlarga yechim topish borasida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi PQ-5050-son qaroriga muvofiq, tuman, shahar ichki ishlar organlari tarkibida 2 000 ta shtat birliklaridan iborat voyaga yetmaganlar masalalari bo'yicha inspektor-psixolog (keyingi o'rinlarda — inspektor-psixolog) lavozimlarini joriy etish hamda ularning bevosita xizmat o'tash joyi etib umumiy o'rta ta'lim muassasalari belgilangan.

Ushbu inspektor-psixologlar zimmasiga o'quvchilarning turli jinoyat ko'chalariga kirib qolishini oldini olish barobarida, har bir o'quvchi kesimida umumiy o'rta ta'lim muassasalarida psixologik muhitni yaxshilash, voyaga yetmaganlar orasida qonunbuzilishlarga murosasiz munosabatda bo'lish hissini shakllantirish, muammoli o'quvchilar bilan ularning yashash joylarida ota-onalari ishtirokida manzilli ishlash vazifalarini yuklatilgan.

Qayd etish lozimki, maktablarda o'tkaziladigan ma'naviy-ma'rifiy, sport, vatanparvarlik va turli tadbirlar vazirlikning tegishli qaror, buyruqlari yoki ish-rejalari bilan tasdiqlanadi.

Bundan tashqari, hududiy hokimliklar, ma'naviyat va ma'rifat bo'limlari va boshqa tashkilotlar tashabbusi bilan ham rejaga kiritilmagan tadbirlar o'tkazilishi mumkin. Mazkur turdagi tadbirlarga o'qituvchi yoki o'quvchilarni majburan jalb etilishiga yo'l qo'yilmaydi.

O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 51-moddasiga ta'lim tashkilotining pedagog xodimiga nisbatan mehnatga biron-bir shaklda ma'muriy tarzda majburlash uchun – bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'lishini belgilovchi norma kiritildi.

So'nggi yillarda yuridik xizmat ko'rsatiladigan umumta'lim maktablarining markazlarga yuboriladigan hujjatlari loyihalarini huquqiy ekspertizadan o'tkazish va qabul qilish jarayonlarini elektron shaklga o'tkazuvchi “E-huquqshunos” elektron tizimi yaratilgan bo'lib, bu ish yurituvini to'liq raqamlashtirish hamda qog'ozbozlikka barham berish maqsadida tashkil etilgan.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 29 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko'rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-5168-son qarori bilan respublikaning barcha tuman va shaharlarida yuridik xizmat ko'rsatish markazlari tashkil etilgan bo'lib, markazlar yuridik xizmat ko'rsatiladigan tashkilotlarning faoliyatini huquqiy jihatdan ta'minlab, sifatli va malakali yuridik yordam ko'rsatib kelmoqda.

Maktabgacha va umumiy o'rta ta'lim tashkilotlarining alohida huquqshunos shtati mavjud emasligi, tuman (shahar) maktabgacha va maktab bo'limlari yurist shtati qisqartirilganligi munosabati bilan ularga markazlar tomonidan bepul yuridik xizmat ko'rsatiladi hamda shu bilan ularning rahbariyati tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning qonuniyligi ta'minlanmoqda.

Maktab direktorlarini lavozimiga tayinlash tartibi va shartlari xususida esa quyidagilarni ma'lum qilamiz:

Vazirlikning 2022 yil 10 maydagi tegishli buyrug'i asosida tasdiqlangan “Umumiy o'rta ta'lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni ochiq tanlov asosida saralab olib tizimini yo'lga qo'yish to'g'risida Nizom”ga ko'ra, maktab direktori lavozimiga nomzodlar kamida bakalavr darajasidagi oliy ma'lumotga ega, xorijiy tillardan birining boshlang'ich bosqichi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni bilishlari zarur.

Shuningdek, ushbu talablarda nomzodning ta'lim sohasida kamida 5 yillik pedagogik staj hamda rahbarlik lavozimida yoki xalq ta'limi boshqaruvi organida 2 yillik ish stajiga yoxud 5 yillik harbiy stajga, kamida milliy darajadagi sertifikatga ega bo'lishi ko'rsatib o'tilgan.

Nizomga muvofiq, maktab direktori lavozimiga nomzodlar kelishish uchun tegishli Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga tavsiya etiladi. Mazkur kengashlarning tegishli qaroriga asosan munosib nomzod tasdiqlangandan so'ng, vazirlikning hududiy bo'linma rahbarlari tomonidan maktab direktori lavozimiga tayinlanadi.

Maqoladagi soha rivojini ta'minlash va ta'lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida bildirilgan tegishli takliflar yuzasidan quyidagilarni ma'lum qilamiz.

— Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 sentyabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan tegishli Nizomda oliy ma'lumotli o'qituvchilar navbatdagi majburiy attestatsiyadan ketma-ket uch marotaba o'ta olmagan yoki uzrli sababsiz attestatsiyada ishtirok etmagan taqdirda, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning malakasi yetarli bo'lmaganligi sababli bekor qilinishi belgilab qo'yilgan.

— O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 11 maydagi PF-134-son Farmoniga muvofiq, xalqaro tan olingan sertifikat hamda xalqaro standartlar talablariga javob beradigan milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega bo'lgan pedagog kadrlarga — ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida ustama to'lanadi. Bunda milliy baholash tizimining xalqaro standartlar talablariga javob berishi vakolatli xalqaro tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan bo'lishi lozim.

— Vazirlikning tegishli buyrug'iga ko'ra, vazirlikning hududiy bo'linma boshliqlari huquqiy majburiyatlariga maktab direktorlari va fan o'qituvchilarining erkin faoliyat olib borishi, ta'lim sifatiga to'siq bo'ladigan turli tekshiruv va ortiqcha qog'ozbozliklarning oldini olish, bola tarbiyasi uchun, avvalo, ota-ona javobgarligini ta'minlash kabi qator vazifalar ijrosini ta'minlashga doir zarur hayotiy normalar kiritib o'tilgan.

— Umumta'lim maktablaridagi “Davlat va huquq asoslari” fani 2019-2020 o'quv yilida 339 soatdan 327 soatga, 2020-2021 o'quv yilida 327 soatdan 314 soatga, jami 25 soatga qisqartirilgan.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 20 apreldagi 128-son qarori bilan tashkil etilgan Ta'limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan belgilab berilgan ta'lim standartlari, o'quv rejalari va dasturlariga qo'yiladigan talablar asosida “Davlat va huquq asoslari” fani o'quv dasturlari tahlil qilinib takomillashtirilishi rejalashtirilmoqda.

— Maktablarda o'tiladigan “Tarbiya” fanining o'quv maqsadlaridan kelib chiqib, o'quvchilarga ularning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda har oyda bir marta tegishli mavzularda badiiy kitoblar o'qish va tahlil qilish vazifasini berish maqsadga muvofiq.

Vazirlik mutaxassislari tomonidan umumta'lim muassasalaridagi rasmiy ish hujjatlarining adabiy til me'yorlari va lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosida yuritilishi yuzasidan doimiy o'quv seminarlari tashkil etib kelinmoqda.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − twelve =