Oq qarğalar
yoxud general Abduğaniyevning
kundaliklar kitobini öqib…
Rus seriallarini yaxşi köraman: tirik hayot, real, erkin tasvirlar va albatta aqlli, falsafiy jumlalar köp uçraydi. Boşqarma boşliği, polkovnik kadrlar bölimi xodimi olib kirgan yangi nomzodning “rezyume”sini közdan keçirayapti: falon yili u lavozimda işlagan, falon yili bu lavozimda işlagan, rahbar lavozimida bir yarim yilgina işlabdi, demak – vijdonli…
Rahbar lavozimida atigi bir yarim yil işlabdi. Demak…. vijdonli! Oddiy gap…
… Ötgan asrning 89 yilida poytaxt Içki işlar boşqarmasi boşliğining birinçi örinbosari lavozimiga tayinlangan polkovnik ertasi kuni şahar Davlat avtomobil inspeksiyasining navbatçilik qismiga oddiy bir fuqaro sifatida qönğiroq qildi-da, hozirgina “06” “Jiguli” maşinasi markaziy universal savdo markazi oldidan olib qoçib ketilgani haqida xabar berdi va özining şaxsiy maşinasi davlat raqam belgisini aytdi. Şundan söng kabineti eşigini qulflab, öşa “öğirlangan” maşinasiga ötirib şahar aylana boşladi… Önlab çorrahalarda önlab avtoinspektorlarning köz oldidan ötdi. Parvoyi palak, heç biri bu “ugon” bölgan maşinani töxtatay demaydi. Yarim soat yurdi, bir soat yurdi. Jimjit. Şahar aylanaverdi, avtoinspektorlar xotirjam turaverdi. Ikki soat yurib zerikdi, asabiylaşa boşladi. Söng, şahardan taşqariga çiqib köriş niyati miyasiga urildi. Nihoyat, “Rohat” postidan ötayotganida inspektorlardan biri “töxtaş” işorasini körsatdi. U töxtamadi, Olmaliq trassasiga çiqib gazni bosdi. Qarasa, ortdan “GAI”ning xizmat maşinasi quvib kela boşladi. “Töxta, otamiz” deb megafonda dağdağa ham böldi. “Xayriyat”, dedi polkovnik va töxtadi…
… General navbatçilik qismiga kelayotgan maxsus xabarlarni öz kabinetida eşitib işlab ötirgan edi, bir xabar diqqatini tortib qölidagi ruçkani qöydi: “ikkita “Kamaz” avtomaşinasi pastqam yöllardan çegara posti tomonga ketayapti, tezkor maʼlumotlarga köra qimmatbaho yuk ortilgan”.
General şaxd bilan örnidan turdi-da, javondan pogonsiz fufayka – buşlatni olib kiyib, garajdagi “nol sakkiz Lada” eski xizmat maşinalaridan birini minib, kontrabanda yuk ortgan maşinani taʼqib qiliş uçun çegara bojxona posti tomon gazni bosdi…
… Maşhur “Siyob” bozorida çoriq kiygan “begona” bir dehqon kartoşka sotayapti. Bozorning kunda şundalari ularning “tomorqasiga” oralagan bu yangi sotuvçi kim ekan deb duşmanlarça qarab qöydilaru, beçora odamga öxşaydi degan xayolda unga “rahm” qilib indamadilar. “Siyob” bozorini tartibga keltiriş haqida topşiriq olgan general, viloyat içki işlar boşqarmasining yangi boşliği edi…
U yana, oddiy “Jiguli”ni minib viloyat tumanlarini kezdi, uni töxtatgan avtoinspektorlar bilan “savdolaşdi”…
Yuqoridagi operatsiyalarning barçasini bajargan bir odam – avval polkovnik, söngra general Uraimjon Abduğaniyev.
Uraimjon Abduğaniyevning “Samarqand viloyat içki işlar boşqarmasi boşliğining kundaliklaridan” nomli salmoqligina kitobini öqib uzoq öylanib qoldim. Negaligini bilmayman. Uç-tört kundan keyingina sababi savol tariqasida köndalang böldi: “nega elim, yurtim, xalqim degan, şaxsiy manfaatdan köra egallagan lavozimga munosib xizmat qiliş manfaatini ustun qöyadigan şaxslar köpinça davlat va jamiyat manfaatini belgilaydigan, hal qiladigan kresloda uzoq ötirmas edilar? Aksinça, ötirgan kursisini faqat özi va yaqinlari töqligiyu şöxligi uçun safarbar etadigan, davlatga qolganda “sen menga tegma, men senga tegmayman” qabilida faoliyat olib boradigan baʼzi amaldor ön-ön beş yillab bu kursida ötirardi, yana unvonlaru ordenlarga ham sazovor bölardi?
Juda qiziq savol, töğri emasmi?
Aslida, vijdonli bilan jasoratli bitta tuşunça – vijdonli odam jasoratli böladi, vijdon uning jasoratini qözğatadi: Vatan, xalq uçun yaxşi böladi deb “mana şu işni hal qilsam falonçi vazirga, falonçi davlat idorasining rahbariga qattiq tegib ketmasmikin, uning könglini oğritib qöysam hozir ötirgan yumşoq kursidan ajrab qolmasmikanman, bundan köra yumşoqroq kursiga yöl berkilib qolmasmikan” deb vijdoniga tuproq sepadigan odamda jasorat nima qilsin?!
… Öşa sobiq tuzumda, “qayta quriş” avj pallasiga çiqqan, “bozor iqtisodiyoti”ga ötiş deb nomlangan hukmron sotsialistik tuzum örnini kapitalistik tuzum yöl-yöriqlari egallay boşlagan davrda SSSR degan ulkan va qudratli saltanatda iqtisodiy parokandalik boşlandi. Bu saltanat tarkibidagi suveren Özbekiston Respublikasida ham. Çegaradoş atrof qöşni respublikalarda ayniqsa. Nisbatan töq Özbekistondan tovar-moddiy boyliklar – un, guruç, yoğ, şakar, makaron, konfet, gazlama taşib keta boşlandi. Va, Içki işlar vazirligi huzurida “Tovar – moddiy boyliklarni olib çiqib ketişni nazorat qiliş Davlat inspeksiyasi” Boş boşqarmasi taşkil etildi. Bu Boş boşqarmaning boşliği etib Abduğaniyev Uraimjon tayinlanadi.
Örta Osiyo respublikalari va Afğoniston Islom Respublikasi bilan çegaradoş hududlarda postlar – şlagbaumlar qöyildi. Mamlakat oş-ovqatini taşqariga noqonuniy taşib ketişga qarşi kuraş boşlandi.
1992 yilning avgust oyida bu inspeksiya va Özbekiston Respublikasi bojxona qömitasi bazasida Mustaqil Özbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qömitasi taşkil etildi. Qömitaning raisi etib general Uraimjon Abduğaniyev tayinlandi.
Bojxona qömitasi Yakkasaroy tumani (öşa davrda Frunze rayoni) ijroqömining eski uç qavatli binosida joylaşgan edi. Biroz muddat ötgandan söng Çilonzor metrosi yaqinidagi 10 yildan köproq vaqt taşlab qöyilgan, bitmay yotgan töqqiz qavatli bino Davlat Bojxona qömitasiga ajratildi, lekin u hadeganda bitavermadi. Şunda, qorovuldan tortib polkovnikkaça yuzga yaqin xodimlar böş vaqtlarida binoning taʼmirlaş işlarida qatnaşdilar. Dam oliş kunlari Rais ertalab sakkizda hovli zinasida turib yöqlama qiladi, keçikkanlar ogohlantiriladi. Sababsiz kelmaslik haqida esa gap bölişi mumkin emas.
Bino taʼmiri bitdi. Hovlini obodonlaştiriş kerak.
Pskentdan yuz maşinadan köproq çim kesib keltirildi. Uni işçilar emas, öz taşabbuslari bilan bojxonaçilar hovliga yotqizişdi. Matbuot markazining operatori bu yumuşlarni kerak-kerak joyda videotasvirga tuşirib turardi. Bir kuni, yangi binoga köçib ötganimizdan keyin yozilgan kassetalarni körib ötirgan operator Ravşan “mana buni qarang” dedi. Ekranga qaradim: hovli darvozasidan bino orti panjarasigaça bölgan ikki yuz metrça masofada yuzga yaqin korjoma kiygan kişilar qölma-qöl çim uzatayapti…
Uç-tört oy taʼmir işlarida, böş vaqtlarda öz xohişlari bilan taşabbus körsatib, işlagan xodimlar taʼmir uçun qöşimça haq olgani yöq, öz maoşlarini olişdi xolos.
Töqqizinçi qavatdagi bitta xona Bojxona tarixi muzeyiga ajratildi. Rais xona içini milliy gançkorlik usulida taʼmirlaş uçun “Usto” birlaşmasi bilan gaplaşib kelişni menga – Matbuot markazi boşliğiga buyurdi. Bordim, rahbar bilan gaplaşdim. Öttiz ming söm böladi, dedi. Rais buni eşitib peşonasi tirişdi, işingizni qilavering, dedi. Keyin namanganlik ustalar muzeyni ham, maʼmuriyat joylaşgan ikkinçi qavatdagi ulkan xollni va bir neçta xonalarni öşa summaga bajarib ketişdi.
Katta hovlida daraxt köçatlari va gulzorlar oralab yotqizilgan barça yölkalar çetiga temir-tunuka pannolarga hadislar, alloma bobolarimizning hikmatli sözlarini yoziş ğoyasi aytildi. General tomonidan. Bular ötgan-ketganda, hovli çekkasidagi oşxonaga borganda öqişmasa, boşqa paytda qöliga kitob olib öqimaydi hikmatlarni, dedi Rais. Eni bir metr, böyi bir yarim metrlik 130 dona temir pannolarni zavodda yasatib olib keldik, ikkita oyoq qilib butun hovliga örnatildi. Rais yana “ideya” berdi: darvozadan kiraverişdagi listga Erkin Vohidovning “Özbegim” şeʼrini yozdirsak qanday böladi?
Qantday böldi. Bir listga siğmagan edi, keyingi ikkinçi listga ötkazdik. Yirik harflarda, rassom yozdi. Hamma 130 tani. Hadislar, klassik alloma şoiru ulamolarning suratlari ostida hikmatli sözlari…
Keyin, maʼnaviyat soatida Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ozod Şarafiddinov, Ahmadjon Meliboyev singari ijodkorlarni “dars ötişga” taklif qilganimizda, ular darvozadan kiriboq hovlidagi xuşröylik-fayzni körib töxtab qolişardi, panjara böylab temir pannolarning boşlanişida “Özbegim”ga, keyingilarida hadisu hikmatli sözlarga közi tuşib, bir neça daqiqa tomoşabin bölib turib qolişgan. Ularning yuz ifodasidan “bojxonaçilardan bu narsani kutmaganliklari” körinib turardi…
Matn yiğişni, tanlaşni general keçqurun menga buyurgan edi, ertalab “pryamoy” telefon orqali çaqirganda kabinetiga kirsam, bir dasta qoğoz uzatayapti: hadislar…
Davlat Bojxona qömitasi yangi binoda iş boşladi. Qattiq iş boşladi. Mamlakat iqtisodiy xavfsizligi uçun kuraş boşladi, aniqroği, kuraş “Davlat qömitasi” degan zalvorli panoh ostida kuçliroq epkinda davom etdi.
Bu epkin esa hammaga yoqavermas edi. Hatto eng yuqori doiralarda ham. Bugungi qulay şaroitdan, vaziyatdan foydalanib el-yurt rizqi bölgan moddiy boyliklarni çetga pullab, mömay daromad orttirişni maqsad qilganlarning oyoğiga Bojxona bolta ura boşladi. Öjar, qaysar, heç narsaga könmaydigan, orqa-öngiga qaramay Vatan manfaati yölida olğa bosaveradigan general Abduğaniyev rahbarligida…
Özini öylamaydigan, amalni yöqotib qöyişdan qörqmaydigan general rahbarligida…
Bojxonaçilar çegara postlarida, aylanma yöllarda uşlagan çetga çiqib ketişdan asrab qolgan katta miqdordagi – qimmat miqdordagi tovar-moddiy boyliklar töğrisida haftada ikki-uç marta Prezident devoniga maxsus axborot jönatilar edi: qayerda uşlandi, qaysi respublikaga kim, qaysi firma-taşkilot olib ketayotgan bölgan. Bu maxsus xabarlar şöro davri epkinida rus tilida bir qoğoz – yarim qoğoz tayyorlanar, Davlat tili yaqinda özbek tili bölgan, til böyiça yagona mutaxassis sifatida men ularni özbek tiliga tarjima qilganim uçun hammasidan xabardor edim. Buning ustiga, general Abduğaniyevning özi “Inspeksiya” davrida boşlagan, endi ommabop bölib qolgan “Şahar bedarvoza emas” körsatuvi uçun bu qonunbuzarlik faktlari haqida lavhalar tayyorlar edik.
Yaʼni, eng Oliy idoraga yuborilayotgan xabarnomalarda amaldorlarning öğli-yu jiyanlari, boşqa-boşqalariga tegişli tovar-moddiy boyliklar noqonuniy ravişda respublika çegaralaridan taşqariga gumdon qilinayotgan faktlari ham kam emas edi… Hatto vazir vazirlikka qaraşli ikkita “Kamaz”da quriliş materiallariyu öttiz flyaga asalni Rossiyadagi öz tuğilgan yurtiga jönatayotganida Sirdaryo bojxonaçilari tomonidan uşlab qolinganiga nima deysiz…
Ahvol şu edi. Vijdon tanqis edi. Aslida Davlatni “uşlab turgan” amaldorlarning ayrim-ayrimlari bu Davlatni kafangado qiliş hisobiga boylik orttiriş maşinasi ğildiragiga ğov taşlayotgan vijdonli generalning tagidan kursini oliş kerak edi. Buning esa özi bölmaydi – generalning işlari qonuniy edi.
Baribir urinib köriş, “yölini” topiş kerak!
Prokuratura va boşqa davlat idoralarining xodimlari Davlat Bojxona qömitasini bir neça oy tekşirdi. Heç nima topişmadi. Tekşiruvçilar bino taʼmiri buxgalteriyasini kötarib, titib-titib, hayron bölişibdi: nahotki şunça hajmdagi taʼmir işlarini mana bunça oz miqdordagi mablağ hisobiga bajarib bölsa?! Işonmay desa – fakt!..
Aloqa boşqarmasi boşliği, şoirtabiat mayor xonamga kirdi: aka, nima degan gap bu, meni inventarizatsiya qilib, bitta figurali otvertka örniga oddiy otvertka bor deb, oradagi farq yigirma tiyinni bitta davlat idorasining depozit raqamiga tölaş uçun tramvayga öttiz tiyin sarflab ikki marta borib keldim…
Bojxona xodimlarini javobgarlikka tortiş uçun “dalil” topilmadi. Boşqa yöl tutildi: yaqinda, ikki yil avval tuzilgan Davlat Bojxona qömitasi tugatilib, Boş boşqarmaga aylantirilib, Davlat Soliq qömitasi tarkibiga qöşildi. General Abduğaniyev Içki işlar vazirligining Oliy maktabiga, keyinçalik Akademiyasiga işga yuborildi va … ön bir oyda u nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi…
Oradan uç yildan köproq vaqt ötib, 1997 yilda Davlat Bojxona qömitasi yana qayta taşkil etildi…
Ungaça… Raislikdan ketganidan söng 1995 yilning dekabr oyida general Abduğaniyev Samarqand viloyat Içki işlar boşqarmasining boşliği lavozimiga tayinlandi.
Bu lavozimda özini suvdagi sazandek his etadigan general qanot boğlab işga kirişdi. Eski çopon kiyib bozorda kartoşka sotdi – xalq hayotini örgandi, korjoma kiyib “Jiguli”da taksiçilik qildi – özi rahbar bölgan hayotni örgandi, forma kiyib yarim tungaça xalqni qabul qildi, dardini eşitdi. Tayinlanganiga bir neça oy ötgandan keyin yuqorining körsatmasiga asosan general Abduğaniyev tomonidan boşlangan islohotlarda qoniqarsiz darajada faoliyat körsatayotganligi uçun, vazirning buyruği bilan, uning uçta örinbosari lavozimlaridan böşatildilar. Tayinlangan kuni rahbar tarkibni yiğib birma-bir tanişib, “sizlarga bir oy muhlat, köraman, men qatori işlasanglar, yonimga kirib islohotlarga yordam bersanglar – birga işlaşamiz, aksinça tormoz qöyadigan bölsanglar, undaylar bilan birga işlolmaymiz” degan edi…
Bunga, bu “uragan”ga çidab böladimi?
“Uragan” – böronning quvvati ikki yilga yetdi.
“Öz xohişiga köra…” nafaqaga çiqdi.
Yigirma yildan oşdiki, general Abduğaniyev advokat. Kuraşda. Adolat, qonuniylik uçun. Ğalabada xursand böladi, mağlubiyatda tişlarini ğiçirlatib qöyadi xolos.
Şunça baqirib-çaqirib, yelib-yugurib, katta rahbarlik lavozimlarida juda köp yillar işlab, biron bir hovli-joy qurolmadi… “Dom”da yaşaydi. General Abduğaniyev — ustoz advokat, hamon Çilonzorda köp qavatli uydagi kvartirasiga sodiq. Holbuki, bir oğiz “xöp” deyişiga qöşqavatli qasr hadya qilinadigan lavozimlarda işlagandi. Bu holatni esa har kim turliça mulohaza qiladi. Töğri qilgan, deydiganlar bor. E… deydiganlar ham bor. Afsuski…
Bugungi, Yangilanayotgan Özbekistonda nima gap?
Yangilanayotgan Özbekiston osmondan tuşgani yöq, öşa özimizning Özbekiston — ayniqsa, Mustaqilliqdan keyingi çorak asrda köp tizimlar zarpeçaklarga çirmalgan Özbekiston va bu zarpeçaklarni terib-tozalab birdan tugatib bölmaydi. Tozalanayapti, biroq, asta-sekin, zörğa-zörğa, qiynalib-qiynalib…
… Yana “oq qarğa”larga qaytsak. Ular qaçon köpayadi. Yaqinda teleekranda maʼnaviyat mavzuidagi davra suhbatida bir yozuvçi döstimiz eslatgan — ijtimoiy tarmoqdagi Burgut yelkasiga minib olib böynini çöqilayotgan qora qarğa örnini qaçon Burgut atrofidagi gala-gala oq qarğalar egallaydi! Bu jarayon esa boşlandi. Vazirlik va idoralarda birinçi rahbar lavozimini egallagan, boşqa quyi poğonalarda işlayotgan yoş-yoş mutaxassislarning özbek, rus, ingliz tillarida ravon sözlaşi, ularning baʼzilari rivojlangan mamlakatlarda öqib işlagani, tiniq va aqlli fikrlarini eşitib qalb quvonçga töladi. Qaldirğoçlar. Uçinçi Renessans qaldirğoçlari…
Albatta, hamma muammoni kadrlar hal qiladi. Şu maʼnoda Oliy öquv yurtlariga öqişga kiriş şaffoflaşgani olamşumul inqilobiy hodisa böldi.
Bu hol şubhasiz jamiyatni özgartiradi, jamiyatni yangilaydi. Yaxşi tomonga. Taraqqiyot tomonga. Boisi — taraqqiyot murvatlari şu murvatni ilgarilaş tomon burişga salohiyati yetadigan yoşlar qöliga ötadi. Zör yoki zarning qudrati bilan diplom olgaç, kresloda ötirib pişqirişdan, birovning qöliga qaraşdan boşqaga bilimi va dunyoqaraşi yetmaydigan gumrohlarning qölida emas…
Vijdonga yöl oçildi. Jasoratga yöl oçildi. Oq qarğalarga yöl oçildi. Ilohim!
“Halovati yöq odam”. Demak, vijdonli-jasoratli odam! Halovatli “stereotiplar”ni buzib, boşqalarni halovatdan mahrum qiladigan odam!
Habibulla OLIMJONOV,
jurnalist, yurist
