Qiziltog' tabassumi

“Yurgan daryo, o'tirgan bo'yra” — degan maqol qadim-qadimdan xalqimiz tilidan tushmay keladi. Biz ham do'stlar bilan quyoshning zarrin nurlari hali borliqni batamom chulg'ab olmasidan qutlug' yo'lga otlandik. Qutlug' yo'lki, ona qishlog'im bo'lgan jannatmakon Parkent tomon, ko'ksida ulkan toshlar kurashdan so'ng beozorgina yonboshlab, hordiq chiqarayotgan polvonlar kabi yastanib yotgan Chotqol tog'lari tomon… Uzoqdan bizni o'ziga tinmay chorlayotgan, qishin-yozin boshdan oppoq qorli telpagini yechmaydigan eng baland Qizilnura cho'qqisi-yu, uning bag'ridan oqib kelib, uzumzoru bog'larni serob qilayotgan Boshqizilsoy va ko'ksida bahorlar gurkirayotgan Qiziltog' shaharchasi tomon… Darvoqe, tog'ning Qizilnura deb atalishi, rahmatli bobomning aytishlaricha, toshlarning rangi qip-qizil bo'lib, quyosh nurida jilvalanib yotishi va ayniqsa, oy yorug'ida o'zidan sirli qizil nur taratishi bilan bog'liqligida ekan. Yana “Qizilnura, Boshqizilsoy, Qiziltog' — Chotqolning qizil tomirlari”, — deya qo'shib qo'ygan edilar.
…Mashina tep-tekis, ravon yo'llardan suvdek harakatlanadi. Yo'l bo'yi nigohimni ajib bir fasohat bilan qurilgan inshootlar va uylardan, piyodalar yuradigan yo'laklar atrofiga bog'bon qo'li bilan ekilgan, ishkomlarga sochdek taralib qo'yilgan toklar, gurkirab atir taratib yotgan rayhonlardan uzolmayman. Xayolim beixtiyor bolalikka ketadi. Bobolarimiz, otalarimiz Toshkentdek shahri azimga goho piyoda, goho ulovda mashaqqat chekib kelib ketardilar. Oila boqish, besh-o'n so'm tuzu chiroq qilish uchun. Hozir esa bejirim avtoulovlarda yo'lning tanobi bir zumda tortiladi. Istagan manzilga vaqtida yetib borgan inson yana boshqa yumushlariga ham bemalol ulguradi.
Uzoqqa bormaylik, biz borayotgan Qiziltog' shaharchasiga olib keladigan avtobuslar faoliyati uzoq yillar mobaynida to'xtab qolgan, bunday holat esa aholi va sayyohlar uchun qiyinchilik va noqulayliklarning tug'ilishiga sabab bo'lib kelayotgan edi. Joriy yilning 15 aprel kunidan bu holatga barham berilib, Qiziltog' shaharchasi aholisiga qulay va sifatli transport xizmatlari ko'rsatishni tashkil etish uchun qator yo'nalishlarda avtobus qatnovlari yo'lga qo'yildi, Xususan, Qiziltog'-So'qoq-Changi-Parkent, Qiziltog'-Yangibozor-Toshkent hamda Qiziltog'-Yangibozor-Nurafshon yo'nalishidagi avtobus harakatlari faoliyati qayta tiklandi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev uzoq yillar deyarli e'tibordan chetda qolib kelayotgan Qiziltog' shaharchasining infratuzilmasini tubdan yaxshilash borasidagi sa'y-harakatlari tufayli hududda qisqa muddatda — 2022-2023 yillar mobaynida keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Angren shahridan Parkent tumani tarkibiga kiritilganiga endigina ikki yil bo'lgan Qiziltog' shaharchasining hayotida yangilanishlar boshlandi. “Chotqol” madaniyat markazining ochilish marosimida ishtirok etish uchun Qiziltog' shaharchasiga kelgan mehmonlar qadam-baqadam yurib, joylarda bo'lib, bunday o'zgarishlarni o'z ko'zi bilan ko'rib, qalblari faxr va iftixorga to'ldi.
Biz dastlab tanishgan inshootimiz qayta ta'mirlash ishlari olib borilgan 57-maktab va unda qurilgan zamonaviy sport maydonchasi bo'ldi. Chiroyli, yam-yashil o'tlar bilan qoplangan sport maydonchasida futbol o'ynayotgan bolalarning quvonchi bir olam. Mehmonlardan biri ularni ko'rib sekingina: “Bizning bolalik bilan bularning orasida yer bilan osmoncha farq bor. Qaniydi, hozir men ham ularning yoshida bo'lib qolsam!”, — deb o'ylanib qoldi. Kim biladi, o'sha payt ularning xayolidan nimalar kechdi ekan?! Bolalarning oldidan Qiziltog' shifoxonasi tomon burilar ekanmiz, ularning qorachig'idagi quyosh qalblarimizga ko'chgandek bo'ldi. Qiziltog' shifoxonasi uzoq yillar o'zi shifoga muhtoj bo'lib yotgan. Bugunga kelib u ko'z o'ngimizda moddiy-texnika bazasi mustahkamlangan, o'n to'qqiz turdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan holda aholi xizmatiga shay turibdi. Avvallari odamlar og'ir bemor bo'lib qolgan vaziyatda tunlari bitta bo'lsa ham ko'rib qo'yadigan shifokorga muhtoj bo'lishgan. Bugun esa mazkur shifoxonada tunu kun faoliyat olib boradigan 5,25 shtat birligida shifokorlik o'rni ajratilib, aholiga tez tibbiy yordam ko'rsatish uchun bitta “Folksvagen” avtomobili xarid qilingan. Ayni paytda shifoxonada 5 nafar malakali shifokor ishga qabul qilinib, tunu kun faoliyat olib bormoqda. Kasalxonada UZI apparatlaridan tortib, zarur bo'lgan hamma imkoniyat bor.
Shu o'rinda bolaligimdagi bir voqea yodimga tushadi. To'qqizinchi sinf o'quvchisiman. Uyda onam va mendan boshqa hech kim yo'q edi. Dardini yashirib, kuymalanib yurgan onaizorim to'satdan tobi qochib, hushdan ketib qoldilar. Yarim tun. Mahallada na telefon, na yaqin atrofda kasalxona bor. Onam o'lib qolmasin, deb yig'layman, zir-zir titrayman. Aksiga olib, osmonda yulduzlar ham yo'q. Jon holatda Parkent markazidagi kasalxonaga yo'l oldim. Qahraton qish. Yo'llar muzlab qolgan. Zimistonda turtinaman, sirpanib ketaman. Meni sezib qolib, uzoqdan bir gala itlar vovullashib chopib kelishdi. “Endi o'ldim, itlar meni g'ajib tashlaydi”, — deb o'yladim. Yuragim qo'rquvdan urmayotganga o'xshardi. Itlar yugurib kelib, meni bir hidlashdi-yu, yana orqaga qaytib ketishdi. Markazga tushib, uxlab yotgan navbatchi shifokorni olib kelgunimcha, ikki soatdan ziyod vaqt o'tgan, uyga kirganimizda, onam hamon og'ir ahvolda yotar, oyoq-qo'llari muzlab qolgan edi. Uzoq muolajadan so'ng onam ko'zlarini ochdi. Bu paytda tong ham yorishgan, men esa bola yuragim bilan ming kechaning iztirobini tortgan edim. Shifokorni kuzatdim-u, onamning oyoqlarini quchoqlab, quyosh chiqquncha onamning umrini so'rab Yaratganga tavallolar qildim… Bu, albatta, uzoq o'tmishning lip etib xotirada jonlangan oniy suvrati, xolos. Bugun esa mamlakat miqyosida tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan yorug' islohotlar inson salomatligi va baxtu saodati uchun yo'naltirilgandir.
Bemor tashxisi uchun tashkil qilingan, yangi tibbiy uskunalar bilan ta'minlangan laboratoriyalarda oppoq liboslarda o'tirib, qon tahlillarini amalga oshirayotgan o'ktam ayollarimizni ko'rib, dildan quvonaman. Xalqimizda “Holva degan bilan og'iz chuchimaydi”, — degan naql bor. Qiziltog'dagi o'zgarishlar bir kunning hosilasi emas. Dastlab bu yerga davlatimiz rahbarining topshirig'ini bajarish maqsadida kelgan Bosh vazir Abdulla Aripov va viloyat hokimi Zoyir Mirzayev, viloyat miqyosidagi mutasaddilar bilan hududni o'rganar ekan, aholining turmushini yaxshilash, munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida ijtimoiy va ishlab chiqarish sohalariga jami 267 mlrd. 512 mln so'm ajratilganini aytishimiz joiz.
Mazkur hududda 2022-2023 yillarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini rivojlantirish uchun 48 mlrd. 200 mln so'm mablag'lar yo'naltirilibdi.
Davlatimiz va hukumatimizning aynan Qiziltog' shaharchasiga bo'lgan alohida e'tibori tufayli yo'naltirilgan infratuzilmaviy investitsiyalar hisobidan yettita ijtimoiy soha ob'yekti, jumladan, 56-maktab to'liq rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, O'zbekiston futbol assotsiatsiyasiga qarashli “Futbol” sport o'yingohi qayta ta'mirlandi. Mazkur o'yingohning yotoqxona binosi esa qurib foydalanishga topshirildi.
“Mana bu maktabning old tomoni, sizlar orqa tarafdan ko'rdinglar”, — dedi mezbonlardan biri hayajonlanib. Hammamiz baravariga sutdek oppoq rangda salobat bilan bizlarni qarshilayotgandek turgan go'zal maskanga qaraymiz. Bunday maktablarning qutlug' ostonalaridan har kuni minglab qorako'z bolajonlar kirib kelishadi. Ularning fikratini, umidini, yorug' orzularini maktab o'stiradi, maktab tarbiyalaydi. Ayni shu damda ko'z o'ngimdan mamlakatimiz bolalari o'tadi. Ular bizning kelajagimiz, ko'zlarimizning nuri, millatimizning g'ururi, xalqimizning suyangan tog'lari, kelajagimiz bayroqdorlari. Ular Uchinchi Renessansning baxtli bolalari. Ular go'yo bizga qarab:
Ey, Vatan, biz ko'zing qarog'idirmiz,
Ajdodlar yondirgan chirog'idirmiz.
Turkiston tog'larin ko'ksidan oqqan,
Mangu tinim bilmas bulog'idirmiz.
Ey, Vatan! Sen ozod!
Sen obod! Sen shod!
Ko'ksingda ulg'ayar navqiron avlod,
— deyayotgandek…
Qiziltog' shaharchasida 55-maktabning kanalizatsiya tizimi ham qayta ta'mirlanib, elektron doskalar bilan jihozlangan. Oydin mahallasida esa bitta vorkaut va stritbol, Said ota mahallasida esa bitta universal sport maydoni qurib bitkazilgan.
So'ngra biz ikki chekkasida sadarayhonlar qulf urib yotgan chinnidek toza yo'laklardan yurib, Parkent tumani favqulodda vaziyatlar bo'limiga qarashli Qiziltog' shaharchasida 4-yong'in qutqaruv qismiga yaqinlashdik. Har qanday holatga jangovar shay bo'lib turgan yigitlar bizni juda samimiy qarshilashdi. Xonalarni, o't o'chiruvchilar hordiq chiqaradigan, navbatchilik qiladigan joylarni, tubdan ta'mirlanib, zamonaviy qiyofaga kirgan binoga qo'shimcha qurilgan binoni, ajratilgan bitta o't o'chirish avtotransport vositasini ko'rib ko'nglimiz xotirjam tortadi.
Navbatdagi bizni kulib qarshilagan joy “Hilale textile” korxonasi bo'ldi. Shanba kuni bo'lgani uchun korxona ishchilari hordiq chiqarayotgan ekan. Kiyim-kechak tayyorlaydigan korxona mahsulotlari 100 foiz xorijga eksport qilinadi. 500 ga yaqin ishchilarga yaratilgan shart-sharoitlar, ularga o'z vaqtida to'lanadigan oylik maoshlar miqdori haqida batafsil eshitarkanmiz, xotin-qizlarimiz uchun bunday qulay ish o'rinlari yaratilayotganidan, korxonaga olib kelish uchun avtobuslar tashkil etilganligidan ularning mamnunligi bugungi kunimizning qiyofasini belgilab turibdi. Korxona chevarlarining qo'lidan chiqqan kiyim-kechak mahsulotlarini ko'rib ko'zingiz quvonadi: jajji bolajonlar, katta yoshdagi xaridorlar uchun mohirlik bilan tikilgan liboslar qatida o'zbek ayolining sehrli barmoqlari tafti sezilib turibdi. Kiyim-kechaklar shartnoma bo'yicha Rossiya hukumatiga yuborilar ekan. “Talab katta, — dedi korxona rahbari uyum-uyum tayyor mahsulotlarni ko'rsatar ekan, — mehnatimizga berilayotgan baho bu”.
Hududdagi zamonaviy ko'rinishga keltirilgan istirohat bog'i qiziltog'liklarning sevimli dam olish maskaniga aylangan. Shuningdek, 23 ta ko'p qavatli uy-joylarning fasad qismi, 9 ta uyning tom qismi, 92 ta kirish yo'laklari ta'mirlanganligi, ikkita bolalar maydonchasi barpo etilishi aholining ko'nglidagi ish bo'ldi.
Agar biz Qiziltog'da yuz bergan o'zgarishlar ko'lamini raqamlar misolida ko'radigan bo'lsak, ikki yilda shaharchaning infratuzilma ob'yektlarini yaxshilash uchun esa jami 22,5 mlrd. so'm mablag' sarflandi. Jumladan, 7 km. umumfoydalanuvdagi, 14,2 km. ichki yo'llarda ta'mirlash, 4,8 km. piyodalar yo'laklarini qurish, 7,2 km. oqova suv lotoklari va bordyurlar o'rnatildi. Shuningdek, 10,2 km. ichimlik suv tarmoqlari tortilib, 8 ta suv inshooti ta'mirlanib, 15 ta suv nasosi yangisiga almashtirildi. Shu bilan birgalikda 200 dan ortiq eskirgan simyog'och yangilanib, 8 km. uzunlikdagi elektr tarmoqlari SIP kabellarga almashtirilgan.
O'rni kelganda shuni ta'kidlash joizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Qiziltog' shaharchasidagi bunyodkorliklar kelgusi 2024-2025 yillarda ham davom ettirilib, uning infratuzilma ob'yektlarini ta'mirlash uchun 207 mlrd. so'm mablag' ajratilishi rejalashtirilgan.
Nihoyat, “Chotqol” madaniyat markaziga yaqinlashib, quyosh nurlarida kumushdek yarqirab, musiqa sadolari ostida samoga intilayotgan favvora va uning atrofida yig'ilgan odamlarni ko'rib, ulkan sayilgohga kirib qolgandek his qildik o'zimizni. Odam zichligidan tanga tashlasangiz yerga tushmaydi. Toshkent viloyatining sira tinib-tinchimas, fidoyi hokimi Zoyir Mirzayev, Respublika madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Hamza nomidagi O'zbek Milliy akademik drama teatri direktori, xalq sevgan san'atkor Yodgor Sa'diyev, tabarruk mehnat faxriylari… Toshkent viloyatining bir qator boshqarmalari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlaridan iborat mehmonlar… Onalarining qo'llarida qiyqirayotgan bolajonlar… Yonoqlari naqsh olmadek tog' qizlari… Bular bari ko'zim qarog'iga muhrlangan suvratlar, Vatan suvratlari…
“Chotqol” madaniyat markazi binosini ta'mirlashda respublikamizning turli viloyatlaridan kelgan qo'li gul ustalar mehnat qilishgan. “Falon yillari markazning ahvoliga maymunlar yig'lardi. Bino vayrona ahvolga kelib qolgan edi. Hatto “Ilhaq” filmi ham shu yerda olingan edi”, — dedi shu yerlik yurtdoshlarimizdan biri. Endi esa talab darajasida qayta ta'mirlanib, zamonaviy cholg'u asboblari bilan jihozlangan “Chotqol” madaniyat markazi o'ziga xos viqor bilan mehmonlarni kutib olayapti. Hashami bilan ko'zlarni quvontirayapti. Markazning tantanali ochilish marosimida so'zga chiqqan Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Qiziltog' shaharchasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi tufayli zamonaviy qiyofaga kirayotgani, hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorliklar kelgusida ham davom ettirilishi haqida to'xtalib, mamlakat miqyosida amalga oshirilayotgan buyuk o'zgarishlar zamirida xalq baxt-saodati yotganligini alohida ta'kidladi. Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov esa o'z so'zida “Chotqol” madaniyat markazi uchun tez kunda yangi avtomobil berishni va'da qildi.
Ochilish marosimi… Lentalar qirqilib, mahobatli markaz eshiklari ohista ochiladi. Shiftdagi billur qandillar shu'lasi ko'zni qamashtiradi. “Buncha chiroyli bu qandillar?!” Savolimizga, to'g'rirog'i, ko'nglimizdan kechgan bu o'yga viloyat hokimi Zoyir Mirzayev javob qiladilar: “O'zimizda, viloyatda ishlab chiqarilgan…”
Zalga kirib, chiroyli, mustahkam o'rinlarga o'tiramiz. O'zimizni bir nafas muxlislar, deb tasavvur qilamiz. Sahna bezaklari, naqshinkor ustunlar. Milliy kolorit va nafis ranglar ko'zni charchatmaydi va qalbga sokinlik baxsh etadi.
Zoyir Mirzayev bizni ikkinchi qavatga boshlaydi: bo'lajak maqomchilarimiz! Xonada o'tirgan sakkiz chog'liq qorako'z bolalar ustozi rahbarligida bizni ulug' Navoiy g'azallari bilan aytiladigan navolar bilan kutib oladi. Jismu jonim titroqqa tushadi:
Ey, Navoiy, ishq agar ko'nglingni
majruh etmadi,
Bas, nedinkim qon kelur,
ohzingdan afg'on aylagach…
Bu jonbaxsh navolar dunyoga endi yuz tutayotgan, tog'lar ko'ksidan sharqirab otilgan buloq kabi sof qalblar tubidan bizning yuraklarga oqib kiradi. Biz salkam olti asrlik VAQT hukmronligini unutamiz. Ona tilimiz qudrati va jozibasini takror va takror his etamiz. Va bugunimizga shukur qilamiz…
Parilardek go'zal dutorchi qizlar, jajji barmoqlari bilan munchoqdan mo''jiza yasab, munchoqdek qora ko'zlarini yerdan olmay, tortinib turgan kelajak qirolichalari… Barchasining botini va zohirida shu ulug' mamlakat va millat yuragi gursillab urib turibdi.
“Opa, — dedi viloyat ma'naviyatining sarkori, dilbar singlimiz Sayyoraxon Fayziyeva, — bularni ta'riflashga so'z ham ojiz-a!?”
Chindan ham ba'zan hayratlar suvratini chizishga so'z ojizlik qiladi. Samoga qarayman: unda quyoshga qarab uchayotgan burgutlarga ko'zim tushadi. Burgut mag'rur qush. U cho'qqidan o'zgasini o'ziga makon qilmaydi. Bizning xalqimiz ham. Asrlar shiddatini, g'animlar iddaosi va zulmini kunpayakun qilib, bugun dunyoni hayratga solayotganining o'zi mo''jiza emasmi? Quloqlarim ostida Prezidentimizning: “Xalqimizning ulug'vor qudrati jo'sh urgan hozirgi zamonda O'zbekistonda yangi bir uyg'onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat bo'ladi. Chunki bugungi O'zbekiston – kechagi O'zbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas”, — degan so'zlari jaranglab ketadi. Qaytish uchun yo'lga otlanar ekanmiz, Chotqol tog'lariga qarayman. Uzoqdan Qizilnura cho'qqisi shu'lalanib turadi. Qiziltog' esa tabassum qiladi.
Sharifa SALIMOVA.