Chodakda o'tgan bir kun

Hammada shunday bo'lsa kerak: go'zal manzillar haqida gap borganda, yuraging shirin-shirin entikadi, orziqadi; o'sha joylarga borging, ko'rging, atlasday gul-chechaklarga burkanib   yotgan dalalarida yosh bola kabi yugurib o'ynaging, billurday tiniq chashmalarida baliqday suzging, musaffo havolaridan to'yib-to'yib simirging kelaveradi.

Men, necha yildirki, Chodak deganda ana shunday hislar og'ushida cheksiz xayollarga ko'milar edim. Buvim — otamning onalari Namangandan bo'lganlar. Otam Namanganga ko'p borganlar. Har safar borib kelganlaridan so'ng bizlarga, ona makoni   to'g'risida to'lib-toshib gapirar va Chodak degan joyga alohida to'xtalib, uning hech qaerga o'xshamaydigan go'zal tabiatini hikoya qilib berardilar. Tog'lar orasidagi bu afsonaviy qishloq ana shu tarzda yuragimni egallagan, uni   borib ko'rish bolalikdan buyon go'zal orzu edi men uchun.   Turmush o'rtog'imning ham xabari bor edi bu armonlarimdan.

— Ketdik! – deb qoldilar o'tgan hafta kutilmaganda u kishi.

— Qayoqqa?

— Chodakka-da!

— Voy! Rostdanmi?! – deb yubordim quloqlarimga ishonmay.

Juma kungi kechki poezdda, “Qaydasan, Namangan?”, deya yo'lga tushdik.

Farg'ona vodiysiga birinchi marta poezdda borishim. Nomozgar-shom og'ushidagi qish­loqlar, dalalar, daralar boshqacha ko'rinadi; bedov otdek yelib borayotgan poezd vagonlarining ohista tebranishi ajib o'ylar quchog'iga chorlaydi. Mening xayolimda otamdan eshitganlarim — bu afsonaviy qishloqdagi aziz-avliyolarning muqaddas qadamjolari — Ismoil Atoiy, Boboyi Samosiy, Bo'smat ota,   Shoh Sulaymon Oq mozor buva,   Shodmon bobo, Langar ota, Bobo Yusuf Hamadoniy, Poshsho Xo'ja mozori, Mug'xona, Shayx Sulaymon Mahjur maqbarasi singari ziyoratgohlar. Xudo xohlasa, bugun-erta ana shu aziz qadamjolar bilan birga “Kelinchak tosh” va “Chir-chir momo” obidalarini o'z ko'zim bilan ko'raman, ularning tarixi bilan yaqindan tanishaman. Qarang, bir qishloqda shuncha aziz   joylar-a! Eshitishimcha, “Chir-chir momo”ni mahalliy tilda “Onalar ko'z yoshi” ham deyishar ekan.

Poezdimiz Qurama Chotqol tizma tog'i orasidan o'tib, “Chodak” bekatida to'xtaganda soat millari roppa-rosa 20.dan 30 daqiqa o'tganini ko'rsatib turardi. Zamonaviy qurilgan ixcham bekat kunduzdagidek yorug' va osuda. Shunda turar manzilimizni oldindan aniqlamaganimiz — mehmonxona tashvishi esga tushdi.

— E, shuyam muammomi? Ana, “taksi”lar turibdi qatorlashib. Bir og'iz aytsangiz, o'zlari olib borib, joylashtirib qo'yishadi, — kulimsirab yo'l ko'rsatdi temir yo'l xodimi.

O'ng qanotda qator turgan uchta “Damas”ga qarab yurdik.

— Mehmonjonlar, xush kelibsizlar! Sizlarni kutib o'tiribmiz-ku, — deya xursand­lik bilan mezbonligini namoyish qila ketdi o'zini Xayrullo deb tanishtirgan haydovchi yuklarimizni chaqqonlik bilan mashinasiga joylarkan. — Bizda mehmonxonalarning hamma xilidan bor. “Miravoy”iyam, mundog'rog'iyam. Lekin aytib qo'yay, mundog'roq deganim ham shahardagi zo'rlardan zo'r. Xo'sh, qaysisiga olib boray?

— O'rtacharog'iga.

— Yest!

“Damas” asfalt to'shalgan ilon izi tor yo'ldan quyiga enib ketdi.

Xayrullo nafaqat ochiq ko'ngil va so'zamol, balki qishlog'ini o'z uyidek sevuvchi, qishlog'i, hamqishloqlari bilan iftixor qiluvchi, bu manzilda bo'lgan va bo'layotgan barcha yangiliklardan boxabar vatanparvar, eng muhimi, bilimdon yigit ekan. Oilaviy mehmonxonaga borguncha bir dunyo yangiliklar bilan oshno qilib tashladi bizlarni.

— Qishlog'imiz dengiz sathidan 2500-2800 metr balandlikda joylashgan. Iqlimimiz mo''tadil, salqin havomiz pasttekistlik­lardan 12-15 daraja farq qiladi. Yozni jazirama kunlarida halovat qidirganlar uchun bunday oromijon muhitni topolmaysiz. Qamchiq dovoni orqali Farg'ona vodiysiga zamonaviy avtomobil va temir yo'l o'tganidan keyin Chodak butunlay o'zgarib ketdi. Qishlog'imiz haqiqiy “turistik zona”ga aylanib bor­yapti. Qaranglar, yo'lning ikki tomoni mehmonxonalarga to'la. Havo tashlaganda keldinglar, yozda bu yerdan joy topish amrimahol.

Yo'lboshlovchimiz ta'riflaganidek, “mundog'roq” deyilmish “Oilaviy mehmonxona” haqiqatan ham shaharning dongdor “xotel”laridan qolishmas ekan. Mehmonxonada   sayyohlar uchun zarur barcha sharoit mavjud: yo'l yoqalab qurilgan bir qavatli binolarning oldi gulzor, archazor. Archazor o'rtasida mahorat bilan yasalgan sharshara shovullab turibdi, bir tarafda qator chorpoyalar. Chorpoyalarning bittasida choylashib o'tirdik.

— Qishlog'imizni bekorga “O'zbekiston Shveysariyasi” deyishmaydi, — deydi mehmonxona egasi Muhammad aka. — Bu yaqin atrofda biznikidek tabiati go'zal, havosi musaffo bo'lgan go'sha kam. Shuning uchun dam oluvchilarning keti uzilmaydi. Avvallari bunaqa emasdi. Siz bilmaysiz, biz bilamiz, 2017 yilda qishlog'imizda “Ramz” degan bittagina mehmonxana bor edi. 2018 – 2021 yillar davomida   atrofdagilar bilan birga oltita mehmonxona qurib ishga tushirildi. Hozir Chodakda 430 ta mehmon uylari bor. “Chodak kichik turizm zonasi”ni tashkil qilish haqidagi qaror chiqqanidan keyin   boshlandi o'zgarish­larning hammasi. Shu hujjatga asosan   yo'llar, elektr energiya, gaz, ichimlik suvi, kanalizatsiya tarmoqlari, irrigatsiya ob'yektlari ta'mirlandi.

Muhammad aka ta'riflagan manzilga ertasi kuni bordik. Shveysariyada bo'lmaganmiz. Ammo bu yerga kelgan har qanday sayyoh chodakliklarning soddagina, kamtargina mehnatiga va ulardagi mehr-oqibatga tan beradi.

Dunyo kezishni kim ham yaxshi ko'rmaydi deysiz. Biroq, shu kungacha faqat ikki davlat — Turkiya va Misrda bo'ldim. O'sha yurtlarda ko'rganlarimga taqqoslab aytamanki, hammasidan avval o'z yurtingni, uning chiroyli joylarini ko'rishing kerak ekan. Mana, Chodak! Qaysi mamlakatda bor bunday suluv maskan?   Odamlari-chi? Ularning mehmondo'stligi, mehnatkashligi, tadbirkorligi, ishbilarmonligi… Dilshodxon To'raxo'jayev degan tadbirkor “Mini zoopark” ham tashkil etibdi. Unda hozircha sher, bo'ri, kenguru degan hayvonlar bor ekan. Tadbirkor   olib kelgan hayvonlarning “xorijlik”lari hozircha Chodak iqlimiga moslashtirilayotgan ekan. Dilshodxo'ja hudud   ko'rinishiga hamohang g'or ham tashkil qilibdi. Uning ishlarini dunyo tan olibdi. Uning nomi dunyo bo'yicha 484 nafar intellektual salohiyatli, qobiliyatli, qat'iyatli ishbilarmonlar ro'yxati tuzilgan “Oltin daftar”dan joy olibdi.

Chodakning baland cho'qqisida joylashgan “Mo''jiza sharsharasi” saylgohida bo'lganimizda yana bir tadbirkorning faoliyati bilan tanishdik.   Rahimxo'ja Hasanov uch o'g'li bilan barpo etgan mazkur saylgohga “Baxt yo'li — omad cho'qqisi” deb ataluvchi 173 ta zina bosib chiqiladi. Yuqorilab borarkansiz, tepalikda musiqiy maydon sizni qarshi oladi. Bu yerda yoshlar uchun “diskoteka”lar tashkil etiladi. Bir tog'dan ikkinchisiga o'tish uchun Kanat, ya'ni xalq tilidagi “Paqircha” xizmatingizga shay turadi. Bolalar “kachela”larda mazza qilib uchishadi. Qator qafaslarda turli uy va yovvoyi hayvonlar, ariqda o'rdaklar suzib yuribdi. Mutallixon Sultonov rahbarligidagi “Ko'lankazor” mas'uliyati cheklangan jamiyat ob'yektlari esa deyarli quyosh tushmaydigan qoyalar oralig'ida joylashgan. Qandig'ansoy ustida 60 metr balandlikda qurilgan 240 metr uzunlikdagi osmono'par va uning yonidagi shishasimon ko'prikdan ming hayajonsiz o'tib bo'lmaydi. Chunki bu yerdagi dor yo'li, turli attraksionlar katta-yu kichikka ayricha zavq bag'ishlaydi.

Chodak, misol uchun, Toshkent yoki Samarqanddek katta shahar emas. 2300 aholi istiqomat qiladigan 11 ta mahalladan iborat. Ammo shu kichkina manzilga 2023 yil mavsumida kuniga 7000, bir oyda 210 ming, jami ichki   turizm yo'nalishida 600 mingdan ortiq sayyoh tashrif buyuribdi.

Aytganimdek, qishloq katta bo'lmasa-da, uni bir-ikki kunda ko'rib chiqish mumkin emas. Chodakda bo'lgan kishi qishloqdagi karvonsaroylar, mehmonxonalar, kempinglar, oshxonayu restoranlar, savdo rastalari-yu qishki va yozgi cho'milish havzalari, avtomobillarga xizmat ko'rsatish shaxobchalari soni kundan-kun ko'payib, zamonaviylashib borayotganini har qadamda ko'rishi mumkin.

Biz ham kun bo'yi aylansak-da, “Chur-chur momo” ziyoratgohidagi buloqning shifobaxsh suvidan icholmadik. X asrga oid “Yusuf Boy Hamadoniy” maqbarasiga borolmadik, “Kelinchak tosh” obidasiga borishga ham vaqt yetmadi. Ammo Chodak — joy tag, ya'ni tog' tagida joylashgan qishloqqa qilgan safar hech qachon xotiradan chiqmaydigan suluv taassurotlarga limmo-lim bo'ldi. Xonadonlarda tayyorlangan suzma, qurut, qaymoq va chanqoqbosdi meva sharbatlarining ta'mi ham   og'izda qoldi.

Munira RAMAZONOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 1 =