Eri bor yolg'iz ayol…

U yoshligidan go'zal, sho'x shaddod, sarvqomat qiz edi. Uni ko'rgan nafaqat yigitlar balki qizlarning ham suqi kirardi. Qishloqning yarmi unga oshiq bo'lib, uzzu-kun yo'lini poylashardi. Taqdir taqozosi bilan o'zi yaxshi bilgan bo'lsa-da, xohlamagan insoniga ota-onaning qistovi bilan turmushga chiqdi. Ikki nafar qiz farzandli bo'ldi. Turmush o'rtog'i ayrim sabablarga ko'ra xorijga ishlashga ketdi. Bu vaqtda u 20 yoshda edi. Oradan oylar, yillar o'taverdi, qizlar bo'y cho'zaverdi.

 

U turmush o'rtog'ini faqatgina telefon orqali ko'rar, qizlar ham otasi bilan shu taxlit suhbatlashar edi. Oila har jihatdan to'kis hayot kechirsa-da, sog'inch va mushtoqlik ularning yurak bag'rini yaralardi.  

Turmush o'rtog'i ketgan vaqtda 20 yoshda bo'lgan navjuvon hozir 45 yoshda.

Suhbat asno avvalgi shaddodlikdan asar yo'q. Ko'zlarda mung, qalbda dard, alam, yurakda g'am mujassamligi yaqqol sezilib turadi. Shuncha yil turmush o'rtog'ining yo'liga ko'z tikib, qizlarni oq yuvib, oq tarab, mehr bilan parvarish qildi.

O'ylab qoladi kishi ba'zi ayollarimiz eri yonida bo'la turib, xiyonat ko'chasiga kirib ketadilar. Bizning qahramonimiz esa bunday ishdan hazar qildi. Or-nomusni birinchi qo'ydi. Turmush o'rtog'ining, farzandlarining, ota-ona, aka-uka, singillarining yuziga oyoq qo'ymadi. Bunday taqdirga sabab bo'lgan ota-onadan yozg'irmadi. Shunday bo'lishi kerak ekan demak shunday qabilida tushundi.

Eri urushga ketib, qaytishini o'lguncha kutgan momolarimiz haqida eshitganimizda bunday onalarning sabr, bardoshiga qoyil qolardik. Buni boshidan o'tkazgan, tanasida his qilgan ayollargina tushuna olishadi. Tasavvur qiling turmush o'rtog'i bor, lekin u… uyda yo'q.

Zamonaviy dunyoda bu kabi ayollarning borligi kimlargadir erish tuyular. Biroq or-nomusni hamisha birlamchi pog'onaga qo'ygan ayollarning borligidan har qancha faxrlansak, g'ururlansak arziydi.   Millat barhayotligi boshqa xalqlar orasida martabasi shu kabi ayollarimiz qanoatidan yuz hissa oshadi. Bunday ayollar oldida har qancha bosh egsak, ta'zim qilsak oz.

U hamon to'kis oila bo'lib yashash ilinjida…

(Suhbatdoshimiz ism sharifini oshkor etilmasligini xohladi. Go'yoki bu qilayotgan ish ham minnat bo'lib qoladigandek. Uning bu jafokashligi oilaviy ajrimlar ko'payayotgan jamiyatimizda, turmush o'rtoqlari xorijga ishga ketgan ayrim oilalarga, ayrim ayollarimizga saboq bo'lsin)!

Shu o'rinda tirikchilik, turmush tashvish­lari deya o'z oilasini 10 yillab tashlab ketgan, o'n yil emas, hatto yigirma yilda ham bir marta oilasi bag'riga kelib-ketmagan erkak-chi, ota-chi, u haqda nima deyish mumkin?

Keling, bu haqda navbatdagi maqolamizda…

 Bahrom BOYMURODOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen + five =