Zahmatkash olim
Har bir millat tarixida shunday ulug' siymolar borki, ularning faoliyati va ijodi o'z xalqining dunyo hamjamiyatidan o'rin olishiga sabab bo'ladi. Ulug' podshoh, buyuk olim va adib Zahiriddin Muhammad Bobur ana shunday jahoniy siymolardan biridir. Zahiriddin Muhammad Bobur ijodini o'rganish — ilmiy yo'nalishi va sohasi qanday bo'lmasin, har bir o'zbek ziyolisi uchun farz sanaladi. Chunki Boburning podshohlik shavkati, badiiy va ilmiy asarlari nafaqat Sharq madaniyati, balki dunyo tamaddunining rivojiga ulkan hissa bo'lib qo'shilgan. Bu holat o'z navbatida Bobur hayoti va ijodiy faoliyati bilan shug'ullangan olimlarga ham o'z ta'sirini ko'rsatmay qo'ymagan.
Professor Hamidulla Boltaboyev adabiyotshunos sifatida milliy adabiyotimizning har bir jabhasini sinchiklab o'rganishni o'z vazifasi deb bilgan olimdir. Uning boburshunoslik ilmiga kirib kelishi bevosita Bobur xalqaro jamoat fondi faoliyati bilan bog'liq. Bobur fondi o'zining o'ttiz yildan ortiq ilmiy-amaliy faoliyati davomida professor Hamidulla Boltaboyev bilan yaqindan hamkorlik qilib keladi. Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi o'z safarlari davomida ko'plab nodir manbalarni qo'lga kiritdi. Qo'lga kiritilgan manbalarning ko'pchiligi olim Hamidulla Boltaboyev tomonidan hamisha katta qiziqish bilan o'rganib chiqilgan. 1990 yillarning boshida ilmiy ekspeditsiya Afg'oniston va Eronga safari natijasida ikki muhim manbani qo'lga kiritdi. Ulardan biri ingliz olimi Uilyam Erskinning Zabihulloh Mansuriy tarjimasidagi fors tilida bitilgan “Eron va Bobur” (Tehron, 2001, 14-nashri) kitobidir. Qariyb ming sahifani tashkil etuvchi ushbu manbani o'rgangan olim Boburning bolaligi haqidagi yangi ma'lumotlarni o'zbek boburshunosligiga olib kirdi. Asarning bir qismi o'zbek tiliga tarjima qilinib, olim muallifligidagi “Xorijda boburshunoslik” kitobiga kiritildi. Ilmiy ekspeditsiya Afg'onistonda qo'lga kiritgan ikkinchi manba Zayniddin Toyibodiyning “Nasabnoma”si bo'lib, bu kitobda Amir Temurning piri, “Temur tuzuklari”da 17 marta tilga olingan buyuk alloma faoliyatini o'rganib, “Amir Temurning piri” (“Turkiston” gazetasi, 1987) maqolasini e'lon qilgan. Zabardast olim, mana, qariyb 30 yil davomida Zahiriddin Muhammad Bobur faoliyati va ijodi bilan bog'liq bir necha manbalarni tadqiq etib kelmoqdaki, ular Vatanimizda boburshunoslik fani rivojiga ulkan hissa qo'shib kelmoqda.
1990 yillarning boshlanishida “Boburnoma”da aks etmagan voqealar” nomli maqola yozib, bu mo''tabar asarga kirmay qolgan Boburning deyarli 19 yillik faoliyatini aks ettirgan manbalarni aniqlab chiqdi. Keyingi yillarda ularning har biri haqida maqola yozib, “Boburnoma”da aks etmagan, biroq ulug' shoir faoliyati bilan bog'liq bo'lgan voqealarni aniqladi. Bu jihatdan olim Xondamirning “Habibu-s-siyar” asari haqidagi maqolasida ulug' tarixchi tomonidan Bobur haqida bitilgan tarqoq ma'lumotlarni bir tizimga solib, Zahiriddin Muhammad Bobur bevosita temuriylar sulolasining davomchisi sifatida Amir Temur va temuriylarning davlatchilik tarixi va madaniy siyosatini davom ettirgan saltanat sohibi ekanini dalilladi. Ma'lumki, bu asarda nafaqat Bobur faoliyati, balki XV asr adabiy muhitiga taalluqli Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Husayn Boyqaro kabi siymolarga tegishli ma'lumotlar ham mavjud. Ushbu manba haqida olimning 2016 yilda “Guliston” jurnalining 1-sonida e'lon qilingan “Bag'ringdagi durni bilmaysan, tuproq” maqolasi e'tiborga molikdir.
Qomusiy asar hisoblangan “Boburnoma” tarkibida yuzdan ortiq adabiy-ilmiy siymolar tilga olingan. Ular orasida 30 dan ortiq Andijon farzandlari bor. Ular haqida Hamidulla Boltaboyevning “Boburnoma”da Andijoniylar” turkum maqolalari e'tiborimizni tortadi. Bu maqolalar o'z davrida ilmiy anjumanlarda ma'ruza qilinishi bilan birga “Bobur ensiklopediyasi”ning 1- va 2-nashrlaridan o'rin olgan. Shu mazmunda H.Boltaboyev “Bobur va Andijon adabiy muhiti” asarida ilgari noma'lum bo'lgan XI-XVI asrlarda yashagan o'nlab adib va olimlarni ilmga olib kirganini ham unutib bo'lmaydi.
Zahiriddin Muhammad Bobur jahongashta olim va adib sanaladi. U haqda dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlarida yaratilgan yuzlab badiiy va ilmiy asarlarni Bobur fondi jamlab, Andijondagi “Zahiriddin Muhammad Bobur va jahon madaniyati” muzeyiga olib kelgan. Ularning deyarli uchdan ikki qismi Bobur hayoti va faoliyati bilan bog'liq ilmiy asarlardir. Bunday asarlar orasida U.Erskin, A.Beverij, J.Neru, L.P.Sharma, S.Berk kabi olim va davlat arboblarining e'tiroflari, maqola va tadqiqotlari bor. Hamidulla Boltaboyev shulardan 13 tasini jamlab, ayrimlarini tarjima qilib, zarur izoh va sharhlar bilan “Xorijda boburshunoslik” kitobi (2008)ni yaratdi. Ushbu kitob o'zbek va xorij olimlari tomonidan e'tirof e'tilib, bu haqda taqrizlar e'lon qilindi. Olim ayni yo'nalishdagi faoliyatini davom ettirib, “Rossiyada boburshunoslik”, “Angliyada boburshunoslik”, “Hindistonda boburshunoslik”, “Eronda boburshunoslik” kabi bir qancha maqolalar yozgan. Ushbu maqolalar “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi”ning 1- (2014) va 2- (2017) nashrlarida o'z aksini topgan. Shu o'rinda qayd etish lozimki, ensiklopediyaning ushbu nashrlarida Hamidulla Boltaboyevning 50 dan ortiq maqolalari joy olgan.
Ilmiy ekspeditsiya tomonidan aniqlangan U.Tekstonning tadqiqotlarini o'rganib chiqib, ingliz olimi tomonidan “Boburnoma”ning amalga oshirilgan tarjimasi ilmiy jihatdan barcha ingliz tilidagi tarjimalardan yuqori turishini asosladi, ushbu tarjimani asliyat bilan solishtirib chiqishni maslahat berib, ushbu mavzuni o'zining shogirdlaridan biriga topshirdi. 2023 yilda “Boburnoma”ning italyan tiliga tarjimasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning so'zboshisi bilan Italiyada Federiko Pastore tarjimasida nashr etildi. Ushbu nashrga so'zboshi yozgan Franko Kardinining: “Boburnoma”ni o'qishga jazm qilgan yevropalik kitobxon undan bosh ko'tarolmay qolishi shubhasiz. Shu asnoda insonparvar papa Piy-Enea Silvio Pikkolominining “Izohlar”i, imperator Leopold Gabsburgning avtobiografik mulohazalari beixtiyor xayolga keladi; ba'zan o'quvchi o'zini Montenni, ba'zan esa Marko Aolo yoki Buyuk Fridrix yoxud Melvillni mutolaa qilayotgandek his etadi” kabi fikrlari o'zbek boburshunoslari tomonidan istifoda etilishi zarur ekanini ta'kidlab, televidenie va xalqaro anjumanlarda chiqish qildi. Xorijda boburshunoslik sohasidagi faoliyatining boshlanish davrida o'zbek olimlari ichida birinchilardan bo'lib, yapon olimi Eyji Mano bilan uchrashdi (Kioto, 1999), “Boburnoma”ning yapon tiliga tarjimasining professor Xisao Ko'matsu ko'magida Bobur fondiga olib kelinishiga yordam berdi.
Ilm ahliga ma'lumki, shu vaqtga qadar mamlakatimizda alohida siymoga bag'ishlangan ensiklopediyalar yaratilmagan edi. Bobur xalqaro jamoat fondining tashabbusi bilan amalga oshirilgan Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasining 1-, 2-nashrlari O'zbekistonda qomusiy kitoblar tayyorlash tajribasida birinchilardan hisoblanadi. Ushbu ensiklopediyaning 1- va 2-nashrlarini amalga oshirishda faol ishtirok etgan olimga fond rayosati tomonidan ishonch bildirilib, Bobur ensiklopediyasining 3-nashri uchun bosh muharrir vazifasi topshirilgan. Ayni faoliyatga jiddiy kirishgan olim o'z atrofiga 20 ga yaqin mutaxassislarni jamlagan holda “Bobur ensiklopediyasi 3-nashri va uning ingliz hamda rus tillaridagi tarjimasi” mavzusidagi ilmiy-amaliy grantni qo'lga kiritishga erishdi. Bu yo'nalishda ishlar davom etmoqda. 3-nashr avvalgi nashrlarga nisbatan qariyb 200 bet ortgani holda 150 dan ortiq yangi maqolalar bilan to'ldirilmoqda. Jahon standartlari asosida shakllantirilishi nazarda tutilgan ushbu qomusiy nashrning ingliz va rus tillariga tarjima etilishi ham ko'zda tutilgan.
Andijon shahri nafaqat Zahiriddin Muhammad Boburning vatani, shu kunlarda jahon boburshunosligining markazi bo'lib turibdi. Fond tomonidan uyushtirilgan 30 dan ortiq ilmiy ekspeditsiyalar doirasida minglab kitoblar keltirilgan, ularning aksariyati o'z tadqiqotchilarini kutib turibdi. Bugungi kunda qutlug' yoshini qarshilayotgan professor Hamidulla Boltaboyevga esa uzoq umr, ilm-fan yo'lidagi zahmatli mehnatlarida esa muvaffaqiyatlar doimiy hamroh bo'lsin.
Zokirjon MAShRABOV,
Bobur xalqaro jamoat fondi raisi, professor,
Dilrabo QOZOQBOYEVA,
filologiya fanlari bo'yicha
falsafa doktori, O'zMU dotsenti.