Ming otni kishnatgan shahar

TURIZM BULOQLARI KO'Z OChDI

 Har gal ko'nglimdan jonajon O'zbekistonga bog'liq tuyg'u aylandi deguncha,  kindik qonim tomgan elatimni bir karra yodga olaman. Faqir e'zozlab, hamisha sog'inib yashagan, mening qo'limga qalam tutib, ilhom bulog'ining qaynashiga turtki bergan go'sha. Shu asnoda dilbar Vatanimdagi, aniqrog'i, otamakon Xatirchimdagi har bir giyoh, har bir tosh, poyimizda yaltirab yotgan yo'llar, ko'rkam go'shalar, arratish cho'qqilar, xayoldagi aziz manzillar tiklandi. Ahyon-ahyonda ufqqa termilib, quyoshning daraxtlar, tog'lar ortiga botishini tomosha qilish jonu dilim. Qorong'ilik pardasi tortilganda chigirtkalarning chirillashi, suv baqalarining ajib xonishlarini tinglab dala kezishdan  ko'ra zavqli yumush yo'qday tuyuladi.  Qolaversa, Xatirchi, Nurota, Navbahor, Parkent, Bo'stonliq, Xonobod, Shohimardon, Kitob, Dehqonobod, Qamashi, Boysun, Sariosiyo, Uzun singari manzillardan cheksiz ilhomlanaman va shu ruhni asarlarimda ifodalash payida bo'lganman.

 Tuprog'ing zar,

 Toshing gavhar,

           degan ham bor.

 Yagonasan,

 Jonajonsan,

            degan ham bor.

 

* * *

 Mehrigiyo,

 Qanday zebo,

Bebahosan,

 To'tiyosan,

           degan ham ko'p.

Birov undoq,

 Birov bundoq to'qir maqtov.

Undog'ammas,

   Bundog'ammas, aziz va dov.

Ko'lu tog'lik,

            Bog'u rog'lik o'zbek elim.

Momo yurti,

Bobo yurti, chambil belim.

 

       Zaru gavhar — yaltiroq tosh,

              nedir olmos.

     Sen biz uchun ham non, ham osh,

                     mangu  meros.

Avlodlarga meros tuproq,

       oltin beshik.

Kelsa qardosh, kelsa qo'noq

           lang'irt eshik.

Tiriklikda diyorimsan,

              bol va oq sut.

O'lsam agar mozorimsan,

      ey, Ona Yurt!

Darhaqiqat, O'zbekiston xalq shoiri Mirtemir o'zining “Ona yurt” nomli she'rida go'zal tashbehlardan o'rnida foydalangan.

…Oppoq parqut bulutlarga sanchilgan karch-karch cho'qqilarda olmosday yarqirayotgan qor parchalari ko'zni qamashtiradi. Tezyurar “Afrosiyob” poezdi oynasidan lip-lip o'tayotgan salobatli imoratlar, bir-biriga  mingashib ketgan, uzzukun mo'risidan pag'a-pag'a tutun ko'kka o'rlaydigan  tuproq tomli son-sanoqsiz uylar, samovash bog'larga ko'z tikib borayotib, “Xo'b ajoyib yurtimiz bor, yarmi jannat, yarmi bog'” degan Turob To'laning ajoyib satrlari tuyqus xayolimni opqochadi. Ayniqsa, turistlarni bahor paytlari boya aytgan tomlar tepasida alvon lolaqizg'aldoqlar, chuchmomalar, saf tortgan gulsafsarlar va ayrimlarining xonadonida, tomida hatto lolalar ham ochilishi lolu hayron qoldirmasdan qolmaydi. Zotan, sayyohlar daraxtlar o'sgan o'rmonlarni, bulutlar to'sh urgan qorli cho'qqilarni, yashillikka ko'milgan bog'u chorbog'larni, moviy ko'llarni, qushlar podshosi sanalgan burgutning qiyqirig'ini, takrorlanmas manzaralarni  judayam yoqtiradilar. Ular ana shunday ajoyib manzaralarni ko'rish, tuyish uchun uzoq manzillardan keladilar.

Bu gaplarni nima uchun yozmoqdaman? Gap shundaki, hozir zamonamiz yaxshi tomonga o'zgarib, o'nglanib ketgan. Yurt manzillari  beqiyos o'zgarishlar og'ushida yashamoqda. Yo'llar esa sizni munavvar manzillarga, charog'bon bog'u rog'larga, qir-adirlarga yetaklab boradi. Va shu asnoda yo'llar shohista qo'shiqlari bilan sayyohlar qalbini sohir xayollarga chulg'aydi, sumanbar sevinch gullariga ko'maverishiga chin dildan ishondim.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 16-20 oktyabr kunlari Samarqand shahrida o'tkazilgan Butunjahon Turizm tashkiloti Bosh Assambleyasi 25-sessiyasida Turizm tarmog'ini isloh qilishda O'zbekistonning strategik hamkoriga aylangan YuNVTO bilan birgalikda misli ko'rilmagan  yuksak darajaga erishganligini mamnuniyat bilan qayd etishining o'ziyoq yana bir xazina — turizm buloqlarining ko'zlarini ochib yuborganligining o'zi ko'ngilni munavvar etadi. Negaki, O'zbekyurt deb ulug'lanadigan bu qutlug' makonda minglab bir-biridan maftunkor, so'lim manzil-makonlar mavjudligi azal-azaldan mag'ribu mashriqqa ayon-ku! Ahamiyatlisi, so'nggi yillar badalida Butunjahon turizm tashkiloti yangi O'zbekistonning  sayyohlik salohiyatini to'la  ro'yobga chiqarishda ishonchli va uzoq muddatli strategik hamkorga aylandi. Qolaversa, mamlakatimizda YuNVTO Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasi o'tkazilishi, uning doirasida Samarqand shahrida Xalqaro turizm akademiyasi va “Ipak yo'li” tematik ofisining ochilishi, salkam yuzta mamlakat fuqarolari uchun O'zbekistonga vizasiz kirish tizimining qo'llanilishi, tag'in 55 ta davlat fuqarolari uchun elektron viza tizimi tartibining soddalashtirilishi, sayyohlikning barcha turlarini yuritish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, ezgu niyatli kishilar tiynatida uyg'onish, shohona shijoat, g'urur, iftixor hislarini jo'sh urdirdi. Quvonchlisi, O'zbekiston Butunjahon turizm tashkilotining “eng tez rivojlanayotgan turizm mas­kanlari” ro'yxatida, shuningdek, mashhur “Gellap” ijtimoiy tarmoq markazining “Sayyohlar uchun eng xavfsiz davlat” reytingida yuqori o'rinlarni band etib kelmoqda. Jannatmakon o'lkamizning barcha puchmoqlarida ta'rifi, tavsifiga qalam ojizlik qiladigan ishlarga bel bog'landi. Ehhe, aytib ado qilib bo'lmaydi. Bunday ezgu amallarni quyida, azal-azaldan tog'u toshlar orasidan sizib chiqayotgan sarkash  chashmalaru, susambil buloqlar saltanati, deya e'tirof etiladigan yurtimizning ajoyib go'shalaridan biri haqidagi esseni e'tiboringizga havola etmoqchimiz.

YuLDUZLAR ChAMANI

Tun. Tashqari qop-qorong'i, zim-ziyo. Ahyon-ahyonda u yoqdan bu yoqqa pirillab uchgan qushlarning vahimali ovozi eshitiladi. Ular qaergadir oshiqardilar.  Barkashdek oy nurlari xiralashib, ufqqa yonboshlashga hozirlik ko'ra boshladi. Unda-munda yaltillab, shu'la sochayotgan sitoralar xuddi oltin zarralari kabi jimirlardi. Bora-bora ko'k gumbazidagi yulduzlar chamani sekin-asta so'ndi. Buni qarang, ayni shu chog'da daryo sohiliga yaqin joydagi cho'pon qo'shida hamon chiroqlar miltillab yonib turardi. Cho'pon ikki nafar cho'lig'i bilan suruvni qo'tondan haydab chiqarayotir. Uzun bo'yli, gavdasi miqti cho'pon tamakidan olib, gugurt chaqdi. O't olgan sigaretani yutoqib tutatdi. Tuzukkina tutun yutganidan so'ng, olis-olislarda, daryo sohillarida xuddi qal'alardek bo'lib, qorayib yotgan obidalar tomonga tikilib qoldi. Xayolini suruvning boshini qay tomonga buramiz, degan yordamchisining jarangdor ovozi bo'lib yubordi. “Qal'adan naridagi daryo sohiliga”, — dedi arang. Zum o'tmay  atrofni qo'y-qo'zilarning ma'rashi, bo'ribosar itlarning uzun-qisqa vovullashi tutib ketdi. Negadir havodan ko'klam giyohlarining muattar hidi kelardi. Cho'pon sharqda ancha mashhur bo'lgan quyidagi she'rni baralla kuylab yubordi:

Samarqand sayqali ro'yi zamin ast,

Buxoro quvvati islomi din ast.

Hazorasp qal'ai qadiymu mahkam,

Xiva firdavsi rabbil olamin ast.

Bundoq o'ylab qarasa, ushbu she'rda Samarqand, Buxoro, Xiva kabi dovrug'i yetti iqlimga ketgan shaharlar qatorida Hazorasp qal'asi ham madh etilgan edi. Bundan cho'ponning ko'ngli ko'tarildi. Suruv boshini oltinchi, yettinchi asrlarda barpo etilgan Hazorasp qal'asining qorayib yotgan qoldiqlari tomon burdi. Qo'ylar oldidan chiqqan barra o'tlarni yamlamay yutardilar.

Hademay quyosh bo'y ko'rsatdi. Atrof uning zarrin nurlari bilan chulg'andi. Bu vaqt do's­tim Matniyoz bilan aynan shu joyga yetib bordik. Ulkan qoyalarday qorayib, bir joyda qaqqayib turgan qal'a devorlari allaqachon afsonaviy tusda jimirlardi. Qadimiy Hazoraspning boshkenti bo'lgan obidalar qo'l uzatsa yetgudek bo'lib mavjlanardi. Ta'rifi kitoblarda bot-bot keltirilgan Amudaryo ana shu yerdan oqib o'tadi. Yellar esib turar, ular daryo tomondan salqin havoni oldiga solganicha haydab kelardi.

Matniyoz hamda kamina bu ajib manzarani ko'rib, hayratdan ertak tinglayotganday qal'alar oldidan ko'z uzmay qoldik. Cho'pon bizni yerda yotgan kattagina tosh ustiga o'tirishga taklif etdi. O'zi ham yassirog'iga cho'kkanicha, odaticha gazeta qog'oziga tamaki o'ray boshladi. Maxorkani tutatgach, hamon hayajonu havaslarini bosolmasdan men va hamrohimni chor-at­rofga alanglayotganimizni bilib, so'z qota bosh­ladi.

— Mana qarang, Xorazm davlatining nufuzli qal'alaridan hisoblangan tarixi IV-VIII asrlarga borib taqaladigan Hazorasp obidasi deyarli uch ming yildan buyon insoniyat diqqatini o'ziga tortib, jalb etib keladi, — deya so'z qotdi cho'pon. So'ngra ko'rsatkich barmog'ini qal'a vayronalari orasida chor-atrofga sochilib yotgan tosh parchalariga tikdi. — Buni qarang, Buyuk ipak yo'lidagi karvonsaroylar: “Sartarosh”, “Eshon obod”,  “Dosh qal'a”, “Duldul otlangan”, “Kaporos”, “Elxaros” ham aynan shu Hazorasp yaqinida joylashganligiga nima deysiz? Mazkur karvonsaroylar kanda qilmasdan boj-xiroj to'lashgan qal'a boshliqlariga so'zsiz bo'ysunishgan. Men aytayotgan bu voqealar hozir biz antik davr deb ataydigan paytga to'g'ri keladi.

Cho'pon bu so'zlarni ayta turib, shishadek tiniq osmonga bir qur qarab qo'ydi. So'ng sirli ertak so'zlayotgandek gapini qolgan joyidan davom ettirdi:

— Tarixiy manbalar hamda qadimshunos olimlar olib borgan uzoq yillik arxeologik tadqiqotlarga asoslanib aytadigan bo'lsak, sizu biz turgan mazkur Hazorasp qal'asi — eramizning to'rtinchi, o'n birinchi, o'n sakkizinchi, o'n to'qqizinchi asrlarida ma'lum bir davr Xorazmshohlar davlatining boshkenti bo'lgan ekan. Shuning o'ziyoq bu maskanning nufuzi naqadar baland bo'lganligini ko'rsatadi. Fikrimni birgina  mana bu misol ham to'liq isbot etadi. Xorazmshoh Alovuddin Otsiz, Isfandiyor ibn Arab Muhammadxon, Abdulg'oziy va Rahim Qulixonlar hukmronlik davrida bu shahar poytaxt sifatida, savdo-sotiq, ilm-fan rivojlanishi  asnosida chor-atrofga tanilgan. Ilm ahliga jiddiy e'tibor qaratilganligi tufayli bu manzilda Abdurashid Votvot, Minglisuluv xonim, Javhariy, Sakkokiy, Husayn Xorazmiy, Odina Muhammad Xorazmiy, Ja'far Hazoraspiy, Masharifjon Pir, Shayx Nuriddin, Xayoliy, Umidiy, Pahlavon Mahmud kabi buyuk siymolar o'z iste'dod va qobiliyatlarini to'la namoyish eta olganlar. Ular shoir, olim, me'mor, tabib sifatida o'zlaridan ko'plab shogirdlar qoldirishgan.

Men qal'a qoldiqlariga qarab qoldim. Miloddan avvalgi sakkizinchi, yettinchi asrlarga tegishli bo'lgan qal'a qoldiqlari, o'n sakkizinchi asrda barpo etilgan Juma masjidi menda ne-ne bosqin va taloto'plarning tirik guvohidek taassurot qoldiradi. Ushbu me'moriy va tarixiy yodgorliklarni ko'rgan talabgorlar, o'tmishga bor bo'yicha sayohat uyushtirganday bo'ladi.

G'AROYIB DIYoR

Hayal o'tmasdan quyosh nayza bo'yi tik ko'tarildi. U zarrin nurlarini hamma yoqqa bab-barobar yoyib, otash purkay boshladi. Ulkan Amu sohilidan to xiyla masofaga qadar yastanib yotgan Hazorasp qal'asi qoldiqlari qo'nim topgan joy ancha-muncha salqin. Yoqimli, dilga xush yoquvchi sabo, daryo uzra ikki-uch bor charx urar, namxush havoni purkardi. Biz bu vaqtda hamrohlarimiz bilan Hazorasp degani nima, qandoq ma'noni anglatadi, degan masala ustida tinmay bahslashardik. Mavzu doirasi g'oyat darajada qamrovsiz edi.

Aslida “Hazorasp” (Hazorasb) qadimiy fors tilida “Ming ot” (Hazor — ming, asp — ot) yoki “Ming otliqlar diyori” — Ming otli qal'a ma'nosini beradi. Buni qarang, ushbu atamaning kelib chiqishi to'g'risida talaygina olim va qadimshunoslar astoydil bosh qotirishgan ekan. Bundayin fidoyi va jonkuyarlar safiga Tabariy, Istahariy, Yoqut, Xondamir va Mirxond,  Abulg'oziy, Munis, Ogahiy, Ya.G'ulomov, S.Tolstov, F.Abdullayev, H.Vamberi, O.Madrahimovlarni bemalol qo'shsa bo'ladi. Ular Hazorasp atamasining kelib chiqishini ilmiy va mantiqiy tarzda asoslab berishga harakat qilganlar.

Xalqimizning otga mehr-muhabbati, munosabati o'zgacha. Binobarin, har bir xonadon bo'lsinki, imkoni bo'lsa ot parvarishlasam, deydi. Ular otga baraka, boylik timsoli deb ham qaraydilar. Shu ma'noda Hazorasp qal'asida ot parvarishlab kelingan. Afsonada aytilishiga qaraganda, aynan Hazorasp qal'asida Sulaymon qal'a barpo etilgan ekan. Shu-shu mazkur obida el orasida Sulaymon qurgan qal'a nomi bilan mashhur bo'lgan. Bosh­­qa bir rivoyatda esa Hazorasp — band, ya'ni ming ot jilovlangan joy deb ham taxmin qilingan. Qal'a joylashgan manzilga qarab turib, avlod-ajdodlarimiz bejizga bu nomni bermagan ekan degan o'y keldi ko'nglimga. U bilgichlar taxmin qilgan barcha taxminlarga to'la mos tushar ekan.

OLOVXONA

Ajdodlarimiz ma'lum bir vaqt olovga, ya'ni o'tga sig'inib kelganlar. Shu vajdan ular olovni muqaddas deb bilganlar. Kelin-kuyovni o't atrofida aylantirish marosimi ana o'sha zamonlardan qolgan. Olov bilan bog'liq ishonch­­li ma'lumotlar “Avesto”dan munosib joy olgan. Shu ma'noda, Hazorasp qal'asini “Avesto” aqidalariga tayangan holda, ya'ni muqaddas va sirli olov manzilgohi — Hazorasp — “Asturospand — azarasp — Hazorasp” zardushtiylik e'tiqodiga uzviy bog'lashadi. Ayniqsa, bu borada tarixshunos olim Mirsodiq Ishoqovning izlanishlari,  tortiq etgan dalillari diqqatga loyiqdir. U zardushtiylik e'tiqodi to'la-to'kis shakllanmasdan burun ham ilohiy ma'vo — Havor sharafiga muqaddas olov yoqilgan manzil bo'lgani ehtimolini olg'a suradi. Bu jarayonda olim tabarruk qo'l­yozma  “Avesto”da tilga olib o'tilgan atamalar, aqidalar, afsonalarga hamda 1996-2004 yillarda o'tkazilgan xalqaro ilmiy arxeologik ekspeditsiya xulosalarini ishonchli, tish-tirnoqli dalil sifatida ko'rsatadi. Xullas, tinib-tinchimas, o'tmish sirlarini ochishga astoydil bel bog'lagan olim “Hazorasp” atamasining birinchi qismi fonetek tuzilishi hazor emas, balki hozar “Avesto” tilidagi atar — “o't olov” ma'nosini, “aspa-asp” “muqaddas”, “ilohiy” degan ma'noni beradi degan qat'iy xulosaga keladi. Shunday qilib, Hazorasp — Ibodat — olovxona manzili — “Otashgoh” degan ma'noni anglatar ekan.

Tag'in bir ishonchli dalil. Zardushtiy ajdodlarimiz yer ostidan chiqib turgan olov qoldiqlarini muqaddas bilib, Mang'it tumani hududida (hozirda bu joy Amudaryo tumaniga qarashli) Chilpiq tepaligida balandligi o'n sakkiz, yigirma metr bo'lgan devorli, aylanasimon qal'a barpo etganlar. Bu bilan o'zlarining olovga naqadar mehrli ekanligini ko'rsatganlar. Hazorasp tumanidagi (hozirgi Uch o'choq)  qal'aga Sarimoy deb nom berilgan. Bu manzil Chilpiqdan bor-yo'g'i ikki yuz chaqirim  olisdagi masofada joylashgan. Qizig'i, bu joyda (Uch o'choqda) uzzukun sharqdan osmonga olov purkalgan. Xuddi badjahl o't purkovchi ulkan ajdarho singari. Buyuk ajdodimiz Abu Rayhon Beruniy ham o'z asarlarida bu manzillar haqida atroflicha to'xtalib o'tishni lozim topganlar. Xullas, nima bo'lganda ham, Hazorasp qal'asi bizning bebaho boyligimiz, madaniy yodgorligimiz bo'lib qolaveradi. Unga tikilgan sayyohlar, go'yoki tarixga tushib qolganday sezadi.

TEPADAGI SOQChI

Hazorasp qal'asi tepasidan uzoq-uzoqlardagi bog'-rog'lar, yaylovlar yaqqol ko'zga tashlanardi. Tepadan uzzukun soqchi arimas, ular qal'ani sergak turib qo'riqlar edilar. Olisdan qorasi ko'ringan har qanday odamga ham to u yaqiniga yo'lamaguniga qadar shubha-gumon bilan qarashdan sira erinmasdi. Qal'a boshlig'i har bir soqchiga “Mamlakat boshiga keladigan falokatni faqatgina sizga o'xshagan barvasta, jasur, yuragida o'ti bor yigitlargina oldindan bilishga qodir” deb soqchilar qulog'iga qo'rg'oshindek quygandi. Yigitlarni vaqti-vaqti bilan taqdirlab turar edi. Sababi, qo'rg'on ichida g'alla, suv va boshqa ozuqalar serob bo'lardi. Har ehtimolga qarshi qo'y va mollarni so'yib, tuzlab, islab olishgandi. Bordi-yu, dushman bostirib kelib, qal'a qamalda qoladigan bo'lsa, to'plangan o'sha zahira jonga oro kiradi, deb ana shu ishga qo'l urilgandi. Har holda, o'zimizga pishiq bo'lsak, qiyin va murakkab pallada hech narsaga zoriqmaymiz, deb o'ylar edi qal'a boshliqlari.

Qal'aning baland qismida turgan soqchi o'rniga yangisi kelib joyni band etdi. Himoyachi beg'amlikni xush ko'rmasdi. U dushman kelish ehtimoli bo'lgan jabhani kuzatib charchamasdi. Qum ichkarisida bir guruh yog'iy askarlari qo'rg'on tomon jadallab kelaverdi. Soqchi darrov qal'a boshlig'ini bundan ogoh etdi. Tezda barcha oyoqqa qalqdi. Yog'iylarni xuddi shu joydan turib o'qqa tutish tadorigi ko'rilgandi. Qo'rg'on tepasida turgan soqchilar safiga tezda qo'shimcha kuchlar jalb etildi. Tashqarida qor bo'ralab yog'ishga hozirlik ko'rib turardi.

Tarix sahnidan keltirilgan mazkur hi­koyada tasvirlanganidek, Hazorasp qal'asi o'tgan ikki, uch ming yillar mobaynida vohaning janubiy sharqiy hududlarini himoyalovchi mus­tahkam istehkom, qalqon bo'lganligini sirayam unutmaslik kerak. Masalan, 1220-1221 yillarda qal'aga mo'r-malaxday bostirib kelgan qonxo'r Chingizxonning son-sanoqsiz askarlari mazkur qal'ada munosib qarshilikka duch keladi. Ayovsiz va shiddatli kechgan janglarda ming-minglab yog'iy askarlari qirib tashlanadi. Bunda qal'a tepasidan otilgan ichiga neft solingan kuvachalar va yonib turgan o'qlar yaxshi ish beradi. Shundan keyin bu usuldan doimiy ravishda foydalaniladigan bo'linadi. “Chingiztepa”, “Chingiz qir” degan toponimlar, ya'ni joy nomlari aynan o'sha zamonlardan to hanuzga qadar yetib kelgan. Tag'in yana bir dalil. Jahongir Iskandar Zulqarnayn Xorazm zaminiga ko'z tikadi. Uning maqsadi bir hamladayoq Hazorasp qal'asini yakson etib, aholisini bo'ysundirib olish edi. Ammo hadeganda uning bu niyati amalga oshavermaydi. Bunga hazorasplik chavandoz — suvoriylar tish-tirnog'i bilan qarshilik ko'rsatadi. Ular kindik qonlari to'kilgan zamin uchun jon olib, jon berishadi. Yog'iyni bir necha chaqirim uzoq masofaga uloqtirib tashlashadi. Ko'zlari moshdek ochilgan yog'iy askarlari yarador va jangda halok bo'lganlarni ko'tarib, oyoqlarini qo'lga olib qocha boshlashadi.

XUMBUZTEPA  XAZINASI

Xullas, mazkur qal'a Xorazm vohasining janubi-sharqiy hududlarini himoyalovchi, asrovchi mustahkam qal'a, istehkom sifatida har birimizga qadrli. Obidani aylanganimda ushbu tuyg'uni yana  bir bor his etdim. Qolaversa, VI-VII asrlarda bunyod etilgan Hazorasp qal'asi o'z boshidan ne-ne sitamlarni, qora kunlarni kechirmagan deysiz! Nima bo'lgandayam bu bizning kechagi kunimiz, ya'ni tariximizdir.

Hazorasp qal'asi xarobalari oftob nurida yaltillaydi. Undan sal naridagi ayqirib, ovoz chiqarib oqayotgan Jayhun daryosi suvi butun Xorazm vohasini, Orolbo'yi manzillarini sug'orib, gullatar edi. Buni qarang, mazkur go'shalarda umrguzaronlik qiluvchi mehnatkash aholi daryodan suv chiqarib, biydek sahroni bog'u bo'stonga, gulistonga aylantirgan edilar. Hozirda ular yaratgan jannatday voha butun bo'y-basti, tarovati bilan yastanib yotibdi. Ana shu katta suvlikning o'ng qirg'og'i bo'ylab  eni uch, uzunligi sakkiz chaqirim masofada yastanib yotgan Xumbuztepa yodgorligi sakkizinchi asrlarda Xorazm elining, qolaversa, Movarounnahr janubi-sharqiy hududidagi eng yirik shaharlaridan biri edi. Bu shahar butun Xorazm davlatini idish-tovoq buyumlari, digir, novo (tarnov) singari uy- ro'zg'orda asqotadigan buyumlar hamda turli diniy marosimlar bilan bog'liq haykalchalar, bolalar o'ynaydigan qo'g'irchoqlar bilan ta'minlab kelgan. Bu joyning tuprog'i soz, suvi chuchuk bo'lgan. Shuning uchun yuqorida biz aytgan buyumlar pishiq va sifatli etib tayyorlanardi. Arxeologlar uzoq vaqt davomida Hazorasp Ichon qal'asida hamda Tuproqqal'ada tuproq kovlab, noyob osori atiqalarni izlab topish ishlarini olib borgandilar. Natijada, ular Xumbuztepada Terakataning nusxasiga duch kelishdi. Qarashsaki, mazkur buyum Mesopotamiyaning Ur-uruk shahrida topilgan nusxaga bir qoshiq suvdek o'xshash ekan. Aytgancha, mazkur yodgorliklar to'rtinchi asrga tegishli bo'lsa, Tuproqqal'adan kovlab olingan mis o'q-yoy, uy-ro'zg'or buyumlari qoldiqlari uch yarim ming yillikdan, ya'ni bronza davridan hikoya so'zlaydi. Bu topilmalar kaminani shu qadar qiziqtirgan, xayolimni shu qadar o'g'irlagan ediki, do'stim Matniyozning gaplarini ham payqamay qolibman. Bilmadim, go'yoki noyob osori atiqalar ichiga bor-bo'yicha sho'ng'ib ketayotgandaysiz. Ochig'ini aytsam, sizga havasim kelyapti. Biz gohida turmush tashvishlari bilan andarmon bo'lib, bu yerlarga hadeganda oyoq bosavermaymiz. “Avesto”ga tengdosh Hazorasp Xorazmning darvozasi, qalqoni ekan. Daryo bo'yida qadim ajdodlarimizning aql-tafakkuri ila barpo etilgan qadimiy qal'a qoldiqlari Rim, Istanbul, Makka, Quddus, Shom, Marv, Xo'jand, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari kabi o'z bag'rida qanchadan-qancha ochilmagan sir-asrorlarni yashirib yotibdi.

O'lkani o'rganish, tadqiq qilishga mo'ljallangan sayohatdan qaytar ekanman, beixtiyor qulog'imga qo'ng'iroq osgan tuya karvonlarining jarang-jurungi, bo'kirishi, misgar, temirchilik, chilangarlik rastalarining taraqa-turug'i, Xorazm hukmdori Sulton Muhammad Alouiddin Xorazmshohning buyrug'ini takrorlayotgan jarchining baland ovozi eshitilar edi. Zero, dunyo turguncha turaver, ey, boqiy, tabarruk Hazorasp qal'asi, degan xitob jaranglagandek bo'ldi. Men bugunimdan behad xursand bo'ldim. Ushbu so'zlarni aytib bo'lgach, Matniyoz yelkamdan quchib qo'ydi.

Ulug'bek JUMAYEV,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × one =