Paxtada (Hikoya)
Maʼmura ZOHIDOVA
PAXTADA
(Hikoya)
Öşa kun bot-bot xayolimdan ötaveradi…
Rosa gap qizib ketib, etakka tuşib borganimizni bilmay qolibmiz. Ayniqsa, men sal oldin gapdan ham uzilib pastga yörğalab ketdim, bu yoqda paxta şiğil, aftidan birinçi terimda ham oxirigaça yetib kelmay qaytişgan. Ortimga ögirilsam, hamma, hatto şeriklarim ham paxtalarini yiğişyapti. Yelkaga ortilgan dumaloq etaklarning boşi şiyponga çiqib boribdi. Sanjar körinmay qopti. Haligina tut qatorda ğimirlab yurgan edi. Ğözaning orasida böyi pastlik qilayotgandir, meni möljallab oldimga tuşib kelayotgandir, deb öylab, şu tomonga tikilib turdim. Biror ğözaning poyasi qilt etmaydi. Tutqatorda çarçab ötirib olgandir-da, deb etagimni orqalab jönadim. Şeriklar ança ilgarilab ketişdi. Buning ustiga paykalning boşiga emas, örta şoxdan şiypon tomonga qarab yurişdi. Qayrilganlarida orqadagisi menga qarab qöli bilan “ketdik” işorasini qildi. Birga paxta teradigan şerigim Raʼnoni peşin mahal oyoğidan ari çaqib olib, peşindan keyin çiqmagan edi.
Paxta tökimlarim ham biram köp ekan. Biryöla solib keta qolay dedim. Şiypon tomonga sinçiklab qaragandim, tutlar orasidan sariq avtobusimiz ham körindi – kelibdi. Torttiriş uzoq davom etadi, baribir har kungidek keç ketamiz deb özimni ovutdim-da, Sanjarni hozir tutqatorda tuproq öynab ötirgani holda topaman, deb şoşildim. Bolam yöq. Tutqator kimsasiz. Anqovdek hammadan qolib ketibman. Bolaginamni birov şiyponga olib çiqdimikan? Bor ovozda çaqirdim. “Sanjar, bolajonim!” Heç qayoqda yöq. Etakka tuşib borgandir-u, yon-verimdan ötib ketganda körmay qoldimmi deb çaqira-çaqira pastga, dalaning hozirgina özim paxta terib yaqinlaşay deb qolgan etagiga çopdim. Yuragim gurs-gurs tepadi. Oyoğim dir-dir titraydi. “Bolam! Sanjar!” Bu yoqdayam yöq. Zir yugurib, yana paykal boşiga çiqdim. Tutqatorning narisi karam ekib, keyin yiğiştirib olingan böldak yer ekan. Yerning narigi tomoni zovur. Öşa yoqda öynayman deb ketgan bölsa-çi. Ovozimning boriça çaqirib, şu tomonga yugurdim. Zovur biram çuqur ekan, tagida bir ariq suv oqib yotibdi. Tagi botqoqdir. “Sanja-a-ar! E Xudoyim!” Yuragim tovonimga tuşib ketdi. Tuproqlari çetga pala-partiş olib taşlangan, özi ança çuqur, suviga tuşiş noqulay bölgan bu zax ariqning etak tomoniga qarab çopdim. Tutqatordan tikkalamasiga qarab boşqa bir yerni kesib ketgan zovurda baland qamişlar şovullab turibdi. Yöq, yöq! Bolam suvga tuşmagan, bu yoqqa kelmagan. Qamiş oralari ziç-ku.
Voy, hali egatimdan nariga jemperini yeçib qöygandi.
Yana uçib paxta tergan egatimning boşiga keldim. Uç-tört jöyak narida uning qora jemperi yerga tuşib yotibdi. Qölimga oldim. “Sanjar!” Dodlab yiğlab yubordim. Orqa tomondan qattiq yötal tovuşi eşitildi. Tabelçi ekan.
— Ha, nima gap, singlim?
— Bolam yöq. Şu yerda edi, – deya battar yiğladim. Titroğim kuçaydi. Tilim ğildiray boşladi.
— Şeriklaringiz olib ketişgandir. Özi qayerda ötiruvdi? Ha-ya, çoydan keyin tutning tagida timirskilab yuruvdi. Ho naridamidi, köruvdim.
— Yöq, şu yerda edi. Men paxta bilan bölib pastga tuşib ketibman.
Tabelçining ham ovozi titray boşladi. Keyin şoşib menga qaradi-da:
— Siz şu yerda böp turing. Men şiyponga çiqib kelaman. Paxtaning içlaridan çaqirib turing-çi, – dedi. Çopib ketdi.
Hamma yoqqa qarab bolamni çaqiraverdim. Menga qarab bir-ikki odamlar kela boşladi. Ikkitasi birga işlaydiganlar, biri şu yerlik odam ekan. Söramasimdan avval özlari bildirişdi:
— Şiyponga çiqmabdi. Avtobusda ham yöq ekan. Tutqatorning tagida ötiruvdi, deyişyapti.
— Ha, hu peşindan keyin şu yerlarda öynab yuruvdi.
— Qani, yöq-ku?!
— Sanjarbe-ye-ye-yek!
— Sanja-a-a-ar!
Birgina mahalladoşimiz oriq Pölatdan boşqa hamma çaqirardi. U özi kamgap, şungami, indamay qidirardi.
Tutqator tomonda şoşilgança tabelçi körindi. Hamma uning oğziga tikildi. Men u tomonga yugurdim.
— Ha?!
U töğri menga qarab keldi-da dedi:
— Hozir topiladi. Avtobusni ketkazib yubordik. Yoş bolasi borlar şoşilayotgan ekan. Yengil maşinada olib borib qöyamiz. Bola sal içkariga kirgan şekilli. Qani, hammamiz önta-önta egatni bölib olib pastgaça tuşaylik-çi. Bölinglar. Davay.
— Zovur tomonga ötmadimikan,– dedim qaltirab.
— Men öşa yoqni qarayman, – ança naridan paxtazorga kirayotgan tabelçi zovur yoqqa ötib ketdi.
Çaqira-çaqira borardik. Odamlar tuşmagan jöyaklarda ketayotgan baland böyli kişi birdan çopib ketdi. Keyin şoşib menga qaradi-da:
— Topdim, bu yoqda ekan, – dedi. – Mana, uxlab qopti!
Vujudim muzlab, taxta bölib qoldim. Uxlaganmikan?! Nega rosa çaqirganimda…Sanjar! Sanjar!!!
Bir lahzada xayolimdan hamma narsa ötib ulgurdi. Öğlimning çaqaloqlik payti. Şirin tili. Tuşlikda şeʼr aytib hammani kuldirganlari. Ikki qizdan keyin arang dunyoga keltirganim. Endi bolali bölolmasligim. Dadasining qahrli qiyofasi. Uning “har kuni paxtaga borişing şartmi”, deb urişganlari. Qaynonamning öydiqlaydigan sözlari. Nega ertalab şu bolani oyimga taşlab kelmaganim. Bu yil töy qiladigan bölib turganlarimiz… Hamma-hammasi.
Sanja-ar, bolajonim!!!
— Hah uyquçi polvon!
Uning ovozidan çöçib ketgan Sanjarning yiğisi eşitildi.
Hammamiz öşa yoqqa çopdik. Köksimni bir narsa qisib, oyoğim sudralib qoldi. Lekin “bering” deganlarga qaramay, Sanjarni özim kötarib, bağrimga bosib oldim. Paxtazordan çiqayotganimizda qoronği tuşa boşlagan edi.
Xayriyat! Xayriyat!
Şiypon tomondan yana bir töda odam bizga yordamga kelayotgan ekan. Xijolatdan ölay dedim.
Brigadirning öğli bizni maşinasiga ötqizib, qişloğimizga qarab yurdi. Yölda navbat katta bölsa ham, gaz töldirişga kirdi. Ança vaqtda çiqdi. Keyin qişloq markaziga taşlab ketdi. Bolamni qidiraman deb, mening nodonligim deb avtobusdan qolib ketgan, uyiga ança keç kelayotganlardan, ayniqsa, yoşi katta Mahmud akadan xijolat bölib uzr söradim. Rahmat aytdim. Soy tomonga – uyiga burilgan Mahmud aka hazil qilib dedi:
— Topildi-ku, Sanjar polvon. E qoyil, heç narsadan qörqmay, yakka özi uyquni urib yotganini qarang-a. Yigit-da. Endi dalaga borsa etakça tutib qöying, paxta tersin, uxlab qolmaydi.
Mahallamiz tomonga – Jangalga yuradigan Pölat bilan bolamning ikki qölidan yetaklab keta boşladik. Yöl zim-ziyo. Vaqt ham allamahal bölgandir. Pölat biram uyatçan, yerga qarab gapirolmay ketyapti. Aftidan, avtobusdan ham “Mahalladoşisan, sen birga borasan”, deb tuşirib yuborişgan-ov. Uyimizga yaqin qolganda, bir odamning qorasi körindi. Sinçiklab tikilib, Sanjarning dadasi şekilli, deb könglimdan ötkazdim. Yaxşi tanigunimça oramiz yaqinlaşib qoldi.
— Yölimizga çiqib turibsizmi? – dedim.
Pölat bolaning qölini qöyib yuborib, eşitilar-eşitilmas salom berdi.
— Ha, nima böldi?! Tinçlikmi?! – tahdidli öşqirdi Sanjarning dadasi.
— Sanjar yöqolib qolib rosa qidirdik… – dedim men.
— Yöqolib qoldi? Nimaga yöqoladi?
— Haligi, paxta terib etakkaça tuşib ketibman, keyin qarasam yöq. Beş-olti egat naridan tuşib borib, uxlab qolgan ekan.
— Ikkovinglar qidirdinglarmi?!
U avval menga, keyin narida turgan Pölatga ijirğanib qaradi. Simyoğoç çiroğida uning tugilgan muştini körib, nima qilişni bilmay, gapimni yöqotdim.
— Sen özi paxta tergani borganmiding yo…?!
— Paxta terdim! Axir bola-ku, öynab uzoqlaşib ket…
— Bolani nega olib bording?! A, nega özing ketib bilgan işingni qilib yuravermaysanmi?!
Pölatning oldida nima bölsam bölgan edim. U esa jim, şalvirab yerga qarab turar, aybdorga öxşar, bir oğiz gapiriş niyati ham, jurʼati ham yöq edi xuddi.
Sohib akam endi rosmana sökina boşladi. Oğzidan ança xunuk gaplar çiqib ketdi. Yuzimga bir şapaloq tortdi. Yerga çökkalab qoldim. Sanjarni qölidan bir siltab uy tomonga sudrar ekan,
– Yöqol közimdan. Kirma uyga! Topişganing bilan yetaklaşasanmi, qöşmozor bölasanmi, seni işing! – dedi.
Otasi bilan öğlimning ortlaridan uy eşigiga qarab yurar ekanman, oyoq-qölim daladagidan ön battar qaltirar, hozir muqarrar eşik ortida qolişimni bilib, şoşib qolgandim.
Ana, eşik yopildi.
Mendan uç qadamça orqada Pölat turardi. Uyiga yöqolavermay balo yermikan, bu landovur. Şunday ögirilib, öldirib qöya qolaymi deyman. Hammasiga şu aybdordek.
Eşikni ura boşladim.
— Dadasi, oçing, Sanjar, oçinglar.
— Yöqol közimdan! – u yana qattiq sökindi. — Dadang bilan kelib narsa-parsangni yiğib ket.
Sanjarning tomoği qisilib yiğlagani eşitildi. Keyin birdan jimjit köçani guldiragan ovoz tutdi:
— Sohib aka, bu yoqqa qarab yuboring!
Dadasi sökinişdan töxtab qoldi, birpas jim turdi. Keyin dedi:
— Vaqtim yöq meni. Qayoqqa borsang boraverlaring.
— Bir minutga dedim sizga! Erkakmisiz?! Meniyam vaqtim yöq. Çiqing bu yoqqa!
Bu ovoz, bu amrona sözlar şu ismi Pölat bölgani bilan özi xamirdek böş qorovulimizning oğzidan çiqayotgan edi.
Eşik şaraqlab oçildi. Ovozsiz yiğlayotgan Sanjar menga qarab otildi.
— Ha, endi siz erkak böp qoldingiz-u bizdan söraydigan böldingizmi?! – u yana sökinib, Pölatning qarşisiga tikka kela boşladi.
— Aka, oğzingizni yiğib oling. Bir avtobus odam bildi bolangiz yöqolganini. Gapirayotgan gapingizni qarang. Xotinni köçaga çiqarib qöyib ket deyiş nimaligini bilarsiz?! Musulmonsiz-ku?!
Endi, xotini borlar biladi-da, nimaligini! – dedi bolalarimning dadasi, Pölatning öttizga yaqinlaşib ham uylanmaganiga piçing qilib.
— Siz meni haqorat qilmang! Hozir özi… Onam kasal. Mana, bugungi dorisini olib berolmadim! Sanjarni deb dorixona yopilganda keldim. Özi peşinda kelaman deb aytuvdim. Paxtasiniyam…
Pölat şart burilib yölga tuşdi beş-olti qadam yurgaç, çopib ketdi.
Biz indamay içkariga kirdik. Qizlarim xonasi çiroğini öçirmay ham uxlab qolişibdi.
Tuni bilan uxlolmadim. Ertalab darvozaxonani supurayotganimda, dadasi uyğonib yuz yuviş uçun ariqqa çiqdi. Birdan şunday darvozamiz yaqinida ot dupuri, keyin baland ovozda taʼziyaga çaqiriq eşitildi:
– Ho-o-o, Töyçivoynikiga soat önga taʼziyaga-a-a! Jangal mahallaga-a!
Turgan joyimda taxta bölib qoldim. Otasi ham xuddi şu köyda menga qarab oğzini oçib qolgan edi. Töyçi aka Pölatning dadasi edi. Onasi vafot qipti-da. Beçora Pölat. Endi…
Men boşimni kötarolmas, otamizning hali ham qovoği soliq, jim edi. Paxtaga boriş xayolimga ham kelmasdi. “Bölarkan-ku”, deyman özimga. Işda gap eşitişdan ham, hayfsan olişdan ham qörqmay qolarkanman-ku.
Tezroq çoy damlayin, taʼziyaga çiqsalar, içib ketsinlar, – deb hafsalasizlik bilan öçoqqa olov yoqib, dasturxon solayotganimda, qaynotam kirib keldi. Körpaça töşayotganimni körib, ötirmasligini aytdi-da, öğliga yuzlandi:
— Döppingni kiy. Ertaroq borib turaylik. Eşitgandirsizlar? Töyçi akanikiga aytdi. Bizga uzoq qarindoş böladi. Buvimning ögay jiyanlari.
— Xöp, dada. Keling, ötiring, çoy içib olaylik. Uylari bir qadam-ku.
— Qanaqa bir qadam? Yetib borgunça kun yoyilib ketadi.
— Pölatlarnikigami? Pölatning oyisi-ku, a? Bandalik qiptilarmi?
— Esing joyidami? Qayoqdan olding bu gapni? Umri uzoq bölsin-ye Mayramçaning. Buloqdagi Töyçi aka bor-ku. Podaçilik qilgan kişi.
— Ha-a.
— Töqson olti edilar. Hassayam şu kişida edi.
— E xayriyat!
— Nima deyapsan?
— A, yöq, xöp, dada, hozir.
Men ham içimda “xayriyat” degan edim. Yoşga tölgan közim oldidan Pölatning egik boşi, jöyaklar oralab, indamay, lekin huşyorlik bilan Sanjarni qidirgani ötar edi.
