AQShda ingliz tilini o'rgatayotgan o'zbek

yoki ummon ortida ziyo ulashayotgan vatandoshimiz haqida
O'zbekiston va AQSh o'rtasidagi samarali va uzoq yillik diplomatik munosabatlar o'rnatilganiga 31 yil to'ldi. 1992 yil 19 fevral. Ushbu sana ikki davlat o'rtasida aloqalar o'rnatilgan kun sifatida tarix zarvaraqlariga bitilgan. Bugun ham O'zbekiston–AQSh muloqoti xalqaro huquqning umume'tirof etilgan tamoyillari va normalari, ikki davlatning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilish, bir-birlarining manfaatlari hamda demokratik qadriyatlarga sodiqligini hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda. Mamlakatlar o'rtasidagi sermazmun siyosiy muloqotlar muvaffaqiyatli hamkorlikka xizmat qilmoqda.
O'zaro munosabatlar tarixi shuni ko'rsatadiki, AQSh O'zbekiston mustaqilligini birinchilar qatorida tan olgan. Ikki tomonlama munosabatlar mustahkam poydevor negizida shakllangan va an'anaviy tarzda o'zaro ishonchli hamkorlikning izchil rivojlanishiga zamin yaratmoqda.
Bir so'z bilan aytganda, davlatlar o'rtasida siyosiy o'zaro ishonch o'rnatilgan bo'lib, bu boshqa sohalardagi sheriklik uchun asos bo'lib xizmat qilmoqda. Ayniqsa, ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasi kun sayin o'zining natijasini bermoqda. Jumladan, ta'lim sohasida O'zbekistondagi qator oliy ta'lim muassasalari: J.Xopkins universiteti, Vashington, Indiana, Kaliforniya, Ogayo va bir qancha oliy o'quv yurtlari bilan ta'lim aloqalarini o'rnatishgan. Ta'kidlash joizki, 2019 yil sentyabr oyida Toshkentda Vebster universitetining filiali ochildi. Bu MDH mamlakatlaridagi Amerika universitetining birinchi to'laqonli filiali bo'ldi. Ma'lumotlarga qaraganda, hozirda 140 ming nafarga yaqin o'zbekistonlik talabalar AQShda tahsil olishmoqda.
Biz ta'lim sohasi rivojida jonbozlik ko'rsatayotgan, butun dunyo talabalariga AQShda bilim berib kelayotgan, ikki mamlakatda ham ta'lim fidoyisi sifatida e'tirof etilgan, taniqli olimlardan hisoblangan yurtdoshimiz, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti sobiq o'qituvchisi Karim Mahmudov bilan suhbatlashdik. Bugun Karim Mahmudov Nyu-York shahri Bruklin tumanida faoliyat ko'rsatayotgan Manxetten kompyuter texnologiyalari maktabi (Manhattan school of Computer Technology) ingliz tili o'qituvchisi. U Toshkent shahrida ishchi oilasida tug'ilgan. O'rta maktabni namunali bitirgandan keyin O'zbekiston davlat Jahon tillari universiteti ingliz tili fakultetini tamomlagan. Karim aka ayoli bilan Amerikaga 14 yil oldin kelishgan. Bunga sabab esa grin karta lotereyasining omadli natijasidir. Karim Mahmudov 35 yil davomida hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o'qituvchi, katta o'qituvchi va kafedra mudiri lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2017 yili Manxetten kompyuter texnologiyalari maktabiga (Manhattan school of Computer Technology) ishga o'tishidan oldin ham Amerikada immigrantlarga til va kasb o'rgatishga ixtisoslashgan o'quv markazlarida ishlab, tajriba orttirgan. Jumladan, Bruklinda joylashgan Bramson ORT xususiy kollejida ishlagan. Har qanday zamonda tilni puxta bilish muvaffaqiyat kaliti hisoblanadi. Shu boisdan ham Amerika unga keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Ingliz tilini bilish darajasi va salohiyati ustunlik bera boshladi.
“Amerikaga kelgan kishi kim bo'lishidan qat'i nazar boshida atrof-muhitga moslashishi, munosib ish topish jarayoni biroz qiyin kechadi. Boshida Florida shtatida yashab, ishlaganman. U yerga kelgach, dastlab Valensiya jamoat kollejiga ish so'rab, ariza bilan murojaat qilganman. Arizamni ko'rib chiqqunga qadar 5-6 oy muddat “Hilton” mehmonxonasida ishladim. Ingliz tilini yaxshi bilganim sababli meni mehmonxona do'koniga sotuvchi vazifasida ishga olishgan”, – deya musofirchilikda boshidan o'tganlarni so'zlaydi u. Suhbatimiz davomida bir muddat kasbini o'zgartirib, qora mehnat qilgani, hamma qatori yangi davlatga ko'chish qiyinchiliklarini boshidan o'tkazganini ham eslaydi. Uning yutug'i esa, albatta, ingliz tilini mukammal bilganida bo'lgan. Shu sababdan unga ummon ortida omad kulib boqdi. O'z o'rnini topa oldi.
Suhbatimiz davomida K.Mahmudov til bilishning ahamiyati haqida bir qiziq voqeani aytib berdi. “Bu voqea Amerikaga endi ko'chib kelganimizda, Floridada yuz bergandi. Ish qidirib, mehmonxonaga kelib hujjatlarni to'ldirish uchun kutib turganimda, po'rimgina kiyingan bir yigit to'g'ri men tomonga qarab keldi. Men tushunmay qoldim. Shunda yonimda turgan rafiqamga qaradim-da: “Ust-boshimga qarang-chi, kiyimlarimda biror kamchilik yo'qmi? Negadir mana bu amerikalik menga tikilib qarayapti”, degandim, u yigit esa biroz tabassum bilan: “Assalomu alaykum, domla”, deb qolsa bo'ladimi? “Kimsiz?” deya taajjublandim. “Men sizning shogirdingizman”, — dedi boyagi yigit. Yaxshiroq tikildim va esladim. Chindan ham shogirdim ekan. Uni talabaligida o'qitgandim. O'zgarib ketibdi. Amerika muhiti ta'sir qilibdi. Salom-alikdan keyin mehmonxonaga ish qidirib kelganimni bilgach, hujjatlarimni qaerga topshirishim kerakligini tushuntirdi, arizani topshirib bo'lgach, oldiga kirib o'tishimizni so'radi. Ishlarimni bitirgach, uning xonasiga qarab yo'l oldik. Yetib borgach, mas'ullar uning xonasini ko'rsatishdi. Yo'lak bo'ylab yurib borib xonasiga kirdim. Devorda osilgan rasmlarga ko'z yugurtirdim. Samarali faoliyati sabab o'sha yili men ishga kirmoqchi bo'lgan mehmonxona jamoasi orasida “Yilning eng yaxshi ishchisi” deb e'tirof etishgan ekan. Rasmning ostida shu mehmonxonaning menejeri ekanligi ko'rsatilgandi. Jamoaning uch mas'ul rahbarlaridan biri ekan. Faoliyatini oddiy ishchi sifatida boshlab, menejerlik darajasigacha ko'tarilibdi. Shogirdim bilan uzoq suhbatlashdik. Ingliz tilini o'rgatganim uchun mendan minnatdorligini qayta va qayta ta'kidlardi”.
Magistrlik darajasini tasdiqlatib, AQSh ta'lim dargohlarida o'qituvchilik qilish huquqini qo'lga kiritgan Karim Mahmudov 2008 yildan buyon o'ziga o'xshagan muhojirlarga va ular qatori mahalliy xalqlarga ham ingliz tilidan dars berib kelmoqda. “Har qanday ishning o'ziga yarasha mas'uliyati bo'lganidek, men uchun turli mamlakatlardan kelib tahsil olayotganlarga qaraganda mahalliy o'quvchilarga dars o'tishim osonroq kechadi. Masalan, biz O'zbekistonda faqat rus tilini o'rganganmiz. Sababi zamon talabi shuni taqozo etgan. O'ttiz besh yillik pedagogik tajribam asosida shuni angladimki, biz o'zbek guruhlaridagi talabalarga faqat rus tilini, rus guruhlarida esa ingliz tilini o'rgatgan ekanmiz. To'g'ri, o'sha paytda nafaqat universitetda, qolaversa, respublika miqyosida ham vaziyat shunaqa edi, — deya eslaydi Karim aka Mahmudov. – Ingliz tilini mukammal o'rganish kerak. Hozirda bu til dunyoning 90 ga yaqin davlatlarida asosiy til sifatida o'qitiladi. Qo'shma Shtatlarda ham bu til har tomonlama chuqur o'qitiladi. O'qituvchilar ham grammatika, ham fonetika, ham leksika bilan shug'ullanishadi”.
Uning aytishicha, “Til o'rganish ikki tomonlama ish. Talaba bilan o'qituvchi birgalikda harakat qilishsa, til muvaffaqiyatli o'zlashtiriladi. Bilasizmi, o'tgan yillar mobaynida dunyo ahli boshidan kechirgan pandemiya davri har qanday tajribali o'qituvchi uchun ham sinovlar davri bo'ldi. Ushbu tahlikali vaziyatda talabalarga ta'lim berish masalasi masofaviy tarzda tashkil qilinishi zaruratga aylandi. O'z ustimda ishlab, “Zoom” platformasi orqali talabalarimga dars berishni o'rgandim. Sinfxonadagi yozuv doskasi va kitoblar bilan talabalarga an'anaviy tarzda bilim berishga o'rgangan odamga endi o'z uyida turib, dars berishi talab qilinardi. Bu vazifani ham uddaladik. Masofa saqlangan, yuzlarga niqob taqilgan, 7-8 nafar talaba sinfda emas, aksincha, noutbukning u tarafida (onlayn) o'tirishdi. Talabalarim Amerikaning turli burchaklaridan turib onlayn tarzda ingliz tilini kuchli qiziqish bilan o'rganishardi. Biri o'zbekistonlik, boshqasi tojikistonlik, yana biri ukrainalik, bangladeshlik, hatto yaponiyaliklar bor edi”.
Pedagog Karim Mahmudovning ta'kidlashicha, o'zbekistonlik fuqarolar orasida bilim va hunar sohiblari ko'p. Ularning ingliz tilini yaxshi o'zlashtirganlari orasidan esa mahalliy xalqlar bilan raqobatda aslo qolishmaydigan rahbar kadrlar yetishib chiqmoqda. U yashayotgan yangi jamiyatda mahoratli, tilni biladigan kuchli mutaxassislar qadrlanadi. Demak, til bilgan, o'qigan, intilgan kishi hech bir davlatda aslo qiynalmaydi.
— Menga AQSh hukumatining mutasaddi idoralari mamlakatning 50 ta shtatidagi barcha kollej va universitetlarda dars berish huquqini kafolatlaydigan litsenziya bergan, – dedi suhbat yakunida Karim Mahmudov. – O'zbekistonda olgan diplomlarimni AQShda qiyinchiliklarsiz tasdiqlatishga erishdim. Bugun esa xorijdan kelgan turli millat va elat vakillariga ingliz tilidan saboq berish bilan bandman”.
Ha, ilmli inson hech qachon xor bo'lmaydi, deganlari rost. Sizdan ishingizni, lavozimingizni, ana boring, qo'lingizdagi hunarni ham tortib olishi mumkin. Ammo ilm tortib olinmaydi. Bunga Karim akaning hayoti ham yorqin bir misol.
Feruz HAKIMOV.