MA'NAVIY UYG'OQLIK

yoki taniqli jurnalist, ma'naviyat fidoyisi Obidjon Mahmudov Dovoniy portretiga chizgilar

Vodiyning ko'hna va sirli me'moriy yodgorligi  Mingtepa haqida ilk bor eshitganimda bir insonning nomi qo'shib aytilgan edi. Obidjon Mahmudov, taxallusi Dovoniy deya. Ammo u kishi bilan uchrashish nasib etmagandi, chunki Toshkentda ishlagan pallalari ekan.

Bungacha esa Mingtepa arxeologik yodgorligi haqida qator turkum ko'rsatuv va lavhalar tayyorlash jarayonida, ushbu Dovon davlatining qadim poytaxti haqida ozmi-ko'p ma'lumotlarga ega bo'ldim.

Keyinroq Obidjon aka bilan tanishdim. Mingtepa yoki qadim Ershi haqidagi tasavvurlarim u kishi tufayli yana ham kengaydi, har bir tepalik haqida yetarlicha dalil va rivoyatlar bilan ijodiy qurollantirdi. Obidjon aka bilan Mingtepa haqida suhbatlashish asnosida juda ham katta salohiyat, kuchli xotira, so'zamollik, jonkuyarlik, vatanparvarlik mujassam ekanini ko'rdim. Hali-hanuz undagi mana shu fazilat kuchaysa kuchayganki, pasaymagan. Hamon tarix uchun, Mingtepa uchun, Andijon qo'zg'oloni rahnamosi Dukchi Eshon haqidagi haqiqatlarni tiklash uchun tinmay izlanishda.

Ayniqsa, Mingtepa tarixini qadamma-qadam bilishi hayratga soladi. Tepaliklar haqidagi dalillar, kim, qachon qanday ashyolar topgan — bari uning qog'ozlaridagina emas, balki xotirasida ham shundoq turibdi. Boshqacha aytganda, “Boqiy va ko'hna Mingtepa” kitobining har sahifasi uning qalbida ham mujassam. Vatanni sevish, uning tarixi, buguni va ertasiga daxldor bo'lishni Obidjon Mahmudovdan o'rgansa arziydi.

Mingtepaning pastu balandida bolaligi o'tgan bu inson Andijon Davlat pedagogika institutining fizika-matematika fakultetini muvaffaqiyatli tugatgan bo'lsa-da, hayo­tini gazetalar bilan bog'ladi. Asta-sekin ma'naviy-ma'rifiy hayot uning umr mazmuniga aylandi. 1982-1984 yillarda Toshkent Oliy partiya maktabining jurnalistika fakultetida tinglovchi bo'lib, oliy dargohni imtiyozli diplom bilan tamomladi. 2001-2003 yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Milliy istiqlol g'oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar” fanini o'rganish va targ'ib qilish Markazini boshqardi va 2007 yilga qadar shu oliy ta'lim maskanining “Falsafa” kafedrasida katta o'qituvchi vazifasida ishlab, talabalarga bilim berib keldi. 2007 yili O'zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish ins­titutida ishdan ajralmagan holda tahsil olib, “Milliy istiqlol g'oyasi” fani bo'yicha mutaxassislikni egalladi. Shu fan bo'yicha o'zining elektron darsligini yaratishga muvaffaq bo'ldi.

Yana bir katta ishning – O'zbekiston Res­publikasi Fanlar akademiyasi falsafa va huquq institutida ilk yozma madaniyatimizning noyob durdonasi, muqaddas “Avesto” yozma yodgorligi bilan bog'liq ilmiy-tadqiqot ishlarini ham amalga oshirgani tahsinga loyiq. Shu bilan birga, universitetda “Milliy tafakkurni yoshlar ongiga singdirishda milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg'unligini qaror toptirishning nazariy hamda uslubiy masalalari” mavzusida davlat granti bo'yicha ilmiy guruh tarkibida samarali izlanishlar olib bordi.

Obidjon Mahmudov tinib-tinchimas ijodkor, izlanuvchan, yangilikka o'ch tadqiqotchi. Bugunga qadar 300 dan ziyod ilmiy, tarixiy, ma'naviy-ma'rifiy va tarbiyaviy mavzulardagi maqolalarni chop ettirdi, keyingi o'n yil mobaynida ikkita tarixiy ocherk, bitta tarixiy qissa va monografiyasini keng ilmiy jamoatchilik e'tiboriga havola qildi.

Qadrdon yurti — Mingtepaga qaytgach, 2009-2011 yillarda O'zbekiston “Milliy tiklanish” Demokratik partiyasi Marhamat tuman kengashi ijroiya qo'mitasining raisi vazifasida ishladi. Siyosat bilan birgalikda ijodda izlanishdan to'xtamadi. Madaniyatshunoslik va axloqshunoslik fanlaridan elektron darsliklar yaratdi.

1997-1998 yillarda Andijon qo'zg'olonining 100 yilligiga bag'ishlab “Mingtepalik Dukchi eshon” va “Dukchi eshon avlodlari” nomli tarixiy-xronologik ocherklarini chop etdi. Uning “Zulmatga qarshi isyon” nomli monografiyasi esa mustaqillik davrining ne'matidir. Tariximizga bo'lgan hurmat va e'tiqodi uchun qalbi uyg'oq ijodkorga “Antik dunyo” xalqaro ilmiy akademiyasi dotsenti unvoni berilgan. Va aynan uning ona Vatan tarixiga muhabbati, madaniy meroslarni asrab avaylashga bo'lgan kuchli ishtiyoqi mehnat faoliyatini 2011 yildan boshlab, Andijon viloyati madaniy meros ob'yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish davlat inspeksiyasining Marhamat tumani bo'yicha inspektori vazifasida davom ettirishiga omil bo'ldi.

Aslida, Obidjon Mahmudov qaysi sohada ishlamasin, nihoyatda jonsarak, talabchan, berilgan topshiriqlarga mas'uliyat bilan yondashdi, shuning uchun ham keng jamoatchilik orasida iste'dodli jurnalist, yozuvchi, mohir pedagog va jamoat ishlarining tinib-tinchimas tashkilotchisi sifatida tanildi, qadrlanib kelinmoqda.

Shu o'rinda u bilan hamkor, hamfikr bo'lgan insonlarning u kishi haqidagi fikrlari so'zimizni yanada tasdiqlaydi.

Zokirjon MAShRABOV,

Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi raisi, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi:

— Obidjon Mahmud Dovoniyning qalbi hamisha uyg'oq. U elim deb, yurtim deb, yonib yashashni o'ziga odat, kundalik faoliyat mazmuni deb bilguvchi inson.

Ulug'bek HAMDAM,

filologiya fanlari doktori, professor, yozuvchi:

— Obidjon Mahmudov Dovoniy haqiqiy mingtepalikdir. Shu ma'noda u kindik qoni to'kilgan yurtining xayoli bilan yotib, yana uning xayoli bilan uyg'onadi.

Har ikki taniqli hamyurtimizning fikrlaridan bir narsani, ya'ni Obidjon Mahmudov katta harflardagi VATANPARVAR ekanini ilg'ash qiyin emas.

U Vatan tarixi, kechmishlari, buguni va ertasiga oid hech bir yangilikka befarq emas, hech bir o'zgarish uning nazaridan, tahlilidan o'tmay qolmaydi. Hamma sohada, ayniqsa, ma'naviy-ma'rifiy, ta'lim-tarbiyadagi masalalarga befarq emas. Daxldorlik hissi bilan yashaydi. Bunga birgina isbot, 2023 yilning 22 dekabrida Prezidentimiz raisligida bo'lib o'tgan Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishida ko'tarilgan dolzarb masalalarga munosabat bildirib, Davlatimiz rahbarining fikrlarini qo'llab-quvvatlab, shunday deydi:

“Bugungi tahlikali zamonda g'oyaviy tarqoqlikni maqsad qilib, zimdan ish ko'ruvchi tashqi kuchlar bor ekan, millat bugun bir tan, bir jon bo'lib, Yangi O'zbekiston g'oyasiga, shuningdek, jadid bobolarimiz vasiyatlariga sodiq bo'lishimiz kerakligiga da'vat etdilar-ku!”.

Ha, yoshlarimizning fidoyi inson Obidjon Mahmudovdan o'rganadigan jihatlari judayam ko'p. Ayniqsa, ilm olish borasida. U hamon izlanishda. Shu kunlarda Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi bilan hamkorlikda Andijon qo'zg'oloni rahnamosi Dukchi Eshon va uning avlodlari haqida tinimsiz izlanish olib bormoqda.

Shu bilan birgalikda ijod qalamini charxlab, bosib o'tgan umr yo'llarida chiqargan xulosalarini jamlamoqda.

Mana, Obidjon Mahmudovning hayotiy hikmatlaridan namunalarga e'tibor qarating-a:

O'zingga panoh topolmasang, bola-chaqangga qaerdan panoh topasan?

* * *

Kambag'allik Vatanda ham g'urbatdir, agar na ilming va na kasb-hunaring bo'lmasa.

* * *

Komillik – bu yuksak ong egasi demak.

* * *

Dunyo go'zalliklarini qalb ko'zi his qila olgan odam dunyodagi eng ma'naviyatli, eng go'zal va eng baxtli odamdir. Aksincha bo'lsa, bundan qalbi uyg'oq bo'lgan  kar, soqov va ko'r odam yaxshidir.

 

Shu kunlarda 70 yoshni qarshilab, ana shu qutlug' yoshda ham ijoddan, izlanishdan to'xtamagan katta qalb egasi, ma'naviy uyg'oqlikning chin ibrati – Obidjon Mahmudov Dovoniyga salomatlik, kuch-quvvat, ijodiy yangilik­lar tilab qolamiz.

Matluba YuSUPOVA,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen + 12 =