Fan malikasi

Bugun O'zbekiston mustaqil davlat sifatida jahonda o'z o'rnini egallash uchun astoydil harakat qilmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev: “Biz raqobat emas, balki hamkorlik yo'lidan boramiz”, deb aytgan da'vatlari amalga oshib borayotganligining guvohimiz. O'zbekiston jahon hamjamiyati bilan ochiq va o'zaro hamjihatlikda muloqot qilishga intilmoqda. Yangi Renessans–uyg'onish davri ilm-fan chirog'ining charog'on porlashini taqozo etadi. Al-Xorazmiy, Beruniy va ibn Sino algebra, fizika va tibbiyot ilmlari bilan jahon ilmini boyitgan bo'lsa, Ulug'bek va Bobur Mirzo samo va inson qalbi tartibini bilishga harakat qilgan edilar. Bugun O'zbekiston fani darg'alari akademiklar deyiladi. Ularning ilmiy faoliyatiga doir ma'lumotlar bugungi yoshlarimiz uchun yo'lchi yulduz bo'lsa, ajab emas. Ushbu maqolamni akademik Sayyora Sharafovna Rashidovaga bag'ishladim. Bu bejiz emas. Birinchidan, akademiklarimiz orasida ayollar juda oz. Balki, ilm insondan o'ta zahmat chekishini taqozo etishi bunga sababdir. Nima bo'lsa-da, shunday ulug' inson bilan hamkorlikda tadqiqotlar olib borish men uchun muhim ekanligini ta'kidlayman. Ustoz bu yil tabarruk yoshga kirdilar, shu sababdan ularni muborakbod etish men uchun ham qarz, ham farz deb bilaman. 

Ustoz hamisha “Buyuk kelajak sari ilm-fanni yuksaltirish yo'li bilan borishimiz kerak. Birgalikda harakat qilish ilmini egallamay turib bu yo'ldan yura olmaymiz”, deb uqtirib keladilar. Har bir ilm-fan sohibi haqiqat go'zal bo'lishini va har qanday narsada tartib bo'lgandagina u go'zal bo'la olishini bilmog'i lozim. Bularni muhtaram ustoz bilan ko'p yillar davomida hamkorlikda o'tkazgan ilmiy tadqiqotlarimiz davomida tushundik. Ustoz O'zbekiston Fanlar Akademiyasi Polimerlar kim­yosi va fizikasi instituti seminarlarini tashkil etishga alohida e'tibor qaratganlar. Ilm-fan haqiqatlariga muhokama va muzokara tufayli erishiladi. Biroq, uni hech qachon “to'polonga” aylantirish mumkin emas, deb ta'kidlar edilar. Yoshlar chet tillarni ham bilishi kerak, biroq dastlab ustozlaridan o'rganayotgan ilmlarning asosiy tushunchalarining ma'nosini yaxshi o'rganib, so'ngra mavjud ilmiy atamalarni boshqa tillardagi ifodalarini o'zlashtirgani ma'qul. Bu fikrlar amalda institut ilmiy seminarlarini tashkil etishning o'ziga xos uslubiyatiga aylanib ulgurgan.  Sayyora Rashidova ilm-fan sifati va samaradorligini oshirishda nazariy va amaliy ishlar o'rtasidagi aloqani kuchaytirish muhim ekanligini uqtirib keladi. Nazariy bilimlarsiz misoli ojizmiz, biroq tasavvurlarimiz qay darajada reallikka mos kelishini faqat tajriba asosidagina bilamiz. Polisaxaridlar oilasiga mansub, xitin va paxta kabi tabiiy xom-ashyolarni kimyoviy takomillashtirishniig yangi nanotexnologiyalari yordamida farmatsevtika va qishloq xo'jaligi uchun muhim ahamiyatga  ega bo'lgan xitozan va uning askorbat xitozan kabi turli hosilalari sintez qilinib, ularning biologik faolligi  va reaksiyaga moyilligini boshqarishga doir kimyoviy, fizikaviy va texnikaviy masalalari yechildi. Bugungi kunda ushbu yangi ilmiy yo'nalish “Nanokimyo, nanofizika va nanotexnologiyalar” deb nomlanmoqda va ushbu ixtisoslik bo'yicha ko'plab fan doktorlari yetishib chiqmoqda. Paxta chigitining unib chiqishida salbiy tashqi omillardan himoya qilish va chigitning ichki resurslarini ularga o'zaro muvofiq tarzda faollashtirishning sinergetikaviy naza­riyasi ishlab chiqildi va uning asosida yangi “kapsullashtirish” texnologiyasi mukammallashtirilmoqda.   Ushbu texnologiya nafaqat qishloq xo'jaligida, balki tibbiyotda ham muhim ahamiyatga ega bo'lib, hujayra  miqyosidagi jarayonlarga selektiv ta'sir o'tkazish imkoniyatlarining mavjudligi bilan e'tiborga loyiqdir. Xususan, saraton kasalligini barvaqt aniqlash va uni davolashda “nanokonteyner”lardan foydalanish bo'yicha jahon miqyosida ham ushbu yo'nalishda tadqiqotlar olib borilmoqda.

S.Sh.Rashidova nafaqat olima, balki jamoatchi arbob sifatida ham keng ommaga tanilgan jonkuyar insondir. O'zbekiston kimyo jurnali muharriri, O'zbekiston Oliy Attestatsiya komissiyasi qoshidagi Maxsus kengash raisi, Ta'lim, industriya va san'at xalqaro akademiyasining haqiqiy a'zosi (AQSh), O'zbekiston-Polsha xalqaro jamiyatining raisi (1995-2015), O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida 1995 yil dekabrida O'zbekistonning  BMTdagi Inson huquqlari bo'yicha Ombudsman vakili etib tayinlangan va 2015 yilgacha faoliyat ko'rsatgan. Ko'plab xalqaro forumlarda ishtirok etgan va inson huquqlariga oid yuzdan ortiq risolalarni chop etgan. “Jahon Ombudsmani”, “O'zbekistonda Ombudsman”, “Inson huquqlari monitoringi va O'zbekistonda inson huquqlari hi­moyasi” nomli qator ilmiy-siyosiy to'plamlarning muallifi va mas'ul muharriri bo'lgan. Shuningdek, “Demokratizatsiya i prava cheloveka”, “Obщestvennoe mnenie, Prava cheloveka” va shu kabi qator jurnallarning tahrir hay'ati a'zosi sifatida faoliyat ko'rsatgan.

Nanotexnologiyalar, ayniqsa, biologik ob'yektlar bilan bog'liq qismi o'ta mohirona va nozik harakatlar bilan bog'liq bo'lib, ularni faqat o'z-o'zini tashkillashtirish asosidagina amalga oshirish mumkin. Bunday jarayonlar o'zgaruvchan bo'lib, ularni ang­lashga yordam beruvchi barcha narsalardan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Quyida keltirilgan Xokusayning “Qudratli to'lqin” nomli tasviriy asari nazarimda, shunday vazifani o'taydi. Ushbu rasmga qarab qudratli katta to'lqinlar, kichik va nozik qa­yiqdagi odamlarni mana-mana yutib yuboradi, degan fikr tug'iladi. Biroq, e'tibor bering, kichik odamlar qatorida tartib buzilgan emas, ular hamkorlikda bir maqsad sari intilayotgani aniq. Uzoqda oppoq qorli cho'qqi ko'zga tashlanmoqda. Qishda oppoq qor yapon an'analariga ko'ra tabiat go'zalligining ramzlaridan biridir. Yaponlar oddiy so'zlar yordamida umuminsoniy nozik his-tuyg'ularni uyg'otishga qodir. Xeyan — tinchlik davriga oid “Kokinsyu” she'riyatidan kichik bir namunaga e'tibor beraylik.

 

Qor ostida olxo'rim,

Xush bo'yidan sezaman,

Ko'rmasam ham o'zini.

 

She'riy bitikda oddiy so'zlar, biroq ulardagi o'ziga xos tartib esa har birimizda go'zal hissiyotlar uyg'otadi va barchamizni beixtiyor o'ziga maftun etadi. Bizning nazarimizda nanotexnologiya bu olxo'ri, uning haqidagi bilimlar esa olxo'rining iforidir. Ha, Sayyora Rashidova va ularning shogirdlari biopolimerlarning o'ziga xos antiqa xossalariga oid bo'lgan tilsimlarni ochish uchun sinergetika tamoyili va qonunlari ko'rsatayotgan yo'ldan birgalikda shu tarzda harakat qilmoqdalar. Shuni ham ta'kidlash lozimki, ustozni respublikamizning ko'p viloyatlarda oliy ta'lim va ilmiy tadqiqot institutlarida faoliyat ko'rsatayotgan professor o'qituvchilar va ilmiy tadqiqotchilar nafaqat ilm-fan, balki ijtimoiy va siyosiy sohalarda ham yuksak darajalarga erishgan olima sifatida ham tanishadi, hurmat va havas qilishadi. Shu o'rinda qirg'iz xalqining buyuk farzandi Chingiz Ayt­matovning quyidagi  so'zlarini esladim. “O'zbekiston  bizning Sharqdagi so'zimiz va yuzimiz bo'lib kelgan” (“Pravda”, 1988 y., 13 fevral). Bugun O'zbekiston yoshlari ilm yo'lidan jadal odimlab borayotganliklarini his qilar ekanmiz,  ular kelajakda  Markaziy Osiyodagi ko'zimiz ham bo'lib qoladi, degan umiddamiz. Toki hayot bor ekan, umid ham bizga yordir.  Biz shogirdlari uchun kecha ham, bugun ham, ertaga ham  akademik Sayyora Rashidova O'zbekiston polimerlar fanining yuzi, so'zi va ko'zi bo'lib qolajak.

Bahodirjon ASQAROV,

Andijon mashinasozlik instituti professori,

fizika-matematika fanlari doktori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 + nine =