Vatan madhi saodatdir

Taniqli shoir G'ayrat Majidning “Besh dars” kitobini o'qib…

 

She'rda shoirning ko'ngli oydek ko'rinadi, tuyg'ulari mavjlanadi,   to'lqinlanadi. O'y-xayollari, orzu-armonlari aks etadi. Shoirning ovozi – Vatan ovozining aks sadosidir. Bu ovozda Vatan daryolari, sharsharalari, bog'laru tog'larning, tun va tonglarning yangroq tovushi jarang sochadi. Shu boismi, she'rda shoirning Vatani gavdalanadi. Hatto lirik – rubobiy bitiklarda shoirning vatani ko'rinaveradi. Chunki vatanni qalb bilan sevadilar. Vatanning vatani – qalb, she'rning vatani ham qalbdir. Shuning uchun bo'lsa kerak, she'r “Vatan surati” deya ta'riflanadi.

 

Yangi kitob o'quvchida, kitobxonda yangi taassurotlar, yangi his-tuyg'ular uyg'otadi. Taniqli shoir G'ayrat Majidning badiiy o'ziga xosliklari bilan e'tiborni tortadigan salmoqli “Besh dars” kitobini o'qir ekansiz, vatan haqida tiniq, ravshan tuyg'ular, xayollar ko'nglingizdan o'tadi va ushbu to'plam keyingi yillarda Vatan haqida yozilgan eng yaxshi kitoblardan biri bo'lganiga ishonch hosil qilasiz. Kitobdagi she'rlar samimiy ruhi, shakliy-badiiy fazilatlari bilan o'quvchi mehrini qozonadi.

Vatanni sevmoq iymondandir, deydilar. Vatan sevgisi iymon mevasi. Azaldan ustozlardan qolgan o'git bor: eng yaxshi she'rlar Vatan haqida yoziladi. Darhaqiqat, Vatan haqidagi asarlar Hamid Olimjon, Oybek, G'afur G'ulom, Zulfiya, Mirtemir, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdiyeva, Shavkat Rahmon, Usmon Azim, Muhammad Yusuf, Xurshid Davron, Sirojiddin Sayyid, Mirzo Kenjabek kabi ustoz shoirlar ijodining gultoji sanaladi. Vatan haqida yaxshi she'rlar bitgan shoirlar safiga G'ayrat Majidning ham nomi qo'shilsa, o'rinli bo'ladi, deb o'ylaymiz. Negaki, uning “Besh dars” kitobini mutolaa qilgan har kishi shunday fikr­­ga kelishi tabiiy bo'lsa kerak.

G'ayrat Majidni shu paytga qadar, asosan, lirik shoir sifatida bilar edik. “Hech kimga o'xshamaysan”, “Ko'zlaringni sog'inaman”, “Ko'ksimdagi yulduzlar”, “Ishqqa borar yo'l” kitob­lari asosan adabiyotning asosiy mavzusi – sevgi-muhabbat haqidagi she'rlardan tartiblangan. “Besh dars” deb nomlangan mazkur salmoqli she'riy to'plam shoirni o'quvchi ko'zi oldida katta ijtimoiy fikr ayta oladigan, shoirona so'zi kamolga yetgan, his-tuyg'ulari takomil bosqichiga kirgan ijodkor sifatida gavdalantiradi. Shoirning ijodiy va badiiy o'sish yo'llari va yuksalish bochqichlarini ko'rsatadi, ijodiy va badiiy diapazoni, potensiali, imkoniyatlari borasida yaxlit tasavvur beradi.

Majmuaning katta qismini Vatan haqidagi she'rlar tashkil qiladi. Avvalo, kitobning kompozitsiyasi haqida: Kitob besh bo'lim – besh darsdan iborat bo'lib, har bo'lim bir mavzudagi bitiklarni qamrab oladi. “Birinchi dars” Vatan va xalqqa sadoqat va muhabbat, “Ikkinchi dars” ota-ona, tug'ilgan tuproq, aka-uka, opa-singil, ya'ni insonni hayotda inson etib turgan rishtalar, ezgu omillar, ma'naviy zamin haqida. “Kindik qoni tomgan tuproq” degan ibora bekorga ishlatilmaydi. Inson kindik qoni tomgan yerdan dunyoga, hayotga ilk qadamini qo'yadi. Odamlar jamiyatiga kirib keladi. Insonning ma'naviy tomiri, insonlik ildizi shu yerdan ajdodlar qadriyati, ma'naviyati sari nish otadi. “Uchinchi dars” so'z oldidagi, she'r, adabiyot oldidagi mas'uliyat va burch xususida bahs yuritadi. Shu o'rinda ustod adib Asqad Muxtorning “She'r – shoirning ijtimoiy vijdoni” degan so'zi shoir va she'r o'rtasidagi g'oyat keng ko'lamli va nozik munosabatni juda to'g'ri va aniq ifodalaganiga yana bir bor ishonch hosil qilasiz. So'z yonida ilhom, ilhom yonida so'z bo'lishi kerak. Aks holda, so'z ham, ilhom ham egarsiz tulpor – samarsiz shamol kabi foydasizdir. “To'rtinchi dars”da adabiyotning azaliy va abadiy mavzusi bo'lgan sevgi va muhabbat, diydor va ayriliqlar dunyosi manzaralari goh quvonch, goh esa hasrat bilan tasvirlangan. Dunyo muhabbat bilan go'zal, muhabbat bo'lmaganda hayot qaqroq maydondek, tirik­lik esa zerikarli bir mashg'ulotdek tuyularmidi?! Turkiy ajdodlarning buyuk shoirlaridan biri Hodi Toqtosh:

 

Muhabbat… ul o'zi eski narsa,

Lekin har bir yurak oni yangorta…

 

deb bejiz aytmagan – yuragini yormagan, axir.

“Beshinchi dars” yuqoridagi to'rtta darsni yakunlovchi dars, barcha darslarning xulosa – sabog'i, qaymog'i. Unda tarix, ma'rifat, ma'naviyatga daxldor mavzulardagi she'rlar jamlangan.

Ahamiyat berilsa, kitob nomi ramziy ma'noga ega. Xalq tilida “ishlar besh” deyiladi. Maktabda kunlik mashg'ulotlar besh soatdan iborat. Dunyoning buyuk asarlariga “beshlik” deb nom berilgan. Inson ko'p narsalarni besh barmoq hissiyoti bilan sezadi, payqaydi. Bir kunda besh marta sajdaga bosh egadi. Dunyo-chi, dunyo ham besh qit'adan iborat…

G'ayrat Majidning “Besh dars” kitobi ana shu tushuncha va hissiyotlarning hamma-hammasini o'zida mujassam etadi.

 

Birinchi dars:

“Gohi isyon ichraman…”

 

Vatan haqida yozilgan she'rlar orasida “Xalqimga qasida” “Vatan boqiy erur”, “Ona tilim”, “Orzu”, “Jon O'zbekiston”, “Mardlar yurti” she'rlari salmog'i, badiiy zalvori jihatidan alohida ajralib turadi. Ushbu she'rlarda oyu quyosh boshidan tun-kun nuru ziyo elagan Vatanning ming yillik armonlari, dardlari, afsona va rivoyatlarga qorishgan uzoq tarixi qalamga olingan. Buxoriy, Termiziy, Moturidiy, Naqshband, Yassaviy, Temur, Ulug'bek, Lutfiy, Navoiy, Bobur kabi dunyo kitobiga nomlarini mangu bitgan ulug' ajdodlarimizga ehtirom, ularning nafaqat jahon tamadduni, ilm-faniga qo'shgan ulkan hissasi, balki butun insoniyatning madaniyati va ma'naviyatiga, odob-axloqiga qo'shgan ulkan ulushi katta mamnuniyat bilan tarannum etiladi:

 

Hayotni shukri bilan yayratmoq uchun,

                                                                ey dil,

Dil, tilni zikri bilan sayratmoq uchun,

                                                                  ey dil,

Haq qaysi, nohaq qaysi – ajratmoq uchun,

                                                                 ey dil,

Dunyoga Moturidiy – furqon bergan

                                                        xalqdir bu.

 

Millat shoiri Muhammad Yusuf vatan va millat haqida eng ko'p yozgan shoirlardan biri. Uning yozganlari o'zigacha bo'lgan shoirlarning yozganlaridan tub mohiyati bilan farq qiladi. Ya'ni, Muhammad Yusufga mustaqil va obod vatan haqida kuylash saodati nasib etgan. Va shoir bu saodatni bekamu ko'st istifoda etdi:

 

Ko'rdim suluvlarning eng faranglarin,

Yo xudbinman yo bir sodda kasman men:

Parijning eng go'zal restoranlarin,

Bitta tandiringga alishmasman men

 

deb yozadi u “Iqror” she'rida. Buyuk Oybek:

 

Vatanni sev, tuprog'ini o'p,

Har qarichi muqaddas bizga.

Cho'lidagi hatto quruq cho'p

Jondan yaqin yuragimizga.

 

G'ayrat Majidning lirik qahramoni Parij ko'chalarini uzoq aylanadi, diltortar xiyobonlarni kezib chiqadi. Shahar Eyfel minorasi balandligidan boshqacha ko'rinadi.

Kim qanday o'ylasa o'ylasin, mayli,

Kim ne desa desin, men uchun biroq

Dildagi shodligim Vatan tufayli,

Baxtimning mazmuni shu aziz tuproq!

 

Tomosha qilasiz, ko'rasiz, hayratlanasiz… Lekin lirik qahramonning dili yorishmaydi. Sahar va shom birdek rutubatli tuyuladi. Lirik qahramon muazzam va sirli Chin poytaxtini, sohili ko'rinmas ummonlar bag'ridagi Seul shahrini, havosi tarovatli va iforli Onado'lini kezar ekan, atrofni qamrab olgan haybat va salobatli manzaradan har qancha hayratlanmasin, baribir ko'ngil boshqa tarovatlarni istaydi.

G'ayrat Majid “Hikmat” she'rida:

 

Axiyri, ayondir bir sirli hikmat,

Pokiza mujdadan qalbim nurafshon,

Ko'nglim senda taskin toparkan faqat,

Sen baxtim ekansan, jon O'zbekiston!

 

Vatan bu — ona, Vatan — bu ota, aka-uka, opa-singil, unib-o'sgan aziz maskan. Bir so'z bilan aytanda, ana shu qutlug' makon. Buni shoir “Jon O'zbekiston” she'rida shunday ifoda etadi:

 

Yurt desak ketsinlar qalqib yer-osmon,

Vatan, sen – otajon, Vatan – onajon.

 

Mazkur satrlar qatidagi ma'no-mazmunni tahlil etar ekanmiz, bugungi she'riyat yaltiroq g'oyabozlik va quruq chaqiriqlardan tobora ko'proq qutilib borayotganiga guvoh bo'lamiz. Darhaqiqat, shoir so'zi sun'iylik, yasamalikdan, soxta kuyunchaklikdan uzoqlashib, ingichka tuyg'ular ifodachisiga aylanib borayotir.

Shoir “Ona tilim” she'rida:

 

Manim Mahshargacha ravon yo'lim bu,

Olam ayvonida mangu tilim bu.

Yuragim tarannum etgan bayotman,

Turkiy tilim bordir, men barhayotman.

 

Ona tilimizning qat-qatlarida tarix va orzu, ozodlik va hurlik, xayol va hayot bor. G'ayrat Majidning “Ona tilim” she'rida tarixlar, orzular, xayollar besarhad kezib yuradilar. She'rda tilimizni suygan, e'zozlagan qalbning alamu armon, iztirobu hasratlari mujassam.

“Askar maktubi” she'ri:

 

Qo'lingdagi, yo'q, maktub emas,

Urib turgan yuragim, axir.

 

Shoir maktubni urib turgan yurakka o'xshatmoqda. Chunki xat sog'inch bilan, orzu va armon bilan bitilgan. Uning qat-qatlariga noma bituvchining yuragi ko'chgan. Shuning uchun maktub o'quvchining qalbini ishg'ol qiladi.

Shoir faqat o'zigagina xos bo'lgan ifoda usulini, ichki, ruhiy kechinmalarning goh favqulodda portlashini, goh badiiy evrilish­larini satrlarga ko'chira oladi. Masalan, “Kuz” she'rida:

 

Qartaygan dunyoga,

Keksa dunyoga

Aytgim kelaverar yashil-yashil so'z.

 

“Toshlar yo'qdir qo'limda” satri bilan bosh­lanuvchi she'rda:

 

Yurak to'la ko'p bayot,

Toleim bor, osmonim.

Ammo ishqsiz na hayot,

Na o'lim bor, osmonim.

 

Zamon sur'ati tezlashgani sari adabiyotdagi yangilanishlar, o'zgarishlar shiddati ham tezlashmoqda. Adabiyotimizda diniy-ma'rifiy ruhdagi asarlar, orifona ruhdagi she'r­lar ko'paymoqda. Bu, shubhasiz, mumtoz adabiyo­timiz sarchashmalaridan bahramand bo'lish, shu bilan birga ajdodlarimiz yaratgan o'lmas qadriyatlarga sadoqat ramzidir. “Hazrati Xojagiy Imkanagiy ziyoratlarida…” turkumida orifona, so'fiyona ruh barq uradi:

 

“Oriflarning sultoni,

Sultonlarning orifi…

Sizdaylarsiz dunyoning

Sinib ketgay qolipi”

 

Shoir oshiq ko'ngilni izlaydi, o'z ko'nglini taftish qiladi, qalbga xos jarayon, hodisa va holatlarni izhor etadi. She'rda oshiq qalbning ruhiy to'lg'amalari, ko'ngil kechmishlari, har lahza sayin yangilanib, o'zgaradigan sezimlar barq urib turibdi. Kitobxon mazkur satrlarda ruhiyat mavjlarini aniq ilg'aydi.

Shu o'rinda “Besh dars” kitobiga aloqasi bo'lmagan bir mulohazani bayon etib o'tmoqchimiz. Keyingi paytlarda ayrim ijodkorlar, xususan yosh shoirlar   tomonidan ilohiy so'z va atamalarni o'rin-noo'rin qo'llayverish urfga aylanib bormoqda… Agar joyini, o'rnini topmasa, gavharning oddiy toshdan farqi yo'q.

 

Ikkinchi dars:

“Ona, tinchlik kerak dunyoga…”

 

Vaqt tog'larni qaritadi, daryolarni quritadi.

Bolalik insonning kelgusida kim bo'lib ulg'ayishini belgilaydi. Vatan esa oiladan, ota-ona o'gitidan, uy ostonasidan boshlanadi. Shu ma'noda, to'plamdagi she'rlar muallifning ona tuproq bilan, Vatan bilan mustahkam ildizlar vositasida qattiq bog'langanini bildiradi. Bu ildizlar insonning, shoirning butun ijodini, hayotini oziqlantiradi. Shoir umri davomida shu ildizlardan ilhom oladi.

Ulg'aytirgan tuproq, ota-ona, uy… Shular emasmi ona Vatan, ota Makon? “Maktub”, “Onajon”, “Dadamga maktub”, “Dadajon”, “Dadamni eslab”, “Onamga”, “O'zing asra onajonimni”, “Onajon”, “Onamga maktub”, “Onamning duolari”, “Sen azaliy umidim”, “Gulruhim”, “Zulfizarim” kabi she'rlar hamda “Singillarim” turkumida aziz kishilar siymosida Vatan surati chizilgan.

Shoir o'z qalbini chuqur tadqiq etar ekan, shu qalbda yashayotgan xalq hamda vatan tuyg'ularini teran va samimiy tadqiq etadi. Zero, adabiyotning asosiy vazifasi inson qalbini tadqiq etish, shu qalbda yashayotgan iztirob va quvonchlar orqali zamon nafasini ifodalashdir. Shu tariqa ijodkor va zamondosh o'rtasida do'st-birodarlik, darddoshlik, g'amdosh­lik yuzaga keladi.

 

Uchinchi dars:

“Buyuk bobolarning darsxonasida”

 

So'z ko'ngilning ifodasidir. So'z she'r­­ga – asarga, asar adabiyotga aylanadi. So'z, she'r, adabiyot… ko'ngildagini gapirish, ko'ngil haqida gapirish uchun xizmat qiladi.

 

So'zda Navoiy ne desang chin degil…

 

So'zni, she'riyatni muqaddas bilgan shoirlargina uzoqqa boradi. Adabiyotda shunchaki yengil-elpi nafas bilan hech narsaga erishib bo'lmaydi. Ijodiy muvaffaqiyatning garovi katta zahmat, mashaqqatli mehnat, ya'ni o'z nomi bilan atalgan so'zdir.

Shoir G'ayrat Majid ijodida ustoz shoir va adiblarning shoh asarlaridan ilhomlangani bilinadi. Ustozlar maktabi uning uchun katta dorilfunun vazifasini o'taydi. Abdulla Oripovga bag'ishlangan “Muhtaram ustozim” she'rida bu tuyg'u va holatni u shunday ifodalaydi:

 

Bu ishq ayvonidir, bu dil ayvoni,

Men nurman, hattoki nurdir kukunim.

Muhabbat so'zlarning piri, sultoni,

Muhtaram ustozim – dorilfununim.

 

Kitobdagi she'rlarni o'qib, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir, Zulfiya, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdiyeva, To'ra Sulaymon ijodidan qo'r olingani sezilib turgan zalvorli she'rlar kitobning qimmati, badiiy salmog'ini oshirganiga ishonch hosil qilasiz.

Bir haqiqat ayon: so'z aytish mas'uliyati, yuki shoirni bosib turadi. Zero, shoir so'zi qalblarni tarbiyalovchi so'zdir. “Bemor yurak­larga davo so'zdurur, Begumon, xushnafas, havo so'zdurur. Navo istaganga navo so'zdurur, Izladim, Navoiy hazratdan topdim…” (“Navoiydan topdim” she'ridan).

Bu borada “Qalam” she'ri har jihatdan e'ti­borga molikdir:

 

Qalamni sof iymon, ixlos bildim men,

Hazrat Navoiydan meros bildim men,

Eng pokiza izhor, dilroz bildim men,

Ham quvonch, ham nurli g'ussa – qalamdir,

Qalam el dardini yozsa – qalamdir.

 

Shoir qalamni hazrat Navoiydan meros deb biladi va har jihatdan ulug' allomaga munosib bo'lishga intiladi. Alisher Navoiy buyuk tog' bo'lsa, o'zini shu tog'dan bir urvoq deb biladi. Navoiydan ma'naviy dars olayotganiga ishora qiladi.

So'z va qalam oldidagi mas'uliyatni ang­lashdan bo'lsa kerak, G'ayrat Majid she'rlarida So'z san'atga aylanib, ajabtovur jilolar taratadi, ayricha tarovat kasb etadi. Shoir hayotni, umrni, tabiat go'zalliklarini, ziddiyatlarga to'la alg'ov-dalg'ov dunyoni, inson ruhiyatidagi bezovtalikni she'r yo'sinida ta'sirchan ifodalar ekan, badiiy so'z imkoniyatlaridan samarali foydalanadi.

So'z – ilohiy. Birinchi bo'lib so'z yaralgan. Demak, oxirda ham so'z qoladi. Sayohatnoma ruhidagi she'rlar kitobning salmoqli qismini tashkil etadi. “Buyuk shajara payvandiman. Hindiston daftaridan”, “So'z aytsam o'zbegu turkman elidan. Turkmaniston daftaridan”, “Dunyoni asrashga keladi shoir. Rossiya daftaridan” turkumlarida muallifning tuyg'u-kechinmalari, ruhiyati tez-tez yangilanib borgani kuzatiladi. Shoir doim o'zini, tuyg'u, xotira va sog'inchlarini yangilab borishi kerak. Shundagina she'r yangilanadi.

XIX asrda yashagan mumtoz shoirimiz Muqimiy “Sayohatnoma”si bilan XXI asr shoiri G'ayrat Majidning bir necha xorijiy o'lkalarga qilgan sayohati asosida yozilgan she'r­lar o'rtasida Yer bilan osmoncha farq bor. Asosiy farq shundaki, Muqimiy sayohati davomida o'lkamizning har jihatdan nihoyatda qoloqligini tanqid qiladi. Prujinali kolyaska va boshqa qulayliklarni orzu qiladi;

 

Faryodkim, garduni dun,

Aylar yurak-bag'rimnn xun,

Ko'rdiki, bir ahli funun –  

Charx anga kajraftor ekan.

 

G'ayrat Majid:

 

Qiziq hangomalar ko'radi odam,

Agar dunyo bo'ylab qilsa sayohat.

Qaerda bo'lsang ham, aytardi otam,

Topganlaring bo'lsin hikmat, nasihat.

 

Bugunning shoiri borgan joylari bilan O'zbekistonni solishtirar va taqqoslar ekan, el-yurtimizni yanada baland pardalarda madh etadi. Chunki bugungi kunda diyorimizda kechayotgan yangilanish, o'zgarish va yuksalishlar har qancha madh etishga arziydi:

 

Manim ko'z o'ngimda shul damda biroq,

Oqsaroy, Registon jonlandi bir-bir.

Yurt o'yi ruhimda porlagan chiroq,

Qalbimda mavj urgan Amu bilan Sir…

 

“Sevish kerak adabiyotni” she'ri uchinchi darsni mantiqan yakunlaydi.

Ha, adabiyotni sevish kerak! Adabiyot o'lmaydi!

 

To'rtinchi dars:

“Men yashil vodiylar bo'yini sezdim…”

 

To'rtinchi bo'lim sevgi-muhabbat she'rlaridan iborat. Qalbi doim olovdek lovullab turgan dilbar shoir Usmon Nosir: “Asrlarni qaritgan sevgi…” deb jar solgan edi. Ha, asrlar o'tadi, lekin muhabbat afsonalari asrlarni qaritadi.

Sevmagan yurak toshdek qattiq. Ammo otashin sevgi toshdan-da metin yurakni yumshata oladigan qudratga ega: “Go'yo hansiraydi adirlar, tog'lar, Quyosh sochmoqda-ku, saraton betin. Cheksiz xayollarga cho'mib shu chog'lar, Men seni esladim, seni esladim…”. “Seni esladim” deb nomlangan ushbu she'rdagi “Sensiz yashamoqlik qo'limdan kelmas, Men seni esladim, seni esladim…” yoxud “Olam chiroy ochdi malikalarday, Jilg'alar sasiga quloq tutdim jim. Hofiz qushchalarning kuylarin tinglay, Men seni esladim, seni esladim” singari o'tli misralar oshiq-ma'shuqlarning tuyg'ularini gardu g'uborlardan tozalaydi.

G'ayrat Majid ruhiyatdagi inja holatlarning ingichka tasvirini berishga mohir. She'rlarida ko'ngil manzaralari tabiat va hayot manzaralari bilan uyg'unlashadi.

She'r tasavvur va kayfiyatdan tug'iladi. She'rning qalbi bo'ladi. Shu qalbning nafasidan esgan yelni ko'zingizda his etsangiz, she'r sizga qalbini ochadi yoki sizning qalbingiz ochiladi. Ha, baxtiyor odamga olam yorug', baxtsizga qorong'i bo'lib ko'rinadi. “Dadamni eslab…” she'rida shoir adoqsiz musibatni shunday ifodalaydi:

 

Gul ko'nglimdan taralguvchi gul sasim bor,

Shu gullardan taralguvchi nafasim bor,

Uzoq umr ko'rganlarga havasim bor,

Sochingizdek orzularim oppoq, dada,

Lekin dardim, ko'z yoshlarim ko'proq, dada.

 

Dunyodagi eng aziz kishi – otani yo'qotib, borliq mohiyatini anglashga intilayotgan lirik qahramonning qalb kengliklarida sog'inch va armon maysalari mayin chayqaladi. Birinchi satrda ko'ngil holati, ikkinchi satrda lirik qahramon holati, keyingi satrlarda dardning holati, shu dard bergan iztirob suvrati aks etadi. So'zlarning ma'no tovlanishlari, ruhiyatdagi evrilishlar, tuyg'ular mavji, yurak titroqlari, qalb manzarasi mohirona chiziladi.

Kitobdagi “Hazrati ayol”, “Men senga boryapman”, “Guloyim”, “Hech kimga o'xshamaysan”, “Ey, oy…”, “Toki ishq..”, “Nilufar” kabi she'rlar, “Sevgi”, “Nargis” turkumlarini o'qib, insonning eng go'zal tuyg'ulari bu sevgi, muhabbat bilan bog'liq tuyg'ular ekaniga yana bir bor imon keltirasiz.

Shu tuyg'u tufayli dunyo va dunyosizlik, kun va tun inson ko'ziga go'zal ko'rinadi.

 

Beshinchi dars:

“Men kim bo'ldim?..”

 

Bu bo'limda barcha yuqoridagi bo'limlarga oid, ayni paytda qay bir xususiyati bilan farqli she'rlar jamlangan. Shoir o'z qalbini taftish qilish orqali borliq olamni, voqea­hodisalar, kechayotgan ijtimoiy jarayonlar mohiyatini tushunishga urinadi:

 

Gul ko'nglimning daryolari toshqin bo'ldi,

Toshqin daryo bunchalar sho'x,

                                                  shoshqin bo'ldi.

Hammalari ko'zimdagi ashkim bo'ldi.

Men kim bo'ldim?

 

To'rt bandli she'rda “Men kim bo'ldim?” degan savol to'rt marta takrorlanadi. Va nafaqat beshinchi darsning, balki barcha dars­larning xulosasi, kitobning bosh savoli sifatida maydonga chiqadi. Bu savolning javobini esa har bir o'quvchi mazkur kitobdan topadi. Javoblar, tabiiyki, alohida bo'ladi, bir-biriga o'xshamaydi.

Azaldan bir haqiqat ma'lum. She'r – tuyg'u, hissiyot ifodasidir. Shunga qaramay, unda davr, davr kishisining kechinmalari aks etadi. Shu ma'noda kitobdagi “Shukrona”, “Hol”, “Ko'nglim” kabi she'rlarda zamondosh­larimizning individuallashish, shaxslashish jarayoni kuzatiladi.

G'ayrat Majid she'rlariga xos bo'lgan asosiy xususiyatlar shundaki, ularda eng avvalo o'zini, o'zligini tobora ko'proq tanib borayotgan bugungi zamondoshimiz tuyg'ulari, kechinmalari, ruhiyatining evrilish va tovlanish­lari, holatlari ko'zga tashlanadi. O'zidan qoniqmagan lirik qahramon o'z ichki ruhoniy dunyosini tahlil va taftish qilayotgan ko'ngil kishisi sifatida gavdalanadi. Vatan va xalq tushunchalari goh moddiy, gohida ma'naviy manzara, gohida yurak mulki – tuyg'u sifatida namoyon bo'ladi. Hayotimizdagi ijtimoiy voqea-hodisalarga ko'tarinki vatanparvarlik ruhi bilan yondashiladi. Bu o'rinda shoirning o'tkir fuqarolik pozi­siyasi yaqqol namoyon bo'ladi. Shu bilan birga shoirona nigoh davrdosh va dunyodoshlarimizning ruhiyatidagi ma'naviy to'lqinlar, evrilishlarni o'z qalb prizmasidan o'tkazib, badiiy tasvirlaydi. Dunyoni umumiy ko'radi, umumiy tasvirlaydi, lekin o'quvchiga dunyoni o'ziga xosliklar, detallar orqali ko'rsatadi. Xayolda ilg'ay olmaydigan ingichka sezimlar rasmini chizadi, she'rlari xayol kabi, kechinmalar kabi yangilanadi, o'zgaradi.

“Besh dars” ayni ijodiy kamolot pallasidagi shoir ijodi haqida, ijodiy yuksalish bosqichlari haqida, she'rlarning badiiyati haqida yetarlicha ma'lumot beradi. Shoirning she'rxon bilan bo'ladigan darslari son va salmoq jihatidan yanada boyib borishiga shubha yo'q.

Salim AShUR

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen + 20 =