Boylikni emas, ilmni tanlagan olima

Biologiya fanlari doktori, professor Xolisxon Olimjonova bilan besh – olti yil burun Alisher Navoiy nomidagi O'zbekis­ton Milliy kutubxonasi nashriyotida xizmat qilayotgan yillarim tanishgandim. O'shanda opa “Ekologik she'rlar to'plami”, “Obod diyor — Samarqand shahri”, “Intiq bo'lib seni kutdik, Navro'zi olam” to'plamlarini tilga oldi. Shu bilan birga yangi she'rlarini ham to'plam qilish istagida ekanligini aytdi. Olimaning yozgan she'rlarini o'qib ko'rishga,   chop etishga qiziqdim. Kutganimdek, ular muallif qalbidan kechgan tuyg'ulardan iborat bo'lib, sodda til bilan, ortiqcha bezak­larsiz, ta'sirli yozilgan ekan. Ayniqsa, ota-onalari haqidagi she'r­lari esda qolarli edi. Ularni “Otajonim, onajonim — barhayot” nomi bilan nashr etganmiz (Unga muharrirlik qilarkanman, “To'plam nomidagi “onajonim” so'zi “otajonim”dan avval yozilsa, maqsadga muvofiq bo'lardi”, deb bildirgan e'tirozim qabul qilinmagan edi). Opa bir tadbirda o'sha kitobdan o'rin olgan she'rlardan o'qib, ko'pchilikni yig'latgani ham esimda…

O'zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti Mikologiya va Algologiya laboratoriyasining yetakchi mutaxassisi Xolisxon Olimjonova 1948 yili O'sh viloyatiga qarashli Aravon tumanida tug'ilgan. 1965 yili Mirzo Ulug'bek nomidagi Farg'ona davlat pedagogika institutining geografiya va biologiya fakultetiga o'qishga kirib, uni 1970 yili imtiyozli tugallagan. Institut yo'llanmasi bilan X.Olimjonova Toshkent shahriga keladi. Akademik Qodir Zokirov yo'llanmani ko'rib: “Qizim, bu dargoh ilm dargohi, “Ilmni boyitaman” desangiz, qolib, ilmiy ishni davom ettirishingizga imkon bor. Agar bu dargohda moddiy jihatdan boy bo'lish maqsadida kelgan bo'lsangiz, adashasiz. Bu dargoh inson ongini ilm bilan boyitadi, bu yerga kelgan har bir inson fanga ilmiy hissalarini qo'shadi va ilmni rivojlantiradi. Olim hayoti kamtar va o'rta holdir. Shuning uchun qay birini tanlash — sizning ixtiyoringizda”, deb masalani ko'ndalang qo'yadi.

Bu suhbatdan to'g'ri xulosa chiqargan va kamtarona hayotni tanlagan qahramonimiz O'zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti “O'simliklar zaxirasi” bo'limining “Efir moyli, oshlovchi va bo'yoq moddali o'simlik­lar” laboratoriyasida katta laborantlik lavozimida ish boshlaydi. Olima sifatida Biologiya fanlari nomzodlari Qahhor Hojimatov va Lutfulla Pirmuhamedovlar bilan birga ishlaydi. Ular Toshkent Botanika eksperimental taj­riba maydonlari (TEU)da “Lab gullilar” oilasi turkumi efir moyli va dorivor o'simliklar turlarining urug'larini laboratoriyada va dala sharoitida unib chiqish jarayonini kuzatishadi.   Opa “Geranlar” turkumiga oid turlarning Toshkent sharoitida rivojini tahlil qiladi. Qolaversa, Andijon viloyati Xonobod tumanidagi “Geran zavodi” hududida bu turlarning urug'idan unib chiqishi, o'sib-rivojlanishi, gullash biologiyasi, urug'lanishi bo'yicha fenologik kuzatishlar olib boradi va istiqbolli turlarni oshlovchi moddalar ishlab chiqarish sanoatiga tavsiya etishda ishtirok etadi. Bu turlarning gerbariylarini ham yig'adi.

Boshqa sohalarda xodimning ish joyini o'zgartirishi juda ko'p muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Chunonchi, sinashta hamkasblar, rahbarlar, amalga oshirayotgan, o'rganib qolgan yumushlaridan mahrum bo'lish odamni xafa qiladi. Ilmiy ish bilan shug'ullanayotganlar esa qaysi tashkilotda ishlamasin, o'zi tanlagan ilmiy ishini davom ettiraveradi. Ustozlar tavsiyasiga ko'ra, X.Olimjonova O'zbekiston Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti “Algologiya” laboratoriyasida katta laborantlik lavozimida ishni o'tadi. 1978-1981 yillari Toshkent davlat universiteti biologiya fakulteti sirtqi bo'lim aspiranti, 1982 yili kichik ilmiy xodim, 1994 yildan katta ilmiy xodim, 2005 yildan to shu kunga qadar yetakchi ilmiy xodim, so'ngra yetakchi mutaxassis lavozimlarida faoliyat yuritadi.

Opaning suv o'tlari ustida   yillar davomida olib borgan ilmiy ishlari xususida o'ylarkanman, Koreya kino ijodkorlari tomonidan suratga olingan “Saroy javohiri” seriali yodimga tushadi. Esingizdadir, film qahramoni bir buloq suvini “tekshirib ko'rib”, butun mamlakat tabiblari qilolmagan ishni qiladi – podshoh xastaligiga tashxis qo'yadi. Xolisxon opa Olimjonova ham butun o'zbek xalqi, qolaversa, qo'shni mamlakatlar aholisi, ilm-ma'rifati taraqqiyoti uchun ham qayg'uradilar. Aytish mumkinki, bu olima opa “O'zbekiston Tangemi”dir.

X.Olimjonova o'z ilmiy ishi davomida O'rta Osiyo suv havzalari suv o'tlari florasining geografik tarqalishi, sistematikasi, ekologiyasi va xalq xo'jaligidagi aha­miyati va aynan suv o'tlarining suv ekologiya-sanitariya holatini baholashdagi ahamiyatini o'rgandi. Shu bilan bir qatorda O'zbekiston va unga tutash hududlar suv o'tlari florasi   kolleksiyasini tashkil qilish, to'ldirish, saqlash va turlar tarkibini o'rganish mavzularida qariyb 53 yil davomida ilmiy tadqiqotlar olib bordi.

Abu Ali ibn Sino bobomiz shunday degan ekanlar: “Mening davrimda menikidek ishlarni qilgan, inson salomatligini tiklash yo'lida tajribalar o'tkazgan, ko'plab dorivor giyohlardan foydalangan tabiblar ko'p bo'lgan. Lekin ular qilgan ishlari natijalarini men singari yozib qoldirmay xato qildilar”. Ilm ahlining qalam bilan oshnoligi ular qilgan ishlarning avlodlarga yetishida ko'makchi bo'ladi. Buni tarixda o'tgan buyuk bobolarimiz qo'lyozmalarini varaqlab, chuqur his qilamiz. Xolisxon opa ham shu yo'ldan borib, hayoti va ilmiy tadqiqot va pedagogik fao­liyatlari davomida 10 dan ziyod monografiya, ilmiy-uslubiy qo'llanmalar, 20 dan ziyod o'quv-uslubiy qo'llanmalar, 500 dan ziyod ilmiy maqolalar chop ettirdi.

Opa yaxshi ustoz sifatida ham shogirdlari ardog'ida. Uning rahbarligida kamol topgan fan nomzodlari va falsafa doktorlari hozirgi kunlarda biologiya fanlari doktorligi (SiD) ilmiy darajasini olish borasida keng ko'lamli ilmiy tadqiqotlar olib bormoqdalar.

Olima opamiz ikki farzandning onasi va shirin-shakar nabiralarning buvijoni. Ilmiy ish bilan shug'ullanib, yutuqlarga erishishida oiladagi tinch va totuv hayotning ahamiyati katta bo'lgan. Turmush o'rtog'i va far­zandlari opaning mashaqqatli ilmiy tadqiqot ishlarida ko'mak berishgan ekan. Jumladan, oilaviy xo'jalik va bolalar tarbiyasi, ta'limi masalalarini hal qilishda ham katta yukni turmush o'rtog'i o'z zimmasiga olgan. Shu bois ham aytish mumkinki, olima ayolning turmush o'rtog'i bo'lish har kimga nasib etavermaydi. Buning uchun zaifasini tushunish, qo'llab-quvvatlash kerak.

Maqolamiz qahramonining hayot yo'li va ilmiy-ijodiy faoliyatini kuzatar ekanmiz, avvalo, nozik xilqat — ayol zotining igna bilan quduq qazishga mengzaladigan ilm sohasida faoliyat yuritishi katta gap ekaniga amin bo'lamiz. Qolaversa, ayolning oila va farzandlar kamoloti yo'lidagi vazifalariniyam uddalashi, ilm va oilani bir maromda tuta olishi tahsinga sazovor. Zotan, ilmga chanqoq, qobiliyatli bir qancha qizlarimiz turmushga chiqqach, bunday mashaqqatli mehnatlardan voz kechib qo'ya qolishganiga juda ko'p guvoh bo'lganmiz. Qutlug' yetmish besh yoshni qarshilagan Xolisxon Olimjonovaning hayot maktabi esa bugungi yoshlar uchun ibrat bo'la oladi.

Shukur QURBON

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × four =